Borliqning moddiy shakli materiya o‘ziga barcha jismlarni, hodisalarni, jarayonlarni va ularning xususiyatlarini hamrab oladi. Bundan tashqari u tafakkurni ham, olamda mavjud bo‘lgan barcha aloqadorliklarni va munosabatlarni ham hamrab oluvchi umumiy falsafiy tushunchadir. Borliqning moddiy shakliga xos umumiylikni axtarishning bir yo‘nalishi moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish yo‘li bo‘lib, yuqorida qayd etganimizdek, substansiyani aniqlash yo‘lidir. Ikkinchi yo‘l esa — moddiy olamning asosiy tarkibiga kiruvchi «qurilish elementlarini»- substratni axtarish yo‘li. Uchinchi yo‘l — hamma narsaning vujudga keltiruvchi bosh sababchisini, ota moddani, ya’ni pramateriyani axtarish yo‘li. Mana shu yo‘l haqida maxsus to‘xtab o‘taylik.
Bilish muammosining falsafada qo’yilishi va hal qilinishi.
«Gnoseologiya» - sof falsafiy kategoriya. Uning nomi yunoncha gnosis – bilim, ilm va logos – ta’limot, fan so‘zlaridan kelib chiqqan. So‘zma-so‘z ma’nosi - «bilish haqidagi ta’limot (fan)». Falsafiy adabiyotlarda, shu jumladan falsafiy qomuslar va lug‘atlarda «gnoseologiya» atamasi «bilish nazariyasi» deb tarjima qilingan. Shu bilan bir qatorda, ayni shu mazmunni ifodalash uchun falsafiy adabiyotlarda «epistemologiya» so‘zi ham qo‘llaniladi.
Umuman olganda, hozirgi zamon falsafasida gnoseologiya bilish jarayonining umumiy, aniqroq aytganda – falsafiy mohiyati hamda umumiy muammolariga e’tiborni qaratadi.
Gnoseologiya yoki bilish nazariyasi falsafiy bilimlar (falsafa fani) bo‘limi bo‘lib, unda 1)insonning dunyoni bilish imkoniyati;
2) insonning o‘zlikni anglash jarayoni;
3)bilishning bilmaslikdan bilim sari yuksalishi,
4)bilimlar tabiati va ularning mazkur bilimlarda aks etuvchi narsalar bilan o‘zaro nisbati o‘rganiladi.
Shunday qilib, umuman olganda, gnoseologiya ong, bilish, bilimni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Shaxsiy va ijtimoiy tajribada biz ongning mavjudligini aniq sezamiz, ongning o‘z-o‘ziga, boshqa odamlarga va umuman jamiyatga ta’siri natijalarini fiziologik darajada his qilamiz va ko‘ramiz. Biroq bu jarayonda ongning o‘zi ko‘rinmaydi. Moddiy dunyo hodisalaridan farqli o‘laroq, ongni kuzatish mumkin emas. U go‘yo vaqt va makon chegaralaridan tashqarida turadi. Gnoseologiyaning vazifasi bu ko‘rinmas ongni idrok etish, uning moddiy narsa va hodisalar dunyosi bilan o‘zaro aloqalarini aniqlash, uni o‘z muhokama va tadqiqot predmetiga aylantirishdan iborat.
Gnoseologiyaning asosiy muammosi bizning barcha bilimlarimiz tajribada sinalganmi? degan «oddiy» masalani echishdan iborat: Bu savolga javob izlash va masalaning echimini topishda gnoseologiyada ikki muxolif an’ana: bilimlarimiz tajribada sinalganini qayd etuvchi empirizm va buni inkor etuvchi ratsionalizm to‘qnashadi.
Ratsionalizm (ratsionalistlar) insonda tug‘ma g‘oyalar, adolat, insoniylik, uyg‘unlik g‘oyalari va tajribadan olinishi mumkin bo‘lmagan boshqa g‘oyalar mavjudligidan kelib chiqadi. Zotan, tajriba to‘la adolat, yalpi insoniylik mavjud emasligini, bizni qurshagan dunyoda uyg‘unlik ustidan xaos hukm surishini ko‘rsatadi. Bunda ayrim ashaddiy ratsionalistlar (masalan, Platon, Avgustin va ularning hamfikrlari) ko‘rsatib o‘tganidek g‘oyalar inson aqliga xos tug‘ma g‘oyalar bo‘lib, ularni inson faqat o‘z aqlidan olishini qayd etadilar; boshqa, mo‘‘tadil ratsionalistlar (masalan, Leybnits, Volf, Baumgarten) esa, g‘oyalar aqlga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lsa-da, biroq ular faqat aqlda tafakkur va falsafiy mushohada yuritish jarayonida tug‘ilishini ta’kidlaydilar.
Kundalik amaliyotdan olinadigan bilimlar tabiat haqida, shuningdek odamlarning o‘zlari, ularning yashash sharoiti, ijtimoiy aloqalari va hokazolar to‘g‘risida elementlar bilimlar beruvchi kundalik-amaliy bilimlar bilishning tarixan eng birinchi shakli hisoblanadi. Bilishning bu shakli kundalik hayot, odamlar amaliyoti tajribasidan kelib chiqqan.
O‘yin vositasidagi bilim. Bilimning tarixan dastlabki shakllaridan biri – o‘yin vositasidagi bilim nafaqat bolalar, balki kattalar faoliyatining ham muhim unsuri hisoblanadi.
Mifologik bilim. Mifologik bilim, ayniqsa, insoniyat tarixining dastlabki bosqichida muhim rol o‘ynagan. Mifologik bilimning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u borliqning fantastik in’ikosi hisoblanadi.
Badiiy bilim. Borliqni tushunib etish refleksiyaning o‘ziga xos shakli bo‘lib, u san’at borlig‘ining barcha bosqichlarida – asar g‘oyasidan boshlab uning odamlar tomonidan qabul qilinishigacha – o‘ziga xos tarzda ro‘yobga chiqadi.
Diniy bilim. Dinning asosiy vazifasi – inson hayoti, tabiat va jamiyat borlig‘ining mazmunini aniqlashdir. U insoniyat to‘plagan tajribaga tayanib, inson hayotining muhim ko‘rinishlari, chunonchi: oila va turmushdagi xulq-atvor, axloqiy qoidalar, mehnat, tabiat, jamiyat va davlatga munosabatni tartibga soladi.
Falsafiy bilim. Falsafa, san’at va din kabi, bilish vazifalarini echish bilangina kifoyalanmaydi. Uning bosh vazifasi san’at va din bilan uyg‘un – inson dunyoda ma’naviy mo‘ljal olishiga ko‘maklashish. Falsafiy bilim ayni shu maqsadga bo‘ysundirilgan. Falsafa umuman dunyo, uning «birinchi» asoslari, hodisalarning universal o‘zaro aloqasi, borliqning umumiy xossalari va qonunlari haqida umumiy tasavvurni shakllantiradi. Falsafa dunyoni insonga bog‘lab o‘rganadi. Me’yorlar va ideallar, ilmiy bilimlar va san’at yutuqlari, insonning tashvishlari, ehtiyojlari, hayot mazmunini anglash yo‘lidagi izlanishlari faylasufning dunyoqarashini, falsafiy mushohada yuritish shaklini belgilaydi.
Ilmiy bilim. Bilimning eng oliy shakli fandir. Ayrim fanlarning vakillari fanni ta’riflar ekanlar, uni muayyan tadqiqotlar sohasi bilan bog‘laydilar. Ilmiy bilim boshqa bilim turlaridan o‘zining aniqligi bilan ajralib turadi. Ilmiy bilim, ma’naviy ishlab chiqarishning barcha shakllari kabi, pirovardida inson faoliyatini tartibga solish uchun zarur. Bilishning har xil turlari bu vazifani turlicha bajaradi va mazkur farqning tahlili ilmiy bilishning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashning birinchi va muhim sharti hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |