Soliqlar quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) fiskal – budjetni mablag‘ bilan to‘ldirish;
2) ijtimoiy – daromadni qayta taqsimlash;
3) izga solib turuvchi – iqtisodiy munosabatlarni izga soladi;
4) nazorat qiluvchi – soliq tizimida o‘zgarishlar kiritishni aniqlaydi;
5) jamlovchi – yagona iqtisodiy maydonni tashkil etishga imkon
yaratadi.
Tarixiy jihatdan soliqlarning birinchi bo‘lib fiskal vazifasi ko‘riladi,
chunki soliqlar yordamida davlat budjetiga mablag‘ tushishi ta’minlanadi.
Bu asosiy vazifalardan biri bo‘lib, uning hisobiga davlat budjetining
daromad qismi shakllantiriladi. Ushbu vazifa tovar-pul muomalalari va ishlab
chiqarishning rivojlanishi natijasida davlat daromadlari oshishini aniqlab
beradi. Soliqning boshqa vazifalarini fiskal vazifasining hosilasi, deb atash
mumkin. Soliqlarning ijtimoiy (qayta taqsimlash) vazifasi har xil daromadga ega
bo‘lgan aholini soliqqa tortish natijasida hosil bo‘lgan jamiyat daromadlarini har
xil toifadagi aholi o‘rtasida qayta taqsimlashni o‘z ichiga oladi. Ushbu vazifa
yordamida jamiyatning boy qatlamiga soliq yukini oshirish hisobiga aholining iqtisodiy zaif va himoyalanmagan qatlamlari mablag‘ bilan
ta’minlanadi. Soliqlarning ijtimoiy vazifasiga jismoniy shaxslarning
daromadlarini progressiv shkalada soliqqa tortish, jamiyatning ijtimoiy
zaif qatlamlariga daromad solig‘idan berilgan imtiyoz, qimmatbaho
buyumlarga aksiz solig‘ini qo‘llash va boshqalar misol bo‘la oladi.
Ko‘pgina davlatlarda jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa
tortishda O‘zbekiston kabi yondashiladi va ko‘p daromad olganlarga
nisbatan yuqori stavkada soliqqa tortish qo‘llaniladi. Ba’zi bir ijtimoiy
yo‘nalishdagi davlatlarda (Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya) rasmiy
darajada soliqlar bu yuqori daromad oladigan aholi qatlamlarining
kamroq daromad oluvchi qismiga ijtimoiy mo‘tadillik (ijtimoiy xavfsizlik)
uchun to‘laydigan to‘lovlari, deb tan oladilar.
2. Soliqlar davlatning barcha yo‘nalishdagi faoliyati uchun zarur
bo‘lgan asosiy moliya manbalaridan biri bo‘lib, u hukumatning ustuvor
yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirishda asosiy qurolidir.
Davlat iqtisodiyotini soliqlar orqali tartibga solish bu davlat budjetini
tashkil etishning usuli bo‘lsa, soliqqa tortish yo‘li bilan esa jamiyatdagi u
yoki bu jarayonlarining rivojlanishiga ta’sir etishi mumkin bo‘ladi.
Shunday qilib, davlatning mavjudligi bu soliqlar bilan chambarchas
bog‘liq bo‘ladi, chunki soliq tushumlari davlatning iqtisodiy
mustaqilligining asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi. Fiskal siyosat bu davlatning soliq – budjet siyosatidir, unga binoan
soliqlar belgilanadi, budjet mablag‘lari aniq maqsadlar yo‘lida ishlatiladi.
Davlatning soliq siyosati soliqlar vositasida budjetga pul to‘lashga
qaratiladi. Unga muvofiq, soliq turlari aniqlanadi, soliq stavkalari, soliq
solinadigan obyektlar, soliq imtiyozlari, soliq undirish tartibi belgilanadi.
Soliqlar davlatning iqtisodiyotiga ta’sir etishida qo‘llaniladigan
asosiy vositadir. Soliq tizimi nafaqat soliqlarni undirish, balki, birinchi
galda, rag‘batlantirish xususiyatiga ega bo‘lishi lozim.
Soliqlar zayomlar bilan birgalikda har qanday davlatning
mavjudligini hal qiluvchi asosiy manbadir. Davlat budjetidagi soliqlar va
zayomlarning yuki orasidagi o‘zaro munosabat uning to‘lay olish
qobiliyati va dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini belgilab beradi. Soliq
tushumlari yetarli darajada bo‘lmaganda, davlat boshqa davlatlarga kredit
berishlarini so‘rab murojaat etadi yoki aholi o‘rtasida davlat zayomlarini
(ichki qarz olish) tarqatadi yoki chet ellik investorlarga maxsus
qimmatbaho qog‘ozlar (tashqi qarz olish) chiqarib sotadi.
Soliq munosabatlari umumdavlat darajasida daromadlar tizimini
yaratish munosabati bilan vujudga keladigan obyektiv holatdir. Soliqlarsiz
davlatning o‘zi ham bo‘lmaydi. Ba’zi davlatlarda esa soliqlar umuman yo‘q. Masalan, Shimoliy Koreyaning Konstitutsiyasida quyidagilar
yozilgan: «Davlat soliqlar tizimini eski jamiyatning vorisi sifatida
butunlay chiqarib tashlaydi».
Davlatning soliq siyosati ilmiy asosga, iqtisodiy o‘sish maqsadiga
asoslangan, hukumat va boshqaruv organlarining ishlab chiqarishni
ta’minlash va jamiyat boyligini oshirishga qaratilgan taktik va strategik
huquqiy harakatidir. Soliq siyosatini yuritishdan maqsad faqat soliq
to‘lovchilardan soliq to‘lovlarini to‘g‘ri tartibda undirish bo‘lib qolmay,
balki soliqqa tortish natijasida ulardagi har tomonlama xo‘jalik-iqtisodiy
munosabatlarini baholash hamdir. Demak, soliq siyosati bu qonunni
avtomatik ravishda bajarish bo‘lib qolmasdan, balki uni takomillashtirish
hamdir. Iqtisodchi olimlar davlat soliq siyosatini uch turga bo‘ladilar:
birinchisi – maksimal soliq undiruvchilar siyosati, ular «mumkin
bo‘lgan barchasini ol» prinsipiga asoslanganlar. Bunday holatda davlat
uchun «soliq qopqoni» o‘rnatilgan, ya’ni soliqlarni ko‘tarish bilan davlat
daromadlari baribir ortmaydi;
ikkinchisi – aqlli soliqlar siyosati, bunday siyosatdan yaxshi soliq
iqlimi ta’minlanadi va natijada tadbirkorlikning rivojlanishiga olib keladi;
uchinchisi – shunday soliq siyosati bo‘lib, unda soliq undirish
darajasi yuqori bo‘lishi bilan birga ijtimoiy himoya ham yuqori bo‘ladi.
Iqtisodi rivojlangan davlatlarda yuqorida keltirilgan soliq
siyosatlaridan bir vaqtning o‘zida bir nechtasi qo‘llanilishi mumkin.
Ko‘pgina davlatlarda budjetning asosiy qismini soliqlar tashkil etadi.
Masalan, Fransiyada davlat budjetining 95 foiz, AQShda 90 foiz,
Germaniyada 80 foiz, Rossiyada 93 foiz va O‘zbekistonda o‘rtacha 96
foizini soliqlar tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |