Mualliflik nazorati Mualliflik nazorati ishlab chiquvchi tomonidan shartnoma asosida obyektni qurishning (rekonstruksiya qilishning) butun davri davomida amalga oshiriladi. Ishlab chiquvchi mualliflik nazoratini amalga oshirish bo’yicha o’z vakolatlarini shartnoma asosida boshqa ishlab chiquvchiga, bu haqda buyurtmachini xabardor qilgan holda, topshirish huquqiga ega.
Mualliflik nazorati bo’yicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo’lishi kerak.
Mualliflik nazorati bo’yicha mutaxassis:
qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarida qabul qilingan loyiha yechimlariga muvofiq bajarilishini nazorat qiladi;
yashirin ishlarni ko’rikdan o’tkazish va muhim konstruksiyalarni oraliq qabul qilish to’g’risidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirishda qatnashadi;
mualliflik nazorati jurnali to’g’ri yuritilishini ta’minlaydi va mualliflik nazorati jurnaliga tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan chetga chiqishlar to’g’risidagi yozuvlarni kiritadi, ular buyurtmachi va pudratchi tomonidan bajarilishi majburiydir;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan konstruksiyalarning ishonchliligiga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir ko’rsatuvchi, shuningdek inson hayoti va sog’lig’iga tahdid soluvchi chetga chiqishlar aniqlanganda, buyurtmachini hamda hududiy inspeksiyani ta’sirchan choralar ko’rish uchun xabardor qilgan holda, qurilish-montaj ishlarini to’xtatib turadi;
qurilish obyektining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar bo’ladi.
Obyektni qurish (rekonstruksiya qilish) tugallangandan so’ng mualliflik nazorati bo’yicha mutaxassis buyurtmachiga bajarilgan qurilish-montaj ishlarining shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi.
Mualliflik nazorati bo’yicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Ichki nazorat Ichki nazorat pudratchi tomonidan kamchiliklarni o’z vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish va ularning oldi olish bo’yicha choralar ko’rish maqsadida amalga oshiriladi.
Ichki nazorat bo’yicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo’lishi kerak.
Ichki nazorat bo’yicha mutaxassis:
shaharsozlik hujjatlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq butligi yuzasidan kirish nazoratini;
qurilish materiallarini, konstruksiyalarini, buyumlarini va uskunalarini albatta tashqi ko’zdan kechirishdan o’tkazgan holda, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga, ish chizmalariga, pasportlarga, sertifikatlarga va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan kirish nazoratini;
texnik va mualliflik nazorati bo’yicha mutaxassislar ishtirokida muhim konstruksiyalarni ularning tayyor bo’lishiga qarab qabul qilib olish yo’li bilan qurilish jarayonlari texnologiyalariga rioya etilishiga doir operasiyalar bo’yicha nazoratni;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarini qabul qilib olish nazoratini amalga oshiradi.
Ichki nazorat bo’yicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish pudratchining qurilish laboratoriyasi yoki shartnoma asosida jalb etiladigan tashkilot tomonidan ta’minlanadi.