Fuqarolik huquqi fanidan oraliq nazorat ishi Nazariy savol: Mulkiy sug’urta va shaxsiy sug’urta shartnomasining muhim shartlari bir-biridan keskin farq qilmasligi mumkin
Nazariy savol: Mulkiy sug’urta va shaxsiy sug’urta shartnomasining muhim shartlari bir-biridan keskin farq qilmasligi mumkin. Masalan, sug’urta puli, sug’urta mukofoti to’g’risidagi shartlar har ikkala sug’urta shartnomasida ham mavjud. Muhokama qiling. Javob: Avvalo sug’urta atamasiga oydinlik kiritsak. 730-sonli “Sug’urta faoliyati to’g’risida” gi O’zbekiston Respublikasining Qonunida mazkur atamaga quyidagicha ta’rif keltiriladi: “ muayyan voqea (hodisa) yuz berganda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash, tovonlar va boshqa toʻlovlar toʻlash uchun maqsadli pul jamgʻarmalarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga doir munosabatlar”. Bizga Fuqarolik kodeksining 914-moddasidan ma’lumki, sug’urtaga oid munosabatlar ikki xildagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi, ya’ni mulkiy va shaxsiy sug’urta shartnomalari asosida. Mazkur ikki shartnomada predmet bir hisoblanadi, ya’ni sug’urta tovonini to’lash majburiyati. Aniqrog’i sug’urta shartnomasining predmeti pul majburiyatidir.Bu qoida har ikkala sug’urta shartnomasi uchun umumiy hisoblanadi. Biroq obyekt ularda farqlanadi. Jumladan mulkiy sug’urta shartnomasida asosan mulk bilan bog’liq munosabatlar ifoda etiladi. Masalan, Fuqarolik kodeksining 915-moddasida sanab o’tilgan muayyan mol-mulkning yo’qotilishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi, fuqarolik javobgarligi xavfi va tadbirkorlik xavfi kabilar mulkiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalanishi mumkin. Shaxsiy sug’urta shartnomasida esa shaxsga qonun hujjatlarida belgilab o’tilgan nomoddiy ne’matlardan biriga zarar yetkazuvchi holatlar bilan bog’liq manfaatlar sug’urta qilinadi.
Mulkiy va shaxsiy sug’urta shartnomalari bir-birida farqlanishini yuqoridagi farqdan tashqari quyidagilarda ham ko’rishimiz mumkin. Mulkiy sug’urta shartnomasida naf oluvchini belgilash taraflarning xohish-irodasiga bog’liq bo’lmaydi. Jumladan, Fuqarolik kodeksining 920-moddasiga muvofiq “tadbirkorlik xavfini sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha faqat sug’urta qildiruvchining o’z tadbirkorlik xavfi va faqat uning foydasiga sug’urtalanishi mumkin”. Shu bilan birgalikda Fuqarolik kodeksining 917-moddasidan kelib chiqsak, mol-mulk sug’urtasi shartnomasi faqatgina mol-mulkning asralishidan manfaatdor bo’lgan foydasiga tuzilishi mumkin.
Yuqoridagilardan farqli ravishda shaxsiy sug’urta shartnomasida ham naf oluvchini tanlashdan taraflarda ma’lum cheklovlar bo’lsada, biroq ular nisbatan erkinlikka ega hisoblanadilar.
Yana bir farq shundaki, mulkiy sug’urta shartnomasida 915-modda(FK)da belgilangan sug’urta hodisasi yuz berganida sug’urtalangan shaxsga yetkazilgan zarar qiymatini to’g’ridan to’g’ri aniqlash imkoniyati mavjud bo’ladi. Bunda yetkazilgan zarar to’la hajmda emas, balki sug’urta shartnomasida belgilangan sug’urta puli doirasida qoplaydi.
Kazus: YaTT Olimov va “HUMAN XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MCHJ o’rtasida oddiy shirkat shartnomasi tuziladi. Unga ko’ra jamiyat birgalikdagi faoliyatga o’ziga tegishli 1 ta bino, 4 ta yo’lovchi tashishga mo’ljallangan mashinadan foydalanish huquqini, ish qidirayotgan shaxslarni boshqa davlatlarda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug’ullanish huquqini (jami 400 mln so’mga baholangan), shuningdek 50 mln so’m miqdoridagi pul mablag’larini; YaTT Olimov esa ish qidirayotgan shaxslarga o’zining 2 nafar xodimi bilan birgalikda til o’rgatish hamda xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borishda tarjimonlik bilan qatnashishdan iborat ish tajribasini (xizmatlarini) kiritadi. Oddiy shirkatdagi ulushlar nisbati esa belgilanmagan. Jamiyat direktori Odilov va YaTT Olimov hozirda ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarga ega bo’lish reklamaga sarflanadigan mablag’larni tejashga xizmat qilishi, keng doiradagi “bozorni qo’lga kiritish” imkonini berishi haqida fikr almashishib: YouTube ijtimoiy tarmog’ida kanal tashkil etish, obunachilarni kanalga jalb qilish uchun bloger yordamidan foydalanishga qaror qilishadi. Ular bilan hamkorlik qilishni boshlagan “SMM working” kanali blogeri kanal obunachilari sonini 20 kunda 500K ga olib chiqishga va’da berib, buning uchun 90 mln so’m miqdorida mablag’ oladi. Shundan so’ng “SMM working” kanalida “giveaway” tashkil etilib, sovringa 1 ta iphone 13 pro max, 1 ta noutbuk va 10 quloqchin va’da qilinadi. E’lon qilingan shartlarga ko’ra obunachilar ko’rsatilgan oddiy shirkat ishtirokchilar kanali bilan birgalikda yana 10 ta kanalga obuna bo’lishlari hamda undan 1 oy davomida “chiqib ketmasliklari” talab etilgan. Ushbu muddat o’tganidan keyin esa kanalga obuna bo’lgan ishtirokchilar ro’yxati “Giveaway random” dasturiga kiritilib tasodifiy tanlash orqali sovrin egalari aniqlanadi. 1-holat. Ishga joylashtirish bo’yicha ish yuritishni amalga oshirgan, mijozlar bilan shartnoma tuzgan “HUMAN XUSUSIY BANDLIK AGENTLIGI” MCHJ tomonidan va’da qilingan ishlarga joylashtirilganligi yoki joylashtirilgan ishdagi sharoitlar kelishuvga muvofiq bo’lmaganligidan norozi bo’lgan 300 kishi to’langan mlrd so’m mablag’larni qaytarish to’g’risida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladi. Bunda jamiyat YaTT ham sherik ekanligi, ushbu talab bo’yicha ularga 50/50 ulushli javobgarlik yuklatilishi lozimligini ta’kidlaydi. YaTT esa ular o’rtasida tuzilgan shartnoma yashirin shirkat ekanligi, shu boisdan mijozlar tuzilgan shartnomalar bo’yicha talablarni bevosita unga qo’ya olmasligini; qolaversa, avvalo ulushlarning katta qismiga jamiyat egalik qilishi, shuningdek ularning sherikchiligida “SMM working” kanali admini ham ishtirok etganligi, shularni hisobga olgan holda 50/50 ulushli javobgarlik yuklash qonunga nomuvofiq bo’lishini ma’lum qiladi. 2-holat. SMM working kanalida o’tkazilgan giveaway natijalariga ko’ra g’olib deb topilgan obunachilarga esa va’da qilingan sovrinlar berilmaganligi bois g’oliblar blogerga nisbatan burchni asl holida bajarish majburiyatini yuklash haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.