1.2 Nautaka va Naxshabning arxeologik jixatdan o‘rganilishi.
Nautaka – Kesh shahri tarixini yozma manbalarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, XX asrga kelib bir qancha arxeolog olimlarimizning izlanishlariga guvoh bo‘lamiz.
Rus qo‘shinlari 1870 yilda Shahrisabz va Kitobga yurish qilib, ularni egallagach, Turkiston general-gubernatorligi bu shaharlar o‘tmishi bilan qiziqa boshladi41. Shahrisabzga zobitlar va turli idoralar amaldorlari (tarjimon I. Bekchurin, suratchi P.Ye. Krivsov, yozuvchi V.V. Krestovskiy, topograf N.D. Sitnyakovskiy) kelib, o‘zlarining yo‘l xotiralarini qoldirishdi42.
Kitob – Shahrisabz vohasini arxeologiya nuqtai nazaridan o‘rganishni ko‘zdan kechirar ekanmiz, 1920 yilgacha bu hudud Buxoro amirligi tarkibiga kirganligi bois qazish ishlari eng yangi davrdagina boshlandi. Ayniqsa, Shahrisabzning O‘rta Osiyo qadimiy va san’at yodgorliklarini himoya qilish komiteti (Sredazkomstaris) tomonidan muhofazaga olingan me’moriy obidalari sharqshunos olimlarni o‘ziga jalb qildi. Bu ishlarning natijasi sifatida shahar obidalari albomi yaratildi. 1925 yilda Shahrisabzga V.V. Bartold, V.L. Vyatkin, san’at tarixchisi V. Denike, nemis san’atshunosi E. Kon-Vinerlar kelishdi. Turkiston sharqshunoslik instituti talabasi A.Ye. Midji rus geografiya jamiyatining Toshkentdagi Turkiston bo‘limi etnografiya va arxeologiya seksiyasi majlisida Kitob va Shahrisabzning qadimgi yodgorliklari to‘g‘risida axborot berdi43.
1926 yilda tarixiy topografiyani o‘rganish uchun Shahrisabzga A.Yu. Yakubovskiy jo‘natildi44.
1942 yilda M.Ye. Masson va Pugachenkovalar Shahrisabzga qadimgi yodgorliklarni va tarixiy geografik joy nomlarini aniqlash uchun arxeologik izlanishlar olib borishdi. Ularning aniqlashicha ilk shahar ko‘rinishidagi va o‘rta asrlardagi haqiqiy Kesh ko‘proq hozirgi Kitob o‘rniga to‘g‘ri keladi45.
Ularning olib borgan izlanishlari davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yerda yashagan keksalar qadimgi shahar Kish yoki Kisht deb aytilganini eslab, “Qayiq” so‘zidan olingan deb ta’kidlashadi46. keyinchalik bu nom ham, bu shahar aholisi ham shahar tanazzulga uchraganidan so‘ng Katlas qishlog‘i yaqinidagi katta bir qishloqqa Kitobdan 70 km sharqqa ko‘chgan va bu hudud Shahri-i Kisht deb atalgan.
M.Ye. Massonning ta’kidlashicha, Kesh viloyatining o‘rta asrlardagi g‘arbiy chegarasi hozirgi Qamaytepa xarobalaridan (Kesh – Nasaf yo‘lida) to Bahrintepa xarobalari ( Qashqadaryo o‘zani yaqinida)gacha o‘tkazilgan shartli chiziq bo‘ylab o‘tar edi. Manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra Kesh viloyati bo‘yiga ham, eniga ham 4 kunda bosib o‘tiladigan yo‘lga teng hududni egallagan47.
Vodiy hududidagi manzilgohlarni arxeologik o‘rganishning ilk bosqichi S.K. Kabanov 1946 – 1950 yillarda olib borgan qidiruv tadqiqotlari bilan bog‘liq bo‘lgandi. Bir qator tumanlarni, shu jumladan Kitob tumanini ham o‘rganish maqsadida aylanib chiqishdan ko‘zlangan maqsad “sinflar paydo bo‘lguncha amal qilgan jamiyatlar obidalarini” aniqlashdan iborat bo‘lgan48. 1951 yilda vodiyning markaziy qismida Kitobdagi qadimgi Qalandartepa shahri qal’asida qazish ishlari olib borildi. Topilgan arxeologik majmua mil.avv. III milodiy V asrlaga oid, deb topildi49. Tadqiqotchining hisob-kitobiga ko‘ra, shahar maydoni 15 ga ga yetgan. Bu shahar ilk o‘rta asrlar davriga qadar Su-se – Kesh viloyatining markazi bo‘lgan va ko‘p qismi Yevkratit zarb qildirgan yunon-baqtr tangalaridan iborat bo‘lgan xazina ayni Kitobdan topilgan, degan xulosaga kelindi50. Umuman, S.K. Kabanov Qalandartepa va Qo‘rg‘ontepaga monand qishloq tipidagi ko‘plab manzilgohlarni aniqladi va ularni istiqbolda o‘rganish natija berishini ta’kidladi.
Chunonchi “VIII – XII asrlarda Janubiy Sug‘d shaharlari” kitobining muallifi S.B. Lunina Kesh shahri o‘zining dastlabki o‘rnidan hozirgi “Shahrisabz” yo‘nalishi bo‘ylab bir qadar siljiganligini qayd etib o‘tadi51.
50-yillarda S.K. Kabanov tomonidan Tanxozdaryo va Yakkabog‘daryoning quyi oqimida olib borilgan tadqiqotlar davomida ilk temir davriga oid ilk manzilgohlar – Jartepa 1, Yangitepa va nomsiz tepalar aniqlandi52.
60-yillar boshlarida respublika janubi o‘tmishini tadqiq etish ishlariga M.Ye. Masson, A. Asqarov, Z.I. Usmonova singari taniqli olimlar ham bosh qo‘shadilar-ki, bu shubhasiz, juda katta ilmiy samaralar beradi. Ayniqsa, 1963 – 1964 yillarda Toshkent Davlat Universitetida Kesh arxeologiya va topografiya ekspeditsiyasini tashkil etilishi, unga M.Ye. Massonning rahbarlik qilishi Qashqadaryoning qadimiy yodgorliklarini tekshirish, ularning tarixiy ahamiyatini ochib berishni jonlantirib yuboradi.
Qadimshunos olima Z.I. Usmonova ToshDU arxeologiya kafedrasida o‘tgan asrning 60-yillari boshlarida mustaqil arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yilganligi, bunda asosiy o‘rganish mintaqasi sifatida Qashqadaryo vohasi tanlanganligi haqida shunday fikr yuritadi:
“Kafedra huzurida mustaqil arxeologik ekspeditsiya tashkil qilish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. Bunda arxeologik jihatdan kam tekshirilgan Qashqadaryo viloyati tanlandi. Chunki bu viloyat qadimiy Sug‘dning janubiy qismi (Kesh - Nasaf) bo‘lib, yozma manbalarda zikr etilgan edi”53.
60-yillar boshlaridan e’tiboran Qashqadaryoning qadimiy obidalari arxeologiyasini o‘rganish keng qamrovli tus ola boshlaydi. Qadimshunoslar, san’atshunoslar janubiy vohaning hali qo‘l urilmagan osori atiqalarini qunt va sabot bilan tadqiq etishga kirishadilar. N.P. Stolyarova54, R.R. Abdurasulov, L.I. Rempel55, N.I. Krasheninnikova56, S.B. Lunina57 kabi tadqiqotchilar Qashqa vohasining kechmishi va qadim madaniyati haqida fanga sezilarli yangiliklar olib kirdilar.
Qashqadaryo vodiysi sharqiy qismi yodgorliklarini arxeologiya nuqtai nazaridan o‘rganish 1963 yilda, M.Ye. Masson tomonidan KATE – Kesh (Qashqadaryo) arxeologiya-topografiya ekspeditsiyasi tuzilgach, boshlandi. Shu ekspeditsiya yo‘li bilan Z. Usmonova tomonidan 1963 – 1965 yillarda o‘rta asrlar Shahrisabzi qal’a devorlari, shaharning Amir Temur va Temuriylar davridagi tarixiy topografiyasi masalalari o‘rganildi58. Shuningdek, Kitob hududidagi antik shahar qazishmalari materiallari ham tadqiq etildi. Qo‘lga kiritilgan materiallar masalaga bir qancha tuzatishlar kiritdi: tadqiqotlar shahar maydoni kamida 40 ga, qal’a maydoni esa – 1 ga ga yaqin bo‘lganini ko‘rsatdi59. Topografiya, arxitektura va arxeologiya majmualari to‘g‘risidagi tasavvurlar kengaydi., antik davrdagi mayda haykaltaroshlik bo‘yicha mahalliy maktab xususiyatlari to‘g‘risidagi masala qo‘yildi60.
O‘tgan asrning 70 – yillarida Sharqiy Qashqadaryo va uning poytaxti Shahrisabzning so‘ngi o‘rta asrlar me’moriy yodgorliklariga bag‘ishlangan ikki asar chop etildi61. Shu yillarning o‘zida ilk o‘rta asrlar, shuningdek, rivojlangan o‘rta asrlar62 obidalari keng miqyosida qazib o‘rganildi, ulardagi ish natijalari maxsus tadqiqotda yakunlandi63.
XX asrning 70 – 80 yillarida N.I. Krasheninnikova rahbarligidagi arxeologiya otryadi Kitob tumanining shimolini tekshirdi. Shurobsoy daryosi bo‘ylab antik davrga oid mustahkamlanmagan manzilgohlar aniqlandi. Bu manzilgohlardan tashqarida kulollik ishlab chiqarish izlari ham saqlanib qolgandi64. Ilk temir – ilk antik davr manzilgohining topilishi katta voqea bo‘ldi. Qudratli mudofaa inshootiga ega bo‘lgan Uzunqir shahrini (70 ga) hamda unga yondosh Sangirtepa, Podayotoqtepa, shuningdek, qishloq tipidagi bir qator manzilgohlarni o‘rganish natijasida tadqiqotchilar vodiyning butun viloyatiga nom bergan qadimgi markazi – Nautaka ayni shu yerda, daryoning o‘rta oqimida joylashgan, degan xulosaga kelishdi65. Qazish ishlari bu manzilgohlar ellin davrining boshidayoq obod qilingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bulardan shimolda, tog‘oldi hududlarida joylashgan, ilk temir davridayoq o‘zlashtirilgan va butun antik davr mobaynida obod qilib kelingan Makrid vohasidagi obidalar ham Sho‘robsoy vohasi ta’sir doirasiga kirgan66. Tirnasoyning yuqori oqimida, ilk o‘rta asrlar manzilgohi qatlamlari ostida Qashqadaryo vohasidan dehqonlar tomonidan dastlabki o‘zlashtirilgan davrga oid materiallar topildi67.
Shu paytning o‘zida Shahrisabz tumanida jez bolta va xanjar topildi, bu hol Keshda qadimgi dehqonlarning mil.avv. IV - III asrlardagi Anau va Sarazmda shahar vujudga kelishidan oldingi madaniyatiga monand madaniyati rivojlanganidan darak beradi.
1972 yil S.K. Kabanov va X. Dukelar Chimqo‘rg‘onning janubiy qo‘rg‘onidagi Chiroqchitepa manzilgohida qazuv ishlarini olib borishdi68.
1976 – 1979 yillarda Toshkent Davlat Universiteti arxeologik ekspeditsiyasi A.S. Sagdullaev rahbarligida tadqiqot ishlari Sharqiy Qashqadaryoda davom ettirilib, bu hududdan ilk temir davriga oid to‘qqizta manzilgoh – Daratepa, Qayrag‘ochtepa 1, Samantepa 3, To‘rtburchaktepa 1,2,3, Ko‘zatepa, Qo‘rg‘oncha, Beshqo‘tontepa manzilgohlari o‘rganildi69.
XX asrning 70 -80 yillarida Qashqadaryo sharqiy qismining arxeologik xaritasini tuzish bo‘yicha keng miqyosida olib borilgan ish jarayonida antik va o‘rta asrlar davri yodgorliklarini rayonlashtirish va tiplarga ajratish, shuningdek, dastlabki dehqonlar guruhlari kelgan davrdan boshlab mintaqa madaniyatining rivojlanishi masalalari ko‘rib chiqildi70. Sharqiy Qashqadaryodagi urbanizatsiya xususiyatlarining umumiy belgilari ajratib ko‘rsatildi71. O‘rta Osiyoning janubi va markazini Janubiy Sug‘d orqali bog‘lovchi hamda qadimgi davrlardan buyon mavjud bo‘lgan ko‘hna yo‘llar muammosi alohida qo‘yildi72. Vodiyning janubiy qismidagi qadimgi yo‘llar bilan manzilgohlarning joylashuvi xususiyatlari va topografiyasi, shuningdek, foydali qazilmalar manbalari o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rsatildi73.
70-yillarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot ko‘lami g‘oyatda keng bo‘lib, u vohaning yuqori qismidagi Langar, Kitob, Yakkabog‘, Kesh hududlaridagi qadimiy yodgorliklarni keng qamrovli tekshirishga qaratilgan edi. Shu davrda qasrlar, qo‘rg‘onlar vayronalari qatorida alohida turar joylar o‘rinlari o‘rganildi. Qo‘rg‘onlar, qal’alar qazilar ekan, ularning mudofaa inshootlarini ko‘zdan kechirish ham unitilmaydi.
Respublika qadimshunoslari 80-yillarda ham Qashqadaryoga bo‘lgan qiziqishni susaytirmadilar. Bu o‘n yillikda S.B. Lunina o‘rta asrlar davri Sharqiy Qashqadaryoning shahar va qishloqlarini o‘rganish ishlari bilan shug‘ullanadi. Uning ishida Janubiy Sug‘dning urbanizatsiya muammolari, arxeologik manbalar orqali shahar turlari, ularning qishloq manzilgohlari bilan aloqalari o‘z aksini topgan74. N.P. Stolyarova, G.Ya. Dresvyanskaya, X. Duke, N.M. Yermolova, Z.I. Usmonova, N.I. Krasheninnikova, A.P. Pestryakov, T.R. Muhammadjonov, Ye.B. Pruger, E.V. Rtveladze, A.S. Sagdullaev, R.X. Sulaymonov va M. To‘rabekov kabi arxeologlar vohaning qadimiyatiga oid yangi qirralarni kashf etadilar. Shu yillarda tadqiqotchi G.Ya. Dresvyanskaya Janubiy Sug‘dning ilk temir davri madaniyati muammolarini o‘rganib, bir qator yodgorliklarda tadqiqotlar o‘tkazdi75.
Arxeologik izlanishlar Qashqadaryo vohasidagi qadimiy hayot izlarining shajarasi ibtidoiy zamonlarga borib taqalishini Naxshab, Qalandartepa, Zahoki Moron qal’asi, Bo‘rijarsoy, Uzunqir va boshqa obidalar misolida namoyon etdi. Vohadagi ibtidoiy hayot, aniqrog‘i, ilk temir davri O.N.Lushpenkoning e’tiborini76 o‘ziga tortadi. Bu ham hali qadimshunoslarga yana uzoq yillar yangidan-yangi moddiy ashyolar kashfiyoti xususida mulohaza yuritishga imkon beradi.
1998 yildan buyon O‘zMU arxeologiya kafedrasi O‘zFA arxeologiya otryadi va Berkli universiteti (AQSh) Podayotoqtepa shahrida yangi texnika vositalarini qo‘llanish va qazish ishlarini olib borish orqali arxeologiya yodgorliklari majmuini tuzish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishmoqda. 2001 yilda Kolorado Universiteti bilan birga Sharqiy Qashqadaryo hududida tosh asri yodgorliklarini tadqiq qilish ishlari boshlandi.
2001 yilda bir qancha arxeologik kashfiyotlar qilindi. Qashqadaryoning o‘ng sohili bo‘ylab o‘tkazilgan qidirish ishlari jarayonida Kitob shahridan 23 km shimoli-g‘arbda, Oyoqchisoy vodiysini o‘rganish chog‘ida bir qancha g‘orlar topib, tekshirildi. Ikkita g‘ordan tosh asri odami hayot faoliyati qoldiqlari topildi. Bu holat Kesh hududi paleolit davridayoq o‘zlashtirilganidan dalolat beradi77.
2003 yil O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi arxeologiya instituti Berkli (AQSh) universiteti bilan hamkorlikda Sho‘robsoy vohasidagi Sangirtepa yodgorligida qazish ishlarini olib borishdi. Tadqiqot davomida antik davrga oid ibodatxona o‘rganildi78.
1946-1948 yillarda respublika Fanlar Akademiyasining tarix va arxeologiya instituti Qarshi va yaqin tumanlarda qazuv-tekshiruv ishlarini
o‘tkazadi. Qashqa vohasining quyi qismida 70 ga yaqin o‘tmish yodgorliklari hisobga olinadi. Dastlabki tadqiqot ishlari Kojartepa, Mudintepa va Yerqo‘rg‘on hududlarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng S. K. Kabanov Naxshab vohasi arxeologik yodgorliklarini o‘rganishga kirishadi. S.K.Kabanov o‘zining ilmiy izlanishlariga quyidagilarni asos qilib oldi:
-toponomikaga oid ma’lumotlar to‘plash;
-voha shaharlari qurilishini o‘rganish;
-Naxshab xalqining tarixi, madaniyati va savdo-pul munosabatlarini o‘rganish;
-vohaning etnik qatlamlari o‘rganish.
Ikkinchi jahon urushidan oldin O‘zbekistondagi qadimiyat yodgorliklarini o‘rganish asosan Samarqand, Xorazm va qisman Surxondaryo, Buxoro viloyatlarida olib borilgan edi. Urushdan oldingi yillarda Qashqadaryo vohasi, uning o‘tmishi, tarixiy obidalari qadimshunoslik ilmining e’tiboridan chetda qolgan edi. Keyinchalik, Qashqadaryo obidalarini o‘rganishga juda katta mehnati singgan arxeolog S.K.Kabanov shunday degan edi:
«Qashqadaryo vohasiga, o‘z tarixi va obidalari bilan mashhur bo‘lgan Zarafshon va Amudaryoning o‘rta oqimi vohalaridan farqli o‘laroq, qadimiy va o‘rta sarlardagi davlat tuzilmasi bo‘lgan viloyat sifatida qaraldi. Uning qadimiy obidalariga yetarli e’tibor berilmadi. Asta-sekinlik bilan
o‘lkaning boy o‘tmishini ochib beruvchi qadimshunoslik ishlari olib borildi».79
Urushdan keyin respublika Fanlar akademiyasining tarix va
arxeologiya instituti Qashqadaryoning o‘tmish obidalarini o‘rganishni va tadqiq etishni rejalashtiradi. 1946 yildan boshlangan ish o‘z natijalarini beradi. Arxeologik tadqiqotlar asosan quyi Qashqadaryoda olib boriladi. Arxeologik qazuv ishlarining dastlabki samaralari haqida S.K.Kabanovning maqola va axborotlari e’lon qilinadi. 1947 yilda uning O‘z SSR Fanlar akademiyasi byulletenida «Ko‘hna Fazli shaharidan topilgan Senmurva tasviri» maqolasi bosiladi. Shu yili uning «Qashqadaryoning quyi qismi yodgorliklari arxitektura tavsifi» hisoboti yoziladi. 1946-1948, 1952-1953, 1964-1967 va 1970-1972 yillar davomida Qashqa vohasida 12 bor qazuv mavsumini o‘tkazgan S.K.Kabanov 50-60 yillarda, shuningdek, 70-yillar boshida Qashqadaryo qadimiyatiga bag‘ishlangan ko‘pgina maqolalar, risolalar e’lon qilishga muvaffaq bo‘ladi.
Qashqadaryoning quyi qismida nisbatan qisqa fursatda o‘tkazilgan qadimshunoslik izlanishlari katta natijalar beradi. S.K.Kabanov 1953 yilda arxeologik dalillarga asoslangan holda, III-VIII asrlardagi Naxshab haqida nomzodlik dissertatsiyasini nihoyasiga yetkazadi. Naxshab va uning tevarak atrofidagi yodgorliklarni muntazam o‘rganish natijasida 1977 yilda uning «Naxshab qadimda va o‘rta asrlarda (III-VII asrlar)» nomli risolasi, 1981 yilda esa «III-VI asrlarda janubiy So‘g‘d qishloq manzillari madaniyati» degan kitoblari nashr etiladi. Umuman, S.K.Kabanov Qashqadaryo arxeologiyasiga doir 30 dan ziyod ilmiy ishlar muallifidir.80
1946 yilda boshlangan arxeologik tadqiqotlar asosan, quyi Qashqadaryoda olib borildi. Arxeologik qazuv ishlarining dastlabki samarasi haqida S.K. Kabanovning maqola va axborotlari e’lon qilinadi. 1947 yilda uning O‘z SSR Fanlar akademiyasi byulletenida «Ko‘hna Fazli shahridan topilgan Senmurva tasviri» maqolasi bosiladi. S.K.Kabanov Ko‘hna Fazli shahrida 2 ta shurf tashlash asosida qazishma ishlarini olib
bordi. Shahar xarobalaridan sopol buyumlar bilan birgalikda Senmurv – afsonaviy it-qushning tasviri tushirilgan g‘isht parchalari topilgan. Uning taxminicha, bu parchalar VII-VIII asrlarga oid arxitektura inshooti devor qoplamasining parchalaridir. Shunga asoslanib, S.K.Kabanov Bezdaning shahar sifatida namoyon bo‘lish sanasini VII-VIII asrlar deb belgiladi. S.K.Kabanov qadimgi Kasbi shahri xarobalarida ham qazishma ishlarini olib bordi. Shaharning eng qadimiy qismi ko‘handiz bo‘lib, shahriston IX-X asrda rivojlangan.81
1946-1948 yillarda Qashqa vohasining quyi qismida 70 ga yaqin o‘tmish yodgorliklari hisobga olinadi. Dastlabki tadqiqot ishlari Kojartepa, Mudintepa va Yerqo‘rg‘onda olib borildi.82
1946 yilning kuzida Amudaryo ekspeditsiyasi a’zolari A.I.Terenojkin va L.I.Albaum Qarshi vohasida arxeologik qidiruv ishlarini olib bordilar. Ularga Qarshi cho‘lidagi sun’iy sug‘orish tarmoqlarini o‘rganish va Eski Angor kanalining tabiiy yoki sun’iy sug‘orish inshooti ekanligini aniqlash vazifasi yuklatilgan edi. Kanal o‘rganilib, Darg‘om kanalidan oqib keluvchi qadimiy kanal o‘zani ekanligi aniqlandi.
XX asrning 40-yillarida Naxshab vohasining arxeologik yodgorliklari o‘rganilishi Qarshi – Zarqanoq (Kasbi) yo‘li oralig‘ida amalga oshirildi. Bu yerda jami 27 ta arxeologik yodgorlik o‘rganilgan bo‘lib, uch turga bo‘linadi:
a) ikki qavat tepaliklar ko‘rinishidagi qal’alar;
b) baland tepaliklar ko‘rinishidagi ikki-uch qator devor bilan o‘ralgan qal’alar;
v) mudofaa devori bilan o‘ralgan shaharlar;
A.I. Terenojkin fikricha, bu yodgorliklar arablar istilosiga qadar
mavjud bo‘lgan, ba’zilari X asrda yirik manzilgohga aylangan. Vohaning inqirozga yuz tutishi mo‘g‘ul istilosi bilan bog‘liq bo‘lib, bu davrda dehqonchilik va sug‘orish tarmoqlari tamoman tanazzulga uchradi. Bu davrda vohada o‘tkazilgan arxeologik qidiruv ishlari mobaynida muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar to‘plandi. Masalan, Kofirtepadan Yunon-Baqtriya davriga oid manbalar topilgan. I.K.Terenojkin Ko‘hna Fazli shahri xarobalarini o‘rganib, shaharning miloddan avvalgi X asrda Turk hoqonligining markazi bo‘lganini aniqlaydi. 83
1948 yilda Qarshi vohasida olib borilgan arxeologik izlanishlar uch asosiy qismga bo‘linadi:
1) Qashqadaryoning quyi qismidagi arxeologik qidiruv ishlari;
2) Mudintepadagi stratigrafik kesim;
3) Yerqo‘rg‘on shahridagi qazishma ishlari. 84
XX asrning 60-yillariga kelib Naxshab vohasi o‘tmishini tadqiq etish ishlariga M.Ye.Masson, A.Asqarov, Z.I.Usmonova singari taniqli olimlarning jalb etilishi katta ilmiy samara berdi. 1963-1964 yillarda Toshkent Davlat universitetida Kesh arxeologiya va topografiya ekspeditsiyasining tashkil etilishi, unga M.Ye.Massonning rahbarlik qilishi Qashqadaryoning qadimiy yodgorliklarini tekshirish, ularning tarixiy ahamiyatini ochib berishni jonlantirib yubordi.
Qadimshunos olima Z.I. Usmonova ToshDU arxeologiya kafedrasida o‘tgan asrning 60-yillari boshlarida mustaqil arxeologik ekspeditsiyalar tashkil etish masalasi kun tartibiga qo‘yilganligi, bunda asosiy o‘rganish mintaqasi sifatida Qashqadaryo vohasi tanlanganligi haqida shunday fikr yuritadi: «Kafedra huzurida mustaqil arxeologik ekspeditsiya tashkil qilish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. Bunda arxeologik jihatdan kam tekshirilgan Qashqadaryo viloyati tanlandi. Chunki bu viloyat qadimiy
So‘g‘dning janubiy qismi (Kesh, Nasaf) bo‘lib, yozma manbalarda zikr etilgan edi». KATE 1963-1966 yillar davomida professor M.Ye.Masson rahbarligida viloyatning qadimiy obidalarida ko‘pgina muhim qazuv ishlarini amalga oshiradi. 1973 yilda M.Ye.Massonning «Qashqadaryoning quyi viloyati qadim zamonlar poytaxt shaharlari» degan risolasi maydonga keladi. 1960 yildan e’tiboran Qashqadaryoning qadimiy obidalari arxeologiyasini o‘rganish tobora keng qamrovli tus ola boshlaydi. Qadimshunoslar, san’atshunoslar janubiy vohaning hali qo‘l urilmagan osori-atiqalarini qunt va sabot bilan tadqiq etishga kirishadilar. N.P.Stolyarova, R.R.Abdurasulov, L.I.Rempel, L.L. Bukinich, V.D.Bukinich, V.D.Jukov, U.Islomov, N.I.Krashennikova, S.B.Lunina, L.Yu.Mankovskaya kabi tadqiqotchilar Qashqa vohasining kechmishi va qadim madaniyati haqida fanga sezilarli yangiliklar olib kirdilar.
Ikkinchi jahon urushidan keyin Qashqadaryo zaminidagi qadimiy obidalarni o‘rganishning ma’lum darajada jadallashuviga bu vohada amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan sug‘orish bilan bog‘liq ulkan rejalar sabab bo‘ladi. 1946-yildayoq ariq va anhorlar qazilishi ko‘zda tutilgan joylardagi qadimiyatga daxldor manzillarni tezkor tekshirish va aniqlash uchun A.I.Terenojkin va L.I.Albaum kabi qadimshunoslar safarbar etiladi.85 1954 yilda Qarshi cho‘liga Zarafshon daryosidan suv olish uchun Eski Angor kanalini, Qashqadaryoning o‘rta oqimida Chimqo‘rg‘on suv havzasini barpo etish muqarrar bo‘ladi. Bo‘lajak suv inshootlari hududidagi tepaliklar, qadim manzillar o‘rinlari tezkor ko‘zdan kechiriladi. Bu ish Qashqadaryo zaminida katta tajriba orttirgan S.K.Kabanovga topshiriladi. Chimqo‘rg‘on suv havzasi ishg‘ol etadigan maydon ancha katta hajmga ega bo‘lib, suv ostida miloddan avvalgi asrlarga taalluqli yodgorliklar qolib ketishi mumkin edi. Shunga ko‘ra, havza hududidagi obidalarni jadal tekshirishdan
o‘tkazish maqsadida bu joyda 1955-1957 yillar mobaynida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining tarix va arxeologiya instituti maxsus ekspeditsiyasi ish olib boradi.
Qashqadaryonig quyi qismi 60-yillarga kelib yoppasiga o‘zlashtirila boshlandi. Qarshi cho‘lini sug‘oriladigan yerlarga aylantirish rejasi amalga oshiriladi. Qarshi shahrining sharqiy etagida qurilish korxonalari, zavodlar, o‘nlab sanoat muassasalari qad rostlay boshlaydi.86 1965-1967 yillarda birgina qurilish korxonasi hududida o‘n bitta yodgorlik qazib o‘rganildi.87
1970-1972 yillarda O‘zFA arxeologiya instituti Qarshi bosh anhori kesib o‘tadigan maydonlardagi yodgorliklarni ko‘zdan kechiradi va o‘rganib chiqadi. Bu izlanishlar natijasida Qo‘shtepa, Xo‘jalitepa va Polvontepa mufassal tadqiq etiladi. 1973 yildan bosh anhor hududidagi arxeologik qazishma ishlariga R.H.Sulaymonov boshchilik qiladi. Olim 70-yillardan 90-yillarga qadar Qashqadaryoda muntazam ilmiy-tekshirish ishlarini olib boradi. 70-yillar Qashqadaryo arxeologiyasi tarixida ko‘tarilish davri bo‘ldi. Respublika arxeologlarining butun boshli pleyadasi vohaning qadimiy obidalarida keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradilar. 1976 yilda Qashqadaryo vohasida arxeologik tadqiqotlar boshlanganiga o‘ttiz yil to‘ladi. O‘ttiz yil davomida Naxshab, Zahoki Maron qal’asi, Shulliktepa, Subax, Bazda, Kasbi, Qalandartepa singari qadimiy shaharlar, qo‘rg‘onlar, ko‘hna manzillar ochiladi. 88
1973 yildan 90-yillar boshiga qadar o‘tkazilgan arxeologik tadqiqot ishlari quyidagi maqsadlarda amalga oshirildi:
1. Qadimgi So‘g‘d shaharlarining qurilishi, ilk va qadimgi davr shahar qurilishining o‘ziga xos xususiyatlari, aholi turar joylari joylashuvi,
turar joylarning shakllanishida hunarmandchilik va savdo-sotiqning ahamiyatini o‘rganish hamda jamoat, ma’muriy va diniy inshootlarni tasniflash;
2. Naxshab vohasi qadimgi shaharlarining fortifikatsiyasi, shahar mudofaasining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish;
3. Qadimgi Naxshabning manzilgohlari va qishloqlarini o‘rganish. Qarshi vohasidagi Kindiklitepa manzilgohi va G‘uzor vohasidagi Qo‘rg‘oncha manzilgohida M.Xasanov, ilk o‘rta asrlarga oid Kunjutlitepa va Koshtepada A.A.Raimqulov, Kasantepada M.To‘rabekov va M.Xasanovlar qazishma ishlari olib bordilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |