8.1. Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni hikoya qilish vazifalari
8.2. Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni hikoya qilishning o‘ziga xos xususiyatlari 8.3. Ob’ektlarni hikoya qilishning usullari
8.1. Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni hikoya qilish
vazifalari
Ekskursiya xizmati jarayonida ekskursantlarning atrofdagi ob’ektlarga nazar tashlab, uni idrok etishi hamda gidning hikoyasi o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlash muhimdir. Ekskursiya hikoyasi nima? Bu ekskursiya xizmatining og‘zaki qismi bo‘lib, gid tomonidan guruhga ob’ektlar haqida ma’lumotlar, tushunchalar berish jarayonidir. Bu obidalar, tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar to‘g‘risidagi obrazli ma’lumotlardir.
Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni hikoya qilishning rolini baholashda ekskursiyashunos olimlar hamfikr bo‘lishgan. Ularning fikricha, ob’ektlarni hikoya qilish ko‘riladigan ob’ektlarga qo‘shimcha hisoblanib, u bo‘shliqlarga ega bo‘lmasligi, ma’ruzaga aylanib qolmasligi kerak.
Gidning hikoyasi ikki xil vazifani bajaradi:
izohlaydi, tushuntiradi, ko‘rgan jarayonlarni to‘ldiradi;
ayni damda ekskursant ko‘rolmaydigan narsani qayta tiklaydi.
Ekskursiya xizmatida ekskursantlar savollariga javob berish, gid replikasi, ekskursiya boshlanishidagi kirish so‘zi va yakunidagi xulosa qismi, «gid portfeli» dagi ko‘rgazmali vositalarni namoyish etish ham hikoya qilishga kiradi.
Ekskursiya xizmatida ob’ektni hikoya qilish– individual nutq (monologik) namunasi bo‘lib, omma oldida qabul qilingan nutq me’yorlariga rioya qilingan holdagi gidning ovozli shaxsiy matnidir. Ekskursiya xizmati ob’ektlarini hikoya qilish jarayoni og‘zaki axborotdan - ko‘rgazmali, ko‘rgazmali taassurotlardan - so‘zli baholash va xulosalarga qarab kengayib boradi. N.A.Geynikening ta’kidlashicha, mavzuni o‘rganishda hikoyaning me’yoridan oshishi, ekskursiya xizmatida og‘zaki materiallarning ko‘payishi uning asosiy ahamiyatliligini yo‘qotadi. Gidlarda tez-tez uchrab turadigan kamchilik ular tomonidan ekskursiya ob’ektlari unchalik ko‘p ko‘rsatilmaydi aksincha, hikoya qilinadi. Bu esa ekskursantlarning o‘z ustida mustaqil ishlash qobiliyatini susaytiradi, ya’ni ekskursiya jarayonini illyustratsiyaga boy ma’ruzaga aylantiradi. Demak, ekskursiya xizmatida hikoya qilinayotgan har bir narsa ko‘rgazmali qatorda bo‘lishi lozim. Gid guruhga ob’ektni ko‘rsatish bilan birga uni chuqur tahlil qiladi, tushuntiradi, tarixiy dalillarni keltiradi.
Ekskursiya jarayonida ob’ektlar ekskursantlar ko‘z oldida tarixni tiklaydi, ishonchli tarzda uni tasvirlashga yordam beradi. Hikoyaning mazmundorligi ob’ektga, ya’ni uning o‘ziga xosligi, axborotga naqadar boyligiga bog‘liq. Ekskursiya xizmatining umumiy davomiyligiga hikoya qilish jarayonining ulushi kamroq bo‘lishi zarur.
Ekskursiya xizmati hikoyasiga oldindan tayyorgarlik ko‘riladi. Hikoya qilishda gidning xayoliga to‘satdan biror fikr kelishi mumkin. Masalan: mamlakat, xalqning ayni damda boshidan kechirayotgan holatlari, voqea, hodisalar, dalillar, she’riy ijod hamda badiiy asar namunalari va shu k. Ekskursiya xizmati hikoyasiga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
mavzuiyligi;
aniqligi;
bog‘liqligi;
mantiqiyligi;
qisqa va lo‘ndaligi;
ishonchliligi;
soddaligi;
yakunlanganligi;
ko‘rsatish jarayoni bilan bog‘liqligi,
ilmiyligi.
Ekskursiya ob’ektlarini hikoya qilish monolog xususiyatiga ega. Shuni ham ta’kidlash joizki, ayrim gidlar ekskursiya jarayonini ma’lum bir qismini dialogga aylantirishadi. Gid hamda ekskursantlar o‘rtasidagi dialog jarayonida materialni qabul qilish faollashadi. Ekskursiya xizmatida monologdan dialogga o‘tishda ekskursantlar tomonidan beriladigan savollarga javob berishi va ularning replikalari bilan ishlash giddan katta mahorat talab qiladi.
Ekskursant replikasi – uning biror- bir narsa yuzasidan fikri bo‘lib, u har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Ekskursantlar replikasidan chekinish tavsiya etilmaydi. Gidning ekskursantlar replikasi bilan ishlashining metodikasi mavjud bo‘lib, u replikalarga javobni (ekskursantlardan birining fikriga javob reaksiyasi) mohirlik bilan hikoyaga bog‘lab ketishi lozim.
Gidning hikoyasi ekskursiya xizmatida quyidagi vazifalarni bajaradi: ob’ektni ekskursantlar to‘g‘ri tushunishiga, baholashiga va ko‘rishiga yaqindan ko‘maklashadi, ko‘rganlari asosida ma’lum bir xulosalar qilishga yordam beradi. Gid hikoyasi davomida ob’ektning ko‘rib bo‘lmaydigan tomonlarini ham ularga yetkazib beradi. U ekskursantlar kuzatuvini umumlashtirgan holda, olgan axborotni to‘g‘ri qabul qilinishini ta’minlab beradi.
Ekskursiya xizmatida ma’lumotni bir turdan (nutq) boshqa bir turga (tomoshaviy namuna) o‘zgartirish uchun ma’lum bir sharoitlar yaratilishi kerak. Mazkur o‘zgarish hikoya mazmuniga, gid nutqi (obrazlilik darajasi), ma’lumotni taqdim etish metodikasiga bog‘liqdir. Badiiy asarlardan namunalar keltirish transformatsiyaga keng yo‘l ochib berib, adabiy montaj va sitatalardan foydalanish usuli shundan kelib chiqadi.
Nutqning tushunarliligi, aniqligi, ifodaligigi bir necha omillarga bog‘liq, jumladan:
fikrlarni yorituvchi so‘zlarni to‘g‘ri tanlash;
gaplar orasida bog‘lovchilar, nutqning ifodali vositalaridan foydalanishi, nutq texnikasini egallash (nafas olish, ovoz, diksiya);
nutq ohangiga e’tibor qaratish.
Gidning tili ma’lum bir mezonlarga javob berishi lozim: oydinlik – tinglovchilarga tushunarli va mosligi, aniqlik – nutq tarkibi gidning fikri, ekskursiya maqsadi va mavzusiga muvofiqligi, ravonlik – til vositalaridan foydalanishning mantiqiy to‘g‘riligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |