Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot bering 13-bob. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari 67-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat bo‘ladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi.
68-modda. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.
Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentabrdagi 933-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi to‘g‘risida nizom”. 69-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi;
imzo varaqalari.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjat qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.