I.BOB. QAShQADARYO VOHASIDA ANTIK DAVR ARXEOLOGIYASINING O‘RGANILISH TARIXI.
1.1. Nautaka – Naxshab to‘g‘risidagi yozma manbalar tahlili.
O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblangan Nautaka – Kesh shahri ko‘pchilik tadqiqotchi olimlarning fikrlariga ko‘ra O‘zbekistonning janubiy viloyati hisoblangan Qashqadaryo vohasida joylashgan. Kesh shahri haqidagi yozma manbalarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, shaharning ming yillik tarixi turli davr manbalarida turlicha uchraydi.
Nautaka – Kesh shahri tarixi yozma manbalari ikki asosiy qismdan iborat bo‘lib, Nautaka – Keshning eng qadimgi manbalari va keyingi davrda ochilgan va topilgan arxeologik manbalar hisoblanadi.
Birinchi guruhga Ahamoniylar satrapligidagi Baqtra hujjatlari kiradi. Bu manbalar oromiy tilida (asosi sug‘d alifbosida) teriga yozilgan. Bu hujjatlar Afg‘onistonning shimoliy qismidan topilgan3.
Kesh toponimi dastavval Zardo‘sht Ka’basidagi Shopur I (242 – 273) bitiklarida uchraydi. Unda Shopur I o‘z davlati chegaralarini shu jumladan, O‘rta Osiyodagi Kash, Sug‘d va Shosh tog‘larigacha yetib kelgan chegaralarini tasvirlaydi.
Mil.avv. II asrning 2-yarmi va oxirida Janubiy So‘g‘d hududida old tomonida Gerakl, orqasida Zevs tasviri aks ettirilgan hamda sug‘d afsonasi bitilgan kumush tangalar zarb qilingan4.
Ikkita xronologik guruh aks ettirilgan ushbu tangalar milodning III asriga, Janubiy Sug‘dda Kangyuy sulolasi hukmronligiga chek qo‘yilgan vaqtga to‘g‘ri keladi. Bu Shopur I Sharqni ishg‘ol qilganidan keyin yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu “Zardo‘sht Ka’basi”dagi PKN yozuvida aks ettirilgan bo‘lib, unda Kash (Kesh) ushbu sosoniylar shohi tomonidan tashkil etilgan qayta davlat tarkibiga kirgani qayd etilgan5.
Zardo‘sht Ka’basidagi Shopur I bitigida Kesh Makedoniyalik Aleksandr yurishlari davrida bu viloyat Nautaka deb, mil.avv. I – II asrlarda mahalliy nomning xitoycha buzilgan shaklida Su-se deb nomlangan. Milodiy III asr o‘rtalaridan XVI asrga qadar qo‘llanilgan Kash (Kesh) nomi qayd etilgan.
Mil.avv. IV – III asrlarda O‘rta Osiyoga yurish qilgan Makedoniyalik Aleksandrning solnomachilari Branxitlar shahri haqida yozib qoldirganlar. Akademik E.V. Rtveladze Yerqo‘rg‘on shahrini yunon manbalaridagi Branxitlar shahri bilan aynanlashtiradi6. O‘sha davrda zarb etilgan “bronza davridagi hukmdor tasviri”7 orqali buni izohlashga harakat qiladi. III – IV asrlardan to VIII asrgacha bo‘lgan “Naxshab” hamda “Kesh podshosi” tangalari Yerqo‘g‘on shahrining o‘sha davrda Kesh mulki tasarrufida bo‘lganligini ko‘rsatadi8.
Qadimgi yunon muarrixlaridan Arrian, Gerodot, Plutarx, Kvint Kursiy Ruf, Konstantin Bagryanorodniy asarlarining chop etilishi katta ahamiyat kasb etgan edi. Bu asarlar birinchi manba sifatida o‘ziga xos ilmiy tasavvur shakllanishiga xizmat qiladi. Ularda miloddan burungi davrda Makedoniyalik Iskandarning Markaziy Osiyoni istilo etishi sabab, mazlum etilgan xalqlar, ularning ushbu zarblari bilan bir qatorda shahar va qishloqlari, odamlari haqida ma’lumot berilgan. Makedoniyalik Aleksandrning asosiy janglari Qashqadaryo vohasida kechgan. Iskandarning o‘zi Navqat (Nautaka) viloyati va uning asosiy shahri bo‘lgan Naxshobda uzoq muddat to‘xtab turgan. Iskandar tarixini bitgan qadim Yunon muarrixlari shu munosabat bilan bu vohaning bir qancha shahar va qishloqlarini tilga olib o‘tganlar. Sharq va G‘arb o‘tmishi va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan asarlar9 ana shu jihatlarga ko‘ra, Nautaka – Kesh tarixini yaratishda birlamchi manbalar doirasiga kiritilishga loyiq.
Qashqadaryo vohasi haqidagi ilk xabarlar zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da uchraydi. “Avesto” matnlarining eng qadimiylari milodga qadar bo‘lgan IX – VIII asrlarga oid bo‘lib, u to‘la ravishda milodning IV asrlarida yozib olingan. Otashparastlik dinining ilohiy matnlari majmuasi milodgacha bo‘lgan IX asrlardan to yangi milodning III – IV asrlariga qadar yozilgan, to‘ldirilgan va to‘plangan. “Avesto”da Boxtar o‘lkasi (Surxondaryo va Afg‘onistonning shimoliy qismi), Sug‘diyona (Zarafshon va Qashqadaryo vohalari), Xorazm kabi joylar ta’rif qilinadi10.
Qadimgi yunon muarrixlari Makedoniyalik Aleksandrning markaziy Osiyoga qilgan yurishi, harb-zarblari haqida hikoya qilganlarida, Sug‘d va uning janglar kechgan viloyatlari haqida ham yo‘l-yo‘lakay so‘zlab o‘tadilar. Jumladan, Doro III hokimiyatdan chetlatib, undan podshohlikni va shohona anjomlarni tortib olgan Bess haqida gap ketganda, birinchi bor Navtoq (Nautaka) tilga olinadi. Arrian bu haqda: “Bessga Aleksandr yaqinlab qolganligini aytganlariga, u Oksdan suzib o‘tadi, qayiqlarni esa yondirib, Sug‘d yeriga, Navtoqqa ketadi”11, deydi.
Fransiyalik tadqiqotchi Frans Grene boshqa bir qator olimlarning fikriga tayangan holda Nautakaning nomlanishiga quyidagicha ta’rif beradi:
–mil.avv. 329 yilning bahorida Bess Aleksandrning yaqinlashishidan qochib “sug‘diylar diyori”ga qochadi;
–mil.avv. 328 – 327 yillarda bu hudud satrap Sisimitr tomonidan boshqarilgan. Aleksandr qo‘shinlari “Sisimitr qoyasi”ni bosib olganidan keyin “Xorien qal’asi”ni qo‘lga oladi;
–Bundan so‘ng Aleksandr va uning qo‘shinlari qishki qarorgoh Nautakaga joylashadi.
Bu ma’lumotdan shuni ko‘rish mumkinki, Nautaka viloyat yoki boshqaruv markazi ham bo‘lishi mumkin12.
Mil.avv. IV asrda Qashqadaryo hududida uchta viloyat – Nautaka, Ksenippa va Gabaza bog‘lanadi. Bu haqda yunon tarixshunosi Arrian va rimlik Kursiy Ruf ma’lumot berishadi. Yunon mualliflarining asarlari biz ko‘rib chiqayotgan o‘lkaning tarixiy geografiyasi dolzarb muammolarini hal qilishda muhim asos bo‘ladi13.
Nautaka (Navtaka) Sug‘diyona viloyatidan biri bo‘lib, bu so‘z “yangi qurilish”, “yangi joy” deb tarjima qilinadi. Arrian asarida Nautaka – “Sug‘diylar yeri” ma’nosida yoritilgan.
Tadqiqotchi Frans Grene “Nautaka” toponimini “nava-taka” – “to‘qqiz daryo diyori” deb izoh beradi. Samarqanddan temir darvozagacha Jom, Podayoqtepa, Kaltaminor va Oqrabot orqali o‘tgan. Ular o‘z navbatida to‘qqizta daryo (shimoldan janubga Qumdaryo, Ayoqchidaryo, Qashqadaryo, Oqsuv, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Langar, Katta O‘radaryo, Kichik O‘radaryo) bilan o‘zaro kesishgan14.
B. G‘. G‘ofurov “Tochikon” nomli asarida Nautakani joy, qal’a ma’nosida qo‘llaydi: “Aleksandr Nautakani ishg‘ol qilganidan keyin Sug‘d poytaxti Maroqandga qarab yurdi va uni zabt etdi”15.
“O‘zbekiston tarixi manbalari” kitobini tuzgan olim B.K. Lunin “Navtoq”qa: “Hozirgi vaqtda Navtaka (Nautaka) xarobasini Markaziy Osiyoning eng katta shaharlaridan biri – Yerqo‘rg‘on deb qarashga barcha asoslar yetarli, chunki uning o‘rnida antik davr So‘g‘d shahriga xos bo‘lgan madaniy qatlamlar saqlanib qolgan”16, degan izohni beradi.
Qashqadaryo viloyatining quyi qismida o‘tmish obidalarini aniqlash va tadqiq etish bobida uzoq yillar ish olib borgan qadimshunos olim S.K. Kabanov yozma manbalardagi bu ikki qarashga munosabat bildirmaydi, ammo Nautaka va Ksenippaning hozirgi Qashqadaryo viloyatining yuqori yoki quyi qismiga to‘g‘ri kelishi masalasida bahs yuritadi. S.K. Kabanov Nautakani ham Ksenippani ham shaharlar tarzida emas, viloyatlar sifatida qaraydi. Yozma manbalarda ikki viloyat – Nautaka va Ksenippalar ma’lum, - deydi S.K. Kabanov, - ularni tarixchilar va qadimshunoslar Qashqadaryo vohasida deb ko‘rsatadilar. Bu viloyatlar, albatta, vohaning yuqori va quyi qismidagi ikki qadimiy dehqonchilik vodiylari – Shahrisabz va Qarshiga to‘g‘ri keladi. Biroq bu nomlarning hozirgi joylariga to‘g‘ri kelishi masalasida tadqiqotchilarning qarashlarida tafovut bor. S.K. Kabanov fikriga ko‘ra Nautaka vohaning yuqori qismi, Ksenippa esa quyi qismi, ya’ni Ksenippa – Naxshob (Qarshi), Nautaka esa Kesh (Shahrisabz)ga to‘g‘ri keladi17.
M.Ye. Masson esa bunga zid fikrni qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni, uningcha, Ksenippa vohaning yuqori qismi, Nautaka bo‘lsa quyisida joylashgan. Qadimshunos olim bunda Navtoqning – quyi viloyatning asosiy shahri Yerqo‘rg‘on xarobasi o‘rniga to‘g‘ri kelishini ham qayd etadi18.
Yuqoridagi fikrlardan ham ko‘rinib turibdiki, Nautakaning joylashuvi haqida turli fikrlar mavjud. Jumladan, Nautaka bu – Shahrisabz shahridan Amudaryogacha cho‘zilgan keng viloyatning nomi (V.V. Grigorev), Shahrisabz atrofi yerlari (V. Tomashek, F. Shvars), Qashqadaryo vohasi (K.V. Trever), Qarshi yoki Shahrisabz (I.G. Drayzer), Qashqadaryoning sharqiy qismi (S.K. Kabanov), Qarshi vohasi (M.Ye. Masson), Chimqo‘rg‘on – Yakkabog‘ tumani va Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag‘ri (E.V. Rtveladze), Zarafshon tizmasidan boshlangan O‘radaryogacha bo‘lgan hudud (A.S. Sagdullaev)19.
Nautaka va Ksenippaning qaysi biri Kesh yoki Naxshobga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida olimlar izlanishlar olib borib, bir to‘xtamga kelishgani yo‘q.
Nautaka – Kesh shahri tarixini xitoy yozma manbalarida ham uchratishimiz mumkin. Xitoy tarixchilari Keshni turlicha nomlar bilan tilga olishgan. Xitoy yilnomasidan biri “Tyanshu”da Kesh toponimi Kyusha shaklida 656 – 660 yillarga oid voqealarda qayd etilgan20.
Xitoy manbalaridan biri “Katta Xon Uyi tarixi”da Kesh shahri Suse yoki Suxe shaklida uchraydi. Yana bir manba “Beyshi”da bu hudud Shы yoki Shi tarzida talaffuz qilingan. Uni Di-chje boshqargan bo‘lib, So‘g‘dda birinchi bo‘lib Xitoy xukmdori Da-ie (605 – 616 yillar) bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan21.
Xitoy manbalaridan biri “Taypin xuanyuyszi”da ko‘rsatilishicha, “Suy sulolasi davrida Kesh (Shigo) hukmdorlari Xitoy bilan aloqa o‘rnatgan”, - deyilgan. Bu manbadan shuni aytish joizki, Keshda maorif V asrdan oldin paydo bo‘lgan.
Xitoy tarixchilari Kesh (Shi)ni “shi” tarzda yozishgan, qadimda esa, “Siesiau”, “Siausie”, “Sie” kabi talaffuz qilingan. N.Ya. Bichurin transkribsiyasiga ko‘ra bu yozuv “shы” tarzida bo‘lib, lekin u Xitoy manbalarida qadimgi Kesh deb ko‘rsatilgan demaydi22.
Keshda bo‘lgan Xitoy sayyohlari – budda rohiblari o‘zlarining kundaliklari “Da Tan Siyuszi”da Kiatshanna (Kiat-shang-na, zamonaviy adabiyotlarda Sie-shuang-na) Samarqand (Samoszyan)dan 300 li uzoqlikda joylashgan. Tan imperiyasi davrida u Shi deb atalgan. Matnlarda ko‘rsatilgan Kiat-shang-na mahalliy aholi tilida Kiatshana, Kishana yoki Kushaniya deb talaffuz qilingan bo‘lishi mumkin.
“Tan sulolasining yangi tarixi” (“Sin Tan Shu”)da ko‘rsatilishicha, Shi syuysha, Kiatshanna deb nomlanib, u Dumo daryosining janubiy qirg‘og‘ida joylashgan. Shu tarixchilarning ta’kidlashicha, Syansin (656 – 661) davrida bu hudud syuysha deb atalgan,... Tyanbao (742 – 755) davrida Tan imperatorining buyrug‘i bilan Layvey deb nomlangan. szyuysha toponimi “Taypin xuanyuy szi”da ham uchraydi. Birgina “Tan xueyyao”da bu toponim “syuy” shaklida yozilgan.
Tarixchilarning Kesh shahri haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlari mavjud. “Sin Tan Shu”, “Tundyan”, “Tan xueyyao” va “Taypin xuanyuy szi” ma’lumotlariga ko‘ra Kesh davlati hukmdori Dae (605 – 617) davrida o‘zining poytaxt shahri sishini tashkil qiladi. “Si” yozuvi qadimda “kiet” deb, “shi” esa shie deb talaffuz qilingan. Kiet-shie kent (shahar), shi toponimi esa Kesh ma’nosini anglatadi. Kent-Kesh shahrining hajmi “Bey shi” va “Suy shu”da ko‘rsatilishicha, Kesh (Shi) davlatining poytaxti 1,14 km.ni askarlari esa 1000 kishidan ko‘proqni tashkil etgan23.
Shuningdek bu ma’lumotlardan tashqari Xitoyning szin sulolasi (265 – 419) xronologiyasi ma’lumotlari ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, shu paytgacha Sirdaryo oqimi o‘rtasida joylashgan Kangyuy davlati podshosining qarorgohi Qashqadaryo vodiysiga ko‘chirilgan. Shunday qilib, milodning III – IV asrlarida Janubiy Sug‘dda Abtat sulolasining yagona davlati barham topgach, mustaqil yerlarda – Samarqandga tobe bo‘lgan Shi (Kesh) va Nashebo (Naxshab) paydo bo‘lgan24.
Biroq ushbu vaziyat milodning IV asri 2-yarmi va V asr boshida yana o‘zgargan hamda Janubiy Sug‘d hududi yagona o‘lkaga birlashgan. Yozma manbalar va numizmatik ma’lumotlar ham shundan darak beradi. Shu vaqtdan to VII asr boshigacha Janubiy Sug‘d hududida tanga old tomonini bir yonining sochi o‘ziga xos tarzda turmaklangan hukmdor, uning yonida esa ikki so‘zdan iborat sug‘d afsonasi, tanganing orqa tomonida orqa oyog‘ida tik turgan sherni qilich bilan mag‘lub etgan bahodir (qahramon, shoh) tasvirlangan qadimgi messopotam – eron lavhasi aks ettirilgan mis tanga zarb etilgan.
S.Kabanovni qayd etishicha, bu tangalarni asli kelib chiqishi kushonlik bo‘lgan Naxshab hukmdorlari zarb etgan. M. Masson esa, aksincha, bu tangalar milodning III – IV asrlarida arshakiylar sulolasining avlodlari tomonidan zarb etilganini ta’kidlaydi. Lekin ularning fikri sug‘d afsonasini noto‘g‘ri o‘qigani va tushunganiga asoslangan. Afsonaning birinchi so‘zi, V. Livshisning izohlashicha, KЉNK MLK – Kesh podshohi so‘zini anglatadi. Bundan tashqari, undagi ikkinchi harf – u, butun afsona esa KYЉNK MR` [V] deb o‘qiladi. Tadqiqotchilarimizning fikriga ko‘ra, bu tangalarda Kesh toponimi, A – 4 raqamli oromiy hujjatidagi kabi KYЉ – Kesh deb berilgan25.
Xitoy yilnomalaridan birida Kesh szyuysha yoki szeshuanna, shahar xukmdorini esa sishi deb ataganlar26. Sug‘diyonada 639 yilda bo‘lgan xitoy sayyohi Syuan – szan Keshni szeshuanna deb atagan27.
Qadimgi yozma manbalarda Qang‘ davlati tarkibiga beshta viloyat kirganligi ta’kidlab o‘tiladi. Bular: Su–se, Fumu, Yuni, Gi, Yuegyan viloyatlari. Turli manbalarda bu hududlarni geografik joylashishi turlicha berilgan. S.P. Tolstov xitoy manbalarida aytilgan bu besh hududni quyidagicha izohlaydi: Suse – Qashqadaryodagi Kesh, Fumu – Zarafshondagi Kushon, Yuni – Shosh (hozirgi Toshkent), Gi – Buxoro, Yuegyan – Xorazm (Urganch)28. A.N. Bernshtam esa Yuni – Toshkent hududi, Suse – Sirdaryoning o‘rta oqimi , Fumu – Yangi Qo‘rg‘on (Kazalins orolida), Gi – Sirdaryoning quyi oqimi, Yuegyan – Xorazm deb hisoblaydi.
Xitoy manbalarida Samarqand va uning atrofidagi yerlar Kan deb atalgan. Kan bu butun Sug‘diyonani ifodalovchi nom ham bo‘lgan. An (Buxoro), sao (Samarqand g‘arbidagi cho‘l yerlar), Shi (Kesh), Nashebo (Naxshab), Unage (Chorjo‘y) Kan hukmronligiga tobe bo‘lgan viloyatlar hisoblangan29.
Bu manbalardan ko‘rinib turibdiki Keshning Suse, szeyshuanna, szyuysha va Shi shaklini Xitoy manbalarida uchratish mumkin.
Katta Xan Uyi tarixiga ko‘ra, mil.avv. II asr oxiri va milodning I asrida O‘rta Osiyodagi ikki daryo oralig‘idagi butun hudud Kangyuy davlatining ulkan konfederativ tarkibiga kirgan. Uning qaramog‘ida beshta kichik yer bo‘lgani yuqorida keltirib o‘tilgan. Ulardan biri Suxe yoki Suse Kesh o‘rnida joylashgan. Suxe shahridagi qadimgi yerlar – “Shi yeri” (ya’ni, Naxshab), Kyuysha, Gieshuanna (ya’ni, Kesh) kichik Kangyuyga qarashli bo‘lgani to‘g‘risidagi fikr Xitoyning Tanshu xronikasi ma’lumotlariga asoslangan30.
Tanshu ma’lumotlariga ko‘ra, Shi va Gieshuanna Kangyuyning yagona Suse – Suxe yerlarini tashkil etgan. Buni numizmatik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.
Tadqiqotchi olimlarimiz fikriga ko‘ra shahar nomining dastlabki ko‘rinishi Kishan yoki Keshan bo‘lgan. Tangalardagi sug‘dcha matnlarda u KSnK sifatida yoziladi va ت suffiksli KSn so‘zidan tarkib topadi. Xitoychada qisqa szyuysha – Kyuysha bilan bir qatorda szyuyshuanna shaklidagi to‘liq yozuvi ham uchrashi bejiz emas31. Bu ikki shakl taomilda bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin keyinchalik VIII asrdayoq qisqa shakldagi Kesh – Kish nomi ancha to‘liq Keshan – Kishanni surib chiqargan.
Musulmon yozma manbalarida Kesh nomi dastavval VII asr oxiri VIII asr boshlarida qo‘llanilgan.
Ularda shahar nomining Kash, Kish va Kesh kabi shaklda yozilishi uchraydi. Biroq ulardan qay biri nisbatan to‘g‘riroq ekanligi masalasi noaniqligicha qolmoqda. Tangalardagi so‘g‘dcha matnlarda bu so‘z doim unlisiz – KS shaklida beriladi. Ilmiy adabiyotda va muomalada Kesh nomi qaror topgan, biroq bu toponimning to‘g‘ri nomi Kesh yoki Kiss ham bo‘lishi mumkin-ki, Yoqut aynan shu atamani Ibn Mukulga suyangan holda ilgari surgan32.
Arab – fors manbalarida bu nomning uch xil shakli: Kishsh, Kiss va Kashsh qabul qilingan. As-Sam’aniy XII asrning birinchi yarmida Kesh hududida o‘n ikki kun bo‘lib, Kesh talaffuzda Kashsh shaklida tarqalganligini aniqladi. Yoqutning ta’kidlashicha Kiss shaharning arabcha talaffuzi. Yoqutning ma’lumotiga ko‘ra XI asrda mahalliy aholi orasida Kish shaklida talaffuz qilingan. Beruniy Kash mahalliy shakl, Kas esa forsiy shakl deb aytgan33.
“Hudud al-alam” asarida faqat birgina Kish shakli uchraydi. Tojikistonning Mug‘ tog‘idan topilgan Sug‘d manbalarida “keshliklar” “Keshda yashovchilar” so‘zi uchraydi34.
Tojikistonda Nizomulmulkning “Siyosatnoma”si35, Abu Rayhon Beruniyning “Osor ul-boqiya”36 asari chop etilgandi. Bu kitoblarda Qashqadaryo vohasida VIII asrlarda kechgan arablar istilosi, Muqanna boshliq xalq isyoni haqida qiziqarli ma’lumotlar mavjud.
Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad as-Samoniyning (1113 – 1167) “Kitob al-ansob” qomusiy asarida O‘rta Osiyo tabiati, xo‘jaligi, shaharlari, olim va fuzalolari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan, Kesh alohida viloyat sifatida tavsiflangan. Kesh shahri Naxshabga nisbatan kichikroq va mahalliy aholi shahar nomini “Kishsh” shaklida talaffuz qiladi, deyiladi37. Ushbu asarda Nasaf va Kesh viloyatlaridagi 70 dan ortiq qishloqlar, qasabalar tilga olingan38.
XX asr tadqiqotchi olimlari tomonidan ham Kesh tarixi to‘g‘risida bir qator manbalar mavjud.
Arxeolog olim A.S. Sagdullaev Keshni Hozirgi Kitob o‘rnida deb ko‘rsatadi.
Ko‘p tadqiqotchilar Kash toponimini Qashqadaryo vodiysidagi Kesh bilan aynan bir joy deb hisoblashadi. V.P. Lukonin esa bu joy Qoshg‘ar bo‘lishi mumkin deb ham taxmin qiladi39.
V.V Bartold Kash (Kesh) shahrining hozirgi paytda Shahrisabz deb atalishi, uning Samarqand va Balx savdo yo‘li bo‘yida joylashganligini qayd etgan40.
V.V. Bartold Kesh nomini ma’qul topgan, shundan so‘ng bu nom ilmiy adabiyotlarda keng qo‘llanila boshlagan. Vaholanki Kish shakli to‘g‘riroqligiga ham asoslar kam emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |