KAZUSLAR
1-MASALA
Viloyat MXXB boshlig‘i nomiga fuqaro S. ariza bilan murojaat qilib, u o‘z arizasida, viloyat 13-sonli ixtisoslashtirilgan yurak qon-tomirlari kasalliklari tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi a'zosi nevrapotolog hakim lavozimida ishlovchi A. uni muddatsiz nafaqaga chiqarish evaziga 100 ming so‘m miqdorida pora talab qilayotganligini bildirib, A.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Viloyat prokuraturasi va viloyat MXXB tezkor xodimlaridan iborat tergov guruhi va xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir natijasida A. o‘zining ish joyida S.dan uni muddatsiz nafaqaga chiqarish evaziga undan 100 ming so‘m miqdorida pullarni olgan vaqtida xolislar ishtirokida qo‘lga olingan.
Qilmishga baho bering.
JAVOB:
Mazkur qilmish O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Jumladan Oliy Sud plenumi qarorida poraxo`rlikka quyidagicha ta`rif berilgan.
“Pora olish mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlarining mansab vakolatlarini ijro etishning o‘rnatilgan tartibini keskin o‘zgartiradi va bu bilan davlat xizmati manfaatlarini qo‘pol buzadi. Pora korrrupsiya – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisaning nisbatan ko‘p tarqalgan va o‘ziga xos hodisasi hisoblanadi.”
Mansabdor shaxs tomonidan xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan harakat (harakatsizlik) uchun unga berilgan mukofot, miqdoridan qat'i nazar, quyidagi hollarda pora predmeti sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim:
- muayyan mukofotni olishda ta'magirlik mavjud bo‘lsa;
- agar mukofot (yoki u haqdagi kelishuv) mansabdor shaxsning xizmat faoliyati bilan bog‘liq harakatlarini sotib olish xarakteriga ega bo‘lsa;
- agar mukofot mansabdor shaxsga uning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) uchun berilsa.
Obyektiv tomondan pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishida ifodalanadi.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, o`z manfaatlarini ko`zlagan ixtisoslashtirilgan yurak qon-tomirlari kasalliklari tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi a'zosi nevrapotolog hakim lavozimida ishlovchi A., moddiy qimmatlik – naqd pul ko`rinishida – ni qabul qilib, poraxo`lik jinoyatiga qo`l uradi. Va 210-moddaning tegishli qismlari (agar avval shunday va shunga o`xshash jinoyat sodir etmagan bo`lsa 1-qismi bilan - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |