Mikroorganizmlarni doimiy ko‘paytirish
Davriy o‘stirish jarayonida, mikroorganizmlarning eng ko‘p ko‘payish imko-niyatlari to‘lig‘icha ishlatilmaydi. Ularning eng faol davri logarifmik faza davri ishlab chiqarish siklini juda kam qismini egallaydi, siklning asosiy qismi o‘sishning lag va sekinlanish fazalariga sarflanadi.
Davriy o‘stirish jarayonida hujayra har doim o‘zgarib turadi. Dastlab ozuqa muhitidagi moddalar miqdori kerakligidan ko‘p bo‘ladi, keyinroq esa sekin asta etishmovchilik boshlanadi va metabolitlar to‘plana boradi. Bu metabolitlarning ko‘pchiligi mikroorganizmlarni o‘sib, ko‘payishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar ozuqa muhitiga birdaniga ko‘p miqdorda ozuqa moddalari solinsa, o‘sish sekinlashadi va bu hodisa katabolitli repressiya deb ataladi. Moddalarni sekin- asta, doimiy ravishda berib turish orqali, mikroorganizmlar o‘sishining pasayishini oldini olish mumkin. Bunday usul mikroorganizmlarga siqilib substrat (ozuqa) berish deb nom olgan.
O‘stirish jarayonida qo‘shimcha ozuqa moddalari berib borish ozuqa muhitining hajmini oshirib yuboradi. Hajmni doimiy ravishda ushlab turish uchun vaqti - vaqti bilan kultural suyuqlik ( mikroorganizm o‘stirilgan ozuqa muhiti) dan olib turishni taqqazo etadi. O‘stirishning bunday davriy jarayoni “quyib olish - quyish” deb ataladi. Qancha miqdorda suyuqlik quyib olinsa shuncha miqdordagi ozuqa muhiti o‘stirish qurilmasiga quyiladi. Bu usulning oldingisidan farqi shundaki, o‘stirilayotgan mikroorganizmning bir qismi doimiy ravishda olib turiladi va uning o‘rniga yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek ozuqa moddasi quyiladi. Bu usulda - hajm, suyultirish tezligi, suyultirma o‘sish tezligi kabi asosiy ko‘rsatkichlar doimiy bo‘lmaydi va mikroorganizm kvazistatsionar (mnimostatsionar) holatda bo‘ladi.
Qism-qism qo‘shib o‘stirishning yana bir yo‘li substratni dializ membranasi orqali yuborib turish. Agar o‘stirish apparatiga faqatgina ma’lum molekulyar og‘irlikka ega bo‘lgan moddalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan membranalar o‘rnatilsa, eritmada erigan moddaning diffuziyasi tufayli bu moddaning miqdori doimiy ravishda bir xil ushlab turiladi.
Bu usuldan biomassani ko‘paytirish yoki ozuqa modda miqdori cheklangan mikroorganizmlarni o‘stirish uchun keng qo‘llaniladi. Bu usul shuningdek, mikrooorganizm o‘sishini yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan fazalardan birida uzoqroq ushlab turish imkoniyatini beradi. Ammo bu usul hujayrani fiziologik holatini vaqtdan tashqari mo‘‘tadillab turish imkoniyatini bera olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |