1- MA’RUZA Mavzu: Kirish. Seleksiya fani haqida tushuncha. Seleksiyaning tarmoqlari va bosqichlari Reja 1. Seleksiya fani haqida tushuncha. 2. Seleksiyaning tarmoqlari. 3. Seleksiyaning bosqichlari.
Tayanch so‘z va iboralar: Seleksiya, nav, turkum, navshunoslik, urug‘shunoslik, urug‘chilik, oddiy seleksiya, xalq seleksiyasi, sanoat seleksiyasi, ilmiy seleksiya.
1. Seleksiya fani haqida tushuncha. Qishloq ho‘jaligi rivojlanishining hozirgi bosqichida ekinlar hosildorligini oshirishga, mahsulot sifatini yaxshilashga dexqonchilik talablariga mos keladigan serhosil nav va duragaylar yaratishga xamda ularni ishlab chiqarishga keng joriy etishga katta e’tibor berilmoqda.
O‘simliklarning yangi nav va duragaylarini yaratish bilan seleksiya fani shug‘ullanadi. Seleksiya lotincha “celectio” so‘zidan olingan bo‘lib, “tanlash” ma’nosini bildiradi. O‘tmishda dehqonlar o‘simliklarni yaxshilash borasida faqat tanlash usuli bilangina cheklanganlar va bu juda uzoq yillar davomida seleksiyaning birdan-bir asosiy usuli bo‘lib kelgan. SHuning uchun xam tanlash tushunchasi dastlab o‘simliklarning yangi navlarini yaratish sohasidagi ishlarni to‘la aks ettirgan. Vaqt o‘tishi bilan bu tushunchaning mazmuni kengaydi va endilikda u nav yaratish bo‘yicha seleksiya olib borayotgan ishlarni o‘zida to‘liq aks ettira olmaydi. Demak, hozirgi zamon seleksiyasi boshlangich materialni saralash (xillash), o‘zgaruvchanlik va irsiyatni, yangi formalarni yaratish va ajratishni o‘z ichiga oladi. Biroq seleksiyada turli-tuman usullar qanchalik keng qo‘llanilsa, tanlashning yangi nav yaratishdagi ijodiy roli va uning imkoniyatlari shunchalik ortadi. SHuning uchun tanlash hamma vaqt xam seleksiyaning haqiqiy usuli bo‘lib qolaveradi.
O‘simliklar seleksiyasi urug‘chilik sohasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Lekin, urug‘chilikni seleksiyaning bir qismi yoki uning davomi deb bo‘lmaydi. CHunki, urug‘chilik qishloq ho‘jalik ishlab chiqarishining maxsus tarmog‘idir. Uning asosiy vazifasi barcha ho‘jaliklarni ekiladigan ekinlarning etarli miqdorda yuqori sifatli navdor urug‘lar bilan ta’minlashdan iborat. Urug‘chilik yangi nav va duragay urug‘larni qisqa muddat ichida ko‘paytirish bilan ularni ishlab chiqarishga keng joriy qilish va seleksiyaning muvaffaqiyatidan amalda keng foydalanish imkoniyatini beradi.
Seleksiya va urug‘chilik bir-birini to‘ldiruvchi va shu bilan birgalikda ish yurituvchi sohalardir. Ular o‘z faoliyatlarida botanika, o‘simliklar fiziologiyasi, biokimyo, sitologiya, genetika, o‘simlikshunoslik, ekologiya, fitopotologiya, entomologiya, o‘simlik mahsulotlarini qayta ishlash kabi fanlar bilan mustahkam aloqada bo‘ladi, ularni o‘rganish usullari va yo‘llaridan, ma’lumotlaridan keng foydalaniladi.
N.I.Vavilov seleksiyaning kompleks fan ekanligini ta’kidlab, bu fan quyidagi ettita asosiy bo‘limlardan tarkib topadi deb ta’kidlagan.
1. Dastlabki nav tur, turkum quvvati to‘g‘risidagi ta’limot.
2. Irsiy o‘zgaruvchanlik to‘g‘risidagi ta’limot.
3. Nav belgilarini namoyon bo‘lishida muhitning roli to‘g‘risidagi ma’lumot.
4. Bir-biriga yaqin formalar doirasida ham, bir-biridan uzoq turlar doirasida ham chatishtirish to‘g‘risidagi nazariya.
5. Seleksiya jarayoni to‘g‘risidagi nazariya.
6. Seleksiya ishining asosiy yo‘nalishlari, masalan, kasalliklarga qarshi immunitet yuzaga keltirish, o‘simliklarning fiziologik hossalarini, texnologik sifatlarini, kimyoviy tarkibini yaxshilashga qaratilgan seleksiya to‘g‘risida ta’limot.
7. Ayrim turdagi o‘simliklar seleksiyasi to‘g‘risidagi ta’limot, ya’ni hususiy seleksiya.