3. Antogonizm va uning sabablari. Antagonizmda bir tur ikkinchi turning rivojlanishini cheklab qo`yadi. Masalan, sodda hayvonlar bakteriyalarni yeb qo`yadi, bakteriofaglar bakteriyalarni eritib yuboradi, bijg’ituvchilar chirituvchilarning ko`payishini cheklab qo`yadi yoki turli-tuman antibiotiklar bakteriyalarga salbiy ta’sir etadi. Mikroorganizmlarga tashqi muhit faktorlarining -ta’sirini bilgan holda ularga qarshi kurash choralarini qo’llash mumkin bo’ladi.
Immunitet to’g’risidagi ta’limot
Yuqumli kasalliklarning ba’zi xili bilan kasallanib tuzalgan odam shu kasalliklarga berilmaydigan bo’lib qolishi allaqachon ma’lum bo’lgan edi. Masalan, bir marta qizamiq bilan og’rigan bola ikkinchi marta bu kasallik bilan kasallanmaydi; odam organizmining kasallik tug’diruvchi mikroblarga berilmasligi immunitet deyiladi. Immunitet fiziologik himoya reaktsiyalarining murakkab kompleksidan iborat.
Immunologiya fanini rivojlantirishda Lui Paster, I. I. Mechnikov, Ru, Bering, L.S. Senkovskiy, T. N. Gabrichevskiy, Borde, Erlix va boshqalar o’z hissalarini qo’shganlar. Immunitet turlari va shakllarining turli klassifikatsiyasi ma’lum. Shulardan eng oddiy klassifikatsiyaga muvofiq: tabiiy immunitet (buning tug’ma turga aloqador turi va hayot davomida orttirilgan turi ma’lum) va sun’iy immunitet (buni vaktsinatsiyadan keyin paydo bo`ladigan aktiv immunitet va organizmga shifobaxsh zardoblar yoki gamma globulinlar yuborilganidan keyin hosil bo’ladigan passiv immunitet) ni o’rganamiz.
Tabiiy immunitet. Bu immunitetning tug’ma turi kasallikka berilmaslikni vujudga keltiradi. U organizmning biologik xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, odamlar qoramol o`lati, tovuq vabosi va boshqa kasalliklar bilan kasallanmaydi. Tug`ma immunitetda hujayralarda ro’y beradigan bioximiyaviy protsesslar katta ahamiyatga ega. Odam yuqumli kasallik bilan kasallanib bo`lganidan so’ng uning organizmida immunitet paydo bo`ladi, bu hayotda orttirilgan turidir.
Immunitetning bu turi nasldan-naslga o`tmaydi. Masalan, odam bir marta ko`kyo`tal, qizamiq, tulyaremiya bilan kasallanganidan keyin hosil bo`lgan immunitet umr bo`yi saqlanadi. Lekin ba`zi bir kasalliklardan keyin hosil bo`lgan immunitet uzoq muddatli bo`lmaydi va organizm bir necha marta og`rishi mumkin. Masalan, A tipdagi virusdan paydo bo`lgan grippdan so’ng immunitet 1-2 yil, V tipdagi virusdan paydo bo`lgan grippdan so`ng 3-6 yil davom etadi.
Chaqaloqlarning passiv immuniteti ona organizmidagi yo`ldosh orqali qorindagi bolaga yoki ona suti orqali chaqaloqqa antitelalar o’tadi. Bunday immunitet qisqa muddatli bo`ladi, lekin uning ahamiyati nihoyatda katta, chunki u 6 oy mobaynida organizmni mikrob yuqishidan himoya qilib turadi.
Sun’iy immunitet. Yuqumli kasallik paydo bo’lmasligi uchun bu immunitet organizmda sun’iy yo’l bilan yaratiladi. Sun`iy immunitetning aktiv va passiv formalari bor. Aktiv formasi odam organizmiga nobud qilingan yoki zaiflashtirilgan vaktsina yuborish bilan hosil qilinadi.
Zaiflashtirilgan tirik mikroblardan iborat vaktsinalar ishlatilganda immunitet 3-5 yil, nobud qilingan mikroblar vaktsinasi ishlatilganda bir yilgacha davom etadi.
Sun’iy immunitetning passiv formasi odam organizmiga immunoantitelalar yuborilganda hosil bo’ladi. Antitelalar kasallangan hayvonlarning qon zardobidan olinadi. Passiv sun’iy immunitet bir oy atrofida saqlanadi, so’ngra antitelalar yemiriladi va organizmdan chiqarib tashlanadi.
Mahalliy immunitet ham bo’lib, uni A. M. Bezredka aniqlagan. Bu turli organ va to’qimalarda qo`zg`atuvchiga berilmaslikning mahalliy xili. Masalan, vaktsina ichirilsa, kasallik boshlanmaydi, chunki ingichka ichakning shilliq pardasi vabo vibrioniga berilmaydigan bo’lib qoladi. Ichak devorida plazmatik hujayralar bo’lib, ular mikroblarga qarshi antitelalar ishlab chiqaradi va mikroblarga salbiy ta’sir etadi.
Immunitet faktorlari va mexanizmlari. Odamni kasalliklarga berilmaydigan qilib qo`yadigan himoya faktorlari spetsifik, ya’ni ma’lum bir qo`zg`atuvchiga qaratilgan va nospetsifik, ya’ni odam va ko’pgina hayvonlarga xos bo’lishi mumkin. Nospetsifik faktorlar xilma-xil mikroorganizmlarga qarshi himoyani amalga oshiradi.
Odam va hayvon organizmida patogen mikroblar kirishiga to`sqinlik qiladigan yoki ularni nobud qiladigan tabiiy himoya vositalari bor. Bularga teri, shilliq pardalar, limfa, ichak, va oshqozon shirasi, lizotsim fermenti, o`t, safro va boshqalar misol bo`ladi. Teri organizmga ko`pgina mikroblarning kirishiga yo’l qo’ymaydigan to`siq bo`lib xizmat qiladi. Undan ajralib turadigan ter va yog` bezlar tarkibida bo`lgan sut va yog` kislotalarning salbiy ta’siridir, teriga tushgan mikroblar 30 minutdan so`ng nobud bo`ladi. Agar teri iflos bo`lsa, uning bakteritsidlik xossalari susayib ketadi, shuning uchun terini doim toza holda saqlash muhim axamiyatga ega.
Burun, halqum, nafas yo’llari, ichak, siydik-tanosil yo`llari va ko`z konyunktivlarining shilliq pardasi yanada kuchli himoya xossalariga ega. Bu shilimshiq ko`z yoshi, so`lak, hazm bezlari ishlab chiqaradigan sekretlar tarkibida ko`pgina mikroblarga salbiy ta’sir etuvchi alohida moddalar bo`ladi. Ana shunday moddalardan biri lizotsimdir, u ko`pgina saprofit mikroblarga, patogen mikroblarga ta’sir etadi, va ularni yeritib yuborish xususiyatiga ega.
Nafas yo’llari shilliq pardasining epiteliysi organizmga kirgan patogen bakteriyalarni ushlab qoladi va tashqariga chiqaradi. Eng mayda zarrachalar yupka alveolalariga yetib boradi va bu yerda fagotsitlar tomonidan tutib qolinadi, undan limfa tugunlariga o`tkaziladi va zararsizlantiriladi.
I.I. Mechnikov fagotsitoz nazariyasining asoschisi hisoblanadi. Bu nazariyaning ma’nosi shundan iborat: organizmga tashqi muhitdan kirgan mikroorganizmlarni mezoderma hujayralari hazm qilib yuboradi. Donador leykotsitlar, limfotsitlar, monotsitlar, plazmatik hujayralar fagotsitlarga misol bo’ladi.
Ko`pgina yuqumli kasalliklar vaqtida bemorning qon zardobida spetsifik antitelalar hosil bo’ladi, ularni ma’lum antigen orqali bilish mumkin. Immunitet reaktsiyalari spetsifik va nihoyatda sezgir bo’lib, diagnostikada keng qo’llaniladi.
Immunitet reaktsiyalari agglyutinatsiya, pretsipitatsiya, komplementni bog`lash reaktsiyalaridir. Immunitet reaktsiyalari antigen bilan antitelaning spetsifik ravishda o’zaro ta’sir etishiga asoslangan.
Ma’lum antigenlar yordamida bemor yoki tekshirilayotgan odamning qon zardobida antitelalar bor yo’qligini aniqlash mumkin.
Agglyutinatsiya reaktsiyasi. Agglyutinatsiya reaktsiyasi antitelalar (agglyutininlar)ning yaxlit mikrob hujayralari yoki boshqa hujayralar bilan spetsifik ravishda o’zaro ta’sir etishiga asoslangan. Shunday o`zaro ta’sir natijasida cho`kmaga tushadigan aglomerat zarralar hosil bo’ladi (agglyutinat). Bu reaktsiya ikki fazada o’tadi: birinchi fazasi - antigen bilan antitelaning spetsifik tarzda birikishi, ikkinchisi — nospetsifik faza, ya’ni ko`zga ko`rinadigan agglyutinat hosil bo’lishidir.
Agglyutinat natriy xlorid ishtirokida cho`kmaga tushadi. Agglyutinatdagi mikroorganizmlar uzoq vaqtgacha tirik qoladi, lekin harakatchanligini yo`qotadi. Agglyutinatsiya reaktsiyasi yuqumli kasalliklarning serologik diagnostikasini hamda ajratib olingan mikroblarning antigen strukturasini aniqlash uchun keng qo’llaniladi.
Pretsipitatsiya reaktsiyasi. Bu reaktsiyalarda ishtirok etadigan antitelalar pretsipitinlardir. Organizmda hosil bo`ladigan mayda dispersli antigen - antitela kompleksi oddiy metodlarda qo’yilgan pretsipitatsiya reaktsiyasida ma’lum bo`ladi. Masalan, kuydirgi, toun, tulyaremiya, meningit diagnostikasida halqasimon pretsipitatsiya reaktsiyasidan foydalaniladi. Buning uchun ingichka probirkalarga maxsus immun zardob quyiladi va unga juda yehtiyotlik bilan qoplam qilib antigen tushiriladi. Ikki suyuqlik chegarasida xalqa, ya’ni pretsipitat paydo bo’lishi tegishli antigen borligini ko’rsatadi.
Komplementni biriktirish reaktsiyasi. Bakterial, virus, protozoy infektsiyalarida bemorlar qon zardobidagi antigenni topish uchun, shuningdek, kasal kishilardan ajratib olingan viruslarni aniqlash va tipini belgilash uchun shu reaktsiyadan foydalaniladi. Bu reaktsiyada antigen, antitela va komplementdan tashqari, reaktsiya natijasini ifodalaydigan gemolitik sistema ham ishtirok etadi. Komplementni biriktirish reaktsiyasi ikki fazada o’tadi. Birinchi fazada - komplement ishtirokida antigen bilan antitelaning o’zaro ta’sirini, ikkinchisida komplementning birikish darajasini gemolitik sistema yordamida bilib olish mumknn.
Komplementni biriktirish reaktsiyasi zaxm (Vasserman reaktsiyasi), so`zak (Borjangu reaktsiyasi), toksoplazmoz, rikketsioz va virus kasalliklari diagnostikasida qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |