MUSTAQIL
ISH
Mavzu: Mulkiy munosabatlarga doir fiqhiy masalalar
Bajardi:Tohirova Muslima
Tekshirdi:Xakimova Nigora
Toshkent-2021
Reja:
1.Rizq masalasi.
2. To’g’ri savdo ibodat.
3. Alloh taolo rozi bo’lgan savdolar.
4.Alloh taolo man qilgan savdolar.
Mehribon va rahmli Alloh bandalariga halol kasb qilishni va haromdan qochishni amr etdi. Sevikli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) halol kasb qilish va halol yashash yo‘llarini ummatlariga tushuntirib, o‘z hayotlarida amalga oshirib, ko‘rsatib berdilar. Ma’lumki, inson hayotining aksar qismi moliyaviy muomala bilan va shunga doir muammolar ta’sirida o‘tadi. Chunki turmush shuni taqozo etadi. Agar moliyaviy muomala, oldi berdilar yo‘lga qo‘yilmasa, zaruriy qoidalar ishlab chiqilmasa, turmush qiyinlashib, odamlar orasida kelishmovchiliklar ko‘payib ketgan bo‘lardi. Alloh taolo Qur’oni karimda muomalotning umumiy qoidalarini bayon qildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ularning tafsilotini tushuntirdilar. Musulmonlar namoz masalalarini nechog‘li o‘rgangan bo‘lsalar, savdo masalalarini ham shunchalik o‘rganishdi.
Ahli sunna val-jamoa mazhabi ulamolari ta’rificha, “Alloh taolo maxluqotlariga – odamlar va hayvonlarga bergan va ular manfaat olgan dunyoviy va uxroviy har bir narsa rizqdir”. Alloh taolo katta yoki kichik har bir insonga, har bir hayvonga bergan va ular foydalanadigan yemak, ichmak, kiyim yoki uy-joy ularning rizqidir. Rizq ikki qismga taqsimlanadi: halol rizq va harom rizq. Bunga dalil Baqara surasining 172 oyatidir: “Ey imon keltirganlar, Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar va Unga shukr qilinglar!”
Abu Xafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Najmiddin Nasafiy (461 537 h.) o‘zining “Al aqoid an Nasafiya” risolasida: “Harom ham rizqdir. Har bir inson o‘z rizqini – xoh u halol bo‘lsin, xoh harom – to‘la oladi. Biror inson o‘z rizqini yemadi yoki uning rizqini birov yeb qo‘ydi, deb tasavvur qilinmaydi”, deb yozadi. Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ruhul Qudus mening ko‘nglimga: “Nafs ajali yetmagunicha va o‘z rizqini to‘la olmagunicha zinhor o‘lmas, Allohga taqvo qilinglar, rizqni istashda haddan oshmanglar, rizqning kech qolishi sizni Allohga ma’siyat ila uni talab qilishga olib bormasin. Albatta, Allohning huzuridagi narsaga faqat U Zotga toat qilish ila erishiladi”, degan ma’noni soldi”, dedilar”. Bu hadisi sharif bizga har bir jon o‘z rizqini to‘la olishi muqarrar ekanini, rizqni taqvo asosida, halol yo‘l bilan talab etish zarurligini, rizqi kech qolsa, haromga qo‘l urish mumkin emasligini bayon qilmoqda. Imom Buxoriy Abu Dardodan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) quyidagilarni aytadilar: “Albatta, rizq bandani xuddi ajali uni quvgandek quvib yuradi”. Demak, rizq adashib ketmas ekan. Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh pokdir va pokdan boshqani qabul qilmas. Albatta, Alloh mo‘minlar uchun rasullarga amr qilgan narsani amr qilgan. (Alloh) “Ey payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar, albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta biluvchiman”, degan, deb ogohlantirilganlar.
Ahli sunna val jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo‘lsa ham, Alloh taolo faqat halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta’kidlaydi; ajru savob ham shunga qarab beriladi; harom, nopok rizqqa azob beradi va u sababli jazolaydi. Hud surasida: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir”, deyilgan (6-oyat). Ya’ni, yer yuzida o‘rmalagan narsa – odamzot, hayvonot, hasharot, qurt qumursqa va boshqa jonzotlar borki, ularning hammasiga Alloh taolo rizq beradi. Bu maxluqotlar orasida mo‘min inson Allohning amriga binoan doimo pok narsani yeydi, bu ilohiy amr uning foydasi uchundir.
Rifo’adan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “U kishi Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan namozgohga chiqqan ekanlar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib: “Ey tojirlar jamoasi!” dedilar. Ular boshlarini ko‘tarishib, chaqiriqqa javoban qarashdi. Shunda u zot: “Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojirlar bo‘lib qayta tirilurlar. Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilganlar bundan mustasno”, dedilar”.
Boshqa bir rivoyatda: “Rostgo‘y, omonatli tojir nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deyilgan. Ushbu ikki hadisni Imom Termiziy rivoyat qilgan. Albatta, bunday ulug‘ zotlar bilan bir safda turish oliy daraja hisoblanadi. Chunki mazkur sifatlar egasi bo‘lgan savdogar savdo qilganida fojirlik, aldamchilik, haromxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaydi. Agar tojir taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgo‘y bo‘lmasa, bu dunyoda hasrat chekadi, oxiratda esa sharmanda bo‘ladi.
Savdogarlik, agar shariat ko‘rsatgan yo‘l bilan bo‘lsa, ibodat sanaladi. Sababi, bunday savdogarlar tijoratlari orqali nafaqat o‘zlariga, balki atrofdagi jamiyat, qishlog‘i, shahri, mahallasiga ham katta naf keltiradilar, ko‘pchilikning ehtiyojini qondiradilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham tijorat qilganlar. Rostgo‘y, musulmon tojir qiyomat kunida yuksak martaba sohiblaridan hisoblanib, nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi.
Mo‘min musulmon eng yaxshi savdogar, eng yaxshi ishchi, eng yaxshi dehqon, eng yaxshi kosib, eng yaxshi muhandis, eng yaxshi tabib (va hokazo) bo‘lishga harakat qilishi lozim. Bu talablarga javob berish uchun kasb qiladigan ishining haqlarini o‘rniga qo‘yish bosh vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Eng avvalo, o‘z kasbini yaxshi hamda puxta egallashi maqsadga muvofiqdir. Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh sizlardan biringiz ish qilganida, uni yaxshilab bajarishini sevadi”, dedilar (Bayhaqiy).
Qur’oni karimda bunday marhamat qilingan: “...Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan...” (Baqara, 275).
Savdoga doir hukmlarga fiqhiy va hadis kitoblarida alohida bo‘limlar ajratilgan. Chunki savdo insonlarning bu dunyoda qiladigan muomalalari orasida eng ko‘p yuz beradiganlaridan biridir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bug‘doy sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: “Qanday sotyapsan?” deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zotga: “Qo‘lingni bug‘doyga tiq”, deb ilhom qilindi. U zot qo‘llarini tiqsalar, ho‘l ekan. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim aldasa, bizdan emasdir”, dedilar (Abu Dovud, Imom Muslim va Imom Termiziy). “U zot: “Ey taom egasi! Bu nima?”dedilar”. “Yomg‘ir tekkan edi, ey Allohning Rasuli”, dedi. “Buni odamlar ko‘rishlari uchun taomning ustiga qo‘ysang bo‘lmasmidi?! Kim aldasa, mendan emas!” dedilar (Imom Muslim va Imom Termiziy). Savdo molining aybi bo‘lsa, uni xaridorga aytib sotish kerak, aybini ko‘rib turib olsa, o‘zining ishi. Demak, savdoda aldamchilik qilish savdogarni musulmonga xos axloq doirasidan chiqarar ekan. Bozorda sherigining shirin anorini kesib ko‘rgazmaga qo‘yib, o‘zining achchiq anorini pullaydiganlar; sigirini bir ikki kun sog‘masdan, yelinini shishirib, bozorga olib chiqadiganlar; qaziga go‘sht tayyorlashda suv sepib, namlash evaziga og‘irligini oshirayotganlar; kilodan, litrdan urib qolishning yangidan yangi usullarini ixtiro qilayotganlar; qo‘yingki, inson bolasining aqliga sig‘maydigan narsalar, hiyla nayranglar hayotimizning bozor va savdo sotiq bilan bog‘liq qismini qamrab olayotgani bu illatlar doirasi kengayib borayotganidan dalolatdir. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Qasam ichish savdo molini o‘tkazuvchi, barakani o‘chiruvchidir” dedilar”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud). Imom Muslimning rivoyatida: “Savdoda ko‘p qasam ichishdan hazir bo‘linglar. Chunki u o‘tkazadi va o‘chiradi”, deyilgan.
Lafz savdosi
Lafz, boshqacha aytilsa, til bilan berilgan va’da insonning atrofdagilar orasida subutli yoki subutsiz ekanini belgilaydi. Agar u lafzida tursa, demak, unga tevarak atrofdagilarning ishonchi ortib boradi. Teskarisi bo‘lsa, aksincha, hech kim ishonmay qo‘yadi. Biroq ishonchni saqlash ham oson emas. Ba’zida bu ancha qimmatga tushishi ham mumkin. Lekin saqlay bilish kerak. Chunki hadisi sharifda aytilgan: “Va’da qarzdir”. Bu – jiddiy gap. Biror kishiga va’da berishdan oldin o‘ylab ko‘rish, keyin va’dani bajarishning harakatida bo‘lish kerak. Shunday qilinganidagina doimiy, ko‘p yillik ishonch va obro‘ga ega bo‘lib borilaveradi. Dunyo tajribasiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, olamga dong‘i ketgan shunday shirkatlar va konsernlar borki, ular bu darajadagi obro‘ hamda muvaffaqiyatlarga erishuvining asosiy sabablaridan biri lafzga mas’ullikdan, deb bemalol aytish mumkin. Albatta, ularning faoliyatlarida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qoidalarning deyarli hammasini topish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |