2-mavzu xalq va armiya bir tanu bir jondir!



Download 176,5 Kb.
Sana17.07.2022
Hajmi176,5 Kb.
#811749

2-mavzu
XALQ VA ARMIYA – BIR TANU BIR JONDIR!

Bahodir MIRZARAXIMOV,


O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti boshlig‘i, general-mayor.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tarix sahnida o‘ttiz yil unchalik ko‘p vaqtni anglatmas, balki, lekin uning ortida og‘ir va sinovli yillarda bir davlatning o‘z milliy armiyasi tashkil topishi, takomillashuvi va yurt sarhadlarini ishonchli himoya qilayotgan qudratli Qurolli Kuchlariga aylanishidek vaqt mujassam.
So‘nggi yillarda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi, harbiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshi¬rilmoqda. Armiyani ixcham, zamonaviy qurol-aslahalarga ega professional qo‘shinlarga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berib, O‘zbekiston mudofaa tizimi xalqaro miqyosda yetakchilar qatoridan joy olmoqda. Xususan, «Globalfirepower» tuzgan yangi rey¬tingga ko‘ra, dunyoning eng kuchli armiyalari qatorida O‘zbekiston 51-o‘rinni egallab, 2020-yilgi natijasini bir pog‘ona yaxshilashga erishgan, Markaziy Osiyoda esa eng kuchli deb e’tirof etilgan. O‘zbekiston harbiylari erishayotgan yutuqlar ham maqtansa arzigulik. «ArMI-2021»: VII xalqaro armiya o‘yinlarida vakillarimiz 2-o‘rinni egalladi. Musobaqa davomida O‘zbekiston harbiylari 10 ta rekord natijani qayd etishdi.
Bularning hammasi Milliy armiyamizga bo‘lgan e’tibor, uni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hosilasidir.
Ilgari armiya alohida, xalq alohida bir dunyo edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalq bilan armiya – bir tanu bir jon!» degan muhim g‘oyani ilgari surdi va vaziyat tubdan o‘zgardi. Harbiy qismlar eshiklari xalq uchun, bo‘lajak Vatan posbonlari – yoshlar uchun ochildi. Istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, vatanparvar harbiy kadrlarning yangi avlodini yetishtirish bosh maqsad etib belgilandi. Askar va ofitserlarning zamonaviy bilim olishi, harbiy texnika va texnologiyalarni mukammal egallashiga katta e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Armiya faqat qurol va aslaha bilan kuchli hisoblanmaydi, balki ona Vatan uchun jonini ayamaydigan harbiylar – askar va ofitserlar, generallar bilan qudratlidir. Sohibqiron Amir Temur «Askarlari botir el qudratli bo‘lur», deganida aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas.


Bugun mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini yuksaltirish bo‘yicha ijobiy ishlar qilinmoqda. Harbiy qism va bo‘linmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy poligonlarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Harbiylarni ijtimoiy himoya qilish, ularni uy-joy bilan ta’minlash, oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.


Mamlakat mudofaasini tashkil qilishda Qurolli Kuchlarimizning ajralmas qismi hisoblangan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi harbiy tuzilmalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, nisbatan katta shaxsiy tarkibga ega, mamlakatdagi muhim ob’ekt¬lar xavfsizligi ishonib topshirilgan Qorovul hamda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlari ana shunday harbiy tuzilmalar sirasidandir.


Mazkur tuzilmalarda so‘nggi yillarda ko‘plab islohotlar o‘tkazildi. Harbiy tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, shaxsiy tarkibni etuk salohiyatli kadrlar bilan jamlash maqsadida Qurolli Kuchlar Akademiyasida Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarini tayyorlash kafedrasi tashkil etildi. Hozirda bu erda tahsil olayotgan bo‘lajak ofitserlar qo‘shinlar uchun malakali mutaxassislar bo‘lib yetishadi.
Ayni paytda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlari respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida jamoat tartibini saqlab, xavfsiz¬likni ta’minlab, fuqarolarning huquq va erkinliklarini turli qo‘paruvchilik xatarlari, jinoiy hamda boshqa noqonuniy tajovuzlardan himoya qilib kelmoqda.
3-mavzu
MARD O‘G‘LONLAR NOMI BARHAYОT

Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonla­rimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir.


Shavkat MIRZIYOYEV,


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.


Kindik qonimiz to‘kilib, tug‘ilib o‘sgan Vatan onamiz kabi aziz, mehribon va qadrlidir. Inson dunyoga kelmasidan avval onaning vujudida ulg‘aysa, bu yorug‘ olam yuzini ko‘rganidan keyin esa ona Vatani bag‘rida voyaga yetadi. Shu yurtni asrab-ardoqlash, himoya qilish esa har bir yurt farzandining muqaddas burchi hisoblanadi.


Donishmandlar aytganidek:


Tug‘ilgan yerdan ko‘ngil uzilmas,
Yurt qo‘riganning yurti buzilmas.
Darhaqiqat, yurtini sevadigan, ardoqlaydigan va himoya qiladigan mardlar bor ekan, mamlakat yuksalaveradi, taraqqiy etaveradi.

Xalqimiz istiqlol yillarida o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralar, taraqqiyot sari ildamlar ekan, bu yo‘ldan chalg‘itishga uringan turli yovuz niyatli kuchlarga ham duch keldi. Oq-qorani ko‘rdi, yaxshi-yomon kunlarni boshidan kechirdi. O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yuksalishiga, xavfsizligiga din niqobi ostidagi ekstremistik kuchlar, xalqaro terrorchilar ko‘p bora raxna solishga urindi. Va har qanday og‘ir, murakkab va mashaqqatli kunlarda ham xalqimiz o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga chekinmadi. Mustaqilligimizga qasd qilgan g‘arazli kuchlarga qarshi o‘zini yagona, mustahkam xalq sifatida namoyon etib, iroda, iymon va e’tiqod sinovidan yorug‘ yuz bilan o‘tdi.


1999-yilning 16-fevral voqealari, 2000-yilning iyul-avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarining tog‘li hududlariga jangarilarning bostirib kirishi, 2004-yil bahorida terrorchilik harakatlarining sodir etilishi va boshqa xunrezliklar oqibatida o‘nlab harbiylar, ichki ishlar organlari xodimlari va oddiy fuqarolar halok bo‘ldi. G‘animlar bu xatti-harakatlari bilan O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatdagi bunyodkorlik muhitini buzish, tobora kuchga kirayotgan davlatimizni o‘zi tanlagan yo‘ldan ortga qaytarishni ko‘zlagan edi. Biroq ular niyatlariga yetisholmadi. Ularga qarshi kurashda yurtimizning mard o‘g‘lonlarini ko‘ksini qalqon qildilar.


...2004-yil 30-mart. Qibray tumani hududidagi «Qoramurt» blok-postida xizmat burchini bajarayotgan xodimlarga yaqin atrofdagi mahalladan sumalak olib kelishdi. Barcha bahor­ning tabarruk ne’matidan tatib ko‘rishga ishtiyoqmand edi. Katta serjant Zoitbek Ahmedov esa yo‘lda avtomobillar qatnovini nazorat qilayotgani uchun hamkasblariga ke­yinroq borishini bildirdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, «Tiko» rusumli avtomashina postga yaqinlashdi. Uning salonida o‘tirgan shubhali shaxslar osoyishtalik posbonlarining e’tiborini tortdi. Katta serjant Z.Ahmedov va uning hamkasb­lari terrorchilarni qo‘lga olish choralarini ko‘rishdi. Ammo kutilmaganda kuchli portlash yuz berdi. Zoitbek va uning bir hamkasbi manfur kimsalar bilan kurashda mardlarcha halok bo‘ldi.


Umuman olganda, sobiq ittifoq davri, o‘tgan asrning 60–80 yillari ichki ishlar organlari xodimlari uchun tinch-


osoyishta kechdi, deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillari­da uyushgan jinoyatchilikning turli ko‘rinishlari avj olganini katta avlod vakillari yaxshi eslaydi. O‘sha davrlarda jinoyatchilikni jilovlash, jinoyat olami obro‘dorlari va ularning hamtovoqlariga qarshi kurash chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘p bor o‘limga tik borishdi.


4-mavzu
O‘ZBEKISTON – MINTAQANING LOKOMOTIV MAMLAKATI
Bugungi kunda O‘zbekistonda 35 milliondan ortiq aholi hamjihatlikda yashab kelmoqda. Aholi soni va uning o‘sishi bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Yurtimiz hududidan Markaziy Osiyoning eng katta daryolari – Amudaryo va Sirdaryo oqib o‘tadi. Serquyosh Vatanimizning yerlari serunum, resurslarga boy.
1991-yilning 31-avgustida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinib, xalqimizning muqaddas, tarixiy orzusi ushaldi.
Istiqlol yillarida mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi ta’minlanmoqda.
Har bir davlatning transport-logistika tizimi mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida yetakchi o‘rinni egallaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning o‘rtasida joylashganligini inobatga olib, hukumatimiz rahbariyati transport-logistika tizimini yanada shakllantirishga, yo‘l qurilishiga alohida e’tibor berib kelmoqda. Mamlakat hududlarini hamda xalqaro yo‘l tizimini yangidan, muqobil variantlarda shakl¬lantirishga ko‘p miqdorda investitsiya sarflanmoqda. Xalqaro standartlarga mos transport-logistika tizimini to‘liq shakllantirsak, tranzit yuk tashishdan ham ko‘plab daromad olishimiz mumkin.

Mamlakatimizda temiryo‘l qurish jadal sur’atlar bilan rivoj¬lantirilmoqda. Qisqa davr ichida Buxoro – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha 300 kilometrdan ortiq temiryo‘l, Toshkent – Farg‘ona vodiysi bo‘yicha 350 km temiryo‘l barpo etildi. Xalqaro darajadagi loyiha bo‘yicha Afg‘onistonga 110 km uzunlikda, ya’ni Surxondaryo – Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘li qurib bitkazildi.


O‘zbekiston dunyo bo‘yicha suv yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlardan bittasi. Ushbu holat transport tizimidagi eng katta muammo hisoblanadi. Kelajakda Afg‘oniston orqali Karachi portiga chiqish loyihasi muhokama qilinmoqda. Umuman olganda, transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi davlatlardan hisoblanadi.

Turkmaniston va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari oxirgi besh yilda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Iqtisodiyot, fan, kadrlar tayyorlash hamda madaniy sohada bo‘layotgan ijobiy munosabatlar alohida e’tiborga loyiq. Savdo aylanmasi 2017-yil 177 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichni 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.


Qo‘shni Afg‘oniston mamlakati bilan iqtisodiyot, madaniyat va min-taqada tinchlik-osoyishtalikni saqlash borasida hamkorlik qilinmoqda, afg‘on xalqiga moddiy, ma’naviy yordam berilmoqda. Ushbu mamlakat bilan tovar aylanmasi 2020-yilning birinchi yarmida 332,9 million dollarga teng bo‘ldi. Kelajakda bu hamkorlikni yanada kengaytirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqildi.


Yuqorida qayd etilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonni o‘zining ishlab chiqarish potensiali, imkoniyatlari, barqaror iqtisodiy o‘sishi, xalqining ijodkorligi va tadbirkor¬ligi, ma’naviy va ma’rifiy salohiyati hamda tinchlikparvarligi bilan Markaziy Osiyoda lokomotiv mamlakat desa bo‘ladi. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish ushbu holatni yanada mustahkamlaydi.


O‘tmishga nazar solsak sobiq ittifoq davrida, hatto mustaqillikning dastlabki yillarida ham O‘zbekiston xom-ashyo yetkazib beruvchi agrar mamlakat edi. Yalpi ichki mahsulot tarkibi¬ning 33 foizi qishloq xo‘jaligi ulushiga, 14 foizi esa sanoat tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelardi. Bugungi kunga kelib, sanoat ulushi 34 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari esa 16–17 foizni tashkil qiladi. Endi O‘zbekiston agrar emas, balki sanoati rivojlanayotgan industrial mamlakatga aylandi.

5-mavzu
SOG‘LOM TURMUSH – FAROVON HAYOT


(Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning salbiy oqibatlari haqida)

Bugun shiddatkor taraqqiyot zamonidagi evrilishlarda o‘ziga xos imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Shu bilan birga deyarli barcha sohalarga singib ulgurgan axborot texnologiyalarining kishilik jamiyati uchun zararli jihatlari turli muammolarni keltirib chiqarayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tavakkalchilikka asoslangan turli o‘yinlarga qiziqish oshib boryapti. Bu ko‘plab ko‘ngilsiz holatlarga, hatto fojialarga sabab bo‘layotgani ham hech kimga sir emas. Eng xavotirli jihati shundaki, bu o‘yinlar yoshlar ongini ilm olish, kasb-hunar sirlarini puxta egallash, mehnat qilishdek to‘g‘ri maqsaddan chalg‘itib, balki bir zumda boyib ketaman, osmondan tushgan aqchalar hisobiga «shohona» yashayman degan havoyi orzular sari boshlamoqda. Bunga esa aksariyat tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda pul tikib, yutuq olish imkoniyati va’da qilingani sabab bo‘lmoqda. Bukmeker qimorbozlar o‘rtasida vositachi, o‘rtakash bo‘lib ko‘ringani tanganing bir tomoni. Aslida tanganing ikkinchi tomonida u o‘yinchining oxirgi tiyinlarigacha «qoqib olib», alaloqibat moliyaviy qiyinchiliklarga duchor qilib, huquqbuzarlik va jinoyatlar sari yetaklovchidir.


Ming afsuski, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilishning oqibatida iqtisodiy muam­molarga nafaqat o‘yinchining o‘zi duch kelishi, balki uning oilasi, yaqinlari va turfa vaj­lariga ishonib qarz berganlarning chuv tushib qolishi bilan bog‘liq holatlar talaygina.


Bu borada so‘z yuritganda, odamlarning kutilmagan «yutuq»qa o‘chligi, aynan shunday o‘yinlarning targ‘ibot-tashviqoti, unga ishtiyoqmandlar sonining tobora ortishi va o‘yinlarga qaramlikni keltirib chiqarishini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Bu «reklama va yutuqlar» inson hayotini izidan chiqarib, uni ham ruhiy, ham iqtisodiy muammolar girdobiga duchor qilishi tayin.


Umr haqida gap ketganida vaqtning qadri misqollarda ham kattarib ko‘rinadi. Dastavval qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib ko‘ringan o‘yinlarga «sho‘ng‘ib ketish», keyinchalik yutqazilgan pulning o‘rnini qoplash maqsadida boy berilgan soatlar, kunlar, haftalar, oylar va hatto yillarni ortga qaytarishning esa iloji yo‘q.


Tavakkalchilikka asos­langan o‘yinlarga sarflangan har daqiqaning qiymatsizlanishi bunda yaqqol seziladi.


Qolaversa, bu holatlar oqibati inson ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazib, bi­rinchi navbatda umidsizlik va nochorlik hissiyotlarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, mutaxassislar kompyuter o‘yinlari odamlarning har kunlik rejimiga aylanishi depressiya, migren, ichak kasalliklari va stress bilan bog‘liq boshqa muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidlashadi.


O‘zaro suhbatlarda pul haqida gap ketganida, tilimizda «Pul o‘lsin-a, pul. Jigardan bunyod bo‘lgan-da» degan qochirim iboralar bot-bot aylanadi. Bunda odamlarning fe’l-atvoridagi pulga o‘chlik bilan bir qatorda pulning inson hayotidagi o‘rni va qadri ham ifoda etiladi. Yirik miqdordagi mablag‘ni yutqazish, yo‘qotish insonning huzur-halovatini buzadi. Misol uchun, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilib ketganlarning ko‘pchiligining xayolini pul tikib, faqat yutish fikri egallab oladi. Aynan shundaylarda pul oldi-berdisi yolg‘onchilik, firibgarlik kabi salbiy jihatlar bilan qorishib, tobora odatiy holga aylanib borishi ham bor gap.


Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida global miqyosda totalizator o‘ynash darajasi oshgan. Yutgan yoki yutqizganlarning holi o‘ziga ma’lum. Shu o‘rinda bir haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, totalizator o‘ynash va unda yutilgan pullar halolmi yoki?..


Tavakkal o‘yinlarga pul tikkanlarga yutuq mablag‘ini o‘sha faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya beradimi? Yo‘q, albatta. Bu mablag‘lar kimlarningdir mag‘lubiyati hisobidan qoplanishini yaxshi bilamiz. G‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yin esa qimordir.


6-mavzu

«BOBURNOMA» – ADABIY VA TARIXIY ASAR
XV – XVI asrlarda Movarounnahr, Xuroson va Hindiston hududida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, tarixiy voqealarni o‘rganishda bu asarning qiymati beqiyosdir.

Shuning barobarida, asar Boburning buyuk zamondoshlari Alisher Navoiy, Kamoliddin Binoiy, Kamoliddin Behzod kabi madaniyat arboblari, Husayn Boyqaro, Muhammad Shayboniy kabi taxt egalari, umuman, o‘sha davr o‘zbek xalqi tarixining katta-kichik shaxsiyatlari va ularning o‘zaro muloqotlari haqidagi muhim manbadir. Shu jihatdan «Boburnoma» adabiyotshunoslikdagi tazkira asarlarga xos jihatlarga ega ekanligini ta’kidlash joiz.


Bobur Husayn Boyqaro, Shayboniyxon haqida yozar ekan, ularning badiiy mahorati, ijodkorlik san’atlari borasida muhim ma’lumotlarni qayd etadi. Hazrat Alisher Navoiyning ma’naviyat, ijod ahliga murabbiylik va muqavviylik qilgani, sakkiz de¬von tuzgani, fe’li-sa’jiyasi borasida fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunday chizgilarda Bobur munaqqid sifatida bo‘y ko‘rsatadi.


Jahon adabiyotida esdaliklar tarzida yozilgan bir qator asarlar bor. Lekin «Boburnoma» memuar janrining dunyo tafakkur ahli tomonidan e’tirof etilgan eng nodir namunalaridan biridir. Keng ko‘lamdagi tarixiy voqelik yoritilgan asarlar ham ko‘p, ammo «Boburnoma» tari¬xiy voqelik muallifning teran mushohadalari bilan yo‘g‘rilgan betakror manba hisoblanadi. Tarixiy shaxslar, narsa-hodisalar tavsifiga bag‘ishlangan asarlar ham yo‘q emas, lekin «Boburnoma»da shaxs surati va siy¬rati yorqin chizgilarda tasvirlangan, narsa-hodisalar tavsifi nozikta’b qalb sohibi bo‘lgan daho mutafakkir talqini orqali namoyon bo‘lgan.

Bobur siyrati, tafakkuri, qiziqishlari, orzu-armonlari, zafar va mag‘lubiyati, kuch-qudrati hamda ojizligining haqqoniy ifodasi asar tilining o‘ziga xosligini ta’minlagan. Ingliz tarixchisi Elfinston ta’kidlaganidek, «muallifning yorqin xarakteri asarga eng ko‘p joziba bag‘ishlaydi».


Asar voqelikning o‘ta sinchkov, teran aql-idrok, chuqur bilim, tengsiz xotira sohibi bo‘lgan muallif shuuri orqali bayon etilishi asar matniga betakrorlik baxsh etgan. Bobur voqelikni boricha tasvirlaydi, shaxslar qiyofasi, fe’l-atvorini ro‘y-rost aks ettiradi, ojizligi, notavonligi-yu bemisl ruhiyatini ham bayon etadi. O‘zi ta’kidlaganidek, har yaxshilikni va har yomonlik¬ni – haqqoniy tarzda bayon etadi: «Lojaram ota-og‘adin har yaxshilik va yomonlig‘kim shoye’ edi, tahrir qildim va qarindosh va begonadin har ayb hunarkim bayoni voqe’ edi, tahrir ayladim».


«Boburnoma»da tarixiy voqelik o‘z aksini topgan. Toj-u taxt talashlari, jang tasviri mazkur jarayon ishtirokchisining bevosita kuzatishlari asosida yozilgan. Shu bois asarda boshqa manbalarda kuzatilmaydigan chizgilar, izohlar uchraydi. «Boburnoma»da aks etgan tarix mol-mulk, saltanat uchun behuda kurash olib borilgani, hayot ziynati, qadr-qimmati anglanmagani, jang-u jadallar inson uchun berilgan qisqa umrning behuda sovurilishidan boshqa narsa emasligini ko‘rsatib berdi. Urush har qanday zamonda ham insoniyat boshiga balo keltirishi, yosh umrlarning xazon bo‘lishi, yurtning xonavayron, el¬ning shikasta bo‘lishini namoyon etadi.


Shoir o‘zgalarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi, o‘zi ham mehr ko‘rishni istaydi, o‘zgalarga yaxshilik tilaydi, kezi kelganda unga ham yaxshilik qilishlaridan umidvor bo‘ladi. Boshqa bir o‘rinda bu olamda yaxshilikning kamyob ekanligiga, har kim ham yaxshilik qilavermasligiga, har kimdan ham yaxshilik kutish lozim emasligiga amin bo‘ladi.


«Boburnoma»dagi har bir tasvirda Boburning nozik tabiati, ta’sirchanligi o‘z ifodasini topgan. Bir gal Bobur qo‘shinidan ketgan 26 nafar begi¬ning nomini qayd etadi va iztirobini yashirmaydi: Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor g‘alaba yig‘ladim.


Qalloshlik (shuhratsizlik, e’tiborsiz¬lik)dan ozorlangan va xorlik tortgan, sargardon kezishdan charchagan Bobur bosh olib itmak (yo‘qolmoq)ni istaydi: Dedimkim, mundoq dushvorliq bila tirilguncha, bosh olib itsam yaxshi. Mazkur iborada ruhiy toliqish, bevafolik va xiyonatdan azoblanish, barcha noxushliklardan ko‘z yumish tuyg‘ulari aks etgan.


7-mavzu
O‘ZBЕKNING IFTIXORI


Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida tug‘ilgan. Dastlab, Jizzax pedagogika texnikumi so‘ngra Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. U talabalik davrida mazkur viloyatning «Lenin yo‘li» gazetasida muxbir, mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishlaydi. Universitetning oxirgi kursida o‘qiyotganida esa muharrir darajasiga ko‘tariladi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganida Sharof Rashidov ko‘ngillilardan bo‘lib jangga ketadi. U Shimoliy-G‘arbiy frontdagi o‘qchi brigadaning siyosiy rahbari hamda harbiy jurnalist sifatida faoliyat ko‘rsatayotganida endigina 25 yoshga qadam qo‘ygan edi. 1942-yilning noyabr oyida Sharof Rashidov urushdan og‘ir yarador bo‘lib qaytadi va maktabda direktorlik qilish bilan birga, tarix, adabiyot va rus tili fanlaridan o‘quvchilarga dars beradi.


1944-yilning may oyida Samarqand viloyat partiya qo‘mitasi kotibi qilib saylangan Sh. Rashidov 1947-yilda o‘zidagi iqtidor va tashkilotchilik qobiliyati tufayli 30 yoshida respublikamizning yetakchi nashri – «Qizil O‘zbekiston» gazetasi muharriri lavozimiga loyiq ko‘riladi. 1949–1950-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais, o‘ttiz uch yoshida esa O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosati raisi qilib saylangan. Sobiq ittifoq tarixida bunday yosh rahbar oliy hokimiyat egasi bo‘lmagan edi.


1959-yildan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi etib saylangan yosh va uddaburon Sh. Rashidovning Guliston, Yangiyer va boshqa o‘nlab shaharlarning bunyod etilishida, yangi tumanlarning tashkil qilinishida xizmati katta bo‘lgan.


1966-yili Toshkentda yuz bergan kuchli zilzila davrida uning sa’y-harakatlari bilan nafaqat O‘zbekis¬ton, balki butun ittifoq falokat oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilinadi. Natijada esa qisqa muddat ichida poytaxtimiz yangi qiyofa kasb etadi.
Toshkentda Osiyo va Lotin Amerikasi yozuvchi va kinoaktyorlarining festivallari, adabiyot va san’at kunlarining o‘tkazilishiga rahnamolik qildi.
Sharof Rashidov mamlakatimizni boshqargan yillari Toshkent metropoliteni ishga tushiriladi. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodi dunyoning eng katta 5 ta aviatsiya birlashmasidan biriga aylantirilib, yiliga 60 ta samolyot ishlab chiqaradi. Toshkent traktor zavodida yiliga 21 mingta traktor, «Tashselmash» zavodida esa 10 mingta paxta terish kombayni ishlab chiqarilgan. 1969-yilda Muruntov oltin koni ochilib, yiliga 100 tonna oltin qazib olinadi.
Shu boisdan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Jizzax shahrida uning memorial muzeyi tashkil qilindi. Ushbu maskanga kiraverishda Yurtboshimizning «Hech shubha yo‘qki, Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi», degan so‘zlarining bitilishi ham unga bo‘lgan buyuk hurmatning namunasidir.

Ming shukrki, Mustaqillik tufayli tarixiy adolat tiklandi. Sharof Rashidov buyuk shaxs sifatida tan olindi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, tarix ulug‘ murabbiy va buyuk tarbiyachi hisoblanadi. Chunki inson, xalq o‘tmishdan to‘g‘ri saboq chiqarib yashagandagina tarixiy adolatni qaror toptirish hamda o‘z kelajagini barpo etishga muyassar bo‘ladi.


Sh. Rashidov rahbarlik bilan bir qatorda, ijodni ham to‘xtatib qo‘ymadi. Uning qalamiga mansub «Chegarachi» dostoni, «Qahrim» she’rlar to‘plami, «G‘oliblar», «Bo‘rondan kuchli», «Qudratli to‘lqin» kabi yirik nasriy asarlari, «Kashmir qo‘shig‘i», «Komde va Mudan» kabi lirik qissalari hamda «Koinot» nomli kinoqissasi shular jumlasidandir. Adib hayotining so‘nggi yillarida yozgan «Dil amri» qissasida Ikkinchi jahon urushi davrida Belorus zaminida o‘zbek jangchilarining g‘alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasvirlangan.


Tinib-tinchimas fidoyi insonning davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari ham yuksak qadrlanib, bir necha marotaba orden va medallar bilan taqdirlangan.


8-mavzu

UCHINCHI RENESSANSNING TO‘RT UZVIY HALQASI


Tamaddun tarixiga nazar tashlasak, insoniyat har qanday buyuk ixtirolar va kashfiyotlarga faqatgina ilm-fan yutuqlari asosida erishgan. Bugungi zamonaviy hayotni ham ilm-ma’rifat va ta’lim taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dunyoning eng ilg‘or davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Chunki yurt ravnaqi va uning istiqboli aynan shu sohada qo‘lga kiri-tilgan yutuqlar bilan chambarchas bog‘liqdir.


Mamlakatimizda ham yosh avlodni komil inson qilib voyaga yetkazishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularni yuksak ma’naviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini o‘z zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinyapti. Prezidentimiz rahbarligida ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, har tomonlama yetuk, malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash hamda Vatanga sadoqatli yangi avlodni voyaga yetkazish mexa-nizmlarini yaratish maqsadida olamshumul islohotlar amalga oshirilmoqda.


Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz keng ko‘lamli demokratik o‘zga-rishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Yurtboshimiz iborasi bilan aytganda:


«Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda il¬miy-madaniy muassasa¬larni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituv¬chilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘o¬nish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz».


Ma’lumki, boy tarixga ega yurtimizda birinchi Renessans – Sharq Uyg‘onish davri IX–XI asrlarda yuz bergan. Bu davrda buyuk allomalarimiz yaratgan ilmiy va falsafiy asarlar hamda hamon dunyoni lol qoldirayotgan ixtirolari jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, falsafa sohasida Abu Nasr Forobiy, tibbiyot sohasida Abu Ali ibn Sino, tilshunoslikda Mahmud Zamaxshariy barakali ijod qilgan.


Renessansning ikkinchi davri esa Amir Temur va Temuriylar davriga to‘g‘ri kelib, nafaqat Movarounnahr, balki butun Markaziy Osiyo o‘lkalari o‘z taraqqiyotining yangi pog‘onasiga ko‘tarildi. Sohibqiron bobomiz ilm-fan rivojiga rahnamo bo‘lib, olimlar, san’atshunoslar, yozuvchilar, shoirlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan.


Bugungi kunda, O‘zbekis¬tonda yangi uyg‘onish – uchinchi Renessans davri boshlandi. Buni bugungi kunda yurtimizdagi jadal rivojlanishlar, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, oddiy hayotimizda ro‘y berayotgan yuksalishlar jarayonlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida sa’y-harakatlarning lokomotivi sifatida ta’lim-tarbiya, ilm-fan, ma’rifatni rivojlantirish g‘oyasi tanlangani ushbu tashabbusning g‘oyat hayotiyligini ta’minlovchi eng muhim omildir. Zotan, millatning ilm-ma’rifati yuksalishi barobarida, uning farovonligi va ertangi kunga ishonchi oshib boraveradi.


Yangi O‘zbekistonning keyingi taraqqiyoti jarayonida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, umumta’lim maktablari faoliyatini yaxshilash, oliy ta’lim tizimini dunyo standartlariga mos¬lashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, o‘quv yurtlariga qabul qilishda adolatli tizimni o‘rnatish, yurtimizda nufuzli chet el universitetlarining filiallarini ochish kabi ko‘plab ishlar olib borilmoqda.


Tadqiqotlar hamda ilmiy kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, inson hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olishi aniqlangan. Bolaning intellektual shaxsini shakllantirish, ta’lim xizmatlarini yaratish orqali sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sohadagi izchil islohotlarning natijasidir.


9-mavzu
AYОLDAN BOSHLANAR KЕLAJAK ASLI
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ularga e’tibor yanada kuchaymoqda.
Hozirgi paytda jamiyat hayotining hech bir soha¬sini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida, siyosiy partiyalarda faoliyat ko‘rsatishyapti. Tadbirkorlik bobida ancha-muncha erkak¬larni ortda qoldirishmoq¬da. Ilm-fan, san’at, sport sohalarini-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ayollar orasida «O‘zbekiston Qahramoni» degan yuksak unvonga sazovor bo‘lganlar soni ham ortib bormoqda. Ular yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida erkaklar bilan bab-baravar fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda.
Bir qarashda noziknihol ko‘ringan ayollarimiz o‘z yelkalariga Vatan himoyasi, huquq-tartibot muhofazasidek mashaqqatli mas’uliyatni olishdan ham cho‘chishmayapti. Masalan, ichki ishlar organlarining deyarli barcha sohaviy xizmatlarida ularni uchratish mumkin. Tizimda faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlatimizning yuksak mukofot¬lariga sazovor bo‘lgan xotin-qizlar talaygina.
Lekin ularning jamiyat oldidagi eng buyuk xiz¬mati, eng ulug‘ martabasi onaligidir. Ayollar farzandni dunyoga keltirish uchun ikki yo‘l: hayot va o‘lim orasida turishadi. Qolaversa, bir parcha etni voyaga yetkazguncha qancha mashaqqat chekishadi. Rasululloh (s.a.v.) ham onaga yaxshilik qilishga ko‘p bora buyurganlar. Zotan, payg‘ambarlarni ham, ne-ne daho¬larni ham ONA tug‘ib, tarbiyalagan. Baxz ibn Hakimdan shunday rivoyat qilinadi:
«Yo Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?» – dedim.
«Onangga», – dedilar.
«So‘ngra kimga?» – dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«So‘ngra kimga?»– dedim.
«Onangga»,– dedilar.
«So‘ngra kimga?» – dedim.
«Otangga va so‘ng yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga»,– dedilar».
Farzandning kelajakda qanday inson bo‘lib voyaga yetishi ko‘p jihatdan unga bolaligida onasi bergan ta’lim-u tarbiyaga bog‘liq. Shunday ekan, davlat, jamiyat o‘zi¬ning kelajagi haqida qay¬g‘ursa, bi¬rinchi galda xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi lozim. Zero, kelajak ayollardan boshlanadi.
Ulug‘ shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov bu ulug‘, mo‘tabar zotni ta’rif-u tavsiflab, shunday purma’no satrlarni bitgan edi:
Men sharqlik odamman,
Ayol degan so‘z
Menga hayot bilan barobar kalom.
Oh, ayol xo‘rligin ko‘rsatma hargiz,
Hargiz bad bo‘lmagay ayol degan nom.
Inson atab bo‘lmas hech bir, hech mahal
Ayolni tanimas takabbur boshni.
Undayin yulduzning so‘ngani afzal,
Agar tan olmasa senday quyoshni.
Ayol chehrasida ko‘rsang tabassum,
Bilki, zamona tinch, osoyish olam.
Ayolga tilasang gar tole ma’sum,
Dunyoni olovdan asra, ey Odam!
E’tibor bergan bo‘lsangiz, «ayol» so‘zi «hayot» so‘zi bilan uyqash, ohangdosh. Bu bejiz emas. Zero, ayollarsiz insoniyat hayoti bardavom bo‘lmasdi.

Xulosa qilib aytganda, uyimizning farishtasi bo‘lgan duogo‘y buvijonlarimiz, biz uchun jonini ham ayamaydigan mehribon onalarimiz, xonadonimizning sarishta bekasi bo‘lgan suyukli yorlarimiz, atrofimizda parvona bo‘ladigan munis-u mushfiq opa-singillarimiz baxtimizga omon bo‘lishsin. Ularning baxti, xotirjamligi uchun mas’ul ekanimizni biz – erkaklar hech qachon unutmaylik.


Bobomurod TOSHEV,


«Postda» muxbiri.

10-mavzu
«YASHIL MAKON» UMUMMILLIY HARAKATI


Ota-bobolarimiz ham «Birni kessang, o‘nni ek», deya bejiz ta’kidlamagan. Bu maqolning mohiyatida shunchaki nihol ekib, bog‘ yaratish emas, balki bizni o‘rab turgan olamdagi yashillikni saqlashdek ezgu maqsad mujassam. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor be¬rishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak.

Bu nima degani? Bu – tabiatni asrash suv resurslarini tejash, isrof qilmaslik, ekologik tizimni barqarorlashtirish, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani.


So‘nggi yillarda dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoatning yuqori sur’atlarda rivojlanib, tabiatga nisbatan inson omilining ortishi ekologiyaga sezilarli darajada salbiy ta’sir o‘tkazayotgani hech birimizga sir emas. Bu jarayonlar bir osmon ostidagi mamlakatlar qatorida, bizning yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Dunyoda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlarining oqibatlari har bir davlatni «yashil taraqqiyot» hamda «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga monand harakatlarni amalga oshirishga da’vat etmoqda.


Prezidentimizning «Respublikada ko‘kalamzorlash¬tirish ishlarini jadallashti¬rish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, yurtimizda daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasining joriy etilishi bu borada tizimli ishlarning yanada keng quloch yoyishiga xizmat qildi.


O‘tgan yili yurtimizda kuz mavsumining «dolzarb 40 kunligi»da ko‘plab hudud va tarmoq rahbarlari, mahallalar, aholi, fermer-dehqonlar, umuman keng jamoatchilik jonbozlik ko‘rsatib, 85 million dona daraxt ko‘chatlari ekildi.


Joriy yilning 2-fevral kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida keng hududlardagi ekologik holatni yaxshilash hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha joriy yildagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ushbu umummilliy harakatdagi ustuvor vazifalardan biri – joriy bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekishni samarali tashkil etishdan iborat. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish masalasi alohida e’tiborda.


Bunda tegishli tartibda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan «daf¬tarlar»ga kirgan, ko‘chat ekish bo‘yicha tajribasi bor aholiga ko‘chatxonalar tashkil etish va zarur texnika, sifatli nihollar va urug‘lar xarid qilish, ko‘chatlar yetishtirish uchun subsidiyalar ajratish ham ko‘zda tutilgan. Ko‘chatlarni yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni ta’minla¬gan holda, ularning narxi asossiz oshib ketmasligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish belgilab qo‘yilgan. Shu¬ningdek, xalqaro va respublika ahamiyatidagi yo‘llarning chetlariga 1,5 million dona daraxtdan ihotazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.


Yurtimizning shahar-u qishloqlarida ko‘klam nasimlari esib, allaqachon bahor darakchisi boychechaklar bo‘y ko‘rsatib ulgurgan ayni damlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlandi. Mehnatsevar xalqimiz ona zaminimizga nihol qa¬dab, bog‘-u rog‘ barpo etish, uning har go‘shasini yashillikka burkashdek ulug‘ maq¬sad yo‘lida birlashdi. Bugun yurtimizda yetti yoshdan yet¬mish yoshgacha bo‘lgan insonlar mazkur umummilliy loyihasida ishtirok etmoqda. Korxona-tashkilot, sektor hududlari, maktabgacha ta’lim dargohlarida ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan davom etmoqda.


11-mavzu

GЕOSIYOSIY MANFAATLAR TO‘QNASHUVI VA MAFKURAVIY KURASH
Bugun globallashayotgan dunyoda geosiyosat davlatlararo aloqalarga, o‘z navbatida, xalqaro munosabatlarga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Har bir davlat xalqaro munosabatlarda o‘z manfaatlari ustuvorligiga erishish maqsadida barcha imkoniyatlarini ishga solishga, kuch-qudratidan foydalanishga harakat qilmoqda. Geosiyosiy manfaatlar to‘qnashuvi va mafkuraviy kurash kuchaygan hozirgi paytda kelgusida millatlar, xalqlar, davlatlar, umuman, insoniyat jamiyatining taqdiri qanday bo‘ladi, degan savol g‘oyat dolzarb bo‘lib turibdi.

Tarixning dalolat berishicha, yirik davlatlar, ular tomonidan barpo etilgan imperiyalar, strategik maqsadlar yo‘lida birlashgan davlatlar ittifoqlari, turli kuchlar xalqaro munosabatlar va dunyo siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab bergan va belgilab bermoqda. Ayni shu davlatlar hozirda ham bevosita yoki bilvosita o‘z so‘zini boshqa davlatlarga o‘tkazmoqda, jahonning geosiyosiy xaritasi qanday ko‘rinish kasb etishida ularning o‘rni katta bo‘lmoqda. Mavjud boyliklarni, xomashyo resurslarini taqsimlash, jahon miqyosida tovarlar va xizmatlar narxini belgilashda asosiy vazifani hal etmoqda. Boshqacha aytganda, gegemonlikni da’vo qilayotgan bu davlatlar shu tariqa yashash va yurish-turish qoidalarini belgilab bermoqda.


Siyosatshunoslarning fikricha, davlatlar xalqaro jarayonlarga ta’sir kuchi va xalqaro munosabatlardagi roliga ko‘ra, quyidagi guruhlarga ajratiladi:


– ulkan davlatlar. Yer kurrasida geosiyosiy manfaatlari yo‘lida yetarli harbiy, iqtisodiy va ma’naviy qudratga ega bo‘lgan, boshqalardan o‘zi va ittifoqchilari manfaatlarini hisobga olishni talab qiladigan va bunga erisha-digan mamlakatga nisbatan «ulkan davlat» tushunchasi qo‘llaniladi. Bir vaqtlar tarixda Rim, Vizantiya, Britaniya imperiyalari, sobiq Ittifoq va AQSH shunday rolni o‘ynagan;


– yirik davlatlar. O‘zining va jahonning boshqa muhim mintaqalarida (lekin butun jahonda emas) milliy manfaatlarini ta’minlashga qodir bo‘lgan, boshqa mamlakatlarni o‘zi bilan hisoblashishga majbur qila oladigan davlatlar shular jumlasidan;


– mintaqaviy davlatlar. O‘z mamlakati va mintaqasida, shuningdek, chegara hududlarida o‘z manfaatlarini ta’minlash va himoya etishga qodir mamlakatlar shu guruhga kiradi;


– oddiy davlatlar: bu mamlakatlar¬ning har biri davlat ichida, mintaqa va jahonda o‘z milliy manfaatlarini kuchlari yetgani qadar ta’minlay oladi.


Tan olish kerakki, hozirgi vaqtda jahonda bironta davlat yoki davlatlar birlashmasi AQSH boshchiligidagi G‘arbnikidek qudrat va ta’sir kuchiga ega emas. Albatta, bu bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi, degani emas. Tadqiqotchilar garchi Qo‘shma Shtatlar jahonning yagona ulkan davlati bo‘lib qolishga urinayotgan bo‘lsa-da, geosiyosiy vaziyat o‘zgaruvchan, beqaror va murakkabligicha qolayotganini ta’kidlashadi. Chunki uning jahon gegemonligiga intilishi borgan sari Xitoy, Rossiya, Yaponiya va boshqa shu kabi davlatlarning jiddiy qarshiligiga duch kelmoqda. Chunonchi, Xitoy o‘z harbiy-iqtisodiy qudrati va hozirgi vaqtda jahonda kechayotgan geosiyosiy jarayonlarga ta’sir kuchi nuqtai nazaridan yaqin o‘n-o‘n besh yil ichida bir qutbli jahon siyosatiga qarshi chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Taxminlarga qaraganda, yaqin yillarda Chin yurtining harbiy qudrati AQSHnikiga tenglashadi va hatto ba’zi o‘lchamlariga ko‘ra, undan o‘tib ham ketadi.


12-mavzu
KORRUPSIYA – MA’NAVIYAT DUSHMANI


Respublikamizda ham mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muhim vazifalardan biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirish kabi masalalar dolzarblik kasb etmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida insonlar hayoti, dunyoqarashi hamda turmush tarzi keskin o‘zgarmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!», «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» kabi muhim maqsad shakllandi va uning barcha a’zolarini «halollik vaksinasi» bilan emlash kundalik faoliyatimizga kirib kelmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan preventiv choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e’lon qilib boriladigan ma’lumotlarning aniq ro‘yxati shakllantirildi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralarning Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi farmonida belgilangan ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga to‘liq rioya etishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam o‘rganilib, monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Endilikda har bir vazirlik va davlat idorasining davlat xaridlari sohasidagi faoliyati, o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan o‘tkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatda jami 302 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.


Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va osh¬koralikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka bir qator o‘zgartishlar kiritildi:


– xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi a’zosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;


– Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan o‘tkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbala-rida e’lon qilib borishi belgilandi;


– Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy ma’lumotlarni ochiq axborot manbalarida e’lon qilib borish vazifasi yuklatildi;


– maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;


– qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli norma kiritildi;

– davlat xaridlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etib borilmoqda.


Bugungi kunda budjet xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, budjet qonunchiligining buzilishi faktlari to‘g‘risida xabardor qilish va budjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish maqsadida «Open budget» – «Ochiq budjet» portali faoliyat yuritmoqda.


13-mavzu
ELЕKTRON DAVLAT XIZMATLARI


Inson hayoti davomida turli masalalar yuzasidan davlat organlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Tan olish kerak, bunday holat ko‘pchilikka ma’qul kelmaydi. Axir, ertalabdan ishxonangizdan ruxsat so‘rab bir idoraga borsangiz-u, u yerda uzundan-uzun navbatni ko‘rsangiz, bu kimga ham yoqadi? Yana qog‘ozbozlik, tanish-bilishchilik tufayli asabingiz buzilib, yarim kun vaqtingiz o‘tib ketsa-da, ishingiz bitmasa, bundan yomoni bo‘lmasa kerak. Uzoq emas, bundan 5-10 yil oldingi vaziyatni bir yodga oling. Qaysidir viloyatning bir tumanidan poytaxtdagi oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun yo‘lga chiqqan abituriyent qanday sarsongarchiliklarni boshidan o‘tkazardi? Borish, tunab qolish, agar hujjatlarida kamchilik bo‘lsa yana ortga qaytish... Test imtihonini topshirib, 10-15 kundan keyin yana poytaxtga kelib, o‘qishga kirgan-kirmaganini bilish uchun shaharning qaysidir bir burchidagi maktab hovlisiga osilgan e’lonni topish... Yoki gaz, yoki elektr energiyasi to‘lovini to‘lash uchun ertalabdan sarg‘ayib navbat kutishlar...
Xayriyatki, bunday kunlar tarixga aylandi. Bugun abituriyent uyidan chiqmasdan respublikamizdagi xohlagan oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishi, o‘qishga kirgan-kirmaganini ham uyida telefon orqali bilishi mumkin. To‘lovlar ham shunday: idoraga borish shart emas, uydan yoki ishxonadan turib kommunal to‘lovlarni to‘lash imkoniyati yaratildi. Xullas, ayni paytda odamlar emas, hujjatlar aylanishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Elektron davlat xizmatlari jadallik bilan rivojlanib, xalqning uzog‘i yaqin, og‘iri yengil bo‘lmoqda.
2017 yilda Prezidentimiz tashab busi bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh etish sari dadil qadam qo‘yildi.

Uning asosiy vazifalari etib, byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish, fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini kamaytirish etib belgilandi. Vaqt o‘tishi bilan tizim takomillashdi. Ayni paytda mamlakatimizda 200 dan ziyod DXM ishlab turibdi.


Davlat xizmatlari markazlari bugungi kunda 200 dan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali esa 253 dan ziyod xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. Davlat xizmatlari agentligi servis sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligini ta’minlash, sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan doimiy monitoring olib borayotgani jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali faoliyat yuritishida muhim omil bo‘lmoqda, deyish mumkin. Xo‘sh, bugun elektron davlat xizmatlari hayotimizda qanchalik rol o‘ynamoqda? Elektron davlat xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishidan va rivojlanishidan kim ko‘proq manfaatdor: davlatmi yoki xalq? Aytish kerakki, pandemiya davrida masofadan ishlash bilan birga, davlat xizmatlariga bo‘lgan talab ham oshdi. Ko‘p davlat tashkilotlari tomonidan talay xizmatlar tezkorlik bilan amalda joriy qilindi. Ya’ni davlat xizmatlarini masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Demak, elektron xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, raqamlashtirish siyosatini har bir jabhaga yo‘naltirishning imkoni bor.


14-mavzu
AMIR TЕMUR DAVRIDA ILM-FAN VA MADANIYAT


Amir Temur buyuk sarkarda, davlat arbobi, ma’naviyat va ma’rifat homiysi, shuningdek, xalqini jahonga mashhur qilgan buyuk va betakror shaxsdir. Ayniqsa, uning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqi¬yos. Amir Temur va uning avlodlari sa’y-harakatlari bilan qurilgan mad¬rasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, qal’alar, kanallar va boshqa inshootlarning son-sanog‘i yo‘q. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Go‘ri Amir, Ahmad Yassa¬viy, Zangi Ota maqbaralari, Oqsaroy va Shohi Zinda me’moriy mo‘jizalari, Bog‘i Chinor, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Baland singari o‘nlab go‘zal saroy-bog‘lar va shu kabi boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi.

Sohibqiron o‘sha davr va o‘zigacha bo‘lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug‘ining barcha sohalarini mukammal o‘zlashtirgan ulug‘ siymo, qomusiy ilm, aql egasi bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamo-yu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.


Helda Hukhem «Yetti iqlim sultoni» asarida ta’kidlagani¬dek, «Temur ... jismonan baquvvat, ma’naviy hayotning yuksak qadriyatlarini egallagandi, doimo olimlar davrasida ishtirok etar, ulardan talaygina fanlarni o‘zlashtirgandi, tarixni yaxshi bilardi». Shuning uchun ham uning boy, serqirra ijodi, tengi yo‘q va takrorlanmas shuhrati asrlardan asrlarga, davrlardan davrlarga eson-omon o‘tib, barcha alg‘ov-dalg‘ovlarga bardosh berib, bizlargacha yetib keldi.


Buyuk davlat arbobi, ma’rifat homiysi, yuksak ma’naviyat egasi Amir Temurning abadiylikka daxldor merosi bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ruhiy-ma’naviy poklanishi va milliy o‘zligini anglashida bitmas-tuganmas chashmadir.


Amir Temur ilm-fan, ma’naviyat ahliga e’tibor, mehribonlik ko‘rsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, «... olimlarga mehribon, sayyid-u shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rardi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib, izzat-u ikromini unga izhor qilardi». Ko‘plab ilm-ma’rifat allomalari Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Nu’moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Sohibqironning marhamatidan bahramand bo‘lib, uning xizmatida bo‘ldilar.


Amir Temur ilm-fanning riyoziyot (mate¬matika), handasa (geometriya), me’morchilik, falakiyot (astronomiya), adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: «Buni teran anglagan Sohibqiron hokimiyatga kelishi bilan chiqargan dastlabki farmonlarini madra¬salar barpo etishga, ilm toliblariga nafaqalar tayinlash bilan boshlagan. Qaysi bir shaharga tashrif buyurmasin, Amir Temur, avvalo, o‘sha yerlik olim-u fozillar bilan uchrashar, ular bilan suhbat qurar, turli mavzularda bahslashar edi».


Tarix, tibbiyot, matematika, astronomiya, me’morchilik sohalarida yuksak salohiyatga ega Amir Temur uchun bu tabiiy hol edi. Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi bo‘lish bilan birga, buyuk olim darajasiga yetishishida ham bobosi Amir Temurning xizmati benihoya katta bo‘lgan.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari¬ning «Samarqandning sara ulamolari» kitobida Amir Temur haqida jumladan quyidagilar keltirilgan: «Amir Temur ilmga va ulamolarga ahamiyati katta bo‘lgan. Harbiy yurish, jang-u jadal¬ning ichidan Imom Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhiga o‘xshash allomalarni topib, o‘z diyoriga olib ke¬lish, ularga ilmiy faoliyat uchun sharoit yaratish va ularning hurmatini joyiga qo‘yish oson ish emas».


15-mavzu
MA’NAVIYAT – YANGI UYG‘ONISH SARI YO‘L


Yangilanayotgan O‘zbekistonda ham ma’naviy-ma’rifiy islohotlarga davlat siyosatining ustuvor yo‘na­lishlaridan biri sifatida qaraladi. Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada yaxshilash, ming yillar mobaynida uning bag‘rida sayqal­lanib kelayotgan ibratli an’ana va qadriyatlarni targ‘ib etish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi jamiyatdagi sog‘lom kuchlar, yuksak iste’dod va tafakkur sohiblari­ning aqliy salohiyatini Vatan istiqboli sari yo‘naltirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, odamlarning ma’naviyatini yuksaltirish, bebaho madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashga, eng asosiysi, o‘zligimizni anglashga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish borasida samarali sa’y-harakatlar qilinmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash jiddiy fikr yuritishni taqozo etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashti­rish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.


Davlatimiz rahbari «Jamiyat hayo­tining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir» deya ta’kidlagani bejiz emas. Zero, diyorimiz milliy qadriyatlari, madaniyati rivojlangan, yuksak ma’naviyatga ega tamaddun o‘chog‘idir.


Darhaqiqat, hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligi, avvalo, azaliy qadriyatlar tikla­nishi, boy tarixiy merosimizning chuqur o‘rganilishi, an’ana va urf-odatlari­mizning saqlanishi, madaniyat va san’at, fan va ta’lim rivoji, eng muhimi, jamiyat tafakkurining o‘zga­rishi va yuksalishi bilan uzviy bog‘liqdir.


Bugun dunyo notinch va tahlikali bo‘lgan zamonda, butun yer yuzi turli talato‘plar girdobida qolayotgan, ziddiyatlar keskinlashgan bir paytda tinch va barqaror hayotni, ertangi kunimizni saqlab qolishning yagona najot yo‘li — ma’naviyatni asrashdir. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor va talabchanlikni oshirish, ular ongi va qalbini egallash uchun kurash dunyo miqyosida kuchayayotgan bir paytda yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tarbiya shu Vatanda emin-erkin yashayotgan, daxldorlik hissi jo‘shib turgan har bir insonning mushtarak vazifasi hisoblanadi.


Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat jihatdan yangi pog‘onalarga ko‘ta­rish, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, ma’naviyatli, vatanparvar, o‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning ma’naviy salohiyati va mafkuraviy immunitetini kuchayti­rishni o‘zida mujassam etgan «Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi» qabul qilinganiga bir yil bo‘ldi.


«Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!» deb belgilangan konseptual g‘oyada davlat mustaqilligini himoya qilish, huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish ustuvor vazifa ekanligi mujassamlantirildi.


Davlatimiz rahbarining jahon uzra o‘zgacha bo‘y cho‘zayotgan, iqtisodiy va farovonlik tobora ortib borayotgan Yangi O‘zbekistonning hozirgi davrini milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon, deb e’lon qilganligining zamirida qat’iy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Prezidentimizning: «Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda», – degan so‘zlari bunga yorqin misol bo‘ladi.


16 - mavzu
«UNUTMAS MENI BOG‘IM»
Bolalikdan san’at sinoatiga oshuf¬ta qalbni so‘z jilosi, ohangi toblab voyaga yetkazdi. Adabiy saboqlar, iste’dodlar davrasidagi qizg‘in suhbatlar, sayohatlar yosh shoirga badiiyat asrorini teran idrok etishga zamin yaratdi. U Firdavsiy, Sa’diy, Navoiy, Fuzuliy she’rlari zaminidagi kishi tuyg‘ularini qunt bilan o‘rgandi. Qo‘qondagi adabiy muhit o‘smirni mumtoz va zamonaviy adabiyot bilan yaqindan tanishtirib, uni olam-u odam nafosatini, yuksak tuyg‘ular oqimini, sezimlar nazokatini tuyishga chorladi.
Usmon Nosir Moskva safari davomida Pushkin, Lermontov, Yesenin asarlarini mutolaa qilishga qiziqib qoladi. Rus shoirlari ijodidagi janriy rang-baranglikni kuzatibgina qolmay, ularning iste’dod qirralarini kashf etib boradi. Shu bilan birga, Moskvadagi kinodramaturgiya texnikumida tahsil oladi. Bu davrda rejissyor, aktyorlar bilan bo‘lgan muloqotda sohaning
asrorini o‘rganishga ahamiyat qaratadi. Bu yerdagi muhit shoirni adabiy hamkorlikni mustahkam¬lash bilan birga, o‘z dunyoqarashini boyitish-da ham turtki bergan.
Kishining bilimlari uni yog‘du yanglig‘ hidoyat, ma’rifatga boshlaydi. Keyinchalik Usmon Nosirning «Atlas», «Zafar» dramalarini yaratgani bu san’atning nozik tomonini o‘rganganidan voqif aylaydi.
U Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani», Lermontovning «Iblis» asarlarini tarjima qilgan. Shunchaki o‘zbekchaga o‘girmagan, ulardagi ramz, ohang, ifodani saqlab qolish, asliyatdagidek yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Zamondoshlari shoirning yoddan she’r o‘qish qobiliyatini alohida e’tirof etishgan, turli gurunglarda ham tarjima she’rlari yoxud o‘ziga ma’qul bo‘lgan asarini zavq bilan aytganini xotirlashgan. Turob To‘la shoirning hissiy to‘lqinlar iskanjasida ingrab she’r o‘qiganini yodga olgan.
1932 yil shoirning ilk she’riy to‘plami «Quyosh bilan suhbat», so‘ng «Safarbar satrlar» nashr etildi. Bu asarlar darrov adabiy jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Ulardagi yoniq qalb, haroratli ifodalar yosh shoir iqtidoridan voqif etardi.
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
U she’riyatni, unga sodiqlikni sharafli burch deb sanagan. U bu san’atni yuksaltirishdan, go‘zal tuyg‘ularni avj pardalarda kuylashdan rohatlangan. Qalb taftidan yangragan izhorlar estetik salmoqni qabartirib ko‘rsatgan.
Shoirning «Yurak» she’rlar to‘plamidagi sayohat xotiralari fikr va tuyg‘u uyg‘unligi, hissiy va tasviriy ifoda nafisligi bilan diqqatni tortadi. Muallif ozar, gruzin, arman diyorlarining so‘lim tabiatini rangin bo‘yoqlarda jonli tasvirlaydi. Bu xalqlar tili, madaniyatiga xos belgilarni tiniq, tabiiy yoritishga harakat qiladi. Iste’dod, nozik did, atrof-olam nafosatini teran his etib zavqlanish shoirga ranglar jilosi, turfa iforlar bo‘yini yorqin, tabiiy aks ettirish imkonini beradi. «Naxshon» dostonidagi quyidagi parcha kitobxon e’tiborini tortadi:
Bog‘larga namozgar
salqini tushdi,
Gullar nam bargini qayirdi asta.
Oftob ham suv ichar
tog‘lardan pastda,
Loladek qip-qizil o‘t
shafaq o‘chdi.
Shoir uchun bog‘ – ona Vatan.
U tabiat bag‘rida tong ottirish, tunni kutib olishdan rohatlangan. Usmon Nosir timsollarda go‘zallikni his ettirishga intilibgina qolmay, satrlar silsilasida xos kayfiyat, badiiy niyatni sezdirishga musharraf bo‘lgan. Sokin ohang sadolari shoirni go‘yo sinovli onlardan ogoh aylaydi. Namozgar shom vaqti kun botishiga ishora qiladi. Abdulla Qodiriy ham «O‘tkan kunlar» asarining ilk jumlasida
«...quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir» xabarini keltiradi. Shom kun qorayishi pallasi ikki ijodkorning xalq, millatga keladigan halokatdan voqif etish usuli ekani ayon bo‘ladi, maslakdoshlar xolisligi, ko‘ngli bezovtaligi bu bitiklarda tiniq ko‘rinadi. Gullarning bargini qayirishi erksizlikka, oftob-nurning pastda suv ichishi so‘nishiga urg‘u beriladi. Loladek qip-qizil ramzi ham ayni qon, jaholatning nishonasi tarzida taqdim etiladi.
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bog‘im:
Ishimni hurmat qilur,
17-mavzu
Ma’naviyat marshrutlari – doimiy tashriflar maskani
Rivojlanish jarayonida har bir sohaga ma’naviyat va ma’rifatni tatbiq etish, ishni shu asosda tashkil etish vazifasi qo‘yilayotgani bejiz emas. Zero, ma’rifatga yo‘g‘rilgan har qanday amal taraqqiyning tamal toshidir. Ma’naviyat chashmasidan suv ichgan daraxt hosili bir necha avlodga yetgulik meva beradi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlariga sodiq barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tomonidan «Ma’naviyat marshrutlari» ishlab chiqildi. Unga asosan, 2022-yil davomida yurtimizning diqqatga sazovor joylari, muzeylar, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari, tarixiy hamda madaniy obidalariga tashrif buyurish nazarda tutildi. Hududlar kesimida tasdiqlangan «Ma’naviyat marshrutlari» loyihalariga muvofiq barcha ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarni reja-taqsimotga asosan borishlari ta’minlanmoqda. Ushbu marshrutlar orqali o‘lkamizning tarixiy maskanlariga sayohat qilish rejalashtirilgani birinchi galda xodimlarning o‘z tug‘ilib o‘sgan yurti tarixini chuqurroq bilishni, ajdodlarning o‘chmas xotirasiga, ular qoldirgan boy ma’naviy merosni asrash va uni kelajak avlodga yetkazish mas’uliyatini yuklaydi.
Xodimlar tashrif buyuradigan madaniy obyektlar ro‘yxati hududlar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, unda tarixiy-diniy merosimizni o‘rganish, tiklash, yosh xodimga qadimiy, boy tarixiy me¬rosimizni yetkazish orqali ichki ishlar organlari xodimlari ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida 108 ta madaniy obyekt tanlab olingan.
Tarixiy-madaniy obyektlar o‘tmishning zalvorli voqealaridan so‘zlaydi. Ularni o‘rganishga kirishar ekansiz, xalqimizning boy ma’naviy merosga ega ekanligidan faxr-iftixor tuysangiz, ikkinchi tomondan, bu bebaho xazinani asrash, avlodlarga bus-butun yetkazish vazifasi zimmamizda ekanini teranroq anglaysiz. Shuning uchun ham hududlarda «Ma’naviyat marshruti» doirasida tashkil etilayotgan sayohatlarga jiddiy e’tibor qaratilishi kerak.
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q, o‘tmishini unut¬gan xalqning kelajagi inqirozga yuz tutadi. Bu isbot talab etmaydigan haqiqatdir. Ro‘yxatdan o‘rin olgan madaniy obyektlar tarixiga nazar tashlasak, ularning tarbiyaviy ahamiyati,
qadr-qimmati katta ekani, ularni o‘rganish hayotiy zarurat ekani anglashiladi.
Insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lmish Buxoro zaminida ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Yetti pir – Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan «oltin silsila»ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, Buxoroi sha¬rifning betakror tarixini ko‘rsata oladigan ma’naviy boyliklar – Ark Qo‘rg‘oni, Sitorai Mohi Xosa saroyi, Fayzulla Xo‘jayev uy muzeyi, Poyi kalon majmuasi, Buxoro drama
teatri, Ibn Sino uy muzeyi, «Jasorat» muzeyi, Mahmud Torobiy vatanparvarlik bog‘i kabi o‘ndan ortiq madaniy obyektlar ham ma’naviyat marshrutlaridan joy olgan.
Samarqandning butun olamga mashhur obidalari sayyohlarni bir necha asrlardan buyon o‘ziga mahliyo etib kelmoqda. Ko‘hna va navqiron, yer yuzining sayqali deb ta’rif-u tavsif etilgan muazzam shahar jonli tarixdir. Sohibqiron bobomiz, Mirzo Ulug‘bek va yana ko‘plab tarixiy shaxslarning mangu qo‘nim topgan orom¬gohiga ziyorat asnosida har gal yangidan-yangi ma’lumotlarni olasiz, bu dunyo o‘tkinchi ekani, yaxshi amallargina inson nomini abadiyatga muhrlashini anglab, ruhingiz tozargandek bo‘ladi, go‘yo. Ma’naviyat xazinalari xalqimiz tomonidan chuqur o‘rganilishi, avaylab-asralishi juda ham muhim. Har bir obida-yu osori atiqada ajdodlarning barhayot a’mollari aks etgan.

18-mavzu
QADRIYATLARI QADRLANGAN YURT


Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. Shu bois o‘tganlarning xayrli ishla-rini, qahramonligi va jasoratini yod¬ga olmoq, e’zozlamoq xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biriga aylangan. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish qon-qonimizga singib ketgan. Zotan, xotira o‘tmishni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning orzu-intilishlariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

9-may sanasi millatimizning yuksak qadriyatlariga ehtirom ifodasi o‘laroq namoyon bo‘ladi. Chunki uning zamirida yurt ozodligi va tinchligi uchun kurashgan, kuch-qud¬rati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan vatandoshlari¬mizning yorqin xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatish, keksalar ho¬lidan xabar olish, ularni e’zozlash singari ezgu fazilatlar mujassamdir.


Haqiqatan ham, bugun Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar, front ortida mehnat qilganlar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qi¬lish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mash’um qirg‘indir. Olti yil davom etgan bu urush¬da 62 ta davlat, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alari¬dagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli to‘qnashuvlarga 110 million kishi safar¬bar etilgan va 70 million kishi halok bo‘lgan.


1941-yil arafasida respublikamiz aholisi 6,5 millionga yaqin bo‘lgan, shundan qariyb 2 millionga yaqini urushda qatnashgan. Ya’ni, yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlariga kirgan. Eng yomoni, bu dahshatli urushda 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz halok bo‘lgan.


«Bular shunchaki oddiy raqam¬lar emas. Ularning zamirida mushtipar onalari¬miz, momolari¬miz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam. Bu dard-u alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi», degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.


Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz – Vatanimizning mard va jasur farzandlarini yoddan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ularning nomi Toshkentdagi Xotira maydoniga o‘rnatilgan Xotira kitoblariga zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda «G‘alaba bog‘i» yod¬gorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etildi.


Ikkinchi jahon urushida mardlik va qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan, keyinchalik xizmatni ichki ishlar organlarida davom ettirgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Afsuski, ularning aksariyati hozir oramizda yo‘q. Butun umrini yurt tinchligini ta’minlashga baxshida etgan bu qahramonla¬rimiz yosh avlod qalbiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, albatta.


Surxondaryo viloyatining Sari¬osiyo va Uzun tumanlari, keyinchalik Toshkent viloyatining chegara hududlariga bostirib kirgan terrorchilarga qarshi janglarda qahramonlarcha halok bo‘lganlar orasida ichki ishlar organlari xodimlari ham bor. Shu bilan birga, Toshkent shahrida sodir etilgan teraktlar oqibatida bir necha osoyishtalik posbonlari dunyodan erta ko‘z yumdi. Qolaversa, ashaddiy jinoyatchilar bilan olishuvlar vaqtida ham bir qancha xodimlarimiz mardlarcha halok bo‘lishdi.


Hozirgi paytda xiz¬mat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila a’zolari holidan doimiy xabar olib turiladi. Ularga moddiy-ma’naviy ko‘mak beriladi. Xuddi shuningdek, halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yoki ishga kirishi uchun imtiyozlar ham joriy etilganki, bu mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin dalilidir.


19-mavzu
OILA TINCHLIGI – JAMIYAT FAROVONLIGI ASOSI

Oila – muqaddas qo‘rg‘on. Bu oshiyon o‘z bag‘rida ulg‘ayayotgan yosh avlod qalbi, ongi-yu shuuriga umuminsoniy fazilatlar, barhayot qadriyatlarni singdiruvchi beshik, kishilik jamiyatining mustahkam poydevori va uni harakatga keltiruv chi qudratli kuch hamdir. Shu bois ham tarbiyaviy, ma’naviyma’rifiy, ruhiy-axloqiy, iqtisodiy-huquqiy munosabatlarga asoslangan ijtimoiy birlik hisoblanmish oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror taraqqiyot yo‘lida davom etadi.


Tarixga nazar tashlasak, buyuk allomalarimiz ham oilaga katta e’tibor qaratib, uning mustahkam ligini ta’minlash, asrab-avaylash borasidagi hayotiy xulosalarini ibratli hikoyat-u ri voyatlar, farzand larga maktublar, hikmatli so‘zlar, she’riy satrlar, pand-nasihatlar shaklida yozib qoldirgan.

Xususan, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk zotlar o‘z asarlarida oilaviy masalalar, xususan, undagi munosabatlar, farzand tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining o‘rni, komil va vatanparvar shaxsni tarbiyalashda bu qo‘rg‘onning ahamiyati beqiyosligini e’tirof etgan.


Odob-axloqi go‘zal, jismonan va ma’nan yetuk avlodni tarbiya lashning yagona yo‘li – barqaror oila qurish ekanini, oilani mustahkamlamasdan turib, davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishib bo‘lmasligini Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov singari ma’rifatparvarlarimiz ham alohida ta’kidlagan.


Shu o‘rinda, yuqorida nomlari tilga olingan va boshqa jahon ilm-fani va madaniyati xazinasiga munosib hissa qo‘shgan yuzlab allomai zamonlar, millat ozodligi uchun kurashgan xalqimiz qahramonlarini oqila, fozila momolarimiz oila bag‘rida tarbiya qilganini ta’kidlash joiz. Bu, o‘z navbatida, oila atalmish ijtimoiy institutning davlat va jamiyat ha yotida tutgan rolini tasavvurimizda yanada yorqinlashtirishi barobarida, uning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishi, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni va ta’siri beqiyos ekanini yaqqol namoyon etadi.


Yurtimizdagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar, yangilanishlar silsilasida ajdodlardan meros an’anaviy qadriyatlarimizni yanada boyitgan holda zamonaviy, namunali va farovon oilani barpo etish davlat siyo satining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. «Inson qadri uchun» tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar har bir oila va har bir insonning turmush farovonligini, fuqarolar totuvligini mustahkamlashdek ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.


Prezidentimizning joriy yil 1-mart sanasidagi «Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni respublikamizda oila va xotin-qizlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishdagi мuammolarga tizimli yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etildi va Qo‘mita tuzilmasiga o‘tkazildi.


Shuningdek, Yurtboshimizning 2022-yil 7-martdagi «Oila va xotin-qiz larni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi.


20-mavzu


ICHKI TURIZM: HAM SAYOHAT, HAM ZIYORAT
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26-aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivoj¬lantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda turizm infratuzilmasining hozirgi holati tahlil qilinib, kam¬chiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, imkoniyatlarni ishga solib, tu¬rizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash, xizmatlar ko‘lamini kengayti¬rish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Avvalo, har bir viloyatda turistlarni o‘ziga ohanraboday jalb qiladigan yirik loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘i¬lishda ichki tu¬rizmni rivoj¬lantirish masa¬lalariga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi ko‘rsatkichni 10 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilar ekan, buning imkoniyatlari ham belgilab berildi. Shu bilan birga, xorijiy turistlarga sayohatning barcha bosqichlarini tashkillashti¬rishga ko‘maklashuvchi saytlar, mobil ilovalar yaratish zarur¬ligi ta’kidlandi.


Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeyda chegirma berilgani, ziyorat obyektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi. Buning natijasida Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming nafar mahalliy turist borgan. Ramazon hayiti munosabati bilan ham xalqimizga yana 5 kunlik dam olish berildi. Davlatimiz rahbari bunday ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish zarurli¬gini ta’kidladilar.


Shu maqsadda joriy yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xo-dimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bundan tashqari, 1-sentabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga avia, temiryo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizi, mehmonxona xarajatining 20 foizi, muzey va boshqa madaniyat obyekt¬lariga chipta narxining 50 foizini qaytarish tizimi joriy etiladi.


Muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish ham tu¬rizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois respublika bo‘yicha barcha muzeylar eksponatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ular¬ning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlari¬ning malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Yana bir e’tiborli jihat – tu¬ristlarning xavfsizligi masalasi. Bu borada ichki ishlar organlari xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalarining alohida o‘rni bor. Ular tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda turizm namoyishi obyekt¬lari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, turistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ular¬ning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.


Afsonaviy Samarqanddagi Re¬giston maydoni Markaziy Osiyoning noyob me’moriy yodgorligi hisoblanadi. Qadimda bu maydon Samarqandning savdo va ijtimoiy markazi bo‘lgan. Bu yerda uchta go‘zal madrasa – Ulug‘bek, Sherdor, Tilla-kori madra¬salari qad rost¬lagan.


Go‘ri Amir maqbarasi ko‘hna Samarqandning yana bir durdonasi bo‘lib, u yerda Amir Temur, uning o‘g‘illari va nabiralari, jumladan, buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek orom topgan.


Registon maydoni, Go‘ri Amir, Ruhobod, Muqaddas Doniyor maq-baralari, Bibixonim majmuasi, Shohi¬zinda majmuasi, Ulug‘bek rasad¬xonasi – bular Samarqand yod¬gorliklarining to‘liq bo‘lmagan ro‘y¬xatidir.

2500 yillik tarixga ega bo‘lgan Buxoroda 140 dan ortiq qadimiy arxitektura yodgorliklari jamlangan. Ismoil Somoniy maqbarasi, Ark qal’asi, Kalon minorasi, Labi Hovuz, karvonsaroylar, hammomlar – bu yodgorliklarning barchasi qadimiy shaharning ruhini aks ettiradi. Bu¬xoro butun dunyo musulmonlarining ziyoratgohi bo‘lib, bejiz muqaddas deb atalmagan. U g‘ayrioddiy, o‘ziga xos atmosferasi bilan o‘ziga jalb qiladi.


21-mavzu
BOLA TARBIYASIGA E’TIBOR – KELAJAKKA E’TIBOR


Xalqning harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi, zaif bo‘lib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib e’tibordan qolishi, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi bolalikdan o‘z ota-onala­ridan olgan tarbiyala­riga bog‘liq. Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan oladilar, boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga o‘xshaydi, suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham muhitning odob-axloqini qabul qiladilar.

Abdurauf Fitrat.


Farzand tar­biyasi mamlakat taraqqiyoti va kelajagi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois azal-azaldan, mahalla ahli, ayniqsa, nuroniy ota­xon-u onaxonlarimiz ko‘cha-ko‘yda nobop xatti-harakat qilayotgan bola oldidan hech qachon beparvo o‘tib ketishmagan. Shu zahotiyoq tanbeh berib, to‘g‘ri yo‘lga solishgan. O‘sha bola pand-nasihatlarga quloq tutmasa, bu haqda ota-onasi, muallimlarini xabardor qilishgan. Kerak bo‘lsa, bu holat mahalla ahli o‘rtasida muhokama qilinib, bolaning ota-onasiga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilgan.


Oila va uning muammolari hamisha davlatimizning diqqat-e’tibori va himoyasida bo‘lib kelmoqda. Asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizda: «Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega», deb belgilab qo‘yilgan.


Farzand oilada ulg‘ayadi, kamol topadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan ma’naviyat qo‘rg‘oni bu – oiladir». Bugungi kunda barchamizning nainki asosiy vazifamiz, balki insoniy burchimiz barkamol avlodni tarbiyalashdir. Shu bois ham mamlakatimizda barcha xayrli ishlar avvalo oilalarni mustahkamlash va yosh avlodning yorug‘ kelajagini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Zero, oila sog‘lom ekan, jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan, mamlakat barqarordir.


Bolalar tarbiyasiga nafaqat oila, ta’lim-tarbiya muassasalari, balki mahalla ham mas’uldir. Chunki farzand tarbiyasi ko‘p omillarga, avvalo, axloqiy-ma’naviy muhitga ham bog‘liq. Ta’lim-tarbiya muassasa­lari bilan oila hamkorligi bunda muhim ahamiyatga ega. Bolalarda ona yurtiga muhabbatni shakllanti­rish, ularning ma’rifatli va ma’naviyatli shaxs sifatida voyaga yetishlarini ta’minlash ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun iqtisodiy va ijtimoiy muhitni yaratish har birimizning muqaddas burchimizdir.


Har bir ota-ona farzand tarbiyasida o‘zlarining burch va mas’uliyatlarini chuqur anglashlari lozim. Shunday ekan, oilada ruhiy xotirjamlik, samimiy munosabat, ota-ona obro‘si­ning yuqori bo‘lishi muhim sanaladi. Bolalarga ta­lab qo‘yishda oila kattalari o‘rtasidagi birlik­ning saqlanishi, bola shaxsini mehnat orqali tarbiya­lashga alohida e’tibor be­rish lozim. Boladagi o‘zga­rishlarni kuzatib borish, undagi intilish va qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash darkor. Bularning barchasi ota-onalarning pedagogik bilimlarga ega ekanligini ko‘rsatadi.


Ichki ishlar vazirligi miqyosida ham kelajagimiz egalarining ta’lim-tarbiyasi, ularning huquqbuzarlik va jinoyatchilik ko‘chasiga kirib qolmasliklari borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tizimi­da faoliyat ko‘rsatuv­chi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, psixologlar tomonidan ta’lim muassasa­larida «Davomat» va «Tun» tadbirlari o‘tkazilib, qarovsiz hamda nazoratsiz yurgan bolalar aniqlanib, ular­ning ota-onasiga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. Ushbu tadbirlarga profilaktika inspektorlari hamda MFY raislarining jalb etilishi ta’sir choralarining yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydi va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar­ning bar­vaqt oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


22-mavzu

Ma’naviyat va ma’rifat darsi
(https://t.me/manaviyat_va_marifat_darsi)
O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar.
Abdulla QODIRIY.
Oltin sandig‘im
Har bir millatning tili uning bebaho qadriyati hisoblanadi. Bu jihatdan qaraganda, muayyan tilda so‘zlashadigan millat vakillarining soni u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Asosiy mezon tilning asrlar davomida sayqallanib, shakllangani, muayyan hududda yashaydigan aholiga muomala, muloqot vositasi sifatida xizmat qilgani bilan belgilanadi.

Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Muta-xassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda yetti mingdan ziyod tilda gaplashar ekan. Buni qarangki, ularning faqatgina 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Biror-bir tilning yashab qolishini ta’minlash uchun undan kamida bir million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha mutaxassislari.


Ko‘z tegmasin, bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin inson o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bebaho tilimiz dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotir. O‘z navbatida «Davlat tili haqida»gi qonun ona tili¬mizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Vatan – bu...
Vatan nima? Ko‘pchilik bu savolga «Vatan – bu mustaqillik, kindik qoni to‘kilgan zamin», – deya javob berishadi. Men esa «Vatan – bu mening ona tilim», deyman. Chunki yurtimiz hurligi yo‘lidagi harakat mustaqillikdan oldinroq boshlangan. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Mustaqillikning muhim shartlaridan biri ham shu edi. Keyinchalik bu Kons¬titutsiyamizda ham mustahkamlab qo‘yildi.

Tan olish joizki, mamlakatimizda barcha sohalardagidek, davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirish borasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida «Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimizning qoidasiga aylantirishimiz lozim», deya alohida ta’kidlaganlar. Zero, davlat tilining taraqqiyoti, uning nufuzini oshirish, unga teran muhabbat va ehtirom tarbiyasi borasida ham tamomila yangi bosqich boshlandi.


Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ona tilimizga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zla¬gani barcha yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz g‘urur, faxr bag‘ishladi.


«Davlat tili haqida»gi qonun o‘zbek tilini ilmiy asosda rivoj¬lantirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi, uning qo‘llani¬lish doirasini kengaytirdi. Mazkur qonun mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili maqomiga ega ekanligini belgilash bilan birga, boshqa tillarning kamsitilmasligini ham e’tiborga oladi. Ushbu hujjat ona tilimizning mavqei oshi¬shi va ravnaq topishi, yanada takomillashuvi uchun huquqiy asos bo‘ldi.


Ma’rifatparvar bobomiz aytganidek...

YUNЕSKO tomonidan e’lon qi¬lingan «Yo‘qolish arafasida turgan dunyo tillarining atlasi»da ta’kidlanishicha, Yevropadagi 50 ta, Tinch okeani hududidagi 2000 ta, Afrika qit’asidagi 250 ta til halokat arafasida turibdi. Asr oxirida Yer yuzida mavjud bo‘lgan tillarning yarmi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Albatta, butun boshli tilning yo‘qolib ketishiga muayyan omillar sabab bo‘ladi. Masalan, buni globallashuv jarayonlari va urbanizatsiya hodisasining kucha¬yishi bilan bog‘lashmoqda. Ularning safiga ilm-fan, texnika rivojini ham qo‘shish mumkin.


23-mavzu

KORRUPSIYA VA MILLIY TARAQQIYOT: MUAMMO VA YECHIMLAR

Korrupsiya hamma zamonda, har bir davlatda eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan. Hozirda ushbu illatga qarshi bizning mamlakatimizda ham jiddiy kurash olib borilyapti. Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilingan.


Ma’lumki, shaffoflik, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qo‘l urish murakkablashadi. Shuni nazarda tutgan holda, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tan olish kerakki, bu korrupsiyaning oldini olish, uni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Yana bir muhim jihat sifatida so‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining isloh qilinganini, 200 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilayotganini aytish mumkin. Bu jarayonda inson omilining kamaytirilgani, shubhasiz, korrupsiyaviy holatlarni sezilarli darajada kamaytirdi.


Korrupsiyaning oldini olish, uni yo‘qotish uchun nima qilish kerak, degan savolga hamma har xil javob beradi. Kimlardir jazoni og‘irlashtirish, uning muqar­rarligini ta’minlash lozim, desa, boshqalar fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish shart, deya fikr bildiradi. Lekin bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ya’ni, ishi bitishi, muammosi hal bo‘lishi uchun o‘zi rozi bo‘lib, kimlargadir pora berayotgan, bu porani qo‘rqmasdan olayotganlarni ko‘rganlar, jamiyatning turli sohalarida uchrayotgan oldi-berdilarga guvoh bo‘lganlar ongida qanday qilib korrupsiyaga qarshi kurash immunitetini shakllantirish mumkin? Yoki jazo olmasligi uchun ota o‘g‘liga yolg‘on gapirishni o‘rgatib turgan, birovning haqqi degan tushunchaga zid ravishda harom luqma yeyishda ota namuna bo‘lib turgan oilada qanday qilib axloqiy tarbiya haqida gap bo‘lishi mumkin?


Ta’kidlash joizki, pora olib siri fosh bo‘lgan, keyin jazo sifatida aksariyat holatlarda axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yo jarima bilan «qutulib» ketgan shaxs boshqa safar yana o‘rgangan hunarini davom ettirmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bu so‘zimizni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham tasdiqlaydi. «Korrupsiyaga qarshi kurashishda qanday choralar eng samarali hisoblanadi?» degan so‘rovga respondentlarning deyarli 61 foizi jinoiy javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirish kerak, deb javob bergan.


Masalaning yana bir muhim jihati – mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishidir. Boshqa davlatlar bilan munosabatlar, investitsiyalarning jalb etilishi va boshqa jihatlarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Korrupsiya rivojlangan, poraxo‘rlik avj olgan davlatga hech kim investitsiya kiritmaydi. Chunki bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o‘rtasida hamkorlik, biznes va investitsiya rivojidagi shafqatsiz to‘siq ham aynan korrupsiya sanaladi.


Bu illatga qarshi kurashishda ichki ishlar organlarida ham keng qamrovli islohotlar o‘tkazilmoqda. Shaxsiy tarkib o‘rtasida korrup­siyaga qarshi immunitet va murosasizlikni shakllantirish maqsadida samarali profilaktik choralar ko‘ril­yapti. Xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshirilib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat kuchaytirilmoqda. Shuningdek, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qo‘llanilishi hisobidan fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda inson omilini kamaytirishga eri­shilyapti.


24-mavzu


Eng yaxshi sovg‘a – kitob
Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda,
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda.
U bilan qol tanho, hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.

Abdurahmon JOMIY.


Kitob bilimlar manbai ekanligi barchamizga ayon. Ayni paytda uning inson ma’naviyatini o‘stirishdagi o‘rni ham beqiyos. Chinakam badiiy adabiyot namunalari kitobxonga oq-qorani, yaxshi-yomonni tanitadi, uning qalbiga ezgulik urug‘larini ekadi, kishini hayot go‘zalliklaridan zavqlanishga o‘rgatadi. Zero, taniqli rus adiblaridan biri bejizga «O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman», demagan.


Hozirgi kunda barcha hududlarda kitob yarmarkalari tashkil etilyapti. Aholi o‘rtasida milliy va jahon mumtoz adabiyotining yuksak namunalari targ‘ib qilinyapti. Eng faol kitobxonlarni rag‘batlantirishga qaratilgan tanlovlar o‘tkazilyapti. Buni ichki ishlar organlari tizimi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Lekin kishi aslida tanlovlarda g‘olib chiqib, mukofotlarni qo‘lga kiritish uchun emas, ruhiy olamini boyitish uchun kitob o‘qishi kerak. Badiiy asar mutolaasi insonning ma’naviy ehtiyojiga aylanishi lozim.


Nafsilamrini aytganda, hali ham kitob o‘qish o‘rniga qimmatli vaqtini internet tarmog‘ida behuda sovurayotgan yoshlar talaygina. Hatto kattalar orasida ham «o‘rgimchak to‘ri»da rostu yolg‘on xabar ortidan quvadiganlar oz emas. Axir, o‘sha xabarlarning aksariyati kishi ma’naviyatiga hech narsa bermaydi. Qaytanga asabingizni charchatgani, savodingizni pasaytirgani qoladi, xolos.


Kezi kelganda, badiiy saviyasi past asarlarni kitob holida chop etish hollari uchrab turganini ham qayd qilish kerak. Bunday kitoblar kitobxonlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ularning estetik didini o‘tmaslashtiradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarorida mazmunan sayoz, milliy ma’naviyatimizga va qadriyatlarimizga, axloq me’yorlariga mos kelmaydigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan adabi-yotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Yaxshi kitoblarni o‘qigan insonlar gap-so‘zidan, xatti-harakatidan ham darhol bilinadi. Ular atrofidagilarda xushmuomalaligi, fikrining teranligi, mulohazakorligi bilan yoqimli taassurot qoldiradi. Boshqalar ular haqida «O‘qimishli ekanligi, kitob o‘qiganligi shundoq ko‘rinib turibdi», deyishadi.


Kitob o‘qishning ajib bir zavqi bor. Bu haqda akademik Akmal Saidov shunday degan edi: «Kitob — qalb chirog‘i, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron nashrdan topib bo‘lmaydigan o‘ziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida mo‘jizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan ko‘ngil cheksiz zavqqa to‘lgan holda, kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikrlashishning huzur-halovati tamoman o‘zgachadir».
Taniqli munaqqid, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov esa bir maqolasida kitobni insoniyat kashf etgan, yaratgan birinchi mo‘jiza deya ta’riflagan edi. Darhaqiqat, kitob hamisha ilm-ma’rifat manbai bo‘lib kelgan, ajdodlar zakosining bilimlarini avlodlarga yetkazgan. Bizning tezkor davrimizda ham yosh avlodni insonparvarlik, adolatparvarlik, milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda kitobdan ko‘ra ta’sirchanroq vosita yo‘q.

25-mavzu
OLIY QADRIYATLAR VATANGA MUHABBATDAN BOSHLANADI


Shunday bir so‘z borki, uni eshitishimiz hamono yuragimiz hapriqadi, ruhimizga nur singadi. Bu muqaddas «Vatan» so‘zidir. O‘zbekiston – o‘xshashi yo‘q bo‘ston. Bu diyorning suvi zilol, havosi shifobaxsh, tabiati go‘zal, maftunkor, bog‘lari serhosil, dalalari unumdor, tog‘lari viqorli, daryolari jo‘shqin, qir-adirlari poyonsiz, shaharlari huzurbaxsh, qishloqlari orombaxsh.


Musofirlik zahmatini tortmagan odam yurt qadrini his etmaydi. O‘z mamlakatidagi ijobiy o‘zgarishlarga beparvo, o‘zga yurtlarga mahliyo bo‘lib yashagan odam esa noshukurlik dardiga mubtalo bo‘ladi. Aslida Vataniga mehr-muhabbat qo‘yib, uning tuprog‘ini ko‘zga surtib, betakror tabiatiga mahliyo bo‘lib, obodligidan faxrga to‘lib yashagan insongina baxtlidir. Yurtimizda bunday insonlar juda ko‘p.


Shoir aytganidek:


Bu ko‘ngil Vatan der, ko‘zimda Vatan,


Necha boqmasin ko‘z, yana Vatan der.
Qalbimning eng chuqur yerida yotgan
Muqaddas, muqaddam so‘zim Vatandir.

Vatan bola uchun uyining ostonasidan, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i, mahallasi, shahridan boshlanadi. Keyin kishi ulg‘aygani sayin Vatan tushunchasi ham kengayib boradi. Bugungi kunda Ona sayyoramiz insoniyat uchun yagona Vatandir.Uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash hayot-mamot masalasiga aylanib borayotganligini barchamiz sezib, his qilib turibmiz. Ammo o‘zining kichik Vatanini sevmagan, millatining qadriga yetmagan inson o‘zganing ham, bashariyatning ham, kurrayi zamin obodligining ham qadriga yetishiga ishonish qiyin. Vatanga muhabbat ajdodlar merosiga qiziqish, milliy ma’naviyatdan bahramandlik, o‘z shaxsiy salohiyatiga ishonch, umumbashariyatga hurmat, kelajak oldida mas’ullik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy imon Vatanga mehrdan, mamlakat va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat hissidan boshlanadi.


Ma’lumki, inson o‘zga yurtda ham bir burda nonini topib, qornini to‘yg‘azishi, hatto boy-badavlat bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa mamlakat Vatanning o‘rnini bosa olmaydi. Biz uchun Vatan yagona. Shu bois ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi, in’om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Bejiz Navoiy bobomiz quyidagi satrlarni bitmaganlar:


Vatan tarkin bir nafas aylama,


Yana ranji g‘urbat havas aylama.

Vatan sog‘inchi buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘nglidagi eng og‘riqli dard edi. O‘zga yurtda taxt ustida o‘tirib, ulug‘ saltanatga egalik qilib ham musofirchilikdan alam chekib, dardini shunday bayon etadi:


Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi,


Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi.
Ko‘nglum bu g‘aribliqda shod o‘lmadi, oh,
G‘urbat-la sevinmas emish, albatta, kishi.
Haqiqiy vatanparvar inson el-yurtning ozodligi, mustaqilligi yo‘lida hech narsani, hatto jonini ham ayamaydi. Dunyo xalqlari azaldan o‘z yurtini nihoyatda aziz va muqaddas deb bilgan.


Ayniqsa, Sharq xalqlari uchun ona diyori mo‘tabar maskan hisoblangan. Xususan, buyuk ajdodlarimizdan qolgan tabarruk bitiklarda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi». Demak, insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligi uni Vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam, qudratli bo‘lishiga hamda xalqining tinch-farovon hayot kechirishiga hissa qo‘shishga undashi lozim.
Download 176,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish