Tabaqalashtirilgan ta’lim o’quvchilarning layoqati, qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. O’quvchilarga individual ravishda o’quv materiallarini o’zlashtirishga imkon beradigan mazkur ta’lim turini qo’llashda ham DTSda belgilangan me’yordan kam bo’lmagan BKM o’zlashtiriladi.
Mustaqil ta’lim o’quvchilar tomonidan turli fanlar asoslarining mustaqil o’zlashtirilishini nazarda tutadi. Ta’lim tizimida mustaqil ta’limdan foydalanishda o’qituvchi bilimlarni o’zlashtirish manbalarini o’quvchilarga tavsiya etadi, ularni izlash bo’yicha zarur ko’rsatmalarni beradi hamda mustaqil ta’limni samarali, maqsadga muvofiq tashkil etishga yordam beradigan metod, vositalardan xabardor qiladi.
Hamkorlik ta’limining mohiyati o’qituvchi va o’quvchilarning ta’lim jarayonida birgalikda ishlashlari, bir-birlarini chuqur tushuna olishlari, bir-birlariga nisbatan yaqinlikni his qilishlari, ta’lim maqsadiga erishganlik natijalarini hamkorlikda tahlil qilishidan iborat.
Individual ta’lim o’qitishning eng qadimgi turi hisoblanadi. Hayotiy tajribalarni ajdodlardan avlodlarga uzatish ibtidoiy jamiyatda yuzaga kelgan. Yozuv paydo bo’lishi bilan qavm boshlig’i turli belgilar yordamida o’zining tajribalarini yoshlarga o’rgatgan. O’qituvchi va o’quvchining bevosita va individual aloqasiga misol sifatida repetitorlikni ko’rsatish mumkin. O’qishni tashkil etishning individual shakli antik davr va o’rta asrlarda yagona usul bo’lgan, undan ba’zi mamlakatlarda XVIII asrgacha keng foydalanilib kelingan.
Faol o’qitish (yoki interfaol ta’lim) ta’lim tizimida tobora ommalashayotgan ta’lim turi sanaladi. U ta’lim sub’ektlari – o’qituvchi, o’quvchi va o’quvchilar guruhi o’rtasida yuzaga keluvchi hamkorlik, qizg’in bahs-munozalar, o’zaro fikr almashish imkoniyatiga egalik asosida tashkil etiladi. Shuningdek, o’quvchilarda erkin fikrlash, shaxsiy qarashlarini erkin ifodalash, muammoli vaziyatlar echimlarini birgalikda izlash ko’nikma, malakalarini shakllantiradi. Interfaol ta’lim jarayonida bahs-munozara, muammoli vaziyat, trening, debat, intervyu, taqdimot namoyish va o’yin texnologiyalaridan maqsadli foydalanish kutilgan natijani beradi.
Muammoli ta’lim zamonaviy ta’lim mohiyatini aks ettiruvchi ilg’or PT hisoblanadi. Undan ta’lim amaliyotida foydalanish talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash va ma’lum xulosalarga kelish kabi ko’nikma, malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Talabalarga pedagogik faoliyatni tashkil etishga oid topshiriq va masalalarni tavsiya etish ularda bilish faolligi va ijodiy qobiliyatni shakllantiradi. Ta’limning bu turida muammoli topshiriqlar, shuningdek, muammoli pedagogik vaziyatlarni hal qilish metodi faol qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |