4- SINF O`QISH DARSI
PAHLAVON VA SHOIR
Hamidjon Hamidov
Mahmudning Dehliga safari hind xalqining milliy bayramiga to‘g‘ri kelibdi. Odatda, bunday ayyomlarda xalq sayillari, har xil tomoshalar, musobaqalar uyushtirilar ekan. Mahmudning shahar chetidagi saroylardan biriga tushganini eshitgan sulton uni ertangi kurashda ishtirok etishi va yosh saroy pahlavoni bilan bellashishini so‘rab, odam yuboribdi. Mahmud yosh bahodirning izzat-nafsiga shikast yetkazishni o‘ziga ep ko‘rmay, bu iltifotni rad etibdi. O‘z marhamati qabul qilinmaganini eshitgan sulton g‘azab
otiga minibdi. Mulozimlar bu xabarni Mahmudga yetkazib, kurashda ishtirok etishini o‘tinib so‘rabdilar. U rozilik bildiribdi. Odatda, bunday musobaqalardan oldin Mahmud ulug‘larning qadamjolarini ziyorat qilar ekan. O‘sha kecha ham shahardagi qabristonni ziyorat qilib yursa, bir ayol erining qabrini quchoqlab: «Ey xudo, ikki bolam va erimni olding, ertangi kun maydonda yolg‘iz o‘g‘limning qo‘lini baland qilgin», – deb nola chekayotgan ekan. Mahmud bu xotin sulton saroyidagi pahlavonning onasi ekanligini sezibdi. Ertasi kuni kurash maydonida Mahmud o‘zini juda zaif va lapashang qilib ko‘rsatibdi. Yosh bahodir ikki-uch davradan keyinoq Mahmudni chirpirak qilib ko‘tarib uribdi. Sulton bu g‘alaba sharafiga katta ziyofat beribdi. Tantanalardan so‘ng hokim boshchiligida arkoni davlat: barcha xizmatkorlar, mehmonlar fillarga minib o‘rmonga – ovga jo‘nashibdi. Changalzorlar orasidan ketayotganda bexosdan sulton taxtiravoni o‘rnatilgan fil botqoqqa botib qolibdi, ko‘p urinishibdi, filni loydan chiqaza olishmabdi. Shunda Mahmud xizmatkorlarga filning oldingi oyoqlari orasini kovlab bo‘shatishni buyuribdi. Shunday qilishibdi. Bo‘shliqqa katta bir kundani tashlabdilar. Mahmud ana shu kunda ustiga tushib, fil oyoqlari orasiga yelkasini qo‘yib, bir zo‘r bilan ikki oyog‘ini botqoqdan
bo‘shatibdi, fil o‘zini o‘nglab, halokatdan qutulibdi. Hamma mehmonning qudratiga ofarinlar aytibdi.
Ovdan so‘ng yana ziyofat boshlanibdi. Gap orasida sulton Mahmuddan: – Kecha maydondagi zaifligingiz bilan bugungi jasoratingizni qanday tushunsa bo‘ladi? – deb so‘rabdi.
– Ey, oliyhimmat sulton! Bu yigit – bir bevaning yagona farzandi, istiqboli porloq pahlavon, lekin hali tajribasiz. Men u bilan olishib, mayib qilib, umriga zomin bo‘lishni istamadim. Ammo siz g‘azablanganingizdan so‘ng kurash tushishga rozilik bergandim, – debdi u. – Tilang tilagingizni, nima istasangiz, muhayyo qilaman, – debdi sulton. – Menga hech narsa kerak emas. Sizning zindoning izda 200 dan ortiq yurtdoshlarim asir ekan, o‘shalarni ozod qilsangiz, Vatanimga birga olib ketsam, bas, – debdi Mahmud.Sulton bahodirga ot-ulov, sarpolar beribdi va asirlarni hibsdan bo‘shatibdi. Mahmud vatandoshlari bilan Xorazmga qarab yo‘l olibdi. 1. Pahlavon Mahmud nima uchun yosh bahodir bilan kurash tushishni xohlamaydi?
2. Pahlavon Mahmudning kurashda yosh bahodirdan yengilish sababi nimada deb o‘ylaysiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |