15-mavzu. Byudjet tizimi byudjetlari g‘azna ijrosining
me’yoriy-huquqiy ta’minoti
G’aznachilik faoliyatini shakllantirishning huquqiy tartibga solinishi
Byudjet Kodeksi davlat byudjeti g’azna ijrosining huquqiy asosi
“Byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosi qoidalari”ning mazmuni va tarkibi
Moliya vazirligi G’aznachiligining funktsiya va vazifalari
G’aznachilik faoliyatini shakllantirishning huquqiy asoslari
O’zbekiston Mustaqillikka erishgandan so’ng, xo’jalik yuritishning bozor tizimiga o’tilishi, iqtisodiyot bozor infratuzulmasining shakllanishi va rivojlanishi mamlakat xo’jalik jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan huquqiy asosni yaratishni talab etdi. Undan tashqari, jahondagi glaballashuv jarayonlarida faol qatnashayotgan O’zbekiston uchun davlat boshqaruv institutlarini shakllantirish va tubdan isloh qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Tajribadan shu narsa ma’lumki, O’zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy mamlakatlar bozor mexanizmlarini ko’r-ko’rona, sun’iylik bilan tadbiq etib bo’lmaydi, chunki jamiyat a’zolari o’rtasida shunday an’anaviy ierarxik munosabatlar tizimi shakllanganki, ularni mensimaslik, keskin qarorlar qabul qilish chog’ida ularni e’tiborga olmaslik turli nohush holatlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, iqtisodiyotni boshqarishning jahon amaliyotida tan olingan bir qator mexanizmlarini, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish sharoitlarimizga tegishli tarzda moslashtirgan holda, qo’llash va ijobiy foydalanish maqsadga muvofiqdir. Byudjet mablag’laridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlovchi shunday mexanizmlardan biri – davlat byudjeti ijrosining g’aznachilik tizimidir.
Bu boradagi islohotlar davlat moliyasi, davlat byudjeti va byudjet jarayonini boshqarish va tartibga solish organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ko’zda tutadi. Shu sababli ular faoliyatini amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlar talablariga moslashtirish, so’nggi ijobiy natijalarni ko’zlagan holda muvofiqlashtirish, shaklan va mazmunan yangi sifat pog’onasiga ko’tarish talab etilmoqda1.
Bu borada dastlab O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish loyihasini amalga oshirishga tayyorlanish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2002 yil 26 aprelda 144-son Qarori qabul qilindi. Mazkur loyihani amalga oshirishga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 400,0 ming AQSh dollari miqdorida mablag’ ajratildi. Qarorda aytilishicha, “Yaponiya hukumati tomonidan O’zbekiston Respublikasida moliya axborot tizimining funktsional va texnikaviy tuzilmasini ishlab chiqishga”2 500,0 ming AQSh dollari miqdorida grant berilishi bildirildi.
Mazkur loyihaning maqsadi davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, zamonaviy kompyuterlar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda byudjet mablag’larining samarali sarflanishini ta’minlash, byudjet ijrosining yangi tizimini yaratishdan iboratdir. Ko’rsatib o’tilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan mas’uliyat O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatildi.
Loyihani tayyorlash va amalga oshirish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Bu kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
loyihani tayyorlash va amalga oshirish bo’yicha monitoring olib borish;
loyiha doirasida jalb etiladigan vakolatli organlar, konsalting kompaniyalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
loyihani tayyorlash va amalga oshirish uchun jalb etiladigan mablag’lardan samarali foydalanish ustidan nazoratni ta’minlash;
tender savdolari o’tkazish bo’yicha qarorlar qabul qilish va ularning natijalarini ma’qullash, tegishli tender komissiyalari tarkibini tasdiqlash;
ekspertizalar o’tkazish va jalb etilayotgan konsultantlar va ekspertlar hisobotini ma’qullash.
Do'stlaringiz bilan baham: |