Ekskursiya xizmati marshrutini tayyorlash ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, yuqori malaka talab etadi va yangi ekskursiya mavzusini tayyorlash texnologiyasining asosiy elementi hisoblanadi. Avtobusli marshrutni tayyorlashda «Yo‘l harakati qoidalari», «Avtomobil transporti nizomi», «Yo‘lovchilarni tashish qoidalari» va boshqa me’yoriy hujjatlarga amal qilinishi lozim.
Ekskursiya mavzusidagi roliga ko‘ra ob’ektlar asosiy hamda qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. Asosiy ob’ektlar chuqur tahlil qilinadi, ularda asosiy savollar yoritiladi.
Qo‘shimcha ob’ektlar esa ekskursantlar bir ob’ektdan ikkinchisiga harakatlanayotganida ko‘rsatiladi va u ko‘p e’tibor talab qilmaydi. Ekskursiya xizmati marshruti ob’ektlarni ko‘rsatishning eng to‘g‘ri ketma-ketligi tamoyilida tuziladi va quyidagi talablar inobatga olinadi:
ob’ektlarni ko‘rsatishni ma’lum bir mantiqiy ketma-ketlikda olib borish, marshrutning bir uchastkasidan (ko‘cha, maydon, ko‘prik) takroriy harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
ob’ektlarni ko‘rsatish qulayligi (ko‘rish uchun maxsus maydonlar);
ob’ektlarni ko‘rsatish va hikoya qilish oralig‘ida uzoq tannaffus bo‘lmasligi uchun ob’ektlar oralig‘idagi vaqt 10-15 daqiqadan oshmasligi;
qulay sharoitli to‘xtash joylarining mavjudligi, shu jumladan sanitar ehtiyojlar va avtomobillarning parkovkasi uchun.
Ekskursantlar guruhi harakatlanishi uchun ekskursiya marshrutining bir necha variantlari bo‘lgani ma’qul. Yo‘llardagi tirbandlik, ta’mirlash ishlari va shu kabi kutilmagan holatlar sababli marshrutni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Avtobusli marshrutda uning pasporti va chizmasini kelishish, tasdiqlash, kilometrajni va avtotransportdan foydalanish vaqtini hisoblash bilan yakun topadi. Yangi ekskursiya mavzusini tayyorlashda marshrutni ko‘zdan kechirish muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Marshrutni ko‘zdan kechirishda quyidagi masalalarga e’tibor beriladi:
Marshrut o‘tadigan trassalar, ko‘chalar, maydonlar loyihasi bilan tanishish;
Ob’ektni joylashgan o‘rnini, shuningdek, ekskursiya avtobusi yoki guruhi to‘xtashi joylarini aniqlash.
Ob’ektlarda yoki to‘xtash joylarida avtobusda kelish yo‘llarini ko‘rib chiqish;
Ob’ektlarni ko‘rsatishga, hikoya qilishga, avtobus harakatiga (piyodalar harakatiga) sarflanadigan vaqtni hisob-kitob qilish va shu bilan ekskursiyaga ketadigan to‘liq vaqtni aniqlash;
Ko‘rsatiladigan ob’ektlar maqsadliligiga ishonch hosil qilish;
Ob’ektlarni ko‘rsatish nuqtasi va guruhni qulay joylashtirish variantini tanlash;
Ob’ekt bilan tanishish metodikasini tanlash;
Ekskursantlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xavfli joylarni aniqlash va chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Do'stlaringiz bilan baham: |