MORFEMIKA
1. So’zlarning eng kichik ma’noli qismlarini o’rgatuvchi tilshunoslik bo’limi morfemika deyiladi.
2. So’z ma’noli qismlari deyilganda asos(o’zak) va qo’shimchalar tushuniladi .
3. So’zning tub ma’noli qismiga asos deyiladi .
4. Ayrim so’zlar tarixiy taraqqiyot natijasida o’zining tub-asos qismini o’zgartirishi , boshqa shaklga kirishi mumkin : yomg’ir(yog’+mir) , ko’mir(ko’m+mir) , olg’a(old+g’a) , sakson(sakkiz o’n) , qishloq(qish+loq) , eshik(esh+ik)…
5. Turkiy tillar , jumladan , o’zbek tilida ham asos ko’pincha birinchi bo’lib keladi : tadbir+kor , toy+choq , o’ksi+k , qizil+ar
6. Ba’zi hollarda asosdan oldin qo’shimcha qo’shilishi mumkin : be+xabar , no+davlat , ser+hashamat , ba+ma’ni
7. Asosdan oldin qo’shiladigan qo’shimchalar so’z yasovchilardir
8. Asosdan oldin qo’shiladigan qo’shimchalar , asosan , sifat so’z turkumida uchraydi .
9. Asosdan oldin qo’shiladigan sifat yasovchilar , asosan , ikki xil ma’noni yuzaga chiqaradi :
a) biror narsaga egalik yoki me’yordan ortiqlik—bo+hunar , ba+davlat , ba+quvvat , ser+farzand, ser+qatna+v ;
b) biror narsaga ega emaslik yoki me’yoridan kamlik— no+o’rin , be+yog’ , be+ibo , no+o’rin , no+mard
10. Bir asosdan yasalgan so’zlar asosdosh so’zlar sanaladi hamda bir asosdan hosil qilingan so’zlar so’z yasalish uyasini tashkil etadi : fikrdosh , fikriy , hamfikr , fikran , fikrla ; ishla , ishchi , ishsiz , ishchan , beish .
11. Qo’shimchalar qo’shilishi bilan ba’zan fonetik o’zgarish ro’y berishi mumkin :
a) tovush tushishi : past+ay , sust+ay , o’rin+a , qizi+dir
b) tovush o’zgarishi : ong+la , son+a , quvna+q
d) tovush ortishi : u+ga , shu+da , bu+dan
12. Ma’lumki , jamiyatning tarixiy taraqqiyoti davomida yangi-yangi tushunchalar paydo bo’ladi . Bu yangi tushunchalarning har biri alohida-alohida so’zlar bilan ifodalanganda , so’zlarning soni cheksiz ravishda ko’payib ketgan hamda ularni xotirada saqlash imkoniyati yo’qolgan bo’lardi . Natijada tilimiz aloqa vositasi sifatida yaroqsiz holga kelib qolgan bo’lardi .
13. Tilning imkoniyatlari shu darajada boyki , oz vositalar bilan cheksiz tushunchalarni , xilma-xil axborotlarni ifodalash mumkin .
14. Yangi-yangi tushunchalarni ifodalash uchun ilgari tilimizda mavjud bo’lgan so’zlarga so’z yasovchi ko’makchi morfemalar qo’shib , yangi so’z hosil qilish usuli keng qo’llaniladi . Ana shunday usul bilan yangi so’z hosil qilish affiksatsiya bilan so’z yasalishi sanaladi
15. Ko’makchi morfemalar qo’shish yo’li bilan yangi so’z yasalishi doimo ikki qismning bo’linishini talab qiladi :
1) so’z yasashga asos qism
2) yasovchi qism
16. So’z yasashga asos qism va yasovchi qism birgalikda yasalmani tashkil etadi
17. Yasovchi qismni tashkil etgan morfemalar so’z yasovchi morfemalar deyiladi .
18. Terim jarayon oti ter fe’liga –im ot yasovchi morfemasini qo’shish orqali hisil qilingan . Terimchi shaxs oti esa terim jarayon otiga –chi shaxs oti yasovchi morfemasini qo’shish bilan hosil qilingan : ter+im=terim , terim+chi=terimchi
19. Yangi yasalgan so’z ma’nosi yasashga asos bo’lgan so’zning ma’nosiga asoslanadi , uning ma’nosi bilan bog’liq bo’ladi : suv+chi=suvchi ( suvchi va suv) ,
temir+chi=temirchi (temirchi va temir) ,
tosh+loq=toshloq (toshloq va tosh)
20. Agar yasalgan (sanalayotgan) so’z bilan yasashga asos qism o’rtasida ana shunday bog’lanish bo’lmasa , yasama so’z hisoblanmaydi . Masalan , tulki va tul , qoshiq va qosh , o’rik va o’r so’zlari orasida ma’noviy bog’lanish yo’q , demak , ular tub so’zlar sanaladi .
21. Yetakchi morfemalarga qo’shilib , yangi so’z hosil qiladigan , yasovchi qismni tashkil etadigan morfemalar so’z yasovchi morfemalar deyiladi
22. Yetakchi morfemaga qo’shilib , yangi so’z hosil qilmaydigan , so’zning turli shakllarini vujudga keltiradigan morfemalar shakl yasovchi morfemalar deyiladi
23. Shakl yasovchi morfemalar sintaktik munosabatni bildirish-bildirmasligiga ko’ra ikki guruhga bo’linadi :
a) sintaktik munosabat bildiradigan morfemalar , ya’ni sintaktik shakl yasovchi morfemalar ;
b) sintaktik munosabat bildirmaydigan morfemalar , ya’ni lug’aviy shakl yasovchi morfemalar
24. Yetakchi morfemaga qo’shilib , undan yangi so’z ham yasamaydigan va o’zi qo’shilgan so’zni boshqa so’zga bog’lash uchun ham xizmat qilmaydigan morfemalar lug’aviy shakl yasovchi morfemalar deyiladi
25. Yetakchi morfemaga qo’shilib , uning ma’lum morfologik shaklini ko’rsatadigan va boshqa so’zga bog’lash uchun xizmat qiladigan morfemalar sintaktik shakl yasovchi morfemalar deyiladi
26. So’z yasovchi morfemalarga ot , sifat , ravish va fe’l yasovchi morfemalar kiradi
27. Sintaktik shakl yasovchi morfemalar ikki guruhga bo’linadi :
a) ismlarning munosabat shakllari : egalik , kelishik , bog’lama qo’shimchalar ;
b) fe’llarning munosabat shakllari : zamon , shaxs-son , mayl qo’shimchalari
28. Asosga eng avval so’z yasovchi qo’shimcha , so’ng lug’aviy shakl yasovchi qo’shimcha , eng oxirida esa sintaktik shakl yasovchi qo’shimchalar qo’shiladi
29. Asos+so’z yasovchi+lug’aviy shakl yasovchi+sintaktik shakl yasovchi
30. Agar so’z yasovchi , lug’aviy shakl yasovchi yoki sintaktik shakl yasovchi qo’shimcha birdan ortiq bo’lsa yoki ulardan ba’zi biri bo’lmasa ham , yuqoridagi tartibda qo’shilaveradi .
31. Ayrim so’zlarda umumiy tartib buzilishi kuzatiladi : es+la+gan+lik kabi .
Bunda asos+so’z yasovchi qo’shimcha+shakl yasovchi qo’shimcha+so’z yasovchi qo’shimcha qo’shilmoqda
32. Umuman olganda , qo’shimchalarning qo’shilishida o’ng qo’l qoidasiga rioya qilinadi
33. Ba’zi hollarda so’z yasovchi qo’shimcha asosga old tomondan qo’shilishi mumkin , lekin bunday old qo’shimchalar o’zbek tilida juda kam
34. O’zbek tili asrlar davomida arab , fors-tojik hamda rus tillari bilan o’zaro aloqada yashab keldi. Buning natijasida tilimizga o’sha tillarga xos bo’lgan yasalmalar va so’z yasash qoliplari ham o’zlashgan . Shulardan biri old qo’shimchali so’zlar va old qo’shimchalar sanaladi : ba+tafsil , ba+davlat , ba+haybat , be+xavotir , be+g’ubor , be+farosat , no+umid , no+qulay , no+rozi , ser+zavq , ser+gap , ser+hosil , bad+nafs , bad+qil+iq , bad+fe’l
35. Qo’shimchalarning ayrimlari ifodalanishiga ko’ra aynan bir-biriga o’xshasa-da , mazmun-mohiyati bilan keskin farq qiladi . Ular shakldosh qo’shimchalar sanaladi :
a) tiq+in , yig’+in , chaq+in ; b) to’l+in , erk+in , yashir+in ;
d) ost+in-ust+in , bir+in-ket+in , qish+in-yoz+in ; e) il+in+di , ko’r+in+di , qil+in+di
36. Qo’shimchalarning vazifasiga ko’ra har handay turi boshqa turi bilan shakldoshlik hosil qilishi mumkin .
37. So’z yasovchi qo’shimcha bilan so’z yasovchi qo’shimchaning shakldoshligi :
qalamdon-qadrdon , toshqin-jo’shqin , tepki-kechki , qatlama-bo’g’ma , o’roq-qo’rqoq , yuzsiz-so’zsiz , yugurik-ko’rik
38. So’z yasovchi qo’shimcha bilan shakl yasovchi qo’shimchaning shakldoshligi :
kelinchak-erinchak , gapirma-burma , yuzlab-haftalab , qizcha-erkakcha , Barnoxon-kitobxon , do’sti-ranji
39. Shakl yasovchi qo’shimcha bilan shakl yasovchi qo’shimchaning shakldoshligi :
oqish-kelish , otam-ko’rdim , ukang-hovling
40. Ba’zan ma’lum bir so’z yasash ma’nosini ifodalash uchun birdan ortiq qo’shimchalardan foydalaniladi . Ular ma’nodosh qo’shimchalar sanaladi : mard+ona=mard+larcha , tirik+lay=tirik+layin
41. Sifat yasovchi –li qo’shimchasi o’rnida –kor , -dor , bo- , ba- , ser- , -mand qo’shimchalarini qo’llash mumkin : itoatli-itoatkor , shirali-shirador , sablatli-basavlat , sutli-sersut , obro’li-boobro’ , davlatli-davlatmand
42. Ot yasovchi –chi qo’shimchasi o’rnida –shunos , - kor , -kash qo’shimchalarini qo’llash mumkin : adabiyotchi-adabiyotshunos , g’allachi-g’allakor , aravachi-aravakash
43. Sizfat yasovchi –siz qo’shimchasi o’rnida be- , no- old qo’shimchalarini qo’llash mumkin : hayosiz-behayo , o’rinsiz-noo’rin
44. Qo’shimchalardagi ma’nodoshlik nutqning muayyan davridagi me’yorlari asosida yuzaga keladigan til hodisasi sanaladi . Masalan , no+davlat tashkilotlari deyish o’rniga be+davlat tashkilotlari yoki davlat+siz tashkilotlari deyilsa , uslubiy g’alizlik yuzaga keladi .
Demak , hamma holatlarda ham ma’nodosh qo’shimchalarning biri o’rnida ikkinchisi qo’llanavermaydi
45. Qarama-qarshi ma’noni yuzaga chiqaradigan qo’shimchalar zid ma’noli(antonim) qo’shimchalar deyiladi : bar+qaror-be+qaror , bar+vaqt-be+baqt
46. Nutqni ravon , ta’sirchan , emotsional-ekspressiv jihatdan bo’yoqdor bo’lib chiqishida zid ma’noli qo’shimchalardan foydalanishning ahamiyati katta bo’ladi
47. Sifat yasovchi –li qo’shimchasi –siz , be- , no- qo’shimchalarga nisbatan qarama-qarshi ma’noni hosil qiladi : aqlli-aqlsiz , iboli-beibo , o’rinli-noo’rin
48. Qarama-qarshi ma’noli qo’shimchalar , asosan , sifat so’z turkumida ishlatiladi
49. Qarama-qarshi ma’noli sifat yasovchi qo’shimchalarni ikki guruhga bo’lish mumkin :
a) asosdan anglashiladigan tushunchaga egalik ma’nosini ifodalaydi : -li , -dor , -mand , ser- ,
ba- , bo- ;
b) asosdan anglashiladigan tushunchaga ega emaslik ma’nosini ifodalaydi : no- , be- , -siz
50. Yuqoridagi ikki guruhga mansub sifat yasovchi qo’shimchalar o’zaro antonim sanaladi (-mand mundan mustasno)
51. Antonimlik juftliklarga etibor bering : badavlat-davlatsiz , shirador-beshira , shirador-shirasiz , sero’t-o’tsiz , baobro’-beobro’ , baobro’-obro’siz , ko’ngilli-ko’ngilsiz
52. Qo’shimchalar shakldoshligi , ma’nodoshligi va zid ma’noliligi nutqni ko’rkam qiladi , tilning ifoda imkoniyatlarini kengaytiradi , uning uslubiy jihatdan rang-barang bo’lishini ta’minlaydi , ta’sirchanligini oshiradi
53. Tilimizdagi so’zlar nafaqat yangi paydo bo’lgan so’zlar hisobiga , balki oldindan muomala-munosabatda mavjud bo’lib kelgan so’zlar asosida yangi leksemalarni hosil qilish yo’li bilan ham ko’payib boradi . Bitta asos vositasida bir nechta yangi so’z yasalishi mumkin : suvli , sersuv , suvsizlik
54. Bir asosli so’zlarga asosdosh so’zlar deyiladi : tinch , tinim , tinimsiz , notinch , notinchlik ; gulli , guldor , gulchi , gulchilik , sergul ; shoxli , shoxsimon , shoxdor , sershox ; obro’li , obro’siz , baobro’ , beobro’
55. Adabiyotshunoslikda asosdosh(o’zakdosh) so’zlar vositasida ishtiqoq she’riy san’ati yaratiladi
56. Adabiyotshunoslikda shakldosh(omonim) so’zlar vositasida tajnis she’riy san’ati yaratiladi
57. Adabiyotshunoslikda antonim(ziddosh) so’zlar vositasida tazod she’riy san’ati yaratiladi
58. Adabiyotshunoslikda manodosh(sinonim) so’zlar vositasida ta’did she’riy san’ati yaratiladi
Do'stlaringiz bilan baham: |