2-MAVZU: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ta’lim tizimiga oid Farmon va Qarorlarining tahlili (2 soat amaliy).
REJA:
2.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari.
2.2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari.
Tayanch iboralar: Ta’lim, tarbiya, farmon, farmoyish, qaror, kadrlar tayyorlash tizimi, barkamol avlod, xalqaro donorlar, xorijiy investorlar, jamg‘arma, jamoat tashkilotlari, ilmiy-pedagog kadrlar, attestatsiya.
2.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari.
Ta’lim muasasalarini faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar tizimida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va joriy qonunlar bilan bir qatorda, Prezident farmonlari, farmoyishlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat hokimiyatining boshlig‘i sifatida respublika hududida majburiy tarzda amal qiluvchi farmonlar, farmoyishlar va qarorlar chiqaradi.
O‘zbekiston Prezidenti 7-fevral kungi farmoni bilan 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tasdiqladi.Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqildi. Harakatlar strategiyasi besh bosqichda amalga oshirilib, ularning har biri bo‘yicha yil nomlanishidan kelib chiqqan holda alohida bir yillik davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi.
2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi:
I. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari.
1.1. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish:
davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish;
qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini qabul qilinayotgan qonunlarni amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirgan holda tubdan oshirish;
siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |