19 Mavzu: Jismoniy rivojlanish
Reja:
1 Maktabgacha ta’lim muassasasida jismoniy rivojlantirish bo’yicha kun tartibini tuzish
2 Bolalar jismoniy tarbiyaning asosiy mazmunini muntazam ravishda bajarishlari uchun turli usuldagi mashqlar mavjud
Maktabgacha ta’lim muassasasida jismoniy rivojlantirish bo’yicha kun tartibini tuzishda ovqatlanish, chiniqtirish, jismoniy mashq va o’yinlarni tashkil etishda differentsial yondashishga amal qilinadi. Bunda bolalarning o’ziga xos yosh xususiyatlari hisobga olinadi. Tarbiyachi jismoniy rivojlantirishda maktabgacha ta’lim muassasasida jismoniy tarbiya dasturi talablariga asoslanadi. Shu bilan birga tarbiyachi, shifokor, hamshira bilan kelishilgan holda oilada bolalarni jismoniy tomondan to’g’ri tarbiyalash targ’ib qilinadi.
Tarbiyachi ertalabki badantarbiya, jismoniy mashg’ulotlarni, o’yinlarni, salomatlik kunini tashkil qilish usullarini mukammal bilishi shart. Jismoniy tarbiya bo’yicha o’tkaziladigan tadbirlarda guruh tarbiyachi va musiqa rahbari bilan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalarning jismoniy tayyorgarligini tekshirish, mashg’ulotlarni tashkil qilishda tozalik, gigiyena talablariga va xavfsizlik qoidalariga jiddiy rioya qilinadi. Mashg’ulotlar ochiq havoda, shu bilan birga maxsus jihozlangan sport zalida o’tkaziladi.
Maktabgacha ta’lim davrida bolalarni jismoniy tomondan tarbiyalashning asosiy maqsadi bolalardagi turli ko’nikma va malakalarni shakllantirish, ulardagi kuchlilik, tetiklik, chaqqonlikni amalga oshirish, ziyraklik kabi jismoniy sifatlarni rivojlantirishdan iboratdir. Muntazam ravishda o’tkaziladigan jismoniy mashg’ulotlar bolalarning o’sish va rivojlanish jarayoniga ijobiy ta’sir qilib, ijodiy imkoniyatlarini oshiradi.Dasturda maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy tarbiyalashning vazifalari quyidagicha belgilanadi.jismoniy jihatdan baquvvat qilish;shaxsning ahloqiy tomondan ijodiy sifatlarini tarbiyalash;bolalarda maqsadga to’g’ri yo’naltirilgan harakatlarni faollashtirish uchun sharoit yaratish;harakatlarning muhim hayotiy turlarini shakllantirish, yurish, yugurish, sakrash, emaklash, o’rmalash, otish, ilib olish, suzish, velosipedda uchish, oyoq, qo’l, tana bosh harakatlarini rivojlantirish, saflanish va qayta saflanish;
o’yin harakatlarini kengaytirish va chuqurlashtirish, jismoniy sifatlarni rivojlantirish: chaqqonlik, epchillik, ziyraklik, irodalilik, sabr-qanoat, kuchlilik va boshqalar bilan birga gavdani tik tutish malakasini oshirish;
bola qomatini to’g’ri shakllantirishga ta’sir ko’rsatish va yassi oyoqlilik kasalligining oldini olishga yordam berish;
jismoniy mashq va o’yinlarning foydasi, asosiy gigenik talablar va qoidalar haqida yetarli darajada tasavvur va bilimlar berish;faol harakatga qiziqishni tarbiyalash.
Jismoniy tarbiya dasturida har bir guruh uchun kundalik harakat tartibi ko’rsatilgan.
Bolalar jismoniy tarbiyaning asosiy mazmunini muntazam ravishda bajarishlari uchun turli usuldagi mashqlar mavjud. Bular asosiy harakatlar (yurish, yugurish, sakrash, irg’itish, ilib olish, emaklash, sirpanish); oyoq va tana uchun umumrivojlantiruvchi mashqlar (turli buyumlar yordamida va ularsiz) raqs mashqlari, saflanish va qayta saflanish, harakatli o’yinlar, turli sport o’yinlarining muhim xususiyatlarini egallash, sport mashqlari, rolikli konkida sayr qilish, velosipedda yurish, suzish va boshqalardan tashkil topadi.
Bolalarni xalqimizning eng buyuk an’analari ruhida tarbiyalash nihoyatda muhimdir. O’zbek xalqi xuddi boshqa xalqlar kabi o’zining qadimiy an’anaviy o’yinlariga ega. Ular asrlar mobaynida shakllanib va sayqal topib bizning bugungi kunimizgacha yetib keldi. Dasturga zamonaviy harakatli o’yinlar qatoriga ana shunday o’zbek xalq milliy o’yinlari ham kiritildi.Shu bilan birga dasturda harakat sifatlarini rivojlantiruvchi, qomatni to’g’ri shakllantiruvchi va yassi oyoqlilik kasalining oldini oluvchi maxsus mashqlar ham tavsiya etiladi.Jismoniy tarbiya bo’yicha bajariladigan ishni to’g’ri rejalashtirish va o’tkazish uni samarali hal etishda nihoyatda muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |