Kondratev sikli - «uzoq to’lqinlar» sikli deb ham ataladi. Sikllilikning bu nazariyasini ishlab chiqishga rus olimi N.D.Kondratev katta hissa qo’shadi. Uning tadqiqoti Angliya, Frantsiya va AQShning, 100-150 yil davomidagi rivojlanishini qamrab oladi. Bunda u iqtisodiy o’sishning ko’p omilli tahlilini o’tkazib, ya’ni tovar narxlari kapital uchun foiz, nominal ish haqi, tashqi savdo aylanmasi kabi makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning o’rtacha darajasini umumlashtirish natijasida bir qator katta sikllarni ajratib ko’rsatadi.
Kondratev siklining davomiyligi o’rtacha 40-60 yilni tashkil qiladi va uning asosiy xususiyati texnika taraqqiyoti hamda tarkibiy o’zgarishlarni o’zida aks ettirishi hisoblanadi.
Kondratev birinchi katta siklning yuksalish fazasini Angliyadagi sanoat revolyutsiyasi, ikkinchisini - temir yo’l transportining rivojlanishi, uchinchisini - elektroenergiyasi, telefon va radioning kashf etilishi, to’rtinchisini - avtomobil sanoatining rivojlanishi bilan bog’laydi. Hozirgi zamon tadqiqotchilari beshinchi tsiklni elektronika, gen injenerligi va mikroprotsessorlar rivojlanishi taqoza qilishini ko’rsatadilar.
Iqtisodiy sikl barcha tomonlari bilan namoyon bo’lib, amalda iqtisodiyotning hamma sohalariga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Iqtisodiyot tarkibiy qismlarning o’zaro bog’liqligi sababli uning hech bir sohasi inflyatsiya to’lqini yoki turg’unlikning nohush oqibatlaridan chetda qolmaydi. Ammo shuni e’tiborga olish zarurki, iqtisodiy tsikl alohida shaxslar turmush darajasi va korxonalar iqtisodiy faolligiga turli darajada ta’sir ko’rsatadi.
Odatda iqtisodiy inqirozlardan sanoatning ishlab chiqarish vositalari va uzoq muddatli foydalaniladigan iste’molchilik tovarlari ishlab chiqaradigan tarmoqlari ko’proq yo’qotishga uchraydi.
Uy-joy va sanoat binolari qurilishi, og’ir mashinasozlik hamda investitsion tovarlar, avtomobillar, maishiy xo’jalik buyumlari va shunga o’xshash tovarlar ishlab chiqarish bilan bog’liq sanoat tarmoqlari va ularda band bo’lgan ishchilar siklning inqiroz fazasida og’ir oqibatiga uchraydi. Biroq, bu tarmoqlar siklning yuksalish fazasida o’zining rivojlanishi uchun yuqori darajada rag’bat oladi.
Iqtisodiyot qiyinchilikni boshdan kechira boshlaganda, ishlab chiqaruvchilar ko’pincha zamonaviy uskunalarni sotib olishni va yangi zavodlar qurishni to’xtatadi yoki qandaydir muddatga kechiktirishi mumkin. Bunday kon’yuktura sharoitida investitsion tovarlar zahiralarni ko’paytirish hech qanday iqtisodiy mazmunga ega emas, aksincha korxonalar mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan ancha to’laroq foydalanishlari mumkin bo’ladi.
Iqtisodiy jihatdan qulay davrlarda ya’ni siklning jonlanish va yuksalish fazalarida ishlab chiqarish vositalari odatda ular to’liq eskirganicha almashtiriladi. Ammo tanazzul davri kelganida, korxonalar o’zining eskirgan uskunalarini ta’mirlab, ularni ishga tushiradi. Shu sababli bu davrda ishlab chiqarish vositalariga investitsiyalar keskin qisqaradi. Ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud bo’lgan ayrim korxonalar, hatto iste’mol qilingan asosiy kapitalining o’rnini qoplashga ham harakat qilmaydi.
Qisqa mudatli foydalaniladigan iste’molchilik tovarlari ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlari siklining oqibatlarini nisbatan kamroq darajada sezadi.
Aholi yoki keng iste’molchilar qatlamiga iqtisodiy sikl turlicha ta’sir ko’rsatadi. Tanazzul davri boshlanganda, doimiy daromad oluvchi iste’molchilar oila byudjetini qisqartirishga to’g’ri keladi, maishiy texnika va avtomashina kabi uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilishini to’xtatadi. Har qanday sharoitda ham oila a’zolari yeb-ichishi va kiyinishi zarurligi tufayli, oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar, ya’ni qisqa muddatda foydalanadigan iste’molchilik tovarlarini xarid qilishni to’xtatish mumkin emas. Faqat, bunday tovarlarni xarid qilish miqdori qandaydir darajada kamayishi mumkin.
Investitsion tovarlar va uzoq muddat foydalaniladigan iste’molchilik tovarlari ishlab chiqaruvchi ko’pchilik sanoat tarmoqlari yuqori darajada monopol mavqega egaligi bilan farqlanadi va natijada bozorda nisbatan ko’p bo’lmagan yirik firmalar ma’lum davr davomida narxning pasayishiga qarshi turishi, talabning kamayishi sababli mahsulot chiqarish hajmini cheklash uchun etarlicha monopol hukumdorlikka ega bo’lishi mumkin. Shu sababli talabning kamayishi birinchi navbatda ishlab chiqarish va bandlik darajasiga ta’sir ko’rsatadi. Bunga teskari bo’lgan holatni qisqa muddatli foydalaniladigan iste’molchilik tovarlari ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlarida kuzatish mumkin. Bu tarmoqlarning ko’pchiligi o’zlarining raqobatga layoqatsizligi va ishlab chiqarish markazlashuv darajasining pastligi bilan xarakterlanadi. Shu sababli ular siklning salbiy oqibatlariga qarshi tura olmasligi mumkin va mahsulotlarga bo’lgan talabning pasayishi, ishlab chiqarish darajasiga qaraganda narxlarda ko’proq aks etadi.
Demak, kapitalning to’planishi yuqori darajada bo’lgan tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmining keskin pasayishi va narxlarning nisbatan sekin tushishi, to’planish darajasi past bo’lgan tarmoqlarda narxlarning sezilarli tushishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmining nisbatan kam qisqarishi kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |