Iqtisodiy inqiroz deb ishlab chiqarish hajmining keskin tushib ketishiga aytiladi.
Inqirozning sababi shundan iboratki, jamiyatda ishlab chiqarilgan tovarlar massasi to’lovga qobil talabga mos kelmay (undan oshib ketadi yoki kam bo’ladi) qoladi. Natijada ishlab chiqarishning bir qismi to’xtab qoladi, tovarlar ishlab chiqarish kamayadi, ishlab chiqarishning o’sish davri uning tushkunligi bilan almashinadi. Iqtisodiyotning tez o’sish davrlari ko’pincha inflyatsiya, ya’ni narx darajasining ko’tarilishi bilan orqaga ketadi. Shunday davrlar ham bo’ladiki, bunda iqtisodiy o’sish bandlilik va ishlab chiqarishning past darajasiga o’rin beradi, ayrim hollarda narx darajasining ko’tarilishi bilan birga ishsizlik ham keskin o’sadi. Qisqacha aytganda, iqtisodiy o’sishning uzoq muddatli tamoyillari ham ishsizlik, ham inflyatsiya oqibatida uzilib qoladi va murakkablashadi. Inqirozlarning asosiy sababi - takror ishlab chiqarishdagi beqarorlik va nomutanosibliklardir. Bu avvalo ishlab chiqarish va uning natijalarini o’zlashtirish o’rtasidagi nomutanosiblik bo’lib, u turli ishlab chiqarish usullari va iqtisodiy tizimning har xil nusxalarida turli shakllarda namoyon bo’ladi.
Ishlab chiqarish bilan iste’mol, talab va taklif o’rtasidagi vaqti-vaqti bilan yuzaga kelib turadigan nomutanosibliklar ham iqtisodiy inqirozlarning yuzaga chiqish imkoniyatini saqlaydi.
Kapitalizmgacha bo’lgan davrlarda ishlab chiqarishning keskin qisqarishi, odatda tabiiy ofatlar (qurg’oqchilik, toshqinlar va x.k.) yoki urushlar va ularning keltiradigan vayronagarchiliklari bilan bog’liq bo’lgan. Yirik mashinali ishlab chiqarishga o’tilgandan keyingi davrda vaqti-vaqti bilan iqtisodiyotni larzaga solib turuvchi iqtisodiy inqirozlar ijtimoiy takror ishlab chiqarishga sikllik xarakterni kasb etadi.
Ko’pchilik hozirgi zamon iqtisodchilari iqtisodiy sikllarning obyektiv xarakterini tan olib, bu hodisani unga ta’sir ko’rsatuvchi ichki va tashqi omillarni tahlil qilish orqali o’rganishni tavsiya qiladi.
Tashqi omillarga iqtisodiy tizimdan tashqarida yotuvchi va iqtisodiy hodisalarning davriy takrorlanishini keltirib chiqaradigan omillar kiritiladi. Bu tashqi omillar ichidan quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:
- urushlar, inqilobiy o’zgarishlar va boshqa siyosiy larzalar;
- oltin, uran, neft va boshqa qimmatli resurslar yirik konlarning ochilishi;
- yangi hududlarning ochilishi va bu bilan bog’liq ravishda aholi migratsiyasi, yer shari aholisi sonining o’zgarib turishi;
- ijtimoy ishlab chiqarish tarkibini tubdan o’zgartirishga qodir bo’lgan texnologiya, tadqiqotlar va innovatsiyalardagi qudratli o’zgarishlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |