Internet matnning lingvistik darajasi
Global tarmoq tilining asosiy xususiyati uning texnikaga asoslangan holda inson ongiga turli g‘oyalarni singdirishidir. Mazkur texnik asos zamirida matn tilshunosligining yangi birligi - gipermatn paydo bo‘ldi. Gipermatn axborot mazmunini notekis, tizimlashmagan holda uzatish va qabul qilish imkoniyatini beradi. Gipermatn bu – matnning mohiyatini unga iqtibos keltirilgan boshqa bir matn vositasida to‘liq tushunish imkoniyatidir.
Zamonaviy gipermatnning axborot asriga qadar mavjud bo‘lgan intermatndan asosiy farqi qo‘shimcha ma'lumotlarni o‘sha yerning o‘zida o‘qish imkoniyati borligidadir. Masalan, biz iqtisodiy elektron jurnal mutolaa qilyapmiz va “motivatsiya” tushunchasiga to‘qnash keldik, uning mazmunini bilishga qiziqyapmiz. Buning uchun jurnaldan chetlashib motivatsiya haqida ma'lumot berilgan monografiya bilan tanishish uchun kutubxonaga yuzlanmaymiz. Shunchaki matndagi motivatsiyaatamasini kursor yordamida bir marta chertamiz. Oldimizda motivatsiya haqida, uning ma'no-mazmuni to‘g‘risida butun boshli qomusiy maqola e'lon qilinadi. Agar maqoladagi ma'lumotlar bizni qoniqtirmasa, mazkur maqola matnida boshqa bir monografiyaga keltirilgan iqtibos, ya'ni gipermatndan foydalanamiz.
Internetni pragmatik aspekti
Oddiy til vositalarining o‘rniga smayliklarning qo‘llanilishi uning pragmatik uchlik – lokutiv akt (nutqiy ifoda) - illokutiv akt – perlokutiv akt (perlokutiv samara)ning in'ikosidir. Mazkur smayliklar bevosita ta'sirchanlikni oshirishga, inson hissiyotlarini so‘zsiz ifodalashga yordam beradi. Masalan,
xursandchilik - :)
xafagarchilik - :(
ayyorona murojaat - ;)
ko‘z yosh to‘kish - :'(
baxtdan o‘zini yo‘qotish - O:)
qayg‘uga botish - :/ shular jumlasidandir. Mazkur smayliklarning ellikka yaqin turi bo‘lib, internet foydalanuvchilari o‘z kayfiyatlariga muvofiq kerakli smaylikdan foydalanadilar.
Shunday qilib, hozirgi paytda Internet geografik chegaralarga ega bo‘lmagan murakkab sotsiotexnik tizimdan iborat deb hisoblanadi. Bu tizimda axborot katta miqdordagi veb-ma'lumotlar, multimedia, uch o‘lchamli tasvirlar va boshqalar ko‘rinishida mavjud.
Global kommunikatsiyalar davri hisoblangan bugungi kunda internetdagi muloqot eng ommabop muloqot turiga aylanmoqda. U o‘zida turli tuman til amaliyotlari, kommunikatsiya uslublari va shakllarini mujassam etadi. Asta-sekin bu muloqot Signum Temporis (davrimizning belgisi) ga aylanmoqda.
Nazorat savollari:
Kompyuter diskursining qanday konstruktiv belgilari mavjud?
Gipermatn nima?
Global tarmoq tilining janrlari haqida nimalarni bilasiz?
Internet tili va uslubi qanday tasniflanadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |