Shevaga xos so‘zlarning uslubiy xususiyatlari
Yozuvchilar qahramonlarini o‘zlari yashaydigan hudud va muhitdan ayirmagan holda, hayotdagidek ishonarli va jonli tasvirlash ehtiyojidan kelib chiqib shevaga xos so‘zlarni ishlatadilar. Sheva so‘zlari mahalliy kolorit, hududiy mansublikni o‘zida aniq aks ettirish bilan birga «badiiy nutqda muayyan estetik funksiyani bajaradi. Biroq dialektizmlarning estetik qimmat kasb etishi ularning badiiy nutqdagi me'yori, qanday ishlatilishi va ayni paytda qanday dialektizmlarning qo‘llanishi bilan bog‘liqdir.» Tilshunoslikka oid adabiyotlarda shevaga xos birliklarning fonetik, leksik va grammatik dialektizmlar sifatida tasnif qilinganligini kuzatish mumkin. Fonetik dialektizmlar asosan, tovushlarni o‘zgartirib qo‘llash, tovush orttirilishi, tovush tushishi va tovushlarni qavatlab qo‘llash ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Masalan: 1.Enaxonlarning butun oilasi yoyilgan qopning tegrasida jugari uqalab o‘tirardilar.(Cho‘lpon) 2.Toshkanniyam olibdimi-a?3.Obro‘y bor-da, obro‘y! Leksik dialektizmlar aynan so‘z qo‘llash bilan bog‘liq sheva varniantlaridir. Masalan: 1.Kampir shotining yon yog‘ochini silab o‘ynar, Enaxon og‘zidan olgan saqichini ezib «soqqa» yasar...(Cho‘lpon) 2.Jiyaningiz qishloqdan zig‘ir moy olib keldi. Shuni chuchityapman. (T.Murod). Muayyan sheva tarqalgan hududda yashovchi kishilarning o‘zlariga xos bo‘lgan urf-odatlarining nomlari etnografik dialektizmlar deb yuritiladi. Bunday so‘zlar tasvirning realligini ta'minlaydi: U eshikdan kirar - kirmas to‘y to‘qqizini xotiniga uzatib: - Qizing qani? - deya so‘radi.(Cho‘lpon)
Shevaga xoslik iboralarda ham mavjud bo‘lib badiiy matn qahramonlarining ma'lum bir hududga mansubligini va voqyea-hodisalar bo‘lib o‘tayotgan o‘rinni ta'kidlashga xizmat qiladi. Masalan, Tog‘ay Murod asarlarida Surxondaryo shevasiga xos frazeologizmlar ko‘p qo‘llanilgan: Eson xizmatkorni bolasi Botir qo‘shchi tumandan aynib keldi. Xolilatib-xolilatib oyoq ildi. Men ovoz qo‘yib chiriq berdim. Seni yo‘qlab chiriq berdim.
Grammatik dialektizmlarning ham morfologik va sintaktik deb ataluvchi ichki guruhlari mavjudligini qayd etish mumkin. Masalan: Qurvonbibi bu haqiqatni o‘zi o‘z ko‘nglida necha marta takrorlagan bo‘lsaykin. Bilamiz, taqsir, yangi uylangan odamdi gapga tutib bo‘lmaydi.
Biror dialektizmning adabiy tilga ko‘chishini boshqa bir hodisadan - dialektizmning badiiy asarda ishlatilishidan farqlash kerak. Badiiy asarda ishlatilgan har bir leksema adabiy tilga qabul qilingan deb qaralmaydi. Biroq, dialektizmlar badiiy adabiyotda tasviriy vosita sifatida ataylab qo‘llaniladi.
Jumladan: S.Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” asaridagi kallapo‘sh (do‘ppi), xishova (chopiq), yovon(dala), kunjak(burchak), rafcha(tokcha) kabilar personaj nutqini individuallashtirish uchun shappush, gulqand kabi so‘zlar esa mahalliy sheva yaratish uchun xizmat qilgan. Shu kabi asarda sheva so‘zlaridan foydalanish asarga o‘sha muhit vaziyatini to‘laqonli ochib berish imkoniyatini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |