8.2. Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni hikoya qilishning
o‘ziga xos xususiyatlari
Ekskursiya xizmati amaliyotida ob’ektni hikoya qilishning oltita o‘ziga xos xususiyatlarini ajratish mumkin:
Guruhning harakatlanishi tezligiga hikoya tezligining bog‘liqligi. Gid hikoyasi ekskursiya marshruti, harakatlanish ritmiga tobedir. Masalan, bolalar guruhi uchun tayyorlangan hikoya harakatlanish tezligidagi tafovut tufayli katta yoshdagi guruhda foydalanilmaydi, shuningdek, bir mavzudagi hikoya piyoda va avtobusli ekskursiyada turlicha hajmda bo‘ladi.
Hikoya qilishning ob’ektni ko‘rsatishga tobe’ligi. Gidning hikoyasi marshrutda ko‘rsatiladigan ob’ektdan ajralmaydi. Hikoyaning mazmuni ob’ektni kuzatish vazifasiga bo‘y sunadi. Hikoya ko‘rsatiladigan ob’ektlar bilan birga berib boriladi, uni to‘ldiradi, ko‘ringanlarni izohlaydi. Hikoyaning mazmuni o‘rganiladigan ob’ekt bilan belgilanadi (tabiat, muzey ekspozitsiyasi, tarixiy obida, qadrli joylar, urf-odatlar va sh.k).
Hikoya qilishda ko‘rgazmali dalillardan foydalanish. Gid hikoyasi shunday tuziladiki, go‘yo ob’ektlarning o‘zi «so‘zlayotgandek» bo‘ladi. Bundayin natijaga hikoya qilishning obrazli ijrosi, ob’ektni mohirlik bilan ko‘rsatilishi, «gid portfeli»dagi ko‘rgazmali materiallardan to‘g‘ri foydalanish orqali erishiladi. Hikoya qilish ob’ektni ko‘rsatish bilan uyg‘unlikda olib borilmasa, u ma’ruzaga aylanadi.
Hikoya qilishning taalluqligi (bir predmetga qaratilganligi), ya’ni, hikoyaning ekskursantlar nigohi qaratilgan ob’ektga bog‘liqligidir. Gid o‘z hikoyasida aniq bir ob’ekt – bino, me’moriy ansambl, tabiat durdonasini inobatga olayotgan bo‘ladi. Ushbu metodikaning o‘ziga xosligi shundaki, gid ekskursantlar diqqatini bir predmetga qaratishi kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma beradi. Ushbu holat bir xil o‘xshash binolar joylashgan ko‘chada ro‘y berayotgan bo‘lsa, u holda kerakli binoni ajratib olish uchun gid tomonidan uning rangi, qurilish uslubi ta’kidlab o‘tiladi. Ekskursantlar binoni ilg‘ab olganidan so‘ng gid hikoyasini davom ettiradi.
Ekskursiya hikoyasining aniqligi. Aniqlik degani bu nafaqat mavzudagi balki, keltirilgan faktlardagi aniqlik hamdir. Hikoya qilishda aniqlik materiallarni umumiy tarzda havola etish emas, aksincha mavzuni ochib berishda, tushuntirishda aniq materiallardan foydalanish tushuniladi. Hikoya qilishda aniqlik materiallarning rangbarangligi (dalillar, misollar, sanalar, raqamlar, familiyalar) bilan belgilanadi, deyish noo‘rin. Ekskursiya xizmatida materialning aniqligi – fikrning aniqligi, ma’lum bir narsani aniq va konkret shaklda berishdan iborat.
Hikoya qilishning ta’kidlovchi xususiyati. Gid tarixiy voqea-hodisalarni hikoya qilishda u xuddi shu tarzda, aynan shu joyda, sanab o‘tilgan shaxslar unda ishtirok etganligini ishonch bilan ta’kidlaydi. Aniq bir voqeani ta’riflashda hozirgi zamon (o‘tmish yoki kelajakka) bilan bog‘laydi, uni ob’ektiv isbot sifatida, ma’lum bir shaxs tomonidan amalga oshirilganligiga urg‘u berib o‘tadi. Puxta tayyorlangan va o‘tkazilgan ekskursiya xizmati ekskursant xayolida ko‘rib turgan ob’ektdan ham ziyoda narsalarni ilg‘ab olish imkonini berishi mumkin.
Ko‘pgina ekskursiya xizmati ob’ektlari unga bog‘liq voqea-hodisalar bilan qiziqarli bo‘lishi mumkin. A harfi bilan ekskursiya xizmati ob’ektini belgilasak, B harfi bilan uning atrofida sodir bo‘lgan voqea-hodisalarni keltirsak, unda quyidagi oddiy formulani olamiz: A+B. Mazkur formulaning mazmuni ekskursiya xizmati amaliyotida turlicha variantlarga ega. Ularning ayrimlarini keltiramiz.
Ekskursiya arayonidagi hikoya mavzuni ochib berishdagi axborot hamda tahliliy material hisoblanadi. Gid hikoyasi orqali ob’ekt, voqea-hodisa to‘g‘risida ma’lumot beradi, tushuntiradi, ta’riflaydi, ma’lum bir ma’noda uning qiyofasini shakllantiradi. Ekskursiya jarayonida mutaxassislar hikoya qilishning ko‘pgina usullaridan (ma’lumot berish, tushuntirish, tavsiflash, izohlash) foydalanishadi. Ekskursantning xulosasi nafaqat eshitganlariga, balki ko‘rganlariga ham asoslangan bo‘ladi.
8.1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |