Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya
Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20- noyabrda bir ovozdan qabul qilingan bo’lib, O’zbekiston Respubliksi tomonidan 1992-yil 9-dekabrda ratifikatsiya qilingan va 1994-yil 29-iyul sanasida kuchga kirgan. Bugungi kunga kelib 193 mamlakat ushbu konvensiya ishtirokchisi sanaladi. Xalqaro shartnomalar turiga ko’ra davlatlararo shartnoma hisoblanadi.
Konvensiya ushbu nomdagi Deklaratsiya va boshqa xalqaro hujjatlardagi bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunlarni oʻzida mujassamlashtirgan. U muqaddima, 3 qism, 54 moddadan iborat. Konvensiyaga asosan agar milliy qonunlarda balogʻat yoshi birmuncha erta belgilangan boʻlmasa, 18 yoshga toʻlmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Bola huquqlari toʻgʻrisida konvensiya insonning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari yigʻindisidan iborat. U bolalar oʻzining axloqiy, aqliy va ruhiy qobiliyatlarini erkin rivojlantirishi uchun boshqa narsalardan tashqari sogʻligʻi va atrof muhitning xavfsizligi, tibbiy yordamga ega boʻlish va ovqatlanish, kiyim-kechak, turarjoy xususidagi minimal normalar bilan taʼminlanishi zarurligini talab etadi. Konvensiyaga ko’ra, bola oʻzining kamol topishida oʻzi faol ishtirok etish, oʻz fikrini bayon qilish huquqiga ega, bu esa uning hayotiga oid masalalarni hal etishda hisobga olinishini taʼminlaydi. Konvensiya bolaning yashash va sogʻlom rivojlanish huquqiga, farzandlikka olish bilan bog’liq huquqqa, noraso bolalar va qochoq bolalar, shuningdek huquqbuzarlik sodir etgan bolalarning huquqlariga oid qoidalarni oʻz ichiga oladi, bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ularni himoya qilishda oila va ota-onaning birinchi darajali roli, bolalarga yordam koʻrsatish borasidagi majburiyatini tan oladi. Bolalarni kamsitmaslik — Konvensiyaning muhim tamoyillaridan hisoblanadi. Bolalar irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodi, millim, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, sogʻligʻining ahvoli otaonasi yoki qonuniy vasiysi yoxud qandaydir boshqa holatlardan qati nazar, bironbir kamsitishlarsiz oʻz huquqlaridan foydalanishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiyani 1992-yil ratifikatsiya qilgach, o‘z zimmasiga uning barcha qoidalariga rioya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlar olgan. Mamlakatda xalqaro majburiyat doirasida, avvalo, Konvensiyani o‘rganish va amalga oshirilishi bo‘yicha nazoratni olib boruvchi ishchi guruhi tuzildi. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilinganidan buyon o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston bir qancha tegishli qonunlarni qabul qildi, ular qatorida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun alohida rol o‘ynaydi.
4 bob, 32 moddadan iborat bo‘lgan mazkur Qonun O‘zbekiston qo‘shilgan “Bola huquqlari konvensiyasi”ning milliy qonunchilikka to‘liq implementatsiyasi hisoblandi. Mazkur qonunda sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy ta’minot va har tomonlama rivojlantirish sohalarida bola huquqlarining kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu qonunda ijtimoiy zaif bolalar va alohida ehtiyojlarga muhtoj bolalarning huquqlari alohida e’tibor qaratilgan. Mazmunan u bolani teng huquqli shaxs deb tan oluvchi Konvensiyasining milliy nusxasidir. Binobarin, har bir insonning barcha huquq va erkinliklari bolalarga ham tegishlidir. Asosiy maqsadi bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lgan mazkur Qonun “O‘zbekiston huquqiy tarixida bola huquqlari sohasidagi birinchi kodifikatsiyalangan hujjat hisoblanib, O‘zbekistondagi barcha bolalarning o‘ziga xos Bolalar Konstitutsiyasi bo‘lib qoldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida inson, shu jumladan, bola ham, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat, deb e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |