2-modul. Sanoat korxonalarining zahira manbalari
4-mavzu. Korxonaning asosiy fondlari va ishlab chiqarish quvvatlari
Reja
4.1. Asosiy ishlab chiqarish fondlarining iqtisodiy mazmuni va ahamiyati
4.2. Asosiy fondlarning amortizatsiya va emirilishi.
4.3. Asosiy ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish ko’rsatkichlari
4.4. Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni yaxshilash yo‘nalishlari
4.1. Asosiy ishlab chiqarish fondlarining iqtisodiy mazmuni va ahamiyati
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalarning asosiy fondlari va ishlab chiqarish quvvatidan
foydalanish samaradorligini oshirish alohida o’rin tutadi. Korxonaning soha ishlab chiqarishdagi
o’rni, uning moliyaviy holati, bozordagi raqobat bardoshligi ham yuqoridagilarga bog’liq bo’ladi.
Hozirgi milliy iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish sharoitida mulk shaklidan qat’iy
nazar xar bir xo’jalik yurituvchi sub’ekt oldida turgan birlamchi va bosh vazifa – mavjud resurs
va imkoniyatlardan foydalanish, hamda ularni o’z vaqtida muntazam raqobatbardoshliligini
ta’minlash asosida o’zgartirib borishdan iborat.
Mamlakatning qudrati, iqtisodiy – ijtimoiy rivojlanishi, jamiyat a’zolarining moddiy va
ma’naviy ehtiyojlarini to’laroq qondirish shu mamlakat resurslari, ayniqsa, asosiy va aylanma
fondlarining miqdori va sifati bilan belgilanadi. Mamlakat va uning soha, boshqa tarmoqlari,
korxona (firma)lari qanchalik ko’p resurslarga ega bo’lsa, u shunchalik qudratli va rivojlangan
bo’ladi. Agar u ana shu resurslardan to’la-to’kis, oqilona foydalana olsa, albatta buyuk davlatga
aylanadi.
Soha ishlab chiqarishi faoliyatida asosiy fondlarning alohida o’rni bor. CHunki ularsiz
birorta ishni bajarish, xizmat ko’rsatish va mahsulot ishlab chiqarish mumkin emas. Ma’lumki, har
qanday ishlab chiqarish jarayonida mehnat buyumlari, mehnat qurollari (mehnat vositalari) va
inson mehnati ishtirok etadi.
Asosiy fondlar deb – hisob amaliyotida va O’zbekiston Respublikasi Makroiktisodiyot va
statistika Vazirligi ko’rsatmasiga asosan qiymati 15 minimal maosh miqdoridan ortiq bo’lgan, 1
yildan ortiq xizmat qiluvchi, o’z kiymatini tayyor mahsulotga amortizatsiya shaklida o’tkazib
boradigan va ishlab chiqarish jarayoni oxiriga kelib natural shaklini saqlab qoluvchi moddiy
boyliklarga aytiladi.
Boshqacha qilib aytganda, asosiy ishlab chiqarish fondlari deb ishlab chiqarish jarayonida
uzoq davr bevosita va bilvosita qatnashadigan, moddiy boyliklar yaratishda ishtirok etadigan
hamda tabiiy shaklini saqlagan holda o’z qiymatini tayyorlanayotgan mahsulotga asta-sekin,
ekspluatatsiya jarayonida eskirishi(tuzishi)ga qarab o’tkazib boradigan mehnat vositalariga ham
aytiladi. Ular ish bajarishda, xizmat ko’rsatishda va mahsulot ishlab chiqarishda qatnashadilar.
Ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirish uchun sharoit yaratadilar. Mehnat buyumlari ishlab
chiqarish jarayonida asosiy fondlarning har bir elementi roli, ularning jismoniy va ma’naviy
o’zgarishlari, ulardan foydalanishga ta’sir etuvchi omillar haqida aniq tassavurga ega bo’lgan
holda asosiy fondlar va ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish samaradorligini oshirishga imkon
beruvchi, ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish va mehnat unumdorligini ko’tarishni usul va
yo’nalishlarni aniqlash mumkin.
Ishlab chiqarish jarayonida korxona ishchilari mehnat vositalari yordamida mehnat
predmetlariga ta’sir o’tkazib ularni tayyor mahsulotga aylantiradilar.
Mehnat vositalari (mashina, jihoz, bino, transport vositalari) mehnat predmetlari (xomashyo,
materiallar, yarimtayyor mahsulotlar, yoqilg’i) bilan birgalikda ishlab chiqarish vositalari tashkil
etadilar, bularning puldagi ifodasi korxonaning ishlab chiqarish fondlaridir. Ular ishlab chiqarish
jarayonida ishlashi, o’z qiymatini tayyor mahsulotga o’tkazish usuli va mehnat vositalarining
takror ishlab chiqarish harakteriga qarab, asosiy va aylanma fondlarga bo’linadi.
Asosiy fondlar – korxona ishlab chiqarish vositalarini bir qismi bo’lib, ishlab chiqarish
jarayonida uzoq muddat ishtirok etadi, o’z natural shaklini yo’qotmay, o’z qiymatini asta sekinlik
bilan, qisman, foydalanish sari tayyor mahsulotga o’tkazib boradi. U kapital qo’yilmalar
hisobidan to’ldirib boriladi.
Noishlab chiqarish asosiy fondlari ham mavjud bo’lib unga – turar joylar, bolalar va sport
maydonlari va boshqa aholiga xizmat ko’rsatadigan korxona balansida turadigan madaniy-maishiy
ob’ektlar kiradi. Bular ishlab chiqarish fondlaridan farqli o’laroq, ishlab chiqarish jarayonida
qatnashmaydilar va o’z qiymatlarini mahsulotga o’tkazmaydilar. Ular qiymati iste’molda
yo’qoladi. Ularni takror ishlab chiqarish milliy daromad hisobida amalga oshiriladi.
Asosiy ishlab chiqarish fondlari – jamoa ishlab chiqarishining moddiy-texnikaviy bazasi
hisoblanadi. Korxona ishlab chiqarish quvvati va texnika bilan qurollanganlik darajasi uning
hajmiga bog’liq bo’ladi. Asosiy fondlar yig’ilishi va mehnatning texnika bilan qurollanishning
oshishirish jarayonini boyitadi, mehnatga ijodiy tus beradi, jamiyatning moddiy-texnik darajasini
oshiradi.
Iqtisodiyot uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda yoki xizmat turlarini
takdim etishda mehnat vositalari va mehnat buyumlarining o’rni kattadir. Mehnat vositalari deb,
mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishda bevosita qatnashadigan mehnat qurollari hamda
shu ishlab chiqarishda bevosita qatnashmaydigan, lekin uning uchun ma’lum sharoitlar yaratib,
uni tashkil qilishga uzoq muddat xizmat qiladigan mulklarga aytiladi. Ularga imoratlar, inshootlar,
uzatuvchi moslamalar, mashinalar, asbob - uskunalar, transport vositalari, uy-joy binolari, xo’jalik
inventarlari va xokazolar kiradi va uzoq muddatli aktivlar hisoblanadi.
Asosiy vositalar jismoniy tabiiy ko’rniishga ega bo’lgan, uzoq muddatda foydalaniladigan,
aktivlar; yerlar, binolar, inshootlar, uskunalar, tabiiy resurslar va shunga o’xshashlardir.
Ushbu aktivlarni ham o’z navbatida uchta guruxga bo’lish mumkin:
-
amortizatsiya qilinishga tegishli bo’lgan moddiy aktivlar, masalan, binolar, inshootlar,
uskunalar, mebellar, qurilmalar;
-
emirilishga tegishli bo’lmaganlari, masalan foydali kazilmalar, urmon boyliklari va shunga
o’xshashlar;
-
amortizatsiya yoki yemirilishga tegishli bo’lmaganlari, masalan yer;
Mehnat vositalarining asosiy xususiyatlaridan biri shundan iboratki, ular ishlab chiqarish
jarayonida uzoq muddat xizmat qiladi va shu bilan birga o’zining jismoniy ko’rniishini saqlab
qoladi. Lekin ular mahsulot ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur bo’lgan
sharoitlarni yaratib berishda uzoq muddat qatnashadi hamda asta-sekin eskirib boradi va eskirgan
qismi ishlab chiqarilayotgan mahsulot, ish yoki xizmatning tannarxiga qisman o’tkazilib boriladi.
Sub’ektning moliyaviy-xo’jalik faoliyati jarayonida asosiy vositalar sub’ektga olinadi va
foydalanishga beriladi, eskiradi, ta’mirlanadi, bir bo’limdan ikkinchi bo’limga o’tkaziladi,
eskirishi, sotilishi va tekinga berilishi natijasida sub’ektning hisobidan chiqariladi, vaholanki
doimo harakatda bo’ladi.
Sub’ektlar asosiy vositalarga egalik qilish, ulardan foydalanish, boshqa sub’ektga sotish,
tekinga berish, almashtirish, ijaraga berish, vaqtincha tekinga foydalanishga berish va hisobdan
chiqarish huquqlariga egadirlar.
Ushbu huquqlardan faqatgina dastlabki hujjatlarni o’z vaqtida va to’g’ri tulgazish
natijasidagina samarali foydalanishi mumkin.
Buxgalteriya hisobining asosiy vazifalaridan biri mavjud asosiy vositalarni to’g’ri hisobga
olish va ularni mulk sifatida saqlash, ta’mir qilish, asosiy vositalarning kelishini, chiqib ketishini
va sub’ektning ichidagi harakatini tegishli hujjatlarga asosan hisob registrlarida to’g’ri aks ettirib
borishdan iborat.
Asosiy ishlab chiqarish fondlarining tuzilmasini yaxshilanishiga quyidagilar imkon beradi:
jihozlarni yangilash va modernizatsiyalash;
progressiv dastgox va mashinalar, ayniqsa oxirgi jarayonlarni bajaruvchi dastgoxlar,
avtomatik va yarim-avtomatik dastgoxlar, universal agregatli dastgoxlar, avtomatik liniyalar,
raqamli dastur boshqaruvili dastgoxlar salmog’ini oshirish hisobida jihozlar tuzilmasini
takomillashtirish;
bino va inshootlar, ochiq maydondagi qo’shimcha o’rnatilgan jihozlardan yaxshi
foydalanish;
korxona qurilishi loyihalarini to’g’ri tuzish va uni yuqori sifatli qilib bajarish;
ortiq va kam ishlatuvchi jihozlarni tugatish va alohida guruhlar orasidagi mutanosiblikni
ta’minlovchi jihozlarni o’rnatish.
Asosiy fondlarning aniq belgili tomonlari bu qiymatining yuqoriligi va xizmat muddati
uzoqligidir. Bundan tashqari bir vaqtning o’zida ilmiy texnika taraqqiyotiga va texnik daraja
o’sishiga faol ta’sir etadi.
Yuqorida sanab o’tilgan guruxlarning nisbiy taqsimlanishi korxona ishlab chiqarish va
texnik tuzilishini tashkil etadi.
Asosiy fondlar ishlab chiqarish jarayonida qatnashishiga qarab ishlab chiqarishga oid
bo’lgan va ishlab chiqarishga oid bo’lmagan asosiy fondlarga bo’linadi(4.1.1 – Rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |