Bemorlarni so`rab-surishtirganda kasallik tarixi(anamnezi)ga to`xtalish zarur. Kasallikning qachon paydo bo`lganini, ayrim simptomlarining tabiatini, kasallik sabablarini, kasallik dinamikasi, olib borilgan davo choralarini bilib olish zarur.
Bemorning turmush tarixidagi zarur voqealar ham aniqlab olinadi. Ilgari boshidan kechirgan kasalliklar, mehnat va turmush sharoitlari, zararli odat va o`rganishlari, nasldan-naslga beriluvchanligi, asab ruhiy zo`riqishlari haqida ma`lumot olinadi. Ayollarda homiladorlik va tug`uruqlarning qanday o`tganligini aniqlab olish lozim, chunki qon aylanish tizimi kasalliklarining belgilari ana shunday davrda paydo bo’ladi.
Ko`zdan kechirish. Bemorning vaziyatiga ahamiyat beriladi. Sezilarli darajada hansirayotgan kasallar majburiy holat qabul qilib, oyoqlarini past tushirgan holda o`tirishadi (ortopnoe). Badan terisi va ko`rinib turgan shilliq pardalarning rangiga baho berilar ekan, badan terisining ko`karib turgan-turmaganligi, ya`ni sianoz bor-yo`qligi aniqlanadi. Qon aylanishi buzilgan mahallarda sianoz qo`l va oyoq barmoqlari, burun uchi, lablar, quloq supralarida hammadan ko`ra sezilarli bo`ladi. Qon aylanish yetishmovchiligi uchun badanda shishlar bo`lishi harakterlidir. Tomirlarni ko`zdan kechirish mahalida gipertoniya kasalligi bilan og`rigan bemorlarda ko`tarilib chiqqan va egri-bugri bo`lib turgan arteriyalarni ayniqsa chekka arteriyalarni ko`rish mumkin. Venalarni ko`zdan kechirishda aksari ularni kengayib, qonga to`lib turganini ko`rish mumkin. Venada qon dimlanib qolganda shunday narsa kuzatiladi.
Palpatsiya. Yurak palpatsiya qilib ko`rilganida yurak uchining zarbi aniqlanadi, tomirlar pulsasiyasining bor-yo`qligi topiladi. Yurak uchi zarbini aniqlash uchun o`ng qo`l kaftini bemor ko`kragiga, III va IV qovurg`alari orasiga qo`yib ko`rish kerak, bunda qo`l panjasining asosi bemor to`shiga, barmoqlari esa qo`ltiq osti chizig`iga qarab turadigan bo`lishi kerak. Uch barmoqning oxirgi falangalarining yumshoq joyi bilan zarbning olgan o`rni va yurak uchining harakatlari aniqlab olinadi. Sog`lom odamlarda yurak uchining zarbi beshinchi g`ovurg`alar orasida, chap o`rta-o`mrov chizig`idan 1-1,5 sm ichkarida joylashgan bo`ladi. Pulsni tekshirish tomirlar tonusining holatini baholashga imkon beradi. Puls yurak qisqarishlari munosabati bilan arterial tizimga qon o`tib turishi tufayli arteriyalar devorining tebranib turishi, urib turishidir. Pulsni bilak arteriyasining pastki qismidan, bilak oldingi yuzasida, qo`l panjasi yaqinidan aniqlash qulay. Pulsni topgandan keyin uning tezligi, ritmi, to`lishuvi va tarangligi aniqlanadi. Katta yoshli odamda puls tezligi minutiga 60-80 ta bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |