Avariya sertifikati - mol-mulk sug‘urta hodisasi tufayli zararlanganda,
ko‘rilgan zararning miqdori va xarakterini tasdiqlovchi hujjat. Avariya sertifikati
avariya komissari (adjaster) tomonidan tuziladi va tegishli vositachilik haqi hisobiga
sug‘urtalanuvchiga taqdim etiladi. Avariya sertifikati sug‘urtalanuvchining sug‘urta
qoplamasini olish to‘g‘risidagi arizasiga ilova etiladi va qoplamani to‘lashda
sug‘urta kompaniyasiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Adjaster - sug‘urta hodisasi ro‘y berishi munosabati bilan sug‘urtalanuvchi
tomonidan bildirilgan e’tirozni tartibga solishda sug‘urta kompaniyasining
manfaatlarini himoya etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs. U sug‘urtalanuvchi bilan
unga to‘lanadigan sug‘urta qoplamasi miqdorini kelishishga harakat qiladi. Adjaster
sug‘urta hodisasini ro‘y berish sabablarini o‘rganadi va tahlil etadi. Ushbu tahlil
natijalari bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga ekspert xulosasini tuzadi hamda avariya
komissari funksiyasini bajaradi. Adjaster vazifasini sug‘urta kompaniyasining
tarkibiy bo‘limi yoki ixtisoslashgan tashkilot amalga oshirishi mumkin.
Aktuariy - lotin tilidan tarjima qilganda hisobchi degan ma’noni bildiradi.
Aktuar hisob-kitoblar nazariyasini o‘zlashtirib olgan sug‘urta matematikasi
sohasidagi mutaxassis. U sug‘urta tariflarini hisoblash va metodologiyasini ishlab
chiqish, uzoq muddatli sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta zahiralarini shakllantirish
bilan bog‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi paytda
Angliyada aktuariylar instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. Aktuariylarning xalqaro
uyushmasi mavjud.
Aktuar hisob-kitoblar - sug‘urta tarifi stavkalarini hisoblashning iqtisodiy-
matematik usullari yig‘indisi. Ushbu hisob-kitoblar katta sonlar qonuniga
asoslanadi. Aktuar hisob-kitoblarning metodologiyasi, ehtimollar nazariyasi,
demografiya qonuniyatlariga asoslanadi, tarif stavkasini miqdori sug‘urta hodisalari
ro‘y berishining ehtimoliyligiga bog‘liq. Demografiya ma’lumotlaridan
fuqarolarning hayotini sug‘urtalashda sug‘urtalanuvchilarning yoshiga mos ravishda
sug‘urta tarifi stavkasini tabaqalashtirishda foydalaniladi. Uzoq muddatli hayotni
sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta summalari sug‘urtalangan shaxs vafot etganda yoki u
ma’lum bir yoshga etganda to‘lanadi. Etarli miqdordagi sug‘urta fondini
shakllantirish uchun, sug‘urtalovchi shartnoma amalda bo‘lgan davrda qancha shaxs
vafot etishi yoki ma’lum bir yoshga etishi ehtimoliyligini bilishi zarur. Aholi o‘limi
darajasi haqidagi statistik ma’lumot asosida turli yoshga etishi ehtimolligini
hisoblash hamda fuqarolarning o‘limi to‘g‘risidagi jadvalni tuzish mumkin. Bu
jadval asosida nafaqani va hayotni sug‘urtalash bo‘yicha tarif stavkalarni hisoblash
mumkin.