II bob. Ommaviy axborot vositalari orqali saylovoldi tashviqotini o‘tkazish 17. Saylovoldi tashviqoti o‘tkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyati beriladi.
18. Saylovoldi tashviqotini o‘tkazish maqsadida OAVdan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti:
Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar bo‘yicha — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning respublika organlari bilan kelishgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan;
Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘yicha — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning hududiy organlari bilan kelishgan holda viloyat saylov komissiyalari tomonidan;
Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘yicha — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning tuman va shahar organlari bilan kelishgan holda tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi.
19. Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari qarorlarida quyidagilar belgilab beriladi:
efir vaqti yoki chop etish maydoni bepul taqdim etiladigan davlat OAV ro‘yxati;
saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat (respublika va mahalliy) tele- va radiokanallarida bepul taqdim etiladigan efir vaqti hajmi, shuningdek ular efiriga uzatiladigan vaqt;
saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat (respublika va mahalliy) nashrlarida bepul taqdim etiladigan chop etish maydoni hajmi, shuningdek ular bosilib chiqadigan kunlar;
saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlarning OAVda chiqish navbati.
Davlat OAVda bepul taqdim etiladigan efir vaqti va chop etish maydoni hajmi hamda vaqti tegishli OAV bilan oldindan kelishib olinadi.
20. Davlat tele- va radiokanallarida ajratiladigan bepul efir vaqti, qoida tariqasida, eng ko‘p auditoriya qamrab olinadigan vaqtga (praym-taymga) to‘g‘ri kelishi kerak.
21. Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yig‘ilishlari, nomzod to‘g‘risida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.
Saylovoldi tashviqoti doirasida tele- va radiokanallarda joylashtirishga mo‘ljallangan materiallar tegishli tele- va radiokanallar bilan hamkorlikda nomzodlarni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan tayyorlanadi.
22. Taqdim etilgan efir vaqtidan siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda, agar deputatlikka nomzodlar bunday tadbirlarda qatnashishga rozi bo‘lsa, ular o‘rtasida ommaviy debatlar va munozaralar o‘tkazish uchun foydalanilishi mumkin.
23. Bosma OAVda chop etish uchun materiallar deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari ularni taqdim etgan shaxslarning roziligisiz tahrir qilinishi mumkin emas.
24. Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar ularga taqdim etilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan erkin va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanadi.
Siyosiy partiyalar bilan o‘zaro kelishilgan holda saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari va mazmun-mohiyati birxillashtirilishi mumkin.
25. Muayyan deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga taqdim etilgan bepul efir vaqtidan yoki chop etish maydonidan boshqa deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar foydalanishi mumkin emas.
Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar bepul taqdim etilgan efir vaqtidan va chop etish maydonidan voz kechishga haqli.
26. Bepul taqdim etilgan efir vaqti va chop etish maydoni doirasida saylovoldi tashviqoti materiallari uzatilayotgan hamda chop etilayotgan vaqtda OAV ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanligini qayd etadi.
27. Saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalar vakillarining OAVda chiqishlari ularni ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga qarab amalga oshiriladi.
28. OAV saylovoldi tashviqoti davrida deputatlikka nomzodning ishlab chiqarish va xizmat majburiyatlarini bajarayotganini yoritishlari mumkin va bu saylovoldi tashviqoti tusidagi tadbir hisoblanmaydi.
29. Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasini yoritib berishda OAV:
teng sharoitlar yaratib berishi, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratib berishi;
materiallarni efirga uzatish hamda chop etishda ular ko‘proq birgalikda berilishiga erishishi kerak.
30. Deputatlikka nomzodlarga va siyosiy partiyalarga davlat va nodavlat OAVda efir vaqti yoki chop etish maydoni pulli asosda ham ajratilishi mumkin.
Efir vaqti, chop etish maydoni uchun OAV tomonidan belgilanadigan to‘lov shartlari va boshqa talablar (tiraj, efirga beriladigan vaqt, joy, shrift va hokazolar) barcha deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.
Pulli efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar OAV va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
31. OAVda tarqatiladigan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelishi, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Noto‘g‘ri, deputatlikka nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek deputatlikka nomzodning roziligisiz uning shaxsiy yoki oilaviy siridan iborat xususiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash yoki tarqatish taqiqlanadi.
32. Deputatlikka nomzodlar OAVda chop etilgan noto‘g‘ri hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan ma’lumotlar yuzasidan raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli.
Chop etish natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deputatlikka nomzodlar ushbu OAVda raddiya yoki javob maqola chop etishga haqli.
Bosma OAVda raddiya OAVning navbatdagi sonida, javob paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan material joylashtirilgan sahifada e’lon qilinishi kerak.
Elektron OAVda raddiya navbatdagi dasturda yoki ko‘rsatuvda efirga uzatilishi kerak.
Deputatlikka nomzodlar OAV raddiyani, javob maqolani chop etishdan bo‘yin tovlasa yoki chop etishning belgilangan muddatini buzsa, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.
33. OAVda, shu jumladan hamma foydalana oladigan telekommunikatsiya tarmoqlarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarni yoritish jarayonining monitoringini olib borish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Monitoring natijalari har kuni, yoritish ertasidan kechikmay Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etib boriladi.
Saylov yakuni bo‘yicha monitoringning yakuniy sarhisobi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida chop etiladi.
34. Ushbu Nizomning II bobidagi talablar siyosiy partiyalar tomonidan ta’sis etilgan bosma va elektron OAVga tatbiq etilmaydi.