282.XX - asr boshlarida Xiva xonligida ijtimoiy–siyosiy vaziyat. “Yosh xivaliklar”.
Yosh xivaliklar — Xiva xonligida jadidlar tashkil qilgan partiya (firqa) (1914—21). Oʻz safida milliy ziyolilar, hunarmand, dehqon, savdogarlar, islom ulamolari va ayrim davlat amaldorlarini birlashtirgan. 1914 y. avg .da Yo. x. partiyasiga Polvonniyoz hoji Yusupov asos soldi. Jumaniyoz Boboniyozov, Bobojon Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov,
Husaynbek devonbegi Matmurodov, Muhammadyorxoʻja Abdullayev partiyaning faollari edi. Partiyaning eʼlon qilingan dasturida xon hokimiyatini cheklaydigan islohotlar oʻtkazish, mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish, xalqni maʼrifatli qilish moʻljallangan. Xiva xonligidagi 1916 y. qoʻzgʻolonida faol qatnashgan Yo. x.ning rahbarlaridan biri qozikalon Bobooxun Salimov (1874— 1929) qoʻzgʻolonchilar faoliyatini yashirin ravishda boshqardi. 1917 y. fevral inqilobi Yo. x. faoliyatiga kuchli taʼsir koʻrsatdi, ular ochiq kurash yoʻliga oʻtdi. 1917 y. 5 aprelda Xiva xoni Asfandiyorxon Yo. x. takdim etgan manifestni imzolashga majbur boʻldi. Manifestda yangi usul maktablari ochilishi, mamlakatda t. y., pochta, telegraf barpo etilishi zarurligi, davlat xazinasi nazorat ostiga olinishi, barcha amaldorlarning saylanishi va maosh bilan taʼminlanishi, butun aholining shariat oldida tengligi taʼkidlangan edi. Isloxrtlar amalga oshirilishini nazorat qilish uchun 30 vakildan iborat muvaqqat qoʻmita tashkil topdi. 8 aprel da mamlakatni boshqarish uchun Xivada xon huzurida Majlis (raisi — Bobooxun Salimov) va Nozirlar Kengashi (raisi Husaynbek devonbegi Matmurodov) tuzildi. P. Yusupov (1861—1936) ga Rossiya hukumati va rus qoʻshinlari bilan munosabatlarni barkarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Muvaqqat qoʻmita tarkibiga keyinchalik yana 19 kishi, shuningdek, 7 turkman kiritildi. Yo. x. Xiva xonligida hokimiyatni boshqaruvchi hukmron kuchga aylandi. 1917 y. mayda Majlis raisi Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiya Muvaqqat hukumat vakillari bilan muzokara oʻtkazish uchun Toshkentga joʻnadi. Asfandiyorxon Muvaqqat xukumatning Xivadagi vakili general Xoʻja Mirbadalov (millati tatar) boshchiligidagi harbiy kuchlarga tayanib, iyunda Majlisni tarqatib yubordi. Xon oʻziga maʼqul kishilardan yangi tarkibdagi Majlis (raisi — Ortiq Oxun) va Nozirlar Kengashi (raisi — Ishoqxoʻja Xoʻjayev)ni tayinladi, Yo. x.dan shafqatsiz oʻch olishga kirishdi. H. Matmurodov boshchiligidagi sobiq Majlisning 17 aʼzosi qamoqqa olindi, Bobooxun Salimov ustidan kuchli nazorat oʻrnatildi, Yo. x. partiyasining barcha aʼzolari kofir, deb eʼlon qilindi. 1917 y. sent.da Xivaga polkovnik Zaysev katta kazak otryadi bilan yetib keldi. 21 noyabrda Yo. x. ustidan "qozilarning shariat sudi" oʻtkazildi. 1917 y. noyabrda Asfandiyorxon rus kazaklari yordamida Majlisni butunlay tugatdi. Xonning istibdod tuzumi bilan kurashda maglubiyatga uchragan Yo. x. mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1917 y. noyabr—dek.da P. Yusupov, N. Sholikorov (1881 — 1938) Toshkentga, mulla Jumaniyoz Sultonmurodov —
PetroAleksandrovsk (hoz. Toʻrtkoʻl)ga yetib borishdi. Yo. x. partiyasining boshqa yetakchilari Husaynbek Matmurodov, Ishoqxoʻja Xoʻjayev, Abdusalom Hoji Islomxoʻjayev, Hoji Avazberdi Eshonov xon buyrugʻi bilan qatl qilindi (1918 y. 18 may). 1918 y. boshlarida Toshkentda Yo. x. qoʻmitasi tuzildi (raisi — Polvonniyoz Yusupov). Yo. x. taktik maqsadlarni koʻzlab, bolsheviklar bilan yaqinlashdi. Toʻrtkoʻldagi Yo. x. dan bir guruh inqilobchilar bilan ajralib, 1919 y. boshida kommunistik guruh (fraksiya) tuzganligini eʼlon qildi (raisi — Jumaniyoz Sultonmurodov). Yo. x. partiyasiga koʻplab aʼzolar kelib qoʻshildi. Uning yangi dasturi qabul qilinib, unda demokratik islohotlar dasturi bayon etildi. Xiva xoni, toʻralar va beklarga qarashli butun molmulkni xalqqa berish, katta boylarning yerlarini kambagʻallarga taqsimlash, bepul shifoxonalar va maktablar ochish, yoʻllar va koʻpriklar qurish, siyosiy erkinlik, milliy tengxuquqlilik, xonlik tuzumini agʻdarib tashlab, demokratik xalq hokimiyati — respublikani barpo qilish koʻzda tutildi. Rossiya va Turkistonning bolshevik rahbarlari Xiva xonligidagi barcha muxolif kuchlarni jipslashtirishga zoʻr berib intildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |