6. Aksiologik funksiyasi. Jamiyat hayotining hozirgi sharoitida falsafaning aksiologik funksiyasi ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Bu funksiyaning mohiyati shundaki, falsafa inson hayotining mohiyatini, asosiy mazmunini, insonning turmushdagi qadr-qimmati, jamiyatda tutgan o‘rnini, uning axloqiy, gumanistik prinsiplar va g‘oyalarni baholash asosida tushuntiradi. Shu jihatdan qaraganda, hozirgi kunda insoniyat boshiga xavf solayotgan jahon termoyadro urushi, qurollanish poygasining yanada avj olishi, ekologiyaning buzilishi, energiya zaxiralarining tugab borishi, jamiyatda yuz berayotgan moliyaviy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy tangliklar sharoitida turli maqsadlar va faoliyat natijalarining gumanistik g‘oyalar bilan qo‘shilib borishi, insoniyatning yer yuzida yashab qolishi muammolari umuminsoniy qadriyatlarni birinchi o‘ringa chiqarmoqda. Inson o‘z qadr-qimmatidan kelib chiqqan holda o‘zini ehtiyotlashga, tabiatni qo‘riqlashga intilib boraveradi. Insoniyat o‘z tarixiy rivojlanishi davrida manfaatlari bilan bog‘liq juda ko‘p qadriyatlarni yaratgan. Falsafa esa uni ogohlikka chaqirmoqda.
7. Evristik funksiyasi. Evristika (yunoncha. «evriko» so‘zi «izlayman», «ochaman» degan ma’noni anglatadi) - metodik jihatdan yangilik ochishga oid qo‘llanma, yangilik kashf etish san’atidir. Falsafaning evristik funksiyasi yangilik ochishga qaratilgan bo‘lib, yangilik ochishga xizmat qiladi. Masalan, yangi g‘oya va dalillar ochish hamda ilmiy bayonda tizimli bayonlashga qarama-qarshi bo‘lgan holda yangi ilmiy natijalarga erishish yo‘lini tasvirlab berish shular jumlasidandir.
Falsafaning metodlari. Falsafaning metodlariga quyidagilar kiradi.
1. Dialektika1 metodi. «Dialektika» yunon tilida bahs va suhbatlashish san’ati degan ma’noni anglatadi. Dialektika olamdagi narsa va hodisalar doimo o‘zgarishda, o‘zaro aloqadorlik va bog‘liqlikda, taraqqiyot va rivojlanishda deb tushunishdir. Dialektikaga ko‘ra, olamda o‘z o‘rniga va joyiga, yashash vaqti, harakat yo‘nalishiga ega barcha narsa, hodisalar o‘zaro bog‘liq hamda aloqador tarzda, bir-birlarini taqozo etadigan, doimiy va takrorlanib turadigan bog‘lanishlar orqali namoyon bo‘ladi.
2. «Metafizika»2bu tushunchani falsafa tarixida birinchi marta, qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi Arastuning «Ilk falsafa» deb atalgan asarlariga nisbatan ishlatilgan.
Metafizika – tabiatshunoslikdan falsafiy metod sifatida falsafaga kiritilgan bo‘lib, dunyodagi narsa va hodisalarni bir- biridan ajralgan holda, umumiy bog‘lanishdan tashqarida tekshirishga va shuning natijasida narsa, hodisalarni harakatda emas, balki harakatsiz holatda, muhim darajada o‘zgaradigan narsalar sifatida emas, balki abadiy o‘zgarmaydigan, tirik emas, balki o‘lik narsalar sifatida tekshirishga qaratilganligi bilan ifodalanadi.
3. Sofistika3 - bilib turib, xato asoslardan yolg‘on xulosa chiqarish (bu erda so‘fiylik falsafasi emas, o‘rta asrlarda Evropada keng tarqalgan alohida falsafiy ta’limot nazarda tutiladi).
Sofistik tafakkur usuli dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo bo‘lib, ayniqsa o‘rta asrlarda keng tarqaladi va rivojlanadi. Qadimgi davr yunon falsafasida biror-bir bilim sohasini mukammal egallagan kishilar sofistlar deb atalgan bo‘lsa, keyinchalik o‘rta asrlarga kelib, notiqlik, bilimdonlik, donishmandlik bilan nom chiqargan kishilar hamda turli omonim so‘zlar asosiga qurilgan turli fikrlar bilan kishilarning boshini qotiradigan, ustomonlik bilan ular fikrlarini chalg‘itadigan kishilar ham sofistlar deb atala boshlagan.
Sofistik tafakkur usuli sofistik muhokama jarayonida bila turib, atayin yolg‘on asoslardan yolg‘on xulosalar chiqarish asosida fikr yuritishdir.
4. Eklektika4 turli qarama-qarshi nazariyalarni, qarashlarni aralash-quralash qilib yuboruvchi tafakkur usuli bo‘lib, narsa va hodisalarning muhim va nomuhim, asosiy va asosiy bo‘lmagan xususiyatlari, ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar mexanik ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi.
5. Dogmatika5 - bu aniq shart-sharoitlarni hisobga olmay qo‘llaniladigan qoida, prinsip, fikrdir. Dogmatik tafakkur falsafadagi amaliyot va fanning yangi ma’lumotlarini hisobga olmay, aniq makon va zamon bilan bog‘liq bo‘lmagan, o‘zgarmas tushuncha hamda qoidalar bilan ish ko‘ruvchi tafakkur usulidir.
6. Sinergetika6 olamning o‘z-o‘zini tashkil etish, makon va zamonda narsa va hodisalarning azaliy ketma-ketligi, o‘zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog‘lanishlar asosida mavjudligini e’tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuidir. U asosan XX asrning ikkinchi yarmida shakllangan ta’limot bo‘lib, asoschisi Nobel mukofoti sovrindori I.Prigojindir. Bu ta’limotni dialektika asosida shakllangan va uni to‘ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydigan, ularga qarshi o‘laroq, dialektika endi kerak emas, uni sinergetika bilan almashtirish lozim deb hisoblovchilar ham bor.
Sinergetikaning XX asrdagi shaxdam odimlari o‘rta asrlarda Yevropada aniq fanlar sohasida induksiya va deduksiya usullarining muvaffaqiyatli qo‘llangani, katta mavqega ega bo‘lgani va pirovard natijada, falsafiy metodga aylanganini eslatadi. Sinergetikani XX asr tabiiy fanlarining falsafa sohasiga kiritayotgan eng katta yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ammo, bu uning dialektikani falsafadan butunlay surib chiqarganini bildirmaydi. Zero, falsafada har bir ta’limot metodining o‘z o‘rni, faoliyat darajasi bor. Dialektikaning falsafadagi o‘rni, qadr-qimmati juda katta va u falsafaning asosiy qismlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Falsafiy bilimlar juda keng qamrovli bo‘lib falsafa tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkuri taraqqiyotining eng umumiy qonunlarini o‘rganadi va insonlarda falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi.
Falsafani o‘rganish «dunyoqarash» tushunchasining mazmunini bilib olishdan boshlanadi. Dunyoqarashda butun olamning mohiyati va xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar va ularnnng yechimi to‘g‘rida fikrlar yuritiladi. Bu muammolar olamning kelib chiqishi va uning nechtaligi, strukturasi va tashqi shakli, o‘zgarish va rivojlanish qonuniyatlari, katta kichikligi va nimadan tashkil topgani va shu kabi murakkab ilmiy-nazariy masalalarni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |