Yovuz kuchlar qilmishlari-ma’naviyatsizlik belgisi ekanligi.
Jannatmonand yurtimizga yovuz maqsadlar bilan kelgan bosqinchilar, mustamlakachilar bunday yuksak ma’naviyat oldida o’zlarini yovvoyi his qilgan va vahshiylarcha go’zal obidalarni vayron etgan, bebaho kitoblarni o’tda yoqqan, ilmfan, ma’naviyat va ma’rifat taraqqiyotini bo’g’ishga uringan. Ular tomonidan mingminglab ziyolilar, yozuvchilar, san’atkorlar qatag’on qilingan, tarixiy osori atiqalarimiz, boyliklarimiz shafqatsizlarcha talangan. Bu mudhish jarayon to O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar davom etdi.
Masalan, XX asrning 80yillari o’rtalarida sobiq markaz tomonidan o’ylab chiqilgan “paxta ishi” bahonasida mingminglab vatandoshlarimiz noqonuniy ravishda qamoqqa olingan, ularning qarindoshurug’lariga tazyiq o’tkazilgan. Sobiq qizil armiya safiga xizmat qilgan yuzlab vatandoshlarimiz fojiali tarzda halok etilgan. Ommaviy axborot vositalarida buyuk o’zbek millatini “paxta o’g’risi” ga chiqarmoqchi bo’lishgan. Tarixda “so’nggi qatag’on”, - deb nom olgan bu mudhish jarayon respublika ijtimoiy hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Xuddi 30 yillardagi kabi, sudsiz so’roqsiz minglab odamlar qamoqqa olingan, millatlararo nizolar uyushtirilgan, begunoh vatandoshlarimizning qonlari to’kilgan. Yurtimizga yuzlab “desantchilar” yuborilgan va “o’zbeklar ishi” degan millatimiz sha’niga mutlaqo muvofiq bo’lmagan tuhmatlarni to’qishib, dunyoga jar solishgan. Xalqimizning ma’naviyati va milliy qadriyatlariga qarshi kurash avvalgidan ham shafqatsizroq tus olgan.
Dahriylar jazavasi shu darajaga etib borganki, o’z yaqinlarining janozasiga borganlar ham ta’qib qilina boshlagan. Birgina misol, o’z ukasining janozasiga borgani uchun akademik S.Yo’ldoshev O’zbekiston kompartiyasi 16 plenumida muhokama qilingan va qoralangan. “Yaqinda bo’lib o’tgan dafn marosimiga bag’ishlangan janozada, deb yoziladi o’sha davr hukmron mafkurasi nashrlaridan birida, VASNXIL akademigi S.X.Yo’ldoshev uch fan doktori, besh fan kandidati qatnashgan. Ularning ko’pchiligi partiya a’zolaridir, bu masalada boshlang’ich partiya tashkiloti, Kirov rayon, Toshkent shahar partiya komitetlari sukut saqlab turganligi siyosiy jihatdan zararli va sotsial jihatdan xatarlidir”1.
O’ylab ko’ring: o’z ukasining janozasida qatnashish “siyosiy jihatdan xatarli” deb baholansaya?! Tabiiyki, bunday tahdidlar jamiyatdagi tahlikani, sarosimani yanada kuchaytirgan. Natijada ba’zilar otaonasi yoki yaqinlari olamdan o’tganida janozaga borishdan qo’rqib, zudlik bilan kasalxonaga yotib olishgan yoki “xizmat safari” ga jo’nab qolishgan. Bugina emas. Hatto “alla”, “yalla” kabi so’zlar “Alloh” so’zidan kelib chiqmaganmikan, degan mutlaqo asossiz qarashlar o’rtaga tashlangan2. Bu milliy qadriyatlarimizni, otabobolarimiz asrlar osha e’tiqod qilib kelgan muqaddas islom dinini tahqirlashdan o’zga narsa emas edi.
Hattoki, islomdan oldin paydo bo’lgan qadimiy Navro’z bayramini nishonlash ham taqiqlangan. Uning o’rniga “Leninning hayoti va faoliyati targ’ibotiga asoslangan ilg’or, sovet udumlarini joriy etish” ga xizmat qiladigan, milliy xususiyatlarimizga zid bo’lgan soxta “udum” lar zo’ravonlik bilan kiritishgan. Ramazon va qurbon hayiti kunlari KPSS propagandistlari xudosizlikni targ’ib qilishga zo’r berishgan. Ateistik propagandani kuchaytirish to’g’risida maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Hayit namozlarining oldini olish uchun masjid madrasalar atrofiga militsiya xodimlaridan iborat soqchilar qo’yilgan. Butun boshli xalq dahriylikka, e’tiqodsizlikka mahkum etilgan edi.
Amal kursisiga zulukdek yopishib olgan, aslida, xalq manfaatini himoya qilishi lozim bo’lgan “labbaygo’y” mansabdor shaxslar uymauy yurib, doshqozonlarda qaynayotgan sumalaklarni ag’darishgan, qoloqlik va feodalizm sarqiti sifatida milliy liboslarimizdan voz kechishga, diniy marosimlarda qatnashmaslikka da’vat qilishgan. KPSS faollari “jangovarlik”ka chaqirilgan qarorlardan birida shunday ta’kidlanadi: “Ideologik, siyosiy tarbiyaviy ishni olib borishda partiya komitetlari jiddiy hatoliklar va nuqsonlarga yo’l qo’ymoqdalar, ko’pgina salbiy hodisa va jarayonlarga printsipial partiyaviy pozitsiyalarda turib qarab chiqilmayotir, ularning mohiyati, asl sabablari ochib tashlanmayotir”.
Odamlar turli “tug’ilgan kun” lar, “yubiley” lar bahonasida farzandlarini ming bir qo’rquv bilan pinhona sunnat qilishgan. Nikohlar ham masjidda maxfiy tarzda o’qilgan. O’zbek tili shunchaki ro’zg’orda axborot almashadigan vosita darajasiga tushirib quyilgan edi.
Xalqimizning boshiga o’sha paytda tushgan ko’rgiliklarni sanab, adog’iga etish qiyin. Eng ayanchlisi shuki, jahon madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan dunyoga ma’rifat ulashgan jafokash xalqimizni “paxta o’g’risi” ga chiqarishdi. Bir umr zahmat chekib, kosasi oqarmagan oddiy dehqonlarni, ularning oila a’zolarini, sochiga oq tushgan mo’’tabar onaxonlarimizni ham “poraxo’r” degan “ayb” bilan qamashgan. “Markaz” da o’tirgan, “uzoqni ko’radigan” rahbarlar O’zbekistonga o’zlari yuborgan “desantchilar” ni xalqimizga qarshi gijgijlab, ularning o’chog’iga o’t qalab turgan. Bizga “halollikni joriy qilish” uchun yuborilgan gazandalar obdon xalqimizni xo’rlagan, talagan. Ko’z ko’rib, quloq eshitmagan, inson sha’niga mos kelmaydigan noma’qulchiliklar qilishgan, ayrimlari o’zlarini yirtqich hayvonlarday tutishgan.
“Yuksak mukofotlar” ilinjida yurgan, burnidan narini ko’rolmaydigan mahalliy rahbarlar Moskvadagi “katta og’a”larga “yanada ko’proq desantchilar yuboring” deb Xudoning zorini qilishgan. “Yuqori” nima desa, quloq qoqmay ijro etishavergan.
Biz mustaqillikka erishgan paytda jamiyat shunday og’ir, tanazzul komiga tortilgan, xalqning ruhi cho’kkan, odamlar ertangi kunga bo’lgan ishonchini yo’qotgan, jinoyatchilik avjiga mingan, bosqinchilik, odam o’ldirish mashina o’g’irlash kabi mudhish jinoyatlar odat tusiga kirgan edi. Shunday qilib, bu davrda xalqning urf-odatlari, an’analari, madaniyati obdon oyoq osti qilindi, ona tilining qo’llanish sohasi sun’iy tarzda cheklab qo’yildi. Hatto, shundoq ham milliy an’analardan ancha olisda bo’lgan ayrim san’at turlari ham kimlargadir maqbul bo’lmay qoldi va ularni yangilashga urindilar. Hatto, milliy libos ham qoralandi. Kezi kelganda, odamlar milliy an’analar bo’yicha to’y qilish, qarindosh urug’larini dafn etishga ham cho’chib qolgan edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |