1.5.Pedagogik fanlar tizimi va uning boshqa fanlar bilan aloqadorligi
Zamonaviy sharoitda pedagogikaning asosiy vazifalari inson turmush tarzining barcha yo‘nalishlari (ijtimoiy, shaxsiy, siyosiy va boshqalari)da samarali pedagogik tizimlarni yaratishga yo‘naltirilgan. Tizim (sistema) – tartibga solingan, o‘zaro bog‘langan va ta’sir ko‘rsatib turadigan pedagogik hodisa; tartibga solingan tushunchalar yig‘indisidir. Tizim (sistema) –o‘zaro bog‘langan ko‘plab elementlar o‘rtasidagi mustahkam birlik va bog‘liqlik.
Pedagogika fanlari tizimiga quyidagilar kiradi:
1. Umumiy pedagogika – ta’lim va tarbiyaning asosiy qonuniyatlarini tadqiq qiladi.
2. Yosh pedagogikasi – turli yoshdagi bolalarni o‘qitish va tarbiyalashning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadi. Maktabgacha pedagogika, maktab pedagogikasi, oliy maktab pedagogikasi, katta yoshdagilar pedagogikasi (andragogika)ga bo‘linadi.
3. Maxsus pedagogika (defektologiya) aqliy, ruhiy, jismoniy rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni o‘qitish va tarbiyalash qonuniyatlarini, printsiplarini, maqsadini, mazmunini, metod va vositalarini hamda shaklini o‘rganuvchi fandir. Bu o‘z navbatida to‘rt yo‘nalishga bo‘linadi:
a) surdopedagogika – kar va soqov bolalarning ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.
b) tiflopedagogika – ko‘zi ojizlarni bolalarning ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.
s) oligofpenopedagogika – aqliy jihatdan zaif bolalarning ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.
d) logopediya – nutqi yaxshi rivojlanmagan bolalarning ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanadi.
4. Metodika – pedagogika fani sohasida ma’lum o‘quv fanini o‘qitish qonuniyatlarini tadqiq qiladi. Masalan, tillar metodikasi, matematika metodikasi, tarbiyaviy ishlar metodikasi va shu kabilar.
5. Pedagogika tarixi – turli tarixiy davrlarda pedagogik g‘oyalarning va tarbiyaning taraqqiyotini o‘rganadi.
6. Ijtimoiy pedagogika – ijtimoiy munosabatlar jarayonlarida pedagogik g‘oyalarning tutgan o‘rni va roli, shaxsni ijtimoiy faoliyatga yo‘naltirish muammolarini o‘rganadi.
7. Qiyosiy pedagogika – turli mamlakatlarning ta’limtarbiya tizimini, maorif taraqqiyotini taqqoslashni o‘rganuvchi pedagogikaning mustaqil sohasidir.
8. Xalq pedagogikasi – turli xalq, millat va elatlarning xalq og‘zaki ijodidagi ta’limtarbiya to‘g‘risidagi pedagogik g‘oyalarning mohiyatini, mazmunini o‘rganuvchi pedagogikaning mustaqil sohasidir.
9. Pedagogik mahorat – bo‘lajak o‘qituvchilarning shaxsiy va kasbiy mahoratlarini oshirish, takomillashtirish muammolarini o‘rganadi.
Hozirgi davrda fanlar integratsiyasi jarayonida paydo bo‘lgan pedagogikaning zamonaviy tarmoqlari ham shakllanib, rivojlanib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |