Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo’linadi:
Kundalik faoliyat an’analari o’quvchilarning o’quv faoliyati (o’zaro yordam turlari) va mehnat faoliyati (ko’chatlar o’tkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni o’z ichiga oladi.
Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bog’liq sanalar (xususan, “Alifbe bayrami”, “Mustaqillik bayrami”, “Navro’z bayrami”, “Xotira va qadrlash kuni” va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.
An’analarning yuzaga kelishida o’quvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va o’qituvchilar o’quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag’ishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo’ymasligi zarur. Tadbirlarni tashkil etish va o’tkazishda o’qituvchilar jamoasi yoki o’qituvchi o’quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga o’rgatish masalasiga e’tiborning qaratilishi ijobiy natijalarni beradi.
Jamoa va uning shaxsni shakllanishidagi o’rni va roli muammosi yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shaxs va jamoa o’rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi borasida quyidagi andozaning yaratilishini ta’minlaydi:
O’quvchilar jamoalarida rasmiy etakchilar bilan birga norasmiy yo’lboshchilarning mavjudligi ko’zga tashlanadi. Odatda rasmiy yo’lboshchilar tarkibini a’lo baholarga o’qiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi o’quvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni namoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga ko’ra tengdoshlarini o’z ortlaridan ergashtira oladilar. Bunday o’quvchilar boshqalardan jismonan kuchliligi, qat’iyatliligi, hech narsadan cho’chimasligi, o’ziga bo’lgan ishonchi bilan ajralib turadilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa o’quvchilarga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Shu bois sinf rahbari hamda maktab pedagogik jamoasi bunday liderlarning faoliyatini bevosita va bilvosita nazorat qilib borishlari zarur.
O’quvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli sinf rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarini bilishi, ularni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Sinf rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida to’laqonli ma’lumotlarga ega bo’lishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi.
Demak, jamoa bir necha a’zo (kishi)lardan tashkil topgan muayyan guruh bo’lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan umumiy maqsad asosida birlashadi hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yo’naltirilgan faoliyatni tashkil etadi. Jamoa o’zida bir necha xususiyat (belgi)larni namoyon qiladi. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo’ysunadigan uzoq muddatli, murakkab jarayon bo’lib, u ko’pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlariga ko’ra to’rt bosqichdan iborat bo’ladi. Jamoani shakllantirish o’ziga xos metodika asosida amalga oshiriladi. Jamoaning mustahkam bo’lishi, a’zolari o’rtasida o’zaro yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotlar:
1. Karimov I.A. Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. – Toshkent: Sharq nashriyot-matbaa kontserni, 1997.
2. Pedagogika. Jismoniy tarbiya institutlari uchun darslik – Toshkent: O’qituvchi, 1990.
3. Podlaso’y I.P. Pedagogika. Novo’y kurs. – Moskva: Vlados, 1999.
4. Ivanov I.P. Vospitatel kollektivistov. – Moskva: Pedagogika, 1992.
5. Pedagogika nazariyasi va tarixi. 1-qism. Pedagogika nazariyasi G’ M.X.Toxtaxodjaeva va boshqalar. Prof. M.X.Toxtaxodjaevaning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: “Iqtisod-moliya”, 1996.
6. Hoshimov K. va boshq. Pedagogika tarixi (pedagogika oliy o’quv yurtlari va univ-tlar talabalari uchun qo’ll. – Toshkent, O’qituvchi, 1996.
Nazorat uchun savollar:
1. Jamoa nima?
2. O’quvchilar jamoasi ishlab chiqarish jamoalaridan qanday farqlanadi?
3. Jamoaning o’ziga xos xususiyatlarini tavsiflang.
4. Jamoani shakllantirish qanday bosqichlarda kechadi?
5. Jamoani tashkil etish metodikasida nimalar aks etishi lozim?
6. Jamoa an’analari deganda nimani tushunasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |