Viloyat hokimi P.R.Bobojonovning O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab internatining iqtidorli o‘quvchilari bilan bo‘ladigan uchrashuvdagi
SO‘ZI
17 iyun, 2014 yil. Urganch shahri
- Assalomu alaykum hurmatli ustozlar, ukajonlar!
Hammangizni ajoyib tadbir – maktab – internatning iqtidorli o‘quvchilari asarlarining “Xorazm manzaralari” ko‘rgazmasi bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Har bir kishi , ayniqsa ijodkor hayotda o‘z oldiga ma’lum bir maqsadlar-ni qo‘yib yashaydi va ana shunga qarab intiladi. Ma’lum bir masofani bosib o‘tishi, ma’lum bir natijalarga erishishi bilan navbatdagi maqsad va vazifalarni belgilab oladi. Shu ma’noda bugun sizlarning – maktab internat o‘quvchilarining - rangtasvir, dizayn, haykaltaroshlik, milliy va zamonaviy xalq hunarmandchiligiga oid asarlaringizni tomosha qilar ekanmiz, hech shubhasiz, ijod borasida ma’lum yutuqlarga erishib, ko‘zlangan maqsadlar sari dadil qadamlar tashlayotganingizga amin bo‘lamiz.
Sizlarning yoshingizda yaxshi ustozlarning qo‘liga tushish, ixtisos-lashtirilgan maktabingizda yaratilgan kabi sharoitlarda ta’lim olish juda muhim. Shuning uchun bu boradagi izlanishlaringizni, maktabingizdagi, o‘zingiz bilgan va tanigan ustozlardan o‘rganishni, tinmay ijodiy tajribalar qilish va yaratishdan zerikmaslik, boshqa engil – elpi narsalarga chalg‘imaslik kerak. Chunki hamma narsaning, jumladan, ijodiy yutuqlarning boshi ham o‘qish, o‘rganish, tanlagan yo‘nali-shingizda tinim bilmay, erinmay o‘qish, uqish va mehnat qilishdir.
Sizlarda esa buning uchun barcha imkoniyatlar bor. Agar maktab – internatingiz 1997 yilda o‘z faoliyatini boshlagan, uni shu kungacha mingga yaqin o‘quvchilar bitkazgan bo‘lsa, ularning ichidan Jasvand Ollanazarov, Umarbek Rajabov, Shixnazar Jumaniyozov kabi akalaringiz bugun o‘zbek tasviriy san’atida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib ulgurganlar. Ular o‘z yo‘nalishida Respublikadagi eng nufuzli Oliy o‘quv yurti – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn oliygohida talabalarga san’at sirlarini o‘rgatmoqdalar. Demak ular tinmay ijod qilish va izlanishlari bilan ustozlik darajasiga etib olganlar.
(O‘quvchilarga yuzlanib):
- Demak nima qilish kerak ekan? Albatta, o‘qish, o‘rganish va tinmay mashq qilish lozim ekan. Rahmat!
Bilsangizlar kerak, ulardan tashqari viloyatimizda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi , O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi akademigi, rassom Otaxon Olloberganov, haykaltaroshlar Shavkat Usmonov, Soli Qodirov, mana o‘zlaringizning muallimingiz Quronboy Bekchanov kabi juda ko‘p ustozlar ham bor. Yangi asarlaringizni ularga ko‘rsatib maslahatlarini olib turish faqat foyda keltiradi.
Shuni ham bilib qo‘yish kerak-ki, har qanday ijodkor o‘z sohasidan tashqari ham juda katta bilim, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi lozim. Masalan rassom, men maktabingizda ta’lim olayotgan barcha yo‘nalishlardagi o‘quvchilarni umumlashtirib rassom deyapman, o‘zi yashayotgan yurtning tabiatini ham, tarixini ham, ilm – fani, adabiyoti, xalq qaxramonlarini, qaysi sohada bo‘lmasin biron bir arzigulik natijaga erishgan kishilari, ularning faoliyatini ham o‘rganishi, puxta bilishi lozim. Bu narsa ijodkorning tasavvur qobiliyatini kengaytiradi. Rassom uchun esa tasavvur eng zarur bo‘lgan hislat, deb o‘ylayman.
Agar konkret Xorazm haqida gapirilganda, albatta, ijodning biror sohasida sezilarli ish qilaman, degan har bir ijodkor, umuman har bir xorazmlik ham, eldoshlarimiz buyuk matematik Muhammad al Xorazmiy, ulkan qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy, sarkarda Jaloliddin Manguberdi, faylasuf va shoir Pahlavon Mahmud, tarixchi va shoir Muhammad Rizo Ogahiy, shoh va shoir Muhammad Rahimxon II- Feruz, Bola Baxshi va Komiljon Otaniyozov kabi san’atkorlar, zamondoshlarimizdan shoir Omon Matchon, olim, akademik Azimboy Sa’dullaev, dunyoga mashhur yurak jarrohi Qalandar Bobojonov, shoirlar Erkin Samandar, ayniqsa Matnazar Abdulhakimlar hayoti va ijodini puxta o‘rganishlari lozim. Chunki yuqorida nomla tilga olingan insonlarning har biri o‘z sohasi bo‘yicha tariximizda o‘z nomlarini qoldirganlar.
Shunday ekan, aziz ukajonlar Sizlarning shioringiz o‘qish, uqish va tinmay izlanish bo‘lishi lozim. Ana shu yo‘lda hammangizga ulkan iroda va mehnatsevarlik tilab qolaman!
Rahmat!
Do'stlaringiz bilan baham: |