“MEHROBDAN CHAYON” ROMANIDA RA’NO OBRAZI
Abdulla Qodiriy XX asr adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan buyuk siymodir. Adib haqida oʻylashimiz bilan uning “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari koʻz oldimizga keladi. “Mehrobdan chayon” romani ham “Oʻtkan kunlar” singari xonliklar davrini aks ettiradi. Abdulla Qodiriyning bu asarni yozishdan maqsadi Xudoyorxonning qilmishlarini, oʻsha davrda xalqning chekkan azobi, ijtimoiy-madaniy hayotni badiiy boʻyoqlarda aks ettirishdir. Bu asarni oʻqigan har bir inson undan tarixni, xalqning turmush sharoitini, odamlarning fazilat-u kirdikorlarini, yigitlarning mard, qizlarning iboli-hayoli boʻlishi kerakligini bilib olishi mumkin.
Koʻpchilik asarlarda boʻlgani kabi “Mehrobdan chayon”da ham muhabbat mavzusi asarning asosiy sujet chizigʻi boʻlib xizmat qilgan. Abdulla Qodiriy Anvar va Ra’noning muhabbatini tasvirlash vositasida voqealarni bir-biridan uzmay, izchil tasvirlay olgan, ya’ni romanda Anvar va Ra’noning muhabbati, visoli yoʻlidagi xilma-xil mojarolar qalamga olinadi, shu mojarolar jarayonida asar personajlarining qismati, xarakteri va ruhiy olami namoyon boʻladi. Asardagi har bir qiyofa koʻz oʻngimizda jonlidek namoyon boʻladi. Ularning ayrimlari mehr-muhabbatimizni qozonsa, ayrimlari nafratimizga sazovor boʻladi. Bu esa yozuvchining soʻzga jon bagʻishlay olish qobiliyatiga ega ekanligidan dalolat beradi.
Abdulla Qodiriy romanlarida tasvirlangan asosiy qahramonlar hayotiyligi, tabiiyligi, qalbning koʻz ilgʻamas darajada tovlanib turishi, favqulodda kuchli jozibasi, sir-asrorlarga boyligi bilan kishini maftun etadi. Ra’no ham shulardan biri. U, avvalo, oʻzbek xotin-qizlarining timsoli sifatida qabul etiladi. Ra’no shu soʻzning toʻla ma’nosi bilan samimiy, latofatli, zohirangina emas, botinan ham goʻzallar goʻzali. “Mehrobdan chayon” romanidagi asosiy ijobiy obrazlardan boʻlgan Ra’no obrazining tahlilini Abdulla Qodiriyning bu obrazni yaratishda asosiy maqsadini bildiruvchi quyidagi parchani keltirish bilan boshlash mumkin: «Ra’noning ismi jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi… bu goʻzal qiz och ra’no gulining tusida yoki oq-sariq tusida yaratilgan edi…sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora koʻrinsa ham, quyoshda bir oz sarg’ish boʻlib koʻrinar edi… jodu koʻzi kishiga qattiq qaragʻanda, qoraliqdan boshqacha yana bir turluk nur sochar edi. Kipraklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi koʻrinsa ham, koʻndalang yotqan ikki qilich orasini nafis bir quyulib koʻtarilish ajratib turar edi. Burni hech bir munaqqidgʻa berishmaslik mutanosib, har zamon uyalish tabassumiga hozir turgan nafis irinlarining yuqorigʻi qismida sezilar-sezilmas tuklar koʻkargan edi. Yuzi choʻziq emas, oykulcha deb ham boʻlmas, kishiga kulib qaragʻanda qizil olma ostlarida ikkita zamma ravishlik shakl hosil boʻlar, goʻyo bizga chin ra’no guli ochilgʻan holatda koʻrinar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillari orqa-oʻngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning oʻrtasi, doʻndiq barmoqlarining jimjilog’ida xina gullari, har holda, bu qiz yolg’iz Qoʻqonningʻina emas, umuman Farg’onaning kuylariga qoʻshulib maxtaladirgʻan edi”.
Abdulla Qodiriy Ra’noning Anvarni sevishi sabablarini romanda yorqin ifodalagan. Romanda tasvirlanishicha, Ra’no Anvarni, u faqat husnda emas, balki axloq-odobida, ilmda kamolot egasi boʻlgani uchun sevadi, ishonchli, dilkash kishisi sifatida unga gʻamxoʻrlik qiladi, har bir harakatida, muloqotida Anvarga boʻlgan sadoqatini, sevgisini namoyish etadi. Shu fazilatlari bilan Anvarni oʻziga maftun etadi. Abdulla Qodiriy asarda Abdurahmon domla boshliq qora guruhlarning igʻvosi, qabihligi tufayli Ra’no va Anvarning boshlariga tushgan azobni tasvirlashda Ra’nodagi qat’iylik, jasorat xislatini, sevgilisiga sadoqatini, xonlikka nafratini yorqin ifodalagan. Xususan, Ra’nodagi bu xususiyatlarni Anvarga yozgan quyidagi maktubi orqali ham bilib olish mumkin: “Va’da berish oson, uhdasi mashaqqat; bundan soʻng shuni ham xotirda yaxshi tutingiz. Og’ir daqiqalarda arzimas gapni koʻngilga olish siz kabi oliyjanoblar ishi boʻlur, deb kim oʻylasin! Baxtsiz bir qizning najoti uchun, tebranmadingiz deb sizni ayblab boʻlmas; biroq, baxtsiz Ra’no tahlika ostida qolganda, uni bu kun-erta bir fojea kutganda vafoliq, deb bilgan bir kishisidan bu yangligʻ jafo koʻrishi naqllarda oʻqulgʻanmi, afsonalarda toʻqulgʻanmi? Shu qadar gunohim bor emish, deb xafa boʻlmangiz, Anvar aka. Basharti shu gunohlarning yuvilib ketishini tilasangiz, sizga bir xizmat bor, ham sizning uchun eng oson xizmat: ertaga chahorshanba kechqurun, tilasangiz—ochiqcha, tilamasangiz—yashirincha boʻlsa ham biznikiga kelingiz, men bilan oxirgi martaba vidolashingiz”.
Ra’noning bu maktubi Anvarni kurashga, yigitlik sha’niga munosib ish
qilishga undaydi.
Anvar ham, Ra’no ham jasoratli, mard, oʻz sevgisi uchun hayotini qurbon qilishga tayyor yoshlar. Shu jumladan, Ra’no – haqiqiy jasorat egasi. Agar u shu jasoratga qoʻl urmaganida Anvar bilan birga boʻla olmas edi. Ra’no qismatiga shu davrning zulm-zoʻravoni, taqdirim shunday boʻlishi kerak ekan, deya koʻnib ketaverishi mumkin edi . Lekin u juda uzoq davom etgan qora tundan keyin porlab chiqqan quyosh boʻldi, ehtimol , savodli qiz boʻlgani, koʻp mutolaa qilgani ham sababchidir.
Hozirgi qizlar ibo, hayoni, andishani, Ra’nodan oʻrgansa naqadar ajoyib boʻlur edi. Inson kezi kelganda tavakkalga ham qoʻl urib turishi kerak ekan, gohida tavakkaliga qilingan ish ham insonning bir umrlik baxtiga sababchi boʻladi. Ikki sevishgan birga boʻlishi uchun faqat bir tomon harakat qilishi kerak emas, har ikkalasi baravariga harakat qilishi kerak. Asarda Ra’no yigʻlab oʻtirib achchiq qismatiga rozi boʻlib ketishi ham mumkin edi, lekin qarab oʻtirmadi, tavakkaliga oʻz sevgilisi bilan birga boʻlish uchun buyuk bir jasoratga qoʻl urdi. Oʻrnak olsak arziydi.
Odamova Mahliyo
Urganch davlat universiteti Filologiya fakulteti Oʻzbek tili ta’lim yoʻnalishi 191-guruh talabasi
Do'stlaringiz bilan baham: |