16-mavzu. Ayirish tizimi kasalliklari, patogenezi va farmakoterapiya asoslari
Reja:
1.Ayirish tizimi kasalliklari.
2.Etiopatogenezi, kechishi, asoratlari va davolash tamoilari.
3.Buyrak kasalliklarini davolashda ishlatiladigan dorilar xarakteristikasi.
Tayanch tushunchalar: - oliguriya - siydik ajralishining kamayishi bo‘lib, o‘tkir nefrit, nefrozlar, isitma paytlarida va yurak kasalliklarida kuzatiladi;
- anuriya - siydik ajralishining mutlaqo yo‘qolishi, og‘ir kechuvchi nefritlar, qovuq bo‘yinchasi spazmi, siydik yo‘li yoki tashqi kanalning bekilib qolishida;
- poliuriya - siydik ajralishining ko‘payishi - surunkali nefrit, nefroskleroz va shishlar qayta so‘rilayotgan paytlarda kuzatiladi;
- pollakiuriya - kam-kamdan, tez-tez og‘riqli siydik ajratib turish - siydik yo‘llarida toshlar paydo bo‘lganda;
- ishuriya - siydik ajratmaslik - tosh paydo bo‘lganda, chandiq yoki o‘smalar o‘sganda;
- nikturiya - kunduzgiga nisbatan kechasi ko‘proq siydik ajratish;
- enurez - siydik pufagi bo‘yinchasi yallig‘langanda yoki asab-psixologik, travmalar va boshqa ta’sirotlar oqibatida siydikni tutib turaolmaslik;
Adabiyotlar
1. Aliyev X.U, Allayeva M.J. “Klinik farmatsiya”. Darslik. Toshkent, 2011 yil.
2. Salimov Yu. “Veterinariya farmakologiyasi”. O‘quv qo‘llanma. Samarqand, 2019 yil.
3. Соколов В.Д. “Фармакология”. Учебник. Санкт-Петербург, 2010 год.
Ayirish tizimi buyraklar, siydik yo‘llari, qovuq va siydik kanalidan tashkil topgan bo‘ladi. Qoramollarda usti notekis ko‘p so‘rg‘ichli buyrak bo‘lib, ung buyrak 1-5 bel umurtqalari kundalang o‘simtalari tagida, chap buyrak esa umurtqa pog‘onasidan 10-12 sm pastlikda unga osilgan bo‘ladi. Otlarda usti silliq bo‘lib, chap buyrak oxirgi qovurg‘adan 3-4 bel umurtqalari kundalang o‘simtasi tagigacha etadi. CHo‘chqalarda usti silliq ko‘p so‘rg‘ichli, 1- 4 bel umurtqalari kundalang o‘simtalari tagida joylashgan bo‘ladi. Qo‘y va echkilarda usti silliq, chapi 4-6, ungi 1-3 bel umurtqasi o‘simtalari tagida joylashadi. Itlarda usti silliq, chapi 2-4, ungi 1-3 bel umurtqalari tagida joylashgan bo‘ladi.
Buyrakning asosiy funksiyasi - siydik ajratish. Bu jarayon buyrakning tarkibiy birligi bo‘lgan nefronlarda amalga oshadi. Nefronlar buyrak to‘pchasi va egri kanalchalardan tashkil topadi.
Siydikning hosil bo‘lishi - filtratsion-reabsorbsion-ekskretor nazariyaga asosan tushuniladi:
a) birlamchi siydik qon plazmasining ultrafiltratsiyasi oqibatida buyrak to‘pchalarida hosil bo‘ladi. Albuminlarning kamligi hisobga olinmasa, birlamchi siydik qon plazmasiga yaqin bo‘ladi;
b) ikkilamchi siydikning buyrak egri kanalchalarida hosil bo‘lishi. Kanalchalarda albuminlar, glyukoza, aminokislotalar to‘liq, suv 80 % ga so‘riladi. Kreatinin, mochevina, inulin kabilar qisman so‘riladi va suv asosan Genle halkasiga kelib so‘riladi.
Shunday qilib, nisbiy qattiqligi - 1,010 - 7,4 ga teng bo‘lgan siydik buyrak jomiga va so‘ngra siydik yo‘lining motorikasi oqibatida qovuqqa vaqti-vaqti bilan tushib turadi. Bu jarayonning amalga oshishida antidiuretin, aldosteron, buyrak usti bezi gormonlari, dezoksikortikosteron, tiroksin, estrogenlar, gialuronidaza fermentlari faol ishtirok etadi. Bir litr siydik ajratilishi uchun buyrakdan 100 litr qon o‘tadi.
Buyrak kasalliklarining asosiy sabablari shartli-patogen mikrofloralar virulentligining oshib ketishi, mikroblar ajratayotgan toksinlar ta’sirida buyraklarda yallig‘lanish va distrofiyalar bilan kechadigan allergik va autoimmun jarayonlarning paydo bo‘lishi, intensiv va bir tomonlama oziqlantirishlar ta’sirida modda almashinuvining buzilishlari hisoblanadi. Etiologik omillar ta’sirida buyraklarning bir qancha kasalliklari kelib chiqadiki, bular barcha yuqumsiz kasalliklarning 7-15 foizini tashkil etadi.
Ayirish tizimi kasalliklari paytida quyidagi sindromlar kuzatiladi:
1. Siydikdagi o‘zgarishlar, ya’ni siydikning miqdori, rangi, zichligi, undan oqsil va shakliy elementlar miqdorlarining o‘zgarishi.
- oliguriya - siydik ajralishining kamayishi bo‘lib, o‘tkir nefrit, nefrozlar, isitma paytlarida va yurak kasalliklarida kuzatiladi;
- anuriya - siydik ajralishining mutlaqo yo‘qolishi, og‘ir kechuvchi nefritlar, qovuq bo‘yinchasi spazmi, siydik yo‘li yoki tashqi kanalning bekilib qolishida;
- poliuriya - siydik ajralishining ko‘payishi - surunkali nefrit, nefroskleroz va shishlar qayta so‘rilayotgan paytlarda kuzatiladi;
- pollakiuriya - kam-kamdan, tez-tez og‘riqli siydik ajratib turish - siydik yo‘llarida toshlar paydo bo‘lganda;
- ishuriya - siydik ajratmaslik - tosh paydo bo‘lganda, chandiq yoki o‘smalar o‘sganda;
- nikturiya - kunduzgiga nisbatan kechasi ko‘proq siydik ajratish;
- enurez - siydik pufagi bo‘yinchasi yallig‘langanda yoki asab-psixologik, travmalar va boshqa ta’sirotlar oqibatida siydikni tutib turaolmaslik;
- proteinuriya - siydikda albuminlarning paydo bo‘lishi hisoblanib, fiziologik proteinuriya (0,1-0,4% gacha) - bo‘g‘ozlik, qon qo‘yish, stresslar, tuxum berish paytida kuzatilishi mumkin. Patologik proteinuriya - kasalliklar paytida oqsillarning 10-20 va hatto 30% gacha etishi kuzatiladi, nefrozlar va o‘tkir nefritlarda - 10 % dan oshmaydi;
- glyukozuriya - qandli diabetda va kanalchalar kasalliklari paytida (nefrozlar) uchraydi;
- gematuriya, gemoglobinuriya, ketonuriya va boshqalar.
Siydikning oldingi porsiyasining qizil rangda bo‘lishi chiqarish kanalidan qon ketishi, siydikning keyingi porsiyalari qizil rangda bo‘lsa qovuqdan, siydikga bir tekisda qon aralashgan bo‘lsa buyrakda qon ketishi deb qaraladi.
2. Shishlar paydo bo‘lishi - nefrozlarda va ba’zan nefritlarda yurak shishlaridan farqli tezlik bilan paydo bo‘ladigan, konsistensiyasi yumshoq hamirsimon shishlar bosh va ko‘krak orqali tarqaladi. Bosh miyada shish bo‘lganda eklampsiya, hazm kanalida bo‘lsa diareya, o‘pkaning shishi kuzatilganda balg‘am ajratish va hansirash paydo bo‘ladi. Nefritlardagi shishlar tarkibida nefrozlar paytidagiga nisbatan oqsil miqdori yuqori bo‘ladi.
3. Yurak-qon tomirlar sindromi - arterial bosim oshadi, chap qorincha gipertrofiyasi, aortada 2 - tonning aksentli bo‘lishi, pulsning zo‘rayishi, o‘tkir nefrit va nefrosklerozda doimiy gipertoniya, nefrozda esa qon bosimining aksincha pasayib ketishi kabi belgilar kuzatiladi.
4. Uremiya - nefrit va nefroskleroz paytida toksinlarning organizmda saqlanib qolishidan har xil zaharlanishlarning kelib chiqishi, holsizlanish, asteniya, uyqusirash, ishtahaning yo‘qolishi, stomatit, gastroenterit, qichima, og‘izdan siydik xidi kelishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Yosh hayvonlarda uremik eklampsiya, qayd qilish, bo‘yinning tortib qolishi va boshqalar kuzatiladi.
Qon sindromi - qonning morfologik, kimyoviy va fizikaviy tarkibining o‘zgarishlari, asosan undagi uratlar miqdorining oshib ketishi.
6. Buyrak etishmovchiligi - to‘pchalarda filtratsiya (giperstenuriya) kanalchalarida reabsorbsiyaning buzilishi - (gipostenuriya), poliuriya.
Ayirish tizimi kasalliklari quyidagicha tasniflanadi:
Buyraklarning kasalliklari:
O‘tkir diffuz nefrit
Surunkali nefrit
Pielonefrit
Nefroz
Nefroskleroz
Siydik yo‘llarining kasalliklari:
Pielit
Siydik - tosh kasalligi
Urotsistit
Qovuq falaji, yarim falaji va spazmi (sistospazm)
Yirik shoxli hayvonlarning surunkali gematuriyasi.
Nefrit (Nephritis) - buyraklarning yuqumli-allergik tabiatdagi yallig‘lanishi bo‘lib, jarayon asosan tupchalardagi qon tomirlarda kechadi va qisman oraliq to‘qimaga ham o‘tadi. Asosan it va cho‘chqalar kasallanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |