Ma’naviy hayotda diniy va siyosiy mafkura ta’sirining kuchayishi.
sivilizatsiya sharoitida manaviyat rivojlanishini qadimgi antik, o‘rta asrlar,
Uyg‘onish davrlaridagi diniy-falsafiy ta’limotlar bilan bevosita bog‘lab turli
bosqichlarga bo‘lish mumkin. Hinduizm, buddizm, daosizm, konfutsiychilik,
xristianlik, islom ta’limotlari, ularning turli yo‘nalishlari va mahzablari,
maktablari asosida hatto bir din doirasida ham bir biridan biroz farq qiladigan
ma’naviy qarashlar rivojlandi. Masalan, islom doirasida sunniylik va shiaviylik,
sunniylik doirasida ham ahli al-sunna va jamaa (to‘rt rasmiy mazhabga mansub
kishilar) va turli firqalarga, oqimlarga, ayniqsa hozirgi diniy-ekstremistik
oqimlarga mansub qarashlarini uchratamiz. Ularning dunyoqarashida, qadriyatlar
tizimida, hayotga, kelajakka munosabatida – ma’naviyatida farq bor. Islom
ma’naviyati haqida gap ketganda, albatta, islom Renessansi (IX-XI) va Markaziy
Osiyo uchun Temur va temuriylar davri (XI-XV a.) alohida o‘rin tutishini esdan
chiqarmaslik kerak.
Yevropada Renessans va Ma’rifatparvarlik davridan boshlab ma’naviyat
rivojlanishi nafaqat din va diniy-falsafiy qarashlar, shuningdek, tabiatshunoslik
va jamiyatshunoslikka oid dunyoviy bilimlar rivojlanishi, cherkovning ular
tomonidan qattiq tanqid qilinishi va boshqa omillar ta’sirida kechgan. Ijtimoiy
taraqqiyotda chuqur turg‘unlikni boshidan kechirayotgan Sharq mamlakatlarida
bu paytda biz Yevropa Ma’rifatparvarligi kabi hodisaning guvohi bo‘lmaymiz.
Aksincha, sharqiy davlatlar ich-ichidan yemirilib, mayda xonliklar, amirliklarga
bo‘linishi davom etayotgan edi. Markazlashgan kuchli davlatlarni saqlab qolishga
intilgan ba’zi bir hukmdorlarning urinishlari (O‘rta Osiyoda Abdullaxon II,
Hindistonda Akbarshoh, kiyinchalik Avrangzeb) rivojlanishning umumiy salbiy
tendensiyasini o‘zgartira olmadi. Faqat Sharq mamlakatlari mustamlakachilik
iskanjasiga tushib qolib, oradan bir qancha vaqt o‘tkazib, milliy ozodlik kurashini
boshlashi jarayonida sharq ma’rifatgarvarligining o‘ziga xos shakllari yuzaga
keldi. Milliy ozodlik kurashi Sharq xalqlari ma’naviyati rivojlanishida alohida
bosqichni tashkil etadi. Jumladan o‘zbek xalqi ma’naviyati rivojlanishida
jadidchilik harakati haqida shunday deyish mumkin.
Din va diniy-falsafiy ta’limotlar to kapitalizm va kazarma sotsializmiga
qadar bo‘lgan katta tarixiy davrda manaviyat rivojlanishida asosiy omil bo‘lgan.
Shu sabab muayyan xalqlar va tamaddunlarning turli asrlarda yuksalishi yoki
inqirozga yuz tutishini siyosiy va iqtisodiy omillar qatorida din va diniy
ta’limotlardan, ular o‘rtasidagi kurashlardan, jamiyatning o‘z mavjudlik holatiga
nisbatan qoniqish yoki qoniqmaslik munosabatidan izlash lozim. Xulosa
qiladigan bo‘lsak, ma’naviyatning kelib chiqishi va rivojlanishi quyidagi omillar:
birinchidan, insonning aqlli va ijtimoiy mavjudot sifatida shakllanishi, tabiatni
qayta ishlab, o‘zgartirib kishilik jamiyatini yaratishi bilan; ikkinchidan, mehnat
qilishi, o‘zaro aloqalarga kirishishi, bu aloqalarni taribga solish uchun turli
me’yorlar, qoidalar tizimini yaratib, o‘z turmushiga joriy qilishi bilan;
uchinchidan, uzluksiz o‘sadigan e’htiyojlarini qondirish uchun yangiliklarga
intilishi, ijod qilishi bilan; to‘rtinchidan, o‘zi atrof-muhiti, tabiat, koinot, kelajak
to‘g‘risida mulohaza yuritishi, mohiyatga, haqiqatga intilishi bilan; beshinchidan,
o‘zligini, o‘z qobiliyatlari va salohiyatini yuzaga chiqarishga urinishi bilan
bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |