Elektr yuklamalarining hisoblash usullari
Bino va inshootlar qurilishining muhim bosqichlaridan biri qurilish ishlab chiqarishni tayyorlashni amalga oshiradigan tayyorgarlik davri hisoblanadi. Bu bosqichda qurilish-montaj ishlarini rejali amalga oshirishga va ob’yekt qurilishi barcha ishtirokchilarining o‘zaro bog‘liq bo‘lgan faoliyatlariga asos solinadi, bino va inshootlarni belgilangan muddatlarda sifatli barpo etish uchun zarur sharoitlar yaratiladi va ta’minlanadi.
Bu davrda qurilishni loyiha-smeta hujjatlari bilan ta’minlash masalalari, qurilish uchun maydonni ajratish va biriktirish, ob’yektni unga olib boradigan yo‘llar bilan, suv va elektrenergiyasi bilan ta’minlash, bozorni tahlil qilish va konstruksiyalarni, materiallarni hamda jihozlarni yetkazib beruvchilar bilan tayyorgarlik muzokaralarini o‘tkazish, pudrat va subpudrat shartnomalarini tuzish, ishlarni amalga oshirishga ruxsatnomalar va yo‘l berishlarni rasmiylashtirish masalalari hal etiladi.
Har bir aniq holda tayyorgarlik ishlari tarkibi tabiiy-iqlim sharoitlari, qurilish maydonining xususiyatlari, barpo etilayotgan bino va inshootlarning – yangi qurilish, kengaytirish, rekonstruksiya, to‘liq ta’mirlash kabi o‘ziga xos xususiyatlari bilan tartibga solinadi.
Ob’yektni qurishga oid bo‘lgan tayyorgarlik ishlari qurilish maydonidan tashqarida va maydon ichida bajariladigan ish turlariga bo‘linadi.
Maydondan tashqarisida amalga oshiriladigan tayyorgarlik ishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: qurilish ob’yektiga olib boradigan yo‘llarni yotqizish, elektr uzatish va telefonlashtirish liniyalarini o‘tkazish, suv ta’minoti, kanalizatsiya va yomg‘ir suvlari oqiziladigan tarmoqlarni o‘tkazishni, zarur bo‘lganda – quruvchilar uchun turar-joy posyolkalari va qurilish hamda montaj tashkilotlarining ishlab chiqarish bazalarini qurish.
Maydon ichidagi tayyorgarlik ishlariga quyidagilar kiradi: maydonda gruntning muhandislik-geologik xossalarini o‘rganish; geodezik rejalash asosini yaratish; maydonni undagi qurilish ishlarini amalga oshirish uchun bo‘shatish – hududni tozalash, undagi keraksiz qurilma va konstruksiyalarni buzib olib tashlash; hududni tekislash; yer usti va yer osti suvlarini tashqariga chiqarish, zarur bo‘lganda yer osti suvlari sathini sun’iy pasaytirish; muhandislik tarmoqlarining mavjudlarini qayta o‘tkazish va yangilarini yotqizish; doimiy va vaqtincha yo‘llarni qurish; qurilish maydonini elektr energiyasi bilan (xususan, sun’iy yoritish bilan) ta’minlash; vaqtincha to‘siqlar o‘rnatish; qurilishni yong‘inga qarshi suv ta’minoti va asbob-anjom bilan ta’minlash.
Qurilish maydoni yechinish kiyinish-maishiy xonalar, oshxona, ishlarni boshqaruvchilar va boshqa texnik xodimlar xonalari, dushxona, sanuzellar, qurilish materiallari, asboblar saqlanadigan omborlar, vaqtinchalik ustaxonalar, ayvonlar va h. k. bilan jihozlanadi. Bunday inshootlar uchun buziladigan binolarning bir qismidan foydalanish mumkin (agar ular barpo etilayotgan inshoot gabaritiga kirmasa va qurilish ishlarini me’yorida amalga oshirishga xalaqit bermasa albatta). Odatda qurilish maydonidagi vaqtincha binolar inventar blokli yoki vagon turida bo‘ladi.
Tayyorgarlik davrida vaqtinchalik suv ta’minoti (shu jumladan yong‘inga qarshi vodoprovod) va elektrenergiyani barcha maishiy va boshqa xonalarga, shuningdek elektr mexanizmlar o‘rnatiladigan joylarga tortib kelinadigan elektr ta’minoti liniyalari yotqiziladi. Qurilish boshlig‘i va ish boshqaruvchi xonalari maydon ichidagi va tashqi tashkilotlar bilan aloqa bo‘lishi uchun telefon hamda boshqa zamonaviy aloqa vositalari bilan ta’minlanishi kerak.
Qurilish maydonida qurilish mashinalari (yer qazuvchi, o‘zi yurar kranlar, samosvallar)ning vaqtincha turishi uchun joy jihozlanishi, ularni ta’mirlash uchun imkoniyatlar yaratilishi nazarda tutilishi kerak. Maydon atrofiga to‘siq o‘rnatilishi lozim va mazkur maydon berkitiladigan, ya’ni qulflanadigan darvoza va qo‘riqchilargaega bo‘lishi kerak; ob’yekt tegishli belgilar va yozuvlar bilan jihozlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |