Yangi so‘zlarning uslubiy xususiyatlari
Yangilik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan, yangi narsa-hodisa va tushunchalarni ifodalash uchun hosil qilingan leksemalar neologizmlar deyiladi. «Neologizm tilga umuman mansub bo‘lishi yoki yakka shaxs nutqiga xos bo‘lishi mumkin. Birinchisi umumtil neologizmi deb, ikkinchisi individual nutq neologizmi deb yuritiladi.»
Adabiy til doimo yangi so‘zlar - neologizmlar bilan boyib boradi. Neologizmlar ishlab chiqarish va ijtimoiy munosabatda bo‘ladigan o‘zgarishlar, fan-texnika yangiliklari, san'at, adabiyot va publitsistikadagi yangicha tushunchalar - umuman, jamiyatning, hayotning talab-ehtiyoji bilan paydo bo‘lgan so‘zlardir.
Misol: novator, changlagich, purkagich, izchil, ziyokor, po‘lat quyuvchi, yer yo‘ldoshi, kosmodrom.
Yangi so‘z tezda umumtil me'yoriga aylanishi yoki ko‘p vaqt qo‘llanmasdan iste'moldan chiqib eskirishi mumkin. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan eskirib qolgan, iste'moldan chiqqan shirkat, chipta, muhandis, hokim, vazir kabi atamalar qaytadan yangi so‘zlar qatoriga qo‘shilmoqda. Badiiy asarda asosan individual nutq neologizmlari badiiy-estetik qimmat kasb etadi. Mahoratli yozuvchilar voqyelikni o‘ziga xos, betakror va yangicha ifodalashga harakat qiladilar. Shuning uchun hali ko‘nikilmagan yoki umuman qo‘llanilmagan, yangiso‘zlardan foydalanadilar. Masalan: 1.Bahorlashib bir borib kelaman, deb yurib edim. (Cho‘lpon) 2.Bajarajak yumushlarimni bot-bot bayonlaydi. 3.Direktorimiz kabinadan tashqarilaydi. (T.Murod)
Yangi so‘zlar zamon ildamlashi bilan vujudga kelaveradi. Shu bois ular ustidagi izlanishlar tugamaydi.
Chet va haqorat so‘zlari
Badiiy adabiyotda muayyan tasvir maqsadi bilan o‘zga tilga oid so‘z va iboralar qo‘llanishi kuzatiladi. Tilning lug‘at tarkibiga kiritilmagan, faqatgina og‘zaki nutqda mavjud bo‘lgan bunday chet so‘zlardan badiiy nutqda voqyealar bo‘lib o‘tayotgan o‘ringa ishora qilish, nutqiy vaziyat va unda ishtirok etayotganlarning milliy mansubligi, qahramonlar xarakteri haqida ma'lumot berish maqsadida foydalaniladi. Bunday birliklar varvarizmlar deb yuritiladi.
Tilshunoslikda vulgarizmlar deb ataluvchi haqorat so‘zlarida o‘ta salbiy munosabat, kamsitish, mensimaslik, haqorat kabi bir qator ifoda semalari juda ochiq ko‘rinib turgan bo‘ladi. Bunday so‘zlar ko‘proq nominativ ma'nolariga ko‘ra emas, ayni shu konnotativ ma'nolariga ko‘ra nutqda yashaydi. Haqorat so‘zlari badiiy asarlarda, asosan, qahramonlar nutqida ishlatiladi. Lisoniy tahlil jarayonida badiiy asarga olib kirilgan vulgarizmlarni kimning (jinsi, ijtimoiy tabaqasi, mavqyei, yoshi kabilar) nutqida ishlatilayotganligiga qarab guruhlash, qanday vaziyatlarda va nima sababdan qo‘llanilayotganligini hamda ularning leksik-semantik tarkibi, shevaga xoslanganligi kabilarni aniqlash lozim bo‘ladi.
Misollar: - Hey! Baqqa tush, enag‘ar!, Momo qo-oldi... Yuraging sovudimi, haromi? Endi yaylov keng bo‘ldi senga! Bog‘da javlon urasan, silkasal! (Sh.Xolmirzayev) - Ahmoq! - dedi kampir. - Qayoqlarda sang‘ib yurganding? (S.Ahmad) - Nima, nima? Menga til tegizdi? Nimalar deydi xotintaloq? (Cho‘lpon). G‘animat g‘arniki, deydilar, -dedi Botir firqa. (T.Murod)
Do'stlaringiz bilan baham: |