2.Biosfera haqida umumiy tushuncha
Biosfera – Yer sharining tirik organizmlar ta'sirida bo`lgan qismi bo`lib, uning tarkibi va energetikasi shu organizmlarga faoliyatiga bog`liq. Biosfera Yer yuzining tirik organizmlar yashaydigan yuza qatlami ekanligi to`g`risidagi tasavvurlar J.B. Lamarkdan boshlangan edi. Ammo u alohida termin sifatida fanga birinchi marta 1875 yilda avstriya geologi E.Zyuss tomonidan kiritildi. Zyussning fikricha biosfera – bu yer ustining tirik organizmlar yashaydigan yupqa po`stlog`idir. U biosferani chuqurroq tushuntirib bermadi. Yerning tiriklik muhiti ekanligi to`g`risidagi o`zidan oldingi fikrlarni rivojlantirgan rus olimi V.I. Vernadskiy 1926 yilda biosfera to`g`risidagi ta'limotni yaratdi. Bu ta'limotga ko`ra biosfera 3 asosiy tarkibiy qismdan iborat: 1)tirik organizmlar,
2)tirik organizmlar tarkibidagi biogen modda aylanishida qatnashadigan mineral moddalar,
3)tirik organizmlar faoliyati natijasida hosil bo`lgan va lekin biogen modda aylanishida vaqtincha qatnashmaydigan moddalar.
Tirik organizmlar tabiatda juda ko`p va xilma-xil bo`lib, ular turli yashash muhitlarini egallab olganlar. Bu tirik organizmlar tabiatning boshqa tarkibiy qismlariga (masalan, jonsiz predmetlarga) qaraganda o`zlarida kechadigan biokimyoviy jarayonlarning aktivligi bilan ajralib turadilar va shuning uchun ham ular Yer yuzida o`zgarishlar yasashga qodirlar. Sayyoramizdagi barcha organizmlar, V.I. Vernadskiy fikricha tirik moddalar bo`lib, ularning asosida vazn, kimyoviy tarkib va energiya yotadi. Bu moddalarni Vernadskiy 3 guruhga bo`ladi: o`lik moddalar – bularning yaratilishida tirik organizmlar ishtirok etmaydi. Bularga abiotik muhitning omillari, masalan, quyosh radiatsiyasi, havoning namligi, bosimi, ximizmi va boshqalar kiradi; biogen moddalar – bular tirik organizmlar tomonidan yaratiladi va o`zlashtiriladi. Bunga toshko`mir, bitum, neft va ohaktosh kiradi; biokos moddalar –bular tirik organizmlar va abiotik muhit omillarining birgalikda ta'siri natijasida paydo bo`ladi. Bunga tuproq va tabiiy suvlar kirib, holati tirik organizmlarga bog`liq bo`ladi. Hozirgi vaqtda biosferaga yagona ekotizim sifatida qaraladi. U joylashgan o`rniga ko`ra 3 ta tarkibiy qismdan tashkil topgan. 1.Litosfera – Yerning sirtqi po`stlog`i bo`lib, u g`ovak modda ya'ni tuproqdan iborat. Yer mag`zidagi barcha tirik organizmlar ana shu qavatda yashaydi. Tuproq va uning kelib chiqishini birinchi bo`lib rus olimi V.V. Dokuchayev o`rgangan. Uning fikricha tuproq tog` jinslarining quyosh energiyasi, namlik, va tirik organizmlar yordamida nurashidan hosil bo`ladi. 2.Gidrosfera – dunyodagi barcha suvliklar bo`lib, ular Yer yuzi maydonining 70,8% ni egallagan. Gidrosferaning umumiy maydoni 1 mlrd 370 mln. kv.km. ga teng bo`lib, uning katta qismi dengiz va okeanlar bilan band, qolgani esa quruqlikda joylashgan muzliklar, daryo va ko`llardir. 3.Atmosfera – Yer sharini o`rab olgan havo qatlamidan iborat bo`lib, uning og`irligi Yer og`irligining milliondan bir qismiga teng. Bu miqdor 5000 trillion tonnani tashkil qiladi va yer yuzasining har bir kvadrat santimetr maydoniga 1,32 kg. dan to`g`ri keladi. Atmosfera 3 ta asosiy qavatdan – troposfera, stratosfera va ionsferadan tarkib topgan. Biz bu to`g`rida keyinroq ma'lumot beramiz. Havo zarrachalarining eng zich joylashgan qavati troposfera bo`lib, u biosfera tarkibiga kiradi. Hozirgacha fanda havoda yashovchilar – atmobiontlar ma'lum emas. Ammo ko`pgina organizmlar bor-ki, ular havoda harakatlanish va oziqlanishga moslashib olganlar. Shunday qilib, biosfera tirik va tirik bo`lmagan tarkibiy qismlardan iborat murakkab ekotizim bo`lib, u iyerarxik tartibda joylashgan individ, populyatsiya, biotsenoz va biogeotsenozlardan tashkil topgan. Hozirgi kunda biosferaning o`zgarishi qudratli kuchlar ta'sirida yanada tezlashgan. Bu qudratli kuch inson omili bo`lib, insonning o`zgartiruvchi faoliyati tabiatning barcha burchaklarida favqulodda texnogen hodisalar va tabiiy ofatlarni keltirib chiqarmoqda. Tirik organizmlar Yer yuzining barcha muhitlarini egallab olgan bo`lib, bundan faqatgina bepoyon muzliklar va harakatdagi vulqon kraterlari mustasno. V.I. Vernadskiy o`z vaqtida hayot biosferaning barcha yerida mavjud ekanligini ko`rsatib o`tgan edi. Uning fikricha tirik organizmlar turli muhitga moslashaoladigan bo`lganlari uchun ham ular tobora yangi muhitlarni o`zlashtiraboradilar. Darhaqiqat, hayot dastlab suvda paydo bo`lib, keyinchalik u quruqlik va havo muhitiga ham tarqaldi. Tirik organizmlarning bosimga chidayolish diapazoni ham keng.
3.Muhofazaga olingan hududlar
Ko‘pgina mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilishning tashkiliy ko‘rinishlari bir xil emas va «qo‘riqxona», «milliy bog`», «rezervat», «buyurtmaxonalar» tushunchalariga turli xil mazmun beriladi. Mamlakatimizda alohida muhofaza qilinadigan yoki qo‘riqlanadigan hududlar – landshaftlar - qo‘riqxonalar, har xil turdagi zakazniklar, tabiiy parklar va yodgorliklar yuqoridagi belgilarga muvofiq tashkil qilinadi. Qo‘riqxonalar hududidagi mavjud komplekslar tabiiy holatda saqlanadi. Ular inson tomonidan o‘zlashtirilayotgan va o‘zgargan qo‘shni hududlar uchun etalon bo‘lib xizmat qiladi. Bunday etalonlar inson xo‘jalik faoliyatining biz uchun qulay yoki noqulay ekanligini taqqoslashga, tabiatdan amaliy foydalanish u yoki bu usulining naqadar maqsadga muvofiqligini nazorat qilishga imkon beradi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi tabiatni har tomonlama o‘rganishdir. U landshaft komponentlari o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni bilib, tabiiy boyliklardan unumli foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish uchun zarur. Qo‘riqxonalardagi tabiiy jarayonlarni o‘rganish landshaft geografik jihatdan o‘xshash bo‘lgan hududlarning tabiiy boyliklari va tabiiy sharoitidan unumli foydalanishni tashkil qilishni yengillashtiradi. Shuning uchun qo‘riqxonalar tabiiyhududiy komplekslarning hamma tipida bo‘lishi kerak. Asosiy muhofaza qilish ob’ektiga bog‘liq holda qo‘riqxonalar oldiga kompleks va maxsus vazifalar qo‘yiladi. Kompleks qo‘riqxonalarda butun tabiiy-hududiy komplekslar tabiiy holda muhofaza qilinadi. O‘rta Osiyodagi qo‘riqxonalarning asosiy qismi oldiga kompleks maqsadlar qo‘yilgan. Maxsus vazifalarni bajaradigan qo‘riqxonalar asosan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim ob’ektlarni muhofaza etish uchun tashkil qilinadi. Masalan, Orol dengizidagi tashkil etilgan Borsakelmas qo‘riqxonasi, eng avval, shu yerda iqlimlashtirilgan qulon hamda sayg‘oq va jayronlarni qo‘riqlash va biologiyasini o‘rganish uchun tashkil qilingan edi. Zarafshon tizmasining janubiy yonbag‘ridagi Kitob davlat paleontologikstratigrafik qo‘riqxonasi geologik maqsadlar uchun tashkil etilgan. Qo‘riqxona tabiiy-hududiy komplekslarning daxlsizligini ta’minlovchi tabiiy etalondir; Qo`riqxonalar. O‘zbekistonda birinchi qo‘riqxona 1926 yilda Zomin rayonining Jizzax o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Ko‘lsoy va G‘o‘ralashsoy havzalarida «G‘o‘ralash» tog‘-archa qo‘riqxonasi nomi bilan tashkil qilingan edi. Respublikada ikkinchi qo‘riqxona 1947 yili tuzilgan Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasidir. 1970 yildan boshlab O‘zbekistonda qo‘riqxonalar tashkil qilinishiga alohida e’tibor berila boshlandi. O‘sha vaqtda Respublikada bor-yo‘g‘i 3 qo‘riqxona (Zomin, Chotqol, Payg‘ambarorol) bo‘lib, ularning maydoni 49,3 ming gektarni tashkil qilar edi. Hozir O‘zbekistonda umumiy maydoni 490 ming gektarni tashkil qilgan 12 qo‘riqxona mavjud. Milliy bog`lar Zomin xalq tabiiy bog‘i 1976 yil 3 sentyabrda 45590 gektar maydonda tashkil etilgan. Bog‘ Turkiston tog‘larining Shimoliy yonbag‘irda Sangzor va Zomin daryolari havzasida, xushmanzara va xilma-xil tik landshaftlar poyasida dengiz sathidan 1000-4030 metr balandlikda joylashgan. Bog‘ geologik jihatdan, asosan Paleozoy erasi (silur, devon, karbon davrlar)ning cho‘kindi jinslaridan ohaktosh, kristall slanes va qumtoshlaridan iborat
Do'stlaringiz bilan baham: |