- Mulk umurining nizomin bilgusi ahli sipoh,
- Ne bilur assorlar, attorlar, jo’lohlar.
- Naqlga ko’ra, odil xalifa Umar bin Abdulaziz mashhur shayx Hasan Basriyga maktub yo’llab, “Alloh amrida menga yordamchi bo’la oladigan olimlarni ma’lum qilg’il”, debdi. Basriy javob xatida demish: “Chin olimlar sening yoningda bo’lmog’ni istamaydilar. Dunyonarast va shuhratsevar olimlarni sen xohlamaysan. Senga beradigan bir maslahatim shuki, nasab jihatidan sharafli bo’lganlarni izlab top. Chunki ular o’z sharaflarini xiyonat ila kirlatmaslar”.
- Ogahiy Hasan Basriyning nasihat so’zlariga yaqin gapni she’riy tarzda aks ettirarkan, sharaf sohiblarini arslonga, pastkash va tuban tabiatli kishilarni it jinsidan bir jonzotga qiyoslaydi:
- Istama arzoldin ashrofning af’olini,
- Kim qila olmas huzbar etkan ishni rubohlar.
- Ana shundan so’ng shoir «rubohlar»ning af’oli va qilmishlarini eng xarakterli chizgilarida ko’rsatib beradi. Qizig’i shundaki, Ogahiy o’z zamonasidagi “johilu xudbin” amaldor qiyofasini ochar ekan, qancha davr va zamon o’tmasin, bu qiyofaning ichdan deyarli o’zgarmasligi, istak va intilishlarning ayni zaylda davom topishi kishini bir qadar hayron qoldiradi. Shoir yozadi:
- Johilu xudbin ko’ra olmas o’zidin o’zgani,
- Loyiqi davlat emasdur har nazar ko’tohlar.
- Dunyoda johilu xudbin, albatta, bisyor. Bunday kimsalar o’zicha yashab, ko’pchilikning hayot va faoliyatlariga aralasha olmaydigan paytlarda, balki qo’llaridan ko’p ish kelavermas. Ammo kattaroq mansabga loyiq ko’rilganda-chi? Ular hech narsadan qaytmaydigan haqiqiy yirtqichga do’nishadi. Va eng farog’atli ishlari xalqni aldash, talash va boylik to’plash bo’ladi. O’g’rilik, tamagirlik, kazzoblik ila yig’ilgan harom boyliklar esa hashamatli va naqshinkor ko’shk-ayvonlar tarzida qad rostlaydi.
- Sarf etib el molin o’z nafsi uchun qilg’ay mudom,
- Ziynatu toju turnubu siffayu bingohlar,
- so’zlarini ayni shu ma’nolarda qabul etmoq lozimdir.
- G’azalning uchinchi baytidan boshlab shoir ketma-ket tazod usulini tadbiq qiladi. Shu bois she’rxon o’zini ikki qarama-qarshi guruh qurshovida turganday his etadi. Chunonchi, bir yonda – “pasthimmat johili nav’ davlat”lar, ikkinchi tomonda – “donoyi oliy johlar”. Bir toifa davlat boshqarishning tartib-intizomini puxta egallagan amaldorlar bo’lsa, ikkinchisi – “assorlar, attorlar, jo’lohlar”. Ulardan birlari sharaf sohiblari bo’lsa, boshqalari o’zidan o’zgani ko’rishga yaroqsiz “nazari ko’toh” johilu xudbinlar. Lekin bu ziddiyag mulk sahnida kechayotgan ziddiyat, qolaversa, bu ziddiyat ogoh, dono va ashroflarning emas, o’z nafsi uchun hech nimadan qaytmaydigan johilu xudbinlar foydasiga hal bulayotir. Bas, shunday ekan, bunday “davlatxona”da turishga kim chidaydi? Ogahiy bu savolni ham javobsiz qoldirmagan:
Do'stlaringiz bilan baham: |