2. So‘roq gaplarda –mi, -chi, -a (-ya) kabi so‘roq yuklamalari ishtirok etishi mumkin. Misol:
Berilgan vazifani o‘z vaqtida bajara olasizmi?
O‘zingiz-chi?
Ertaga hammamiz soat 9 da shu yerga to‘planishimiz kerak-a?
3. So‘roq gaplar so‘roq intonatsiyasi bilan aytiladi. Ko‘pincha intonatsiya so‘roq elementlarida ko‘tariladi. Misol: Kim mashg‘ulotdan kechikdi? Mashg‘ulotdan kim kechikdi? Mashg‘ulotdan kechikkan kim?
So‘roq gaplar yuqorida sanab o‘tilgan so‘roq elementlarisiz – faqat so‘roq intonatsiyasi bilan ham hosil bo‘ladi. Misol: Ertaga hamma yig‘iladi (darak gap) Ertaga hamma yig‘iladi? (so‘roq gap)
Mashq. Matnda berilgan so‘roq gaplarning ajratib yozing. Ular tarkibida qaysi xil so‘roq elementlari ishtirok etganligini belilang.
Saidiy eski tanishi Sharifni ko‘rib, xuddi ko‘rinish berishdan qo‘rqib, qochib yurgan odamiga duch kelganday, yuragi «shuv» etib ketdi. Sharif esa u bilan do‘stlarcha ko‘rishdi.
- Xo‘sh, o‘rtoq Saidiy, Ehsondan hech xat olasizmi? Noinsof, bizni tamom unutib yubordi, shekilli.
- Ancha bo‘ldi xat olganim yo‘q. Xat yozay desam adresini yo‘qotib qo‘yibman.
Sharif kulib tegishdi:
- Xayriyat, otini esdan chiqarmabsiz-a?
- Qishloqqa o‘zingiz ham chiqasizmi? - dedi Saidiy gapni chalg‘itish uchun.
- Chiqamiz, hech qanday uzrimiz yo‘q.
Saidiy, «uzrimiz yo‘q» degandan «sening uzring bo‘lsa ayt, olib qolay» degan ma’no angladi-da, sekin:
- Bir hafta qishloqda yurib kelsam bu yil kursda qolaman, -dedi.
- Nega?
- Juda qoloqman.
- Qaysi fanlardan?
- Asosiy fanlarning hammasidan (A.Qahhor)
Mashq. Berilgan darak gaplarni so‘roq gapga aylantiring. So‘roq gap hosil qiluvchi elementlarni belgilang.
1. Odamlar ularning inlari og‘ziga non ushoqlari, har xil don-dunlarni sochib qo‘yadilar (S.Ahmad). 2. Bundan bir necha soat oldingi hayoti, chorbog‘ning musaffo havosi, zilol suvli hovuz, salqin ko‘shk, betashvish damlar - hammasi birdan uzoq o‘tmishga aylangan edi (P.Qodirov). 3. Kechki o‘n bir – bu hali juda kech, bitta ham odam bu erdan o‘tmaydi (O‘.Umarbekov). 4. Shom qorasida Majiddin xizmatdan uyga qaytdi (Oybek). 5. Dalaga yoyilgan otlarning kishnashlari, yigitlarning qo‘shiқlari endi quloqlarda boshqacha yangraydi (O‘.Hoshimov). 6. Qish qanday sekin-sekin kelgan bo‘lsa, shunday sekinlik bilan chiqib ketdi.
Buyruq gaplar
Buyruq gaplarda so‘zlovchi tinglovchini biror ish-harakatni bajarishga qistaydi, buyuradi, istak bildiradi, tashviq qiladi, nasihat qiladi. Misol: Bizdan xabar olib turing. Chiqib ketishimizga ijozat bering. Safar anjomlaringizni tezroq yig‘ishtirib qo‘ysangiz-chi. Biz ham keta qolaylik.
Buyruq gaplarning o‘ziga xos belgilari quyidagicha:
1. Buyruq gaplardagi fe’l kesimlar, asosan, buyruq maylidagi fe’llar (ayrim vaqtda shart mayli shaklidagi fe’llar) orqali ifodalanadi. Misol: Belgilangan vazifalarni bajarishga tezroq kirishinglar. Biz ham Samarqandni ziyorat qilishga borsak edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |