1§. To’lov tizimi tushunchasi va uning elementlari.
Respublikamizda bank tizimi va uning faoliyati jahon andozalariga tobora yaqinlashib bormoqda. Bank tizimini erkinlashtirish va erkin raqobat sharoitiga moslashtirish ko’zda tutilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bank tizimini yanada erkinlashtirish va uni isloh qilish chora-tadbirlari to’g’risidagi» Farmoni chiqarilib, unda «Moliya-bank tizimini isloh qilish siyosatini takomillashtirish, uning ko’proq aniq-oydinligini ta’minlash, iqtisodiyotda to’lovlar va xisob-kitoblar mexanizmini mustaxkamlash bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqishi» lozimligi belgilab berilgan edi. Bu vazifaning bajarilishi aynan to’lov tizimi bilan bog’liqdir. Shuning uchun, avvalo, to’lov tizimi tushunchasini ko’rib chiqamiz.
Iqtisodiyotda turli mulkchilik shakllariga tegishli bo’lgan kompaniya va firmalar faoliyat ko’rsatib, ular doimo bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Chunki korxona va tashkilotlar bir-birlari bilan oldi-sotti munosabatlarini o’rnatadilar, bu munosabatlar o’zaro hisob-kitoblar orqali hal qilinadi. Bu hisob-kitoblarni o’tkazish uchun ma’lum bir tizim mavjud bo’lishi lozim. Agar o’zaro hisob-kitob qilayotgan firmaga bitta bank xizmat ko’rsatsa, to’lovlar juda tez va sodda sxemada o’tkaziladi, ya’ni hisob-kitoblar bir bankning ichida bajarilib, bir korxona hisobvarag’idan ikkinchi korxona hisobvarag’iga ma’lum bir summani o’tkazish orqali bajariladi. Agar hisob-kitob qilayotgan firmalar turli bank xizmatidan foydalansalar, u holda to’lovni bir bankdan ikkinchi bankka o’tkazish uchun ma’lum bir to’lov tizimidai foydalanishga to’g’ri keladi. Bu to’lov tizimi arzon, qulay shu bilan birga xavfsiz ham bo’lishi lozim. Agar to’lov tizimi rivojlangan bo’lsa, undan foydalanish sur’ati ham oshib boradi.
To’lov tizimlari turli shakllarda tashkil etiladi, lekin ularning maqsadi doimo bitta, ya’ni aholiga va xo’jalik sub’ektlariga o’z pul mablag’larini bir bankdagi hisobvaraqdan boshqa bank hisobvarag’iga tez o’tkazib berishni ta’minlashdir. To’lovchi va to’lovni oluvchi uchun muqobil yo’l bo’lib naqd pul orqali hisob-kitob qilish yoki barter bo’lishi mumkin. Lekin bunday hisob-kitoblar ko’p hollarda cheklangan bo’ladi.
To’lov tizimidan banklar ham foydalanadilar. Banklar to’lov tizimidan o’z faoliyatlari bilan bog’liq operatsiyalar bo’yicha pul o’tkazishda, shu bilan birga mijozlarning operatsiyalari bo’yicha pul o’tkazishda foydalanadilar.
Qanday shaklda foydalanishdan qat’iy nazar to’lov tizimi o’z ichiga 4 bosqichni oladi.
bosqich - to’lovning boshlanishi, ya’ni to’lovchi o’z bankiga pulni o’tkazib berish to’g’risida topshiriq beradi.
bosqich - to’lov tizimining ishtirokchi banklari o’rtasida to’lov hujjatlarining almashishi, ko’pincha bu operatsiya kliring deb yuritiladi.
bosqich - to’lov tizimining ishtirokchi banklari o’rtasida hisob-kitob o’tkazish, ya’ni to’lovchi banki pul o’tkazib berishi lozim. Bundan tashqari, banklar uchinchi ishtirokchi orqali, unda o’z hisobvaraqlarini ochish orqali hisob-kitob qilishlari mumkin. Bu holda ko’pincha uchinchi tomon rolini Markaziy bank bajaradi.
bosqich – to’lovlarni qabul bilan bog’liq operatsiyalarni yakunlash.
To’lov tizimi turli olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Masalan, Bryus Sammers fikricha, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish natijasida paydo bo’lgan majburiyatlarni ushlab turish uchun pulli to’lovlarni o’tkazishda ishlatiladigan mablag’lar yig’indisiga to’lov tizimi deyiladi.
Bu talqinda asosiy o’rin mablag’larga berilayapti, buning uchun naqd hamda naqdsiz pullardan foydalaniladi. Yuqoridagi talqindan yana shunday xulosaga kelish mumkinki, to’lov tizimi majburiyatlarni ushlab turish imkoniyatini beradi. Naqdsiz pullardan foydalaniladigan to’lov tizimida ma’lum bir to’lov vositalari ishlatiladi, ya’ni mablag’larni o’tkazish uchun qog’oz hujjatlar yoki elektron hujjatlar ishlatiladi. Jahon banki mutaxassislaridan yana biri O.Margaret to’lov tizimiga quyidagicha ta’rif bergan. «To’lov tizimi bu - pul mablag’larini o’tkazish mexanizmidir». To’lov tizimiga yana bir ta’rif Rossiyaning iqtisodchisi M.P. Beryozina tomonidan berilgan bo’lib, unga ko’ra «mamlakatning to’lov tizimi - bu iqtisodiy faoliyat natijasida yuzaga keluvchi qarz majburiyatlarining bajarilishini ta’minlovchi, qonuniy boshqariluvchi elementlar yig’indisi». Bu ta’rif mazmunan Bryus Sammers ta’rifiga yaqinroq ekanligini ko’rish mumkin, ya’ni bu ikki ta’rifda «... yuzaga kelgan majburiyatlar...» degan tushuncha ishlatilgan. Demak, bu ta’riflarda tovar va xizmatlar qiymatini to’lash bilan bog’liq bo’lgan majburiyatlar, shu bilan birga moliyaviy majburiyatlar ham ko’zda tutilgan. Moliyaviy majburiyatlar davlat byudjeti oldidagi yuridik va jismoniy shaxslarning majburiyatlaridir deb qaraydigan bo’lsak, unda barcha naqd pulsiz hisob-kitoblar, jumladan, banklarning davlat byudjetini kassaviy ijro etish operatsiyalarining bajarilishini to’lov tizimi orqali amalga oshirilishini ko’rishimiz mumkin.
Bir qator ta’riflarni ko’rib, ular to’g’risida mushohada yuritish natijasida to’lov tizimiga umumiy qilib quyidagi ta’rifni beramiz: «To’lov tizimi - iqtisodiy faoliyat natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar bo’yicha sub’ektlar o’rtasida pul mablag’larining qonun-qoidalar asosida harakatlanishini ta’minlovchi dastur yoki mexanizmdir».
Bizning fikrimizcha, bu mexanizmni harakatga keltirish uchun ishtirokchilar, mexanizm oldiga qo’yilgan huquqiy talablar, to’lov vositalari yoki qurollari kerak bo’ladi.
To’lov tizimining ishtirokchilari bo’lib jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar, hukumat, banklar va boshqa moliyaviy institutlar bo’lishi mumkin.
Jismoniy shaxslar to’lov tizimini boshqarib turuvchi Markaziy bank bilan bevosita aloqada bo’lmasalarda ular to’lov tizimida qatnashadilar. Bu qatnashuv bilvosita bo’ladi, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslar o’zlariga xizmat ko’rsatuvchi bankka o’z hisobvaraqalaridagi pul mablag’larini boshqa bankka o’tkazib berish bo’yicha topshiriq beradilar. Bu topshiriqni bajarish uchun tijorat banklari to’lov tizimiga bog’lanadi. Agar ushbu ishtirokchilar bo’lmaganda edi tijorat banklarining o’zi to’lov tizimining to’laqonli ishtirokchilari bo’lishi mumkin emas edi. Shu bilan birgalikda hukumat hamda turli moliyaviy institutlar ham to’lov tizimida qatnashadilar. Bu qatnashuv ham tijorat banklari orqali bo’ladi. Chunki
ularning hisobvaraqalarini tijorat banklari yuritadilar.
Demak, hozirgi kunda respublikamiz to’lov tizimining asosiy va bevosita
ishtirokchilari tijorat banklaridir. Bu haqda batafsil quyiroqda to’xtalib o’tamiz.
To’lov gizimiga mexanizm sifatida qarab uning oldiga qo’yilgan bir qator talablarni ko’rib chiqamiz.
Birinchidan, to’lovchi va pul oluvchilarning huquqlari aniq belgilangan bo’lishi kerak;
Ikkinchidan, pul mablag’larining o’tkazilishi huquqiy tomondan belgilangan bo’lishi lozim, ya’ni qonun bilan mustahkamlangan tartiblar amaliyotga to’la tadbiq etilishi lozim;
Uchinchidan, ko’pchilik tomonidan qabul qilingan bo’lishi kerak; To’rtinchidan, kam xarajatli bo’lishi, tannarx hisobga olinishi lozim;
Beshinchidan, yo’qotishlar va qonunbuzarliklarning oldini olish imkoniyatiga ega bo’lishi lozim.
Agar yuqoridagi sanab chiqilgan talablarga javob bersa, bunday to’lov tizimi muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatishi mumkin.
To’lov tizimini mexanizm sifatida qaraganimizda uning yana bir harakatga keltiruvchi elementi sifatida to’lov vositasi yoki to’lov qurollarini ko’rishimiz mumkin. To’lovni o’tkazishni boshlash aynan to’lov vositalarini tanlashdan boshlanadi. To’lov vositalariga kredit instrumentlari sifatida to’lov talabnomasi, to’lov topshiriqnomasi, inkasso topshiriqnomasi, akkreditiv ochish uchun ariza, debet instrumentlari sifatida esa cheklarni kiritish mumkin. Hozirgi kunda magnit, plastik kartochkalar ham to’lov vositalari sifatida keng ishlatilmoqda.
Ko’pgina chet davlatlarda to’lov instrumentlarini tanlashdan avval bir qator savollar o’ylab ko’riladi. Har bir konkret operatsiya bo’yicha alohida savollar echimi topiladi.
Masalan:
Bu operatsiya shu erning o’zida (do’kon, supermarket) bajariladimi yoki operatsiyani yakunlash uchun ma’lum vaqt kerak bo’ladimi?
To’lov summasining miqdori katta yoki kichikmi?
To’lov mahalliymi, shaharlararo yoki xalqaromi?
Bu operatsiya doimiymi (1 oy, kvartal, yil) yoki bir martalikmi?
Bu operatsiya muddatlimi? Shu kuni yakunlanadimi yoki bir necha kundan so’ngmi?
Har bir konkret to’lov instrumentining tannarxi qanday?
To’lov kafolati qanday?
Bunday savollarni har bir konkret operatsiya bo’yicha ishtirokchilar o’ylab, vaziyatni tahlil qilib o’zlariga qulay bo’lgan variantni, o’zlariga qulay bo’lgan to’lov instrumentini tanlaydilar. Bu esa shartnomada mustahkamlab qo’yilgan..
Ko’p yillar davomida to’lov tizimining ishi Markaziy bankning aktiv qiziqish sohasiga kirmas edi. Unga «ko’zga ko’rinmas» faoliyat turi sifatida qaralib, bank siyosatining asosiy masalalariga tegishli emasdek bo’lib hisoblanardi. hozirgi kunda bunday e’tibor tubdan o’zgardi. Oxirgi 15-20 yil ichida ko’p davlatlar, asosan bozor iqtisodi rivojlangan davlatlar iqtisodiyotida quyidagi holatlarni kuzatish mumkin:
Birinchidan, bank o’tkazmalarining soni va o’tkazilayotgan mablag’larning hajmi ortib borishi natijasida to’lov tizimi oborotining beqiyos darajada o’sishi. Bu esa, birinchi navbatda butun dunyoda moliviy bozor aktivligining o’sishiga va to’lovlarning tezlashuviga yordam berdi.
Ikkinchidan, to’lov tizimi ichida pul mablag’larining bir joydan ikkinchi joyga tez o’tishini ta’minlovchi texnika va texnologiya tizimidagi katta muvaffaqiyatlarning qo’lga kiritilishi. To’lov tizimidagi yangi texnologiyalarning yaratilishi va ularning amaliyotga tadbiq etilishi to’lovlarning bir necha daqiqada bir xududdan ikkinchi hududga o’tkazib berishi uchun sharoit yaratdi.
Bu esa, hozirgi to’lov tizimining bozor iqtisodiyotini rivojlantirishdagi rolining beqiyos ekanligini ko’rsatadi. Umumiy qilib aytganda, to’lov tizimi iqtisodiyot moliyaviy infratuzilmasining hayotiy muhim elementi, iqtisodiyot samaradorligiga ta’sir etuvchi omil bo’lib hisoblanadi. Shu bilan birga pul-kredit siyosati orqali iqtisodiyotni samarali boshqarishni ta’minlovchi zaruriy vosita bo’lib hisoblanadi.
To’lov tizimining iqtisodiyotda tutgan o’rni Markaziy bank faoliyati bilan chambarchas bog’liq, chunki Markaziy bankning asosiy maqsadi mamlakatda pul- kredit va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Markaziy bank to’lov tizimiga nisbatan uning rivojlanishi va shu orqali o’z maqsadiga erishishni ta’minlash borasida qanday ta’sir o’tkazishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun quyidagilarga e’tibor berish lozim.
Birinchidan, Markaziy bankni to’lov tizimining foydalanuvchisi sifatida ko’rib chiqamiz. Markaziy bank pul o’tkazish bilan bog’liq bo’lgan o’z faoliyatiga tegishli bo’lgan operatsiyalarni o’tkazadi. Bunga pul-kredit siyosatini o’tkazish uchun rasmiy ochiq bozoridagi operatsiyalari, davlat qimmatli qog’ozlari bilan bo’ladigan rasmiy operatsiyalari, jumladan yangi qimmatli qog’ozlarni chiqarish, eskilarini to’lash operatsiyalari, chet el valyuta operatsiyalari bo’yicha milliy valyutada hisob- kitoblarning to’lov tizimi orqali o’tkazishi misol bo’ladi. Bundan tashqari, boshqa barcha korxonalar qatori Markaziy bank ham o’z ishchi xizmatchilariga ish haqi, turli nafaqalar, komandirovka xarajatlari, mukofotlar to’lashi lozim bo’ladi, bunday to’lovlar ham aksariyat hallarda to’lov tizimini chetlab o’tmaydi.
Ikkinchidan, Markaziy bankni to’lov tizimining ishtirokchisi sifatida ko’rib chiqamiz. To’lov tizimining ishtirokchisi sifatida Markaziy bankni o’z mijozlari nomidan pul o’tkazish yoki to’lovni olish operatsiyalarini bajarish jarayonida kuzatishimiz mumkin. Masalan, Markaziy bank hukumat yoki boshqa hududiy Markaziy banklar kabi o’z mijozlarining operatsiyalarini bajarish jarayonida to’lov tizimining ishtirokchisiga aylanishi mumkin.
Uchinchidan, Markaziy bankning to’lov xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxs sifatidagi rolini ko’rishimiz mumkin. Bunday xizmatlar to’lov tizimi doirasida ishlovchi tijorat banklari uchun hisob markazlarini tashkil qilish va ularga xizmat ko’rsatish bilan belgilanadi. Bundan tashqari, to’lov tizimi uchun o’z mablag’lari yoki tijorat banklari, shu bilan birga boshqa tijorat tashkilotlarining mablag’larini qo’shish evaziga texnik vositalar, programmalar, instruktsiyalar, kommunikatsiyalar bilan ta’minlash jarayonidaham Markaziy bankning to’lov tizimi orqali to’lov xizmatlarini bajaruvchi rolini ko’rishimiz mumkin.
Va nihoyat to’rtinchidan, Markaziy bankning davlat qiziqishlarini himoyalovchisi sifatidagi rolini ko’rib chiqamiz. Markaziy bankning bu roli ancha keng xarakterga ega bo’lib, o’z ichiga quyidagi qirralarni oladi.
to’lov tizimini harakatga keltiruvchi vazifasini bajaradi;
to’lov tizimi qatnashchilari ustidan nazorat o’rnatadi;
to’lov tizimi ishini boshqaradi va rejalashtiradi;
da’volar bildirilganda arbitraj funktsiyasini bajaradi;
texnik standartlarni ishlab chiqish va joriy qilish bilan shug’ullanadi va hokazo.
Sanab o’tilgan Markaziy bankning to’lov tizimi bilan bog’liq jihatlariga yana to’lov tizimi orqali o’tadigan kundalik to’lovlarning kafolatlanishini ta’minlashni ham kiritish mumkin. Lekin bu faqat Markaziy bankka emas, bir vaqtning o’zida tijorat banklarining vakillik hisobvaraq-larining ham holatiga bog’liq.
Rivojlangan davlatlar iqtisodiyotini kuzatar ekanmiz, Markaziy banklarning to’lov tizimidagi ishtiroki turlicha ekanligini ko’rish mumkin. Bu har xillik turli davlatlarning turli iqtisodiyo, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Ba’zi davlatlarning Markaziy banklari to’lov tizimini yaratish va uni ekspluatatsiya qilish masalalariga chuqur kirishib ketganlar. Bunday davlatlarga Germaniya, Frantsiya, Italiya va Ispaniyani kiritish mumkin. Ba’zi davlatlarning Markaziy banklari qonunchilik bilan belgilab qo’yilgan spetsifik majburiyatlar bilan bog’liq bo’lgan muvofiqlashtiruvchi rolini bajaradi. Ba’zi davlatlardagi Markaziy banklar o’z mijozlari nomidan to’lovlarni bajarish bo’yicha aktiv faoliyat olib borishni afzal ko’radilar Amerika qo’shma Shtatidagi Markaziy banklari o’z faoliyatini ko’proq to’lov xizmatlarini tijorat asosida olib borishga harakat qiladi.
To’lov tizimida Markaziy banklarning ishtiroki turlicha bo’lishiga qaramay, ularning maqsadlari deyarli o’xshash, xususan, kamroq xarajat qilib minimal tavakkalchilik asosida foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondiruvchi tizimni ta’minlashdan iboratdir.
O’zbekiston Respublikasi to’lov tizimi ham Markaziy bank tomonidan tashkil qilinib, tizimning harakati hisob-kitob markazlari orqali amalga oshiriladi. Respublika Markaziy banki hisob-kitob markazi faoliyatini muvofiqlashtirib, nazorat olib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |