Davolash davri kartoshka kovlab olingandan boshlanib, bunda tuganakda yetilish va shikastlangan joylar bitishi bilan bog‘liq murakkab o‘zgarishlar kechadi. Tuganakning shikastlanib kesilgan va ezilgan joylarida suberin, periderma hosil bo‘lib, po‘sti qalinlashadi, kraxmal miqdori oshib, qand miqdori kamayadi. Hatto kasallik chaqiruvchilariga qarshi zaharli moddalar (solanin, chakonin, kofein kislota, skopoletin kabilar) hosil bo‘ladi.
Davolash davri ekin navining xususiyatlariga qarab 10—15 kun davom etib, bu davrda harorat 15—20°, havo nisbiy namligi 85—95% bo‘lishi lozim.
Sovitish davrida tuganakdagi fiziologik-biokimyoviy jarayonlar eng susaygan bo‘lib, u 20—40 kun davom etadi. Bu davrda havo namligi 90—95% bo‘lib, harorat 14—18° darajadan har sutkasiga 1,5— 20 daraja sovutilib boriladi.
Shundan so‘ng kartoshkaning asosiy saqlash qishlash davri boshlanadi. Bu davrda harorat tezpishar navlar uchun 1,5—2°, o‘rtapishar navlar uchun 2—4°, kechpishar navlar uchun 4—5°, havo namligi esa 85-95% bo‘lishi lozim. Havodagi gaz miqdori va tarkibi ham tuganakning saqlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Kartoshka saqlanishi uchun eng qulay sharoit havoda kislorod 16—18%, karbonat aigidrid gazi 2—3% bo‘lganda yaratiladi. Aktiv ravishda shamollatib turish, harorat va gaz miqdorini havo va tuganaklar oralig‘ida tavsiya etilgan darajada ushlab turish imkonini beradi.
Yuqorida qayd etilgan sun’iy sovutiladigan va sovutilmaydigan omborxonalarda saqlangan kartoshka Nevskiy va Zarafshon navlarida saqlanish davrida yo‘qotishlar chiqimlar (tabiiy so‘lish, o‘simta nishlash natijasida chiqim, texnik va mutlaqo chirishlar) tadqiqot-larimizda aniqlanganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, sun’iy sovutilgan sharoitda umumiy chiqimlar 2,4—4,1% ni, sovutilmaganda esa 10,6-14,8% ni tashkil etdi.
Kartoshkaning saqlanuvchanligi saqlash usulidan tashqari, u yetishtirilgan sharoitga va o‘stirish agrotexnikasiga ham bog‘liq. Yuqori normada bir tomonlama o‘g‘itlash, aytaylik faqat azotli o‘g‘itlar berish, sug‘orish tartibi va rejimini buzish, ko‘p dozada desikant, pestitsidlar qo‘llash kabilar kartoshka saqlanuvchanligiga salbiy ta’sir etadi.
Kartoshka yig‘ish oldidan quyoshli kunda 30—40 minut turishi, natijada ancha qurib, tuproq yopishmaydi. Bundan tashqari, ularning mexanik shikastlanganlarini darhol ajratish mumkin bo‘ladi.
Saralab olingan butun va sog‘lom tuganaklarni oddiy omborxona yoki o‘ralarda ham saqlash mumkin. Oddiy omborxona (shiypon)larda kartoshka saqlanganda eshik-derazalar mahkam berkitilishini, zarurat bo‘lganda isitish choralari ko‘rilib, sovuqdan asrash yo‘llari ko‘rilishi lozim.
O‘zbekiston sharoitida ko‘pchilik hollarda kartoshka o‘ralarda saqlanadi. O‘ralar kovlanayotgan joy yer osti suvi chuqur, ariqlardan uzoq, suv to‘planmaydigan bir tomonga kam nishab bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. O‘ralarning kengligi 0,6—0.8 m, chuqurligi 0,7—0.9 m, uzunligi 2,5—4 metr qilib olinadi. O‘ralarga kartoshka joylashdan oldin obdon ichi shisha, tosh, o‘simlik qoldiq va tomirlaridan tozalanadi. O‘ra ustidagi tuproq qalinligi nam va sovuq o‘tmasligi uchun 25 — 40 sm gacha yopiladi va yomg‘ir suvlari oqib ketishi uchun yo‘l-egatchalar qilib qo‘yiladi. Erta bahorda ekishga 20—30 kun qolganda o‘ralardan kartoshka ochib olinadi va ekish oldi tayyorlanadi.
Eng avvalo saqlangan kartoshkalar 3 ta fraksiyaga mayda (30— 50 gramm), o‘rta (50—100 gramm) va yirik (100 grammdan ziyod) bo‘linadi. Mayda va yirik fraksiya tuganaklar kesilib, bo‘laklarga bo‘linadi va ertagi muddatda ekilgani maqsadga muvofiqdir. O‘rta fraksiya tuganaklari yozgacha saqlanib, butun holatda kesilmasdan kechki kartoshka olish uchun urug‘lik sifatida foydalaniladi.
Kartoshka saqlanayotganda, ko‘pincha zamburug‘, bakterial va funksional kasalliklar bilan zararlanadi. Ulardan quyidagilar eng ko‘p tarqaladi:
fuzarioz kasalligi, quruq chirish:
ho‘l bakterial chirish kasalligi, bu kasallikka chalingan tuganaklar ko‘plab suyuqlik va qo‘lansa hid chiqaradi;
qora son kasalligi, bunda yuqori harorat ta’sirida va havo almashinishining yetishmasligi natijasida tuganakning ichki to‘qimasi nobud bo‘ladi:
tuganak etining qorayishi kartoshkani kovlash va tashish vaqtidagi shikastlanish ta’sirida ba’zi aminokislotalarning oksidlanishi natijasida yuz beradi, bu xil qorayish kartoshkaning ta’mini buzadi va ekilganda uning hosilini 15—20% gacha pasaytiradi.
Kartoshka haddan tashqari sernam va havo yetishmagan sharoitda (transheyalarda) saqlanganda, ba’zan tuganaklar po‘stidagi to‘r kengayib, sirtida mayda och dog‘chalar hosil bo‘lishi kuzatiladi.
Omborlarda saqlanayotgan kartoshka parvarishi bino ichidagi haroratni normal holda saqlab turish, tuganaklarni vaqti-vaqti bilan qarab turish, chiriganlarini ajratib olish va o‘simtalarini yulib tashlashdan iborat bo‘ladi. Omborlardagi qulay harorat xonani sun’iy sovitish yo‘li bilan yaratiladi, bu tuganaklarning nobud bo‘lishini kamaytirishdan tashqari, ularning urug‘lik sifatini yaxshi saqlash imkonini beradi. Shuning uchun sovuq xonalarda birinchi navbatda urug‘lik kartoshka saqlanishi lozim.
Kartoshka saqlashda tuganaklarning unishini to‘xtatib turadigan kimyoviy preparatlardan foydalanish ham katta ahamiyat kasb etadi. Ishlab chiqarish sharoitida kartoshka saqlashda M-1 (alfanaftil sirka kislotaning metil efiri) preparati muvaffaqiyatli ravishda qo‘llanilmoqda va u tuganaklarning unishini 2—3 hafta kechiktirish imkonini bermoqda.
Urug‘lik kartoshkani saqlashda TB (tetraxlor-nitrobenzol) preparatidan foydalanish tavsiya etiladi. Tuganaklarni bu xildagi preparat bilan ishlashda saqlanadigan 1 t kartoshka uchun 2—4 kg dori sarflanadi. Tuganaklar kuzda dorilangan ma’qul. Tuganaklarni TB preparati bilan dorilash ularning unishini kechiktirishdan tashqari, vaznining yo‘qolishini kamaytiradi va hosildorligini ancha oshiradi.
Kartoshka saqlashda MKG-1—malein kislota gidrozidining natriyli tuzini (GMK-1) qo‘llanish, ham diqqatga sazovordir. Bu preparat kartoshka hosilini kovlash oldidan o‘simlikning palagi quriy boshlagan paytda purkaladi. MKG- 1 preparati ta’sirida yetilgan tuganaklardagi nuklein kislotaning biosintezi sekinlashadi, bu esa saqlanadigan kartoshka uchun juda muhimdir. Chunki bunda tuganaklarning unishi va quruq moddalarning yo‘qolishi ancha kamayadi. Bir gektar yerdagi kartoshkani dorilash uchun 1,5—9 kg sof holdagi preparat suvda eritilib o‘simlikka sepiladi.
Nazorat uchun savollar:
1.Kartoshkaning kelib chiqishi va tarkalishi to‘g‘risida nimalarni bilasiz.
2.Kartoshkaning ertapishar, o‘rtatezpishar va o‘rtapishar navlaridan qaysilarini bilasiz. Ta’rifini ayting.
3.Kartoshkaning aynishiga qarshi kurashning an’anaviy va noan’anaviy usullarini izohlang.
4.Kartoshkachilikda ikkihosilli ekin sifatida kartoshka yetishtirish texnologiyasining xususiyatlari.
5.Kartoshka urug‘chiligining muammolari va yechimlari haqida gapiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |