950-son
I bob. Umumiy qoidalar
1. Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.
2. Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi), Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari (bundan buyon matnda viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugaydi.
3. Deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini o‘tkazish borasida teng huquqlarga ega.
Deputatlikka nomzodlar deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.
4. Deputatlikka nomzodlarga o‘zining kelgusidagi faoliyati dasturini, siyosiy partiyaning dasturini va saylovoldi platformasini tashviqot qilish huquqi beriladi. Tashviqot davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalqning salomatligi hamda ma’naviyatiga tahdid solmasligi, urushni, milliy nafratni, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da’vat qilmasligi kerak.
5. Saylovoldi tashviqoti:
siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
deputatlikka nomzod haqida axborot tarqatib, uni yoqlab ovoz berishga chaqirish shaklida o‘tkaziladi.
6. Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
7. Saylovoldi tashviqoti:
OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmog‘i) orqali;
bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish;
saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov Kodeksi va ushbu Nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.
8. Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar.
9. Saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagilar hisoblanadi:
nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallar;
nomzodga oid plakatlar, bannyerlar, varaqalar;
OAVda qo‘yiladigan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar.
Deputatlikka nomzodlarning avtobiografik ma’lumotlari va ularning saylovoldi dasturlari to‘g‘risidagi tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining axborot materiallari (plakatlari) saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmaydi.
10. Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga tovarlarni, xizmatlarni (axborot xizmatlari bundan mustasno) bepul yoki imtiyozli asoslarda taqdim etish, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash orqali o‘tkazish taqiqlanadi.
11. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
12. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (saylov kunidan ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishdan bir kun qolganida olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydi.
13. Saylov komissiyalari a’zolari partiya ramzlari tushirilgan kiyim kiyishi, taqinchoq taqishi va boshqa belgilardan foydalanishi ta’qiqlanadi.
14. Deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun mablag‘lar Davlat budjetidan ajratiladi. Deputatlikka nomzodlarga boshqa manbalardan pul mablag‘larini o‘tkazish (kiritish), tovarlar yetkazib berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish shaklida moliyaviy ta’minlash va boshqacha tarzda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
15. Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzod saylov kampaniyasida ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan budjet mablag‘larining hajmi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan teng ulushlarda belgilanadi va siyosiy partiya tasarrufiga yetkaziladi.
16. Saylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar siyosiy partiyalar tomonidan o‘zining dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini siyosiy partiyani yoki uning deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etmagan (chaqirmagan) holda o‘z mablag‘lari hisobidan, shu jumladan homiylik mablag‘laridan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |