Tezisni quyidagi besh usul orqali rad etish mumkin:
1. Opponent (muxolif) o‘rtacha tashlagan tezisni rad etish uchun fakt va dalillar keltirish.
2. Muxolif o‘z tezisiga asos qilib olgan dalillarni tadqiq qilish.
3. Rad qilinuvchi isbot tezisining chinligi tezisni tasdiqlash uchun keltirilgan dalillardan kelib chiqmasligini isbot etish.
4. Rad qilinuvchi tezisga zid bo‘lgan yangi tezisni mustaqil ravishda isbot etish.
5. Rad qilinuvchi tezisning o‘zining noto‘g‘riligini isbot qilish.
Isbot va raddiya jarayonlarida ba'zi mantiqiy xatolarga ham yo‘l qo‘yiladiki, ular quyidagilardir:
1.Tezisni almashtirish. Buning natijasida fikr mavzusi o‘zgarib, mantiqsizlik hosil bo‘ladi. Bu xato isbotning 1-2-qoidalarini buzishdan hosil bo‘ladi.
2. Insonning shaxsiy sifatlarini bahona qilib, tezisni almashtirish. Buni lotincha argumentum ad personam deb ataladi. Isbot va raddiya jarayonlarida kishining shaxsiy sifatlarini aralashtirmaslik, ularga bahona qilib, tezisni almashtirmaslik kerak. Bu ham yuqoridagidek xatolarga olib keladi.
3. Kimki haddan tashqari ko‘p isbot etishga urinsa, u hech narsani isbot eta olmaydi. Isbot etishning ham o‘z me'yori bor. Isbot etish uchun keltiriladigan dalillarning ham chegarasi bo‘ladi. Agar dalillar etarli bo‘lsa, isbot eta berish kerak. Aks holda dalillar ichiga ko‘milib, isbot tezisini unutib qo‘yish mumkin.
4. Argument yoki asosning xatoligi.
5. Aylanma isbot xatosi. U takror, tavtologiyaga olib boradi. Buni ko‘pincha «shundoqni shundoq isbot etish» deb ataladi. Buning natijasida sofizm xatosi sodir bo‘ladi. Masalan:
Ahmedov – shaxmatchi, chunki u shaxmatni yaxshi o‘ynaydi.
Ahmedov shaxmatni yaxshi o‘ynaydi, chunki u shaxmatchi.
6. Asoslarni oldindan taxminlash shaklidagi xato.
7. Tezisni to‘rtlashtirish xatosi.
Fikr-mulohaza yuritish, isbot va raddiya jarayonlarida fikrlarni bir-biriga bog‘lash, ularni o‘zaro asoslashda turli mantiqiy xatolarga yo‘l qo‘yish mumkin. Mantiqiy xatolar tafakkur qonunlarini buzish, ularning talablariga rioya qilmaslik natijasida yuzaga keladi. Paralogizm, sofizm va paradoks shunday xatolar hisoblanadi.
Mulohaza jarayonida bilmasdan turib, ehtiyotsizlik, ongsizlik natijasida yo‘l qo‘yilgan mantiqiy xatoga paralogizm (grekcha paralogismus – noto‘g‘ri muhokama) deyiladi. U tafakkur madaniyati saviyasining pastligi sababli yuzaga keladi.
Sofizm (grekcha sophismus – ayyorlik, uydirma) deb mulohaza jarayonida bilib turib, ataylab, ongli tarzda raqibini aldash maqsadida yo‘l qo‘yilgan mantiqiy xatoga aytiladi.
Sofizm ongli tarzda, ataylab haqiqatni yolg‘onga, yolg‘onni esa haqiqatga aylantirib tushuntirish usulidir. Masalan, Qadimgi Gretsiyada «Evatl», «O‘z otangni bilmaysan», «Shoxdor» sofizmlari mashhur bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |