Profilaktikasi. Sabablarini o‘z vaqtida yo‘qotish, yuqumli va yiringli-septik kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, hayvonlarning sovuqda qolishi va yosh hayvonlarni to‘shamasiz saqlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ba’zi dori va oziqalarni organizmga ta’sirini e’tiborga olgan holda ishlatish kerak.
Nefroz (Nephrosis) - buyrak kanalchalari epiteliysi va to‘pchalardagi kapillyarlar bazal membrnasining regenerativ o‘zgarishlari va organizmda modda almashinuvi jarayonlari buziladi. Asosan ot, cho‘chqa va itlar kasallanadi.
Sabablari. Sepsis holatlari (mastit, tuberkulyoz, plevropnevmoniya, surunkali yiringli jarayonlar, kuyish, giperimmunizatsiya), zaharlanishlar (simob, vismut, geksaxloretan, mыshyak, fosfor, flavokridin, akriflavin, uglerod sulfid, uglerod tetraxlorid, zaharli o‘simliklar, gemolitik anemiya, ketoz), autointoksikatsiyalar (hazm a’zolari kasalliklari, buzilgan em-xashak bilan oziqlantirish va b.).
Rivojlanishi. Zaharlar va endotoksinlar buyraklar orqali chiqish paytida to‘pchalarda shunday bir immunobiologik reaksiyani keltirib chiqaradiki, buning natijasida kapillyarlar to‘rining bazal membranasi zararlanadi. Oliguriya kuzatiladi. Bauman-Shumlyanskiy kapsulasining nekrozi anuriyaga olib keladi. To‘pchalar filtratsiyasi va o‘tkazuvchanligi juda oshib ketadi. Proteinuriya va oqsilning qon zardobidagi miqdorining esa kamayishi (gipoproteinemiya) kuzatiladi.
Egri kanalchalarda degenerativ o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Ko‘p miqdordagi albuminlarning organizmdan chiqib ketishi plazmadagi kolloid-osmotik bosimning o‘zgarishiga, aldosteron sekretsiyasining kuchayishi, suv hamda natriyning kanalchalarda reabsorbsiya bo‘lishining kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Gialuronidaza fermentining faollashishi kapilyarlar devorining strukturaviy o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi, natijada kapilyarlar devori suv va elektrolitlarni ko‘p o‘tkazuvchan bo‘lib qoladi, bu esa shishlarga sabab bo‘ladi.
Gipotalamus, gipofiz-buyrak usti bezi tizimining uzluksiz ravishdagi intoksikatsiyalar oqibatida buzilishlari va buyrak xujayralaridagi oksidlanish hamda fermentativ jarayonlarning o‘zgarishi oqsil va lipidlar almashinuvidagi buzilishlarni yanada chuqurlashtiradi. Lekin buyrakdan azot chiqindilarining chiqib turishi o‘z holicha saqlanib turadi.
Buyraklar amiloidozida siydik orqali gamma-globulin va hatto fibrinogenning ko‘plab ajralib turishi qonda antitela hosil bo‘lishini pasaytiradi, yiringli-septik asoratlarga sabab bo‘ladi. Keyinchalik, glyukozuriya, siydik bilan aminokislota va kaliyning chiqib ketishi kuchayadi, buyrak etishmovchiligi avj oladi. Asta-sekin siydikdagi oqsil miqdori, siydikning zichligi pasaya boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |